20.01.2025 | 13:17
452
MUHOJIRLARNING NASHRI AFKORI
XX asr boshlarida Turkistonda kechgan murakkab vaziyat, voqea-hodisalarning asl mohiyatini xalqqa yetkazishda hamda anglatishda milliy matbuotning o‘rni va roli beqiyos ahamiyatga ega bo‘lganligi ma’lum. Matbuot – ana shunday murakkab davrda, qaramlik holatiga tushib qolgan Turkiston zaminida ziyolilar uchun milliy haq-huquq talab qilinadigan, xalqning arz-u dodini mustamlakachi siyosiy elitaga yetkazadigan minbar vazifasini o‘tadi. Garchi, gazeta-jurnallarning adadi juda kam miqdorda bo‘lsa ham, ularning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy ta’siri ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ana shunday nashrlardan biri hisoblangan “Yosh Turkiston” jurnali 1929–1939-yillarda bolsheviklarning zulmi va istibdodi natijasida ona vatanini tark etishga majbur bo‘lgan turkistonlik ziyolilar tomonidan Fransiyaning Parij shahrida chop etildi. Jurnal o‘zida Turkiston xalqining orzu-umidlarini, dard va alamlarini dadil ruh, baland ovoz hamda milliy manfaatlar nuqtayi nazaridan yoritgani bilan alohida ajralib turdi.
Jurnalning ilk soni 1929-yilning dekabr oyida chop etilgan. Ushbu nashrning maqsadi Turkiston Muxtoriyatining sobiq bosh vaziri bo‘lmish Mustafo Cho‘qay tomonidan yozilgan “Bizning yo‘l” nomli ilk maqolada aniq va lo‘nda shaklda keltirilgan: “Yangidan chiqa boshlag‘on har bir siyosiy majmua va gazetaning o‘quvchilariga o‘z siyosiy g‘oya, yo‘li ham maqsadini tanitib ketish odati bordir. Qonun holiga kirib qolg‘on bu odatga biz ham iyaramiz (ergashamiz). Yo‘limizni anglatish uchun uzun izohlarga ehtiyoj yo‘q. Yo‘limiz va maqsadimiz: “Biz Turkiston istiqlolchilari elimizning erki va yurtimiz Turkistonning qutulishi uchun kurashamiz” jumlasinda xulosa etila biladir. Turkistonliklarga bundan boshqa yo‘l yo‘q, bo‘la olmas va bo‘lmasin”, deb yozdi.
Har soni o‘rtacha 40 sahifali “Yosh Turkiston” jurnali bir necha bo‘limdan iborat bo‘lgan. Jurnalning bosh maqolalari Mustafo Cho‘qay, Abdulvahob O‘qtoy va Tohir Chig‘atoy tomonidan yozilgan.
Mustafo Cho‘qayning “Yosh Turkiston” jurnalida chop etilgan maqolalariga nazar tashlasak, unda XX asr boshlaridagi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va falsafiy muammolari teran fikrlar va tanqid asosida mushtariylarning diqqat-e’tibor markaziga olib chiqilganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, u tarixning mohiyati haqida to‘xtalar ekan, uni yozishda muarrix adolatli bo‘lishi kerakligini, tarixdagi voqea va hodisalarga doimo xolislik nuqtayi nazaridan turib baho berish shartligini ta’kidlaydi.
Dastlab Munavvar qorining “Namuna” maktabida tahsil olib, so‘ngra bir guruh turkistonlik yoshlar bilan birgalikda Germaniyaga o‘qishga yuborilgan Tohir Chig‘atoy va Abdulvahob O‘qtoy ham “Yosh Turkiston” jurnalida maqolalari bilan faol ishtirok etgan.
Tohir Chig‘atoy jurnalda “Turkistonda maktab siyosati”, “Hindiston-Turkiston”, “Turkistonda Rusiyaga qarshi isyonlar”, “Unutilmas tarixiy vahshiylik”, “Andijon qo‘zg‘oloni haqida”, “Turkistonda 1916-yil isyoni”, “Turkistondagi yer osti boyliklari”, “Turkistondagi sovet matbuotiga bir qarash”, “Turkistonda ochlik”, “Turkistonda maorif ishlari” va boshqa shular kabi qator maqolalarni e’lon qildi.
Tohir Chig‘atoyning “Yo‘lboshchimiz Munavvar qori” nomli maqolasi “Yosh Turkiston” jurnalining 1934-yil 50-sonida chop etilgan. Unda muallif Turkiston jadidlarining yetakchilaridan biri bo‘lgan Munavvar qorining o‘lka taraqqiyparvarlik harakatida tutgan o‘rni to‘g‘risida mulohaza yuritgan.
Abdulvahob O‘qtoy ham jurnalda maqolalari bilan faol ishtirok etgan. Mazkur jurnalda uning jami 84 ta maqolasi e’lon qilingan. Shulardan 20 tasini “Abdulvahob”, 20 tasini “Janay”, 25 tasini “To‘qtamish o‘g‘li” va 19 tasini esa “Iltar” taxalluslari ostida chop ettirgan.
Jumladan, Abdulvahob O‘qtoy jurnalning 1930-yil 3-4-sonlarida “Janay” imzosi bilan e’lon qilgan “Bosmachiliq to‘g‘risida” nomli maqolasida Turkistondagi kommunistik davriy matbuotda “bosmachilik” atamasi qo‘llanayotganligiga e’tiroz bildirib, “asl bosmachilar bolsheviklar hukumatining o‘zidir”, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.
Shu bilan birga O‘qtoyning “Turkiston kultur asarlarining oqibati” deb nomlangan maqolasi ham dolzarb ahamiyatga ega. Muallif ushbu maqolasida Sovet hukumati tomonidan o‘lka xalqining milliy-madaniy merosiga nisbatan vahshiyona xiyonatlarini ochiq-oydin tanqid qilgan.
Jumladan, u “XII-XV asrlardan hozirgi kungacha saqlanib kelingan tarixiy binolar dinamit vositasi ila xarob etilib, havog‘a uchirilmakda va Turkistonning xonsaroylari devorlari ostidag‘i marmar toshlar qo‘porilib, ko‘priklar uchun ishlatgani olib ketilmakdadir. Masalan, Xiva shahrindagi “Go‘runushxona”ning marmar bezaklari mahalliy xo‘jaliq bo‘limi tarafidan ko‘chirilib, ko‘prikka ishlatilgan bo‘lsa, Ho‘qanddagi Muhammad Alixon madrasasi buzilib, uning ham derazalari ko‘prikka ishlatilgandir”, deb millatning madaniy merosiga nisbatan bolsheviklar tomonidan ko‘rsatilayotgan varvarlarcha munosabatga keskin noroziligini bildirgan.
Shu bilan birga, jurnal sahifalarida, yuqorida ismlari zikr etilgan shaxslardan tashqari, jami 87 ta muallifning maqolalari chop etilgan.
Ulardan Abdurauf Fitrat, Muftiy Sadriddinxon Sharifxo‘jayev, Abdulhamid Cho‘lpon, Mag‘jon Jumaboy, Elbek, Ahmad Hokiy, Abu Nasr Hoji kabi ziyoli shaxslarni eslab o‘tish mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash mumkinki, 1929–1939-yillarda chop etilgan “Yosh Turkiston”ning 117 ta sonidagi maqola, she’rlar, bolsheviklarning zulmi va istibdodi natijasida ona yurtini tashlab ketishga majbur bo‘lgan pokdomon insonlarning achchiq xotiralari bizni doimo ogohlikka chorlab turishi lozim, deb hisoblaymiz.
Muslimbek ALIJONOV,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti katta o‘qituvchisi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-yanvardagi 2-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



