13.04.2024 | 06:36
295
DORI KIMGA DARMON YOXUD KASALLIKLAR ZANJIRI

Dori yozishga judayam berilib ketgan shifokorlar, asosan, bir xil tarkibga ega, bir xil vazifani bajaradigan dorining 3-4 turini, muayyan firmalarga tegishli eng qimmat narxdagisini tavsiya qilishadi. Shifokorning koʻrsatma qogʻozi(resept)dagi dorilarning har kimning ham choʻntagi koʻtarmaydi. Qurbi yetgan taqdirda ularni ichib, foydasini sezmagach, hafsalasi pir boʻladi. Natijada kimdir maqtagan yoki boʻrttirib reklama qilingan dorini pala-partish qabul qiladi. Qarabsizki, muammolar zanjiri shu tariqa uzayib boraveradi…
Bir tanishim AQSHda oʻqib yurgan kezlarida shamollash tufayli shifokorga murojaat qilganida, u oddiy giyohli choy damlab bergani va koʻproq suv ichishni tavsiya qilganini soʻzlab bergandi. Afsuski, bizda odamlar oddiy kasalliklarda ham, albatta, koʻp dori qabul qilish kerakligiga qattiq ishonishadi. Baʼzida esa, oddiy shamollash yoki virusli kasallikdan tuzalish uchun ozgina vaqt, muddat kerakligini ham unutib qoʻyamiz.
Bugungi kunda shifokorlarning aksariyati firmalar bilan shartnoma tuzadi va ularning olib kiradigan dorilarinigina yozib beradi. Baʼzan koʻrikka kirib, hatto oʻzlari tavsiya qilayotgan dorilarining nomini yoddan bilmasligidan, reklama qogʻozlarini titib, ular orasidan duch kelganini yozayotganidan figʻoning falakka chiqadi. Tibbiyot sohasi vakili boʻlgan qarindoshimning aytishicha, firmalar shifokorga har bir yozilgan resept uchun dori narxidan maʼlum foizini toʻlar ekan.
Yurtimizda dori narxlarining qimmatligi, narxlar orasidagi tafovutlar ham alohida qiziq mavzu. Masalan, “Kleksan” dorisini olaylik. Toshkent shahridagi dorixonalarda bitta mamlakatda ishlab chiqarilgan, bir xil dozadagi preparatning narxi 440 ming soʻmdan boshlab 630 ming soʻmgacha belgilangan. Toʻgʻri, dori narxiga importyorlarning har xilligi, tashish xarajati, apteka tarmogʻining kam yoki koʻpligi kabi omillar taʼsir qilishi mumkin. Biroq bitta dori narxida 200 ming soʻm tafovut boʻlishi mumkinmi? Yoki shunga oʻxshash sabablar dori narxini mutlaqo nazorat qilib boʻlmasligini anglatadimi? Qolaversa, dorixonalarimizdagi narx-navo qoʻshni mamlakatlardagidan ancha yuqori. Baʼzi dorilar esa ulardagidan ikki baravargacha qimmat ekanligi aniqlangan. Yaroqlilik muddati kam qolgan dori vositalari esa arzonroq narxda sotiladi. Biroq, dorixona xodimlari bu haqda xaridorni ogohlantirishni oʻzlariga ep koʻrishmaydi.
Nega aybsiz norasidalarning oʻlimi bizga saboq boʻlmadi? Ular aynan zaharli dori preparatini qabul qilish natijasida halok boʻlishdi. Ammo bu voqeadan bir yil oʻtib ham hech qanday sertifikatga ega boʻlmagan, noqonuniy dorilarni sotadigan yirik dorixona tarmoqlari aniqlanyapti.
Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarini “Vitiligodan xalos qilamiz!”, “Buqoq, ostreoxondroz, revmatizmni butunlay yoʻqotamiz!” kabi reklama eʼlonlari bosib ketdi. Ularning aldovlariga chuv tushgan, jabr chekkan, pullari sovurilgan jabrdiydalar juda koʻp.
Qoʻlbola tayyorlangan dorilarning Andijon, Fargʻona va Toshkent shaharlaridagi dorixonalarda sotuvga chiqarilgani esa xalqni yanada sarosimaga tushirgani sir emas. Namanganda bir feldsher yashirin sex sharoitida “Zodak”, “Anaferon”, “Xilak Forte” va “Vitamin B6” nomli qalbaki dorilar tayyorlab sotgani aniqlangan. Hamma ham soxta va haqiqiy dorining farqiga boravermaydi. Eng achinarlisi, bunday qabihlikka qoʻl urib, odamlar hayotini xavf ostiga qoʻyayotganlar na oʻz qilmishining oqibatidan, na qonun oldidagi javobgarlikdan qoʻrqishadi.
Xullas, gapiraversak gap koʻp. Ayon haqiqat shuki, bugun farmatsevtika sohasidagi holat nihoyatda achinarli darajada. Soha masʼullari quruq hisobot va safsatabozlikdan voz kechib, vaziyatni oʻnglash uchun jiddiy harakat qilishi kerak.
Muyassar IBROHIMOVA, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori.
2024-yil 16-fevral 8-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



