Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.12.2024 | 12:20

img1167

MUSTAFO CHO‘QAYEVNING TURKISTON MUXTORIYATI HAQIDAGI QARASHLARI

Turkiston Muxtoriyati garchi 72 kun faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsad-da, tarixda o‘ziga xos iz qoldirgan hukumatlardan biri sanaladi. Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishi, faoliyati va uning tarixi bilan bog‘liq bahs-munozaralar o‘z davrida, hattoki, hukumat a’zolari va ishtirokchilari hamda keyingi davrlarda turli siyosatchilar, tarixchilar, adabiyotshunoslar va jamiyatshunoslar tomonidan olib borilgan va borilmoqda. Ilmda bahs-munozaralarning ko‘p bo‘lishi ko‘rilgan masalani ochilmagan qirralarini namoyon bo‘lishiga katta yordam beradi. Jumladan, Turkiston Muxtoriyatining tashkil etilishida ishtirok etgan va ushbu jarayonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan shaxslardan Mustafo Cho‘qay va Ahmad Zaki Validiy To‘g‘onlarning o‘zaro munosabatlari, ularning ayrim masalalarda fikr-mulohazalari hamda ular orasida bahslar keskin kechganligi ko‘pchilik uchun to‘la ayon emas. Aslida shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarni tahlil qilish ham shu davrdagi jarayonlarga chuqurroq qarashga va voqealarga yanada aniqlik kiritishga imkon beradi.

Mustafo Cho‘qay (1890-1942)  – taniqli davlat va jamoat arbobi hamda Turkiston xalqlar mustaqilligi uchun izchil kurashgan shaxslardan biri. Mustafo Cho‘qay boshlang‘ich ma’lumotni Oqmachitda olgan, Toshkentdagi erkaklar gimnaziyasida o‘qidi, Sankt-Peterburg universitetining yuridik fakultetini tugatgan. U Rossiya Davlat dumasining musulmonlar fraksiyasida kotib va tarjimon bo‘lib ishlagan. Turkiston Muxtoriyatida Mustafo Cho‘qay Tashqi ishlar vaziri lavozimiga saylandi va keyinchalik Bosh vazir bo‘ldi. 1921 yil fevraldan boshlab Mustafo Cho‘qayning faoliyati muhojirlikda kechdi. Mustafo Cho‘qay rus, o‘zbek qozoq, turk, fransuz, ingliz, nemis, polyak tillarida Turkistonning XX asr tarixiga oid ko‘plab maqolalar va kitoblar yozdi.

Zaki Validiy To‘g‘on (1890-1970) – olim va sharqshunos va siyosatchi. O‘zbekiston hududida ilmiy izlanishlar olib borgan xorijlik tadqiqotchilar orasida qardosh turkiy xalqlar vakili, boshqird olimi Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on alohida o‘rin tutadi. U Ufa va Qozondagi Usmoniya”, “Shahobiddin Marjoniy”, “Qosimiya” madrasalarida tahsil olgan. Zaki Validiy arab, fors, rus tillarini yaxshi bilgan, Sharq tarixi va adabiyotiga qiziqqan, rus sharqshunos olimlarining asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lgan. Zaki Validiy o‘z davrining faol siyosatchisi va Boshqirdiston g‘ukumatining raisi ham edi. Turkiy xalqlar, xususan, Boshqirdiston taraqqiyoti va mustaqilligi uchun olib borgan faol harakatlari bolsheviklar hukumati tomonidan keskin qarshiliklarga uchradi. Zaki Validiy o‘n bir yil davom etgan siyosiy faoliyatidan so‘ng, 1925-yilda mamlakatni tark etdi va Istanbulga ketdi. Bu yerda u o‘z faoliyatini butunlay ilm-fan va ta’limga bag‘ishladi. 1930-yilda Vena universitetiga o‘qishga kirdi, doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. Islom ilmlari bo‘yicha falsafa fanlari doktori darajasini olib, Bonn universitetining islom ilmlari faxriy professori darajasiga erishdi.

Mustafo Cho‘qay xorijda faoliyat ko‘rsatgan davrda Turkiston mintaqasidagi jarayonlarga doimiy ravishda o‘zining munosabatini bildirgan. O‘zining fikrlarini turli matbuot materiallari orqali ifodalab ketgan. M.Cho‘qay munosabati bildirgan masalalardan biri bu –Turkiston Muxtoriyati edi. U 1931-yil 11-dekabrda va 1932-yilning yanvar – fevral oylarida “Qo‘qon (Turkiston – F.B.) muxtoriyatining 14 yilligi munosabati bilan” bitta “ilmiy yolg‘on”ga qarshi maqolasini e’lon qilgan. Unda M.Cho‘qay Turkiston Muxtoriyati haqida aytilgan fikrlarga raddiyalar bergan.

Mustafo Cho‘qayning tarixni soxtalashtirilishi, xususan, Turkiston Muxtoriyatining tarixi buzib talqin qilinishi haqida quyidagi xulosalarni beradi:

Birinchidan, Mustafo Cho‘qayning fikricha, tarixni ikki yo‘l bilan yozish mumkin: tarixchi haqiqatan sodir bo‘lgan faktlar to‘g‘risidagi materiallarni katta e’tibor bilan to‘playdi va turli davrlarda sodir bo‘lgan dalillar o‘rtasida sabablarni va bog‘lanishlarni o‘rganadi. Olayotgan bilim va ma’lumotlar manbalariga katta e’tibor bilan qaraydi, to‘plangan ma’lumotlarni o‘zining ilmiy tayyorgarligiga qarab vijdon tarozida tortadi va shu tariqa bu ma’lumotlarni xolisona tahlil qiladi va baholaydi. Ilmiy tarixni to‘liq ma’noda bilgan kishi uni shu usul bilan yozishi kerakligini ta’kidlaydi.

Mustafo Cho‘qay ikkinchi yo‘l sifatida esa: tarixchiga faktlar oldindan ma’lum va kerak bo‘lganda ularni o‘zi yaratishini aytib o‘tadi. Bunda Mustafo Cho‘qay nimani nazarda tutadi? U bundan ishonchsizligi hammaga ma’lum bo‘lgan manbalardan foydalanishni, bu yerda xolis ilmiy tahlil yo‘qligini, Kommunistik partiyaning yolg‘onlari hukmron ekanligiga urg‘u beradi. Shuningdek, u sovet hokimiyati homiyligidagi xalqlarning milliy harakatlarini tavsiflovchi sovet tarixchilarning tarixga munosabatini ikkinchi yo‘lda borganligini keltirib o‘tadi.

Ikkinchidan, bolsheviklar umuman fanga, xususan, tarixga obyektiv qarashni rad etishlarini, fan sinfiy kurash quroli ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek, tarix fan sifatida o‘tmish haqidagi fandan ko‘ra kelajak avlod uchun yaxshi saboq bo‘la olishini bolsheviklar yaxshi biladilar, deb xulosa beradi. Shu bilan bir qatorda, 1916-yil qo‘zg‘oloni bolsheviklar tomonidan butunlay boshqacha soxtalashtirilgan talqinda tasvirlanganligini va bu haqda “Yosh Turkiston”ning sonlaridan birida unga munosabat yozganligini keltirib o‘tadi.

Uchinchidan, Turkiston Muxtoriyatining tarixini buzib talqin qilinishi xususida ham mulohazalarini bildirgan. Sovet tarixchilaridan biri P.Alekseyenkov o‘zining yolg‘onlari bilan yuqorida aytilganidek, ikkinchi guruhga qo‘shilishini ta’kidlaydi. P.Alekseyenkov Turkiston Muxtoriyat haqida risola yozgan. M.Cho‘qay esa unga munosabat bildirib javob yozgan va “Yosh Turkiston” jurnalida e’lon qilgan. M.Cho‘qayning fikricha, P.Alekseyenkovning maqsadi Kommunistik partiya dasturi talablariga ko‘ra Turkistonda rus proletariat diktaturasini himoya qilish, shu bilan birga Turkiston Muxtoriyatiga milliy va rus kapitalistlari bilan birgalikda milliy Turkiston burjuaziyasi boshchilik qilganligini isbotlashga harakat qilishdir.

To‘rtinchidan, M.Cho‘qay Zaki Validiy To‘g‘onning ham muxtoriyat haqidagi ayrim qarashlariga qo‘shilmagan. Hattoki, keskin inkor etgan. Zaki Validiy kitobi qo‘lyozmasining 340-sahifasida «Qo‘qon hukumatining yagona ishonchli shaxsi bosmachilarning raisi Ergash edi. General Chanishev boshchiligida muntazam militsiyani shakllantirish boshlanganiga qaramay, allaqachon kech edi. Hukumat butunlay kapitalistlar ta’sirida edi. Moliya vazirligini boshqarish rasmiy vazir, advokat Islom Shaahmedov emas, balki uning o‘rinbosari, yahudiy Genrix Zigelning qo‘lida edi. Hukumat xayr-ehsonlar bilan yashashga majbur bo‘ldi. Mahalliy savdogarlar xayr-ehson qilgan taqdirda, Sayid Nosir Mirjalolovdan boshqa hech kim javob bermadi. Hukumatning aniq g‘oya va dasturi yo‘q edi…” shu kabi fikrlar keltirilgan. Bu fikrlarga esa M.Cho‘qay o‘zining munosabatini bildirib, Zaki Validiy kitobining ilmiy tabiati bahsli ekanligini ta’kidlaydi. Bu asar mamlakatimizda sodir bo‘lgan o‘sha lahzalardan bexabar bo‘lgan turk kitobxonlari uchun yozilgan, deb baho beradi. Shuningdek, Genrix Zigelning yahudiy emas, u haqiqiy avstriyalik nemis bo‘lganligini, u Turkiston hukumati Moliya nozirining do‘sti bo‘lmaganligini, shuningdek, uni hukumatda hech qanday hokimiyatdan foydalanmaganligini keltirib o‘tadi. Bularning hammasini Zaki Validiyning fantaziyasi bo‘lishi mumkin, deb xulosa qiladi. M.Cho‘qayning fikricha, buning sababi Turkiston Muxtoriyati hukumati ig‘vogar maqsadlarni ko‘zlaganligini va kapitalistlar ko‘rsatmasi bilan tuzilganligini hamda ularning ta’sirida boshqarilganligini asoslashga urinish bo‘lgan va bu yo‘lda turli yolg‘on o‘ylab topilgan, yuzlab asarlar nashr qilingan.

Beshinchidan, Turkiston Muxtoriyati ag‘darilgandan so‘ng mintaqada boshlangan milliy ozodlik harakati masalasi ko‘tarildi. Bu borada ham M.Cho‘qay bilan Zaki Validiy o‘rtasidagi fikrlar qarama-qarshiligi mavjud. M.Cho‘qayning fikricha, mintaqada “bosmachi” deganda ikki xil tushuncha mavjudligini, birinchisi, talonchi va o‘g‘rilik bilan shug‘ullangan guruhlar, ikkinchisi esa, milliy ozodlik uchun kurashgan haqiqiy erksevarlar bo‘lganligini ilgari suradi. Biroq Validiy ularga aniq ta’rif bermasdan bolsheviklar manbalariga tayangan va “bosmachilar” umumiy nomda salbiy xarakter kasb etgan degan mulohazalarni qilgan.

Xullas, davlatchilik tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan Turkiston Muxtoriyati tarixi bilan bog‘liq qarashlar o‘z davrida va keyingi yillarda ham bahs-munozaralarga sabab bo‘lganligini kuzatish mumkin. Turkiston Muxtoriyati haqida qarashlarini e’lon qilgan ham Mustafo Cho‘qay ham Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on ham o‘zini haq deb hisoblaydi. Biroq tarixiy jarayonlarga baho berishda faqatgina Mustafo Cho‘qay yoki Zaki Validiyning fikrlarini asos sifatida olish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ularning boshqa manbalar bilan qiyoslash va solishtirish lozim. Biroq ikki shaxs o‘rtasidagi munosabatlar va ular bahs yuritgan masalalarni tahlil qilish davrning o‘ziga xos jihatlarini yanada chuqur o‘rganish imkonini beradi.  

Feruz BOBOYEV,
tarix fanlari doktori,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Tarix instituti yetakchi ilmiy xodimi.

«Yangi Oʻzbekiston tarixshunosligida Turkiston Muxtoriyati tarixining oʻrganilishi: yangicha yondashuv va tadqiqotlar» mavzuidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi toʻplamidan olindi.


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605