20.01.2025 | 11:22
555
OTALAR YOQQAN MAYOQ
Qatag‘on haqida gap ketganida xalqimizning yetuk shaxslari boshiga tushgan mudhish fojialar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Olim-u fozillarimizni, arboblarimizni ayni kuchga to‘lgan davrida qilmagan aybi, yo‘q gunohi uchun so‘roq-tazyiq qildilar, turmalarga tiqdilar, otib o‘ldirdilar.

Biz ana shunday ziyolilardan biri – Abduqodir Shakuriy qo‘lida ilm o‘rganib, Po‘lat Soliyev kabi iste’dodli tarixchi olimga shogird tushgan samarqandlik Abdusalom Akromov haqida u kishining qizi Lola Akromovaning ezgin xotiralarini qog‘ozga tushirdik.
“Men otamning yuksak salohiyati tufayli boshidan kechirgan azoblari haqida hikoya qilib bermoqchiman. O‘tgan asrning 20-yillarida maktablardagi eski o‘qitish uslubi bekor qilinib, yangicha ta’lim joriy etiladi. Ya’ni, ta’lim muassasalaridagi o‘qituv tizimiga tarix, matematika, adabiyot kabi fanlar kiritiladi.
O‘sha yillarda biz yashagan Chorraha ko‘chasida ham Mahmudxo‘ja Behbudiy tashabbusi bilan yangi usul maktabi tashkil etilgan. Tabiatan ilmga chanqoq bo‘lgan otam Akromov Abdusalom Huseyn o‘g‘li ham Abduqodir Shakuriy dars berayotgan ushbu maktabga o‘qishga boradi.
Bunday maktablarda o‘quvchilar dunyoviy fanlarni o‘rganishib, faxriy yorliqlarni qo‘lga kiritishar, xuddi internat maktablardagi kabi bepul kiyim-bosh bilan ta’minlanar edi. Uni muvaffaqiyatli tugatganlar esa “Pedagoglar tayyorlash o‘quv yurtini tamomladi” degan ma’lumotga ega bo‘lishgan va o‘qituvchi bo‘lib ishlash vakolatini olishgan.
Otam ham shunday hujjatga ega bo‘lgach, akasi Abdunasim bilan birgalikda uyimizda maktab ochishadi va mahalliy ayol-erkaklarni yig‘ib, ularga ta’lim bera boshlaydi.
Otam va amakim ma’rifat tarqatishga shunchalik berilib ketishadiki, choyxona va guzarlarga ham chiqib, yosh-u qariga gazetalar o‘qib berishadi, kundalik yangiliklar bilan tanishtirib borishadi. Shuningdek, aholi to‘planadigan joylarda yig‘ilishlar o‘tkazib, yosh-yalang, ayol-qizlarni o‘qishga, ilm olishga targ‘ib qilishadi. Bundan tashqari, ular musiqiy to‘garaklar ochadilar.
1922-yilda Hamza Hakimzoda Niyoziy bu to‘garaklar ishi bilan tanishadi. Qo‘qon, Farg‘ona, Namangandan artistlarni olib kelib, teatr truppasi tashkil qiladi. Otam pyesalarni sahnalashtirish ishlarida Hamzaga yaqindan yordam bergan. Ularning ijodiy hamkorligi fotosuratlarda muhrlangan.
1926-yilga kelib, davr taqozosi bilan joylarda ayollarning paranji tashlash harakatlari boshlangan edi. Otamizning ota-onasi ham zamonasining ilg‘or fikrli kishilari bo‘lgani bois buvimiz birinchilardan bo‘lib paranjidan voz kechgan.
Otam halol yashagan, sidqidildan ishlagan. Xalqni yanada ko‘proq bilimli qilishga intilgan. Bu yo‘lda kuch-g‘ayratini ayamagan. U kishi komsomol tashkiloti safidagi samarqandlik eng faol yoshlardan biri sifatida e’tiborga tusha boshlagan. 1926-yilda otamni bilimdon va tashabbuskorligi sababli Moskvadagi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga jo‘natishadi. Natijada otam “Rabfak”da o‘zbekistonlik ikki yuzga yaqin yoshlar bilan birga to‘rt yil o‘qiydi, til o‘rganadi. O‘zining aytishicha, o‘sha paytda otam sakkiz tilda bemalol gaplasha olgan. O‘qish bilan bir paytda tarjimon, so‘ngra mas’ul kotib va keyinroq maxfiy xizmat bo‘limida boshliq o‘rinbosari sifatida ham faoliyat olib borgan.
Tahsildan so‘ng onam qattiq betob bo‘lib qolgani tufayli Samarqandga qaytadi. Agar shu voqea bo‘lmaganida otam Moskvada butunlay yashab qolishi mumkin edi. Chunki o‘sha yili Timiryazev nomidagi Qishloq xo‘jaligi akademiyasiga ham imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, o‘qishga qabul qilingan ekan.
Otam vatanga qaytgach, O‘zbekiston davlat universitetining aspiranturasiga hujjat topshiradi. Bu yerda u kishiga taniqli tarixchi olim, professor Po‘lat Soliyev ilmiy rahbar bo‘ladi va ustozlik qiladi. Aspiranturani tugatgach, otam shu joyga ishga olinadi va shijoat bilan ilmiy faoliyatini boshlaydi.
Afsuski, mash’um qatag‘onning sovuq nafasi Samarqandga ham yetib kelgan edi. Otamni 1937-yilning avgust oyida uydan olib ketishadi. Bu paytda u Samarqand shahar maorif mudiri lavozimida ishlayotgan edi. Ertasi kuni NKVD xodimlari uyimizni tintuv qilib, otamning barcha kitoblari-yu qo‘lyozmalari, hujjatlarini mashinaga bosib ketishadi. Bu shaxsiy buyumlar keyinchalik ham qaytarilmadi.
Otam to tergov izolyatoriga kirgunicha o‘zini qamoqqa olishganini sezmagan, bularga tarjimon sifatida kerak bo‘ldim, shekilli, deb o‘ylagan.
Jamiyat faoli sifatida otam qo‘l ostidagi xodimlari bilan do‘konlar faoliyatini ham nazorat qilgan va to‘g‘ri ishlamayotgan do‘konlarni yoptirgan. O‘zimizcha o‘sha do‘konlarning egalari chaquv xati yozishganmikin, deb ham taxmin qilamiz. Nima bo‘lganda ham biz haligacha shunday bilimli, iqtidorli odamni nima sababdan qamab yuborishganini bilmaymiz.
Otam o‘n oy Samarqanddagi qamoqxonada tergov qilinadi. U kishi dastlab bir anglashilmovchilik bo‘lgan, tez orada meni qo‘yib yuborishadi, degan xayolda bo‘ladi. Ammo ustozi Po‘lat Soliyevning ham ishi tergovda ekanidan xabar topgach, “shunday professorni qamashibdimi, mening bu yerdan chiqishim dargumon”, deb tushkunlikka tushadi. Taqdirining qora tortayotganiga ilojsiz tan beradi.
Tergov hibsxonasida ellik kishilik joyga bir yuz ellik odamni joylashtiradilar. Shu bois kimdir o‘tiradigan bo‘lsa, boshqasi tik turishga majbur bo‘lardi. Otam soch-soqoli oqarib, yoshi bir joyga borib qolgan aziz ustozi Po‘lat Soliyevga joy berib, unga mehribonlik qiladi. Bechora professor qamoqxonada ham mahbuslarga ilmiy ma’ruzalar o‘qiydi, shu tariqa erta-indin ozodlikdan mahrum etilishi yoki otilishi mumkin bo‘lgan baxtsiz insonlarning yuragiga umid chiroqlarini yoqib turadi.
1938-yilda yetuk olim Po‘lat Soliyev otuvga hukm qilinadi. Otamni esa o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etib, Kuybishev (hozirgi Samara) shahridagi qamoqxonaga jo‘natishadi. Qamoqxonada chekkan iztiroblari, ko‘rgan qiyinchiliklari haqida xotira yozib, bizga meros qoldirgan.
Tez orada urush boshlanib, mahbuslar qamoqxona yaqinidagi zavodlarda qurol-yarog‘, o‘q-dori yasash ishlariga jalb etiladi. Otam ma’muriyatdan o‘zini frontga yuborishlarini ko‘p bor so‘raydi. Qamoqxonada mahbuslarni ikkiga bo‘lib, ularning birinchi guruhini urushga yuborishadi, baxtga qarshi otam bu safga kiritilmaydi.
Otam 1947-yili yurtga qaytganidan keyin ham besh yil davomida shartli ravishda ozodlik huquqidan mahrum yashaydi. Qo‘lida shaxsi va ma’lumotini tasdiqlaydigan birorta hujjati bo‘lmagani tufayli ishga kira olmay yurganida, bir paytlar o‘zi ta’lim bergan o‘quvchisi Oqdaryo sovxoziga direktor bo‘lib qoladi-yu, otamni birga ishlash uchun chaqiradi. “Sovxoz iqtisodiyoti ayanchli holatda, uni birgalikda ko‘taraylik”, deydi. Chunki otam nafaqat tarixchi olim, balki yer ishlari, dehqonchilik va bog‘dorchilikni ham a’lo darajada biladigan inson edi. Hayotlik chog‘larida u kishini “Michurin” deb ham atashardi.
Otam kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlab, sovxozning iqtisodiy va ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun bor kuchini safarbar qiladi. Garchi yo‘q aybi uchun “xalq dushmani” deya atalib, og‘ir qamoq hayotini boshidan o‘tkazgan bo‘lsa-da, ruhiyatini cho‘ktirmaydi. Surunkali ko‘ksov kasalligidan aziyat chekib, ishga yaroqsiz bo‘lib qolganida ham Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini qaytadan tiklash ishlariga bosh qo‘shadi. Otam rasadxonani qayta tiklash uchun Moskvaga xat yozgan ekan. Yuborgan maktubida Mirzo Ulug‘bekning astronomik izlanishlari to‘g‘risida butun dunyoni xabardor qilish maqsadida bu joyda memorial muzey qurish lozimligini ta’kidlaydi.
1960-yillarda rus arxeologi Vasiliy Vyatkinning sa’y-harakatlari tufayli aniqlangan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi xarobalari g‘isht bilan o‘rab qo‘yilgan, inshoot atrofi xaroba holatda edi. Otamning maktubi tufayli muammoni o‘rganish uchun bir guruh mutasaddilar yuboriladi. Men o‘shanda 10 yoshli qizaloq edim. Otam kelganlarga o‘sha joyni ko‘rsatib, tarixchi sifatida ularga ma’lumot berganiga guvoh bo‘lganman. Oradan ko‘p o‘tmay, u kishining orzusi ushaldi. Ko‘hak hududida Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi yana qad ko‘tardi. Otam umrining so‘ngigacha shu rasadxonaga qorovullik qildi.
U juda dolg‘ali, shu bilan birga, mazmunli hayot kechirdi. O‘z davrining eng ilg‘or kishilari sanalgan Vadud Mahmud, Rahim Hoshimiy bilan yaqin do‘st, maslakdosh edi. U kishining Sadriddin Ayniy bilan ham aloqalari yaxshi bo‘lib, domla ba’zi asarlarini otamga tarjima qildirgan.
Otam bizga sezdirmaslikka harakat qilsa-da, og‘ir betob edi. Sovuq o‘lkalarda boshiga tushgan azob-uqubatlar o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlagandi. Shunday bo‘lsa-da, u hech qachon tushkunlikka tushmadi, bizning xotiramizda hamisha serg‘ayrat va tashabbuskor inson sifatida muhrlanib qoldi. Otam yetti nafar farzandining hammasini o‘qitib, oliy ma’lumotli qildi. Ko‘hna va navqiron Samarqand shahridagi mashhur xiyobonga ekilgan ulkan chinorlarda ham otamning qo‘llari tafti borligini o‘ylasam, yuragim to‘lqinlanib ketadi.
So‘zimning oxirida hurmatli Prezidentimizning jadidlar olg‘a surgan g‘oyalarni bugungi kunlarimizga tatbiq etayotganining o‘zi yangi jadidlik harakati ekanini aytmoqchiman. Katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan, ammo eng kuchga to‘lgan davrida orzulari ro‘yoga aylangan ziyoli bir insonning farzandi sifatida yurtimizda ushbu ezgu harakat hech qachon to‘xtamasligini, otalar yoqqan mayoq aslo o‘chmasligini tilab qolaman.
Muhayyo PIRNAFASOVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
97
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
610
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
607