21.01.2025 | 12:07
2825
TEATR: U HOZIR HAM IBRATXONAMI?
Inson va jamiyat hayotida, xalqning ma’naviy dunyosini, ong-u tafakkurini yuksaltirishda teatr san’atining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Shavkat MIRZIYOYEV

Xabaringiz bor, “Jadid” gazetasining avvalgi sonlaridan birida “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Kitob va kitobxonlik tahliliga bag‘ishlangan mazkur material ko‘pchilik yurtdoshlarimiz, ziyolilarimiz orasida qizg‘in munozara va munosabat uyg‘otganidan ruhlangan holda, mavzuga uzviy bog‘liq yana bir masalaga – milliy teatr san’atimizning bugungi holatiga chuqurroq razm solmoqqa urindik. Zero, kitob ham, teatr ham yagona maqsad – insonning ma’naviy kamoloti uchun xizmat qiladi.
Maqola nafaqat mutaxassislar, balki keng omma uchun mo‘ljallangani sababli, teatr haqida kengroq ma’lumot berib o‘tish joiz ko‘rindi.
TEATR O‘ZI NIMA?
Teatr – yunoncha “theatron”, ya’ni “tomoshagoh” so‘zidan olingan bo‘lib, cheklangan joyda bir yoki bir necha aktyorlar ijro etadigan sahna ko‘rinishi orqali tomoshabinga fikr uzatuvchi mustaqil san’at turini anglatadi. Teatrning o‘ziga xos ifoda vositasi aktyorning omma oldidagi o‘yini jarayonida yuzaga keladigan sahnaviy voqeadir. Teatr tomoshasi asosida og‘zaki yoki yozma dramaturgiya yotadi. Musiqa, tasviriy san’at, raqs, me’morlik dramaturgik materiallar bilan birga teatr hayotida ajralmas birlikni tashkil etadi. Teatr dramatik, opera, balet, qo‘g‘irchoq, pantomima, myuzikl singari turli shakl va ko‘rinishlarga ega.
Barcha zamonlarda ham teatr jamoa mehnati bilan yuzaga kelgan. Sahnadagi har bir asar muallif, rejissyor, aktyor, baletmeyster, xoreograf, rassom, dirijyor, bastakor, butafor (sahna jihozlari ustasi), kostyumer, grimyor, sahna ishchilari, chiroq ustalari va boshqa ko‘plab kasb egalarining zahmatli mehnati bilan yuzaga chiqadi.

MANBALARDA YOZILISHICHA, Yunoniston, Hindiston, Turonda miloddan avvalgi V asrdayoq teatr jamiyat hayotida muhim o‘rin tutgan.
Yunonistonda ochiq maydonlarda faoliyat ko‘rsatgan ilk antik teatrlar “amfiteatr” deb atalgan. Afina shahridagi Dionis teatri miloddan avvalgi V asrda qurilgan birinchi doimiy teatr hisoblanadi. Rimliklar yunon teatr arxitekturasini rivojlantirib, sahna orqa qismini bezash kabi yangi xususiyatlar qo‘shganlar. Dastlabki teatr sahnalari vaqtinchalik bo‘lgan esa, keyinchalik mustahkam va doimiy tuzilmalarga aylangan.
Antik davrda faqat ikki yo‘nalishda – tragediya va komediya janrlarida tomosha ko‘rsatgan teatr asarlari asosan tarixiy va mifologik syujetlar negizida yaratilgan va barcha rollar erkaklar tomonidan ijro etilgan. O‘z davrining mashhur dramaturglari Esxil, Sofokl, Yevripid yunon tragediyasining asoschisi hisoblansa, Aristofan – komediya qiroli sifatida e’tirof etilgan.
Hindistonda teatr sanskrit, xalq teatri shakllarida hamda “Mahobhorat” va “Ramayana” dostonlari bilan bog‘liq holda rivojlangan, dramaturgiya va sahna san’ati haqida “Natyashastra” nomli risola yaratilgan. Xitoyda bundan taxminan ming yillar avval teatrlar diniy va saroy marosimlarida paydo bo‘lib, o‘ziga xos dramatik san’at shakliga aylangan.
MILLIY TEATR TARAQQIYOTI haqida gapirganda, O‘zbekiston hududida an’anaviy teatr juda qadim va boyligi, uning kurtaklari ibtidoiy jamoa davridayoq ov va boshqa mehnat jarayoni aks etgan taqlidiy raqslar, jangovar va xalq o‘yinlari, tabiat kuchlariga topinish natijasida yuzaga kelgan marosimlar shaklida namoyon bo‘lganini ta’kidlash joiz.
Miloddan avvalgi I asrdan milodning IV asrigacha Kushon davlatida buddaviylik dini bilan bog‘liq turli teatrlashgan tomoshalar mavjud bo‘lgan. Ayritom ibodatxonasi peshtoqidagi cholg‘uchi qizlarning tasvirlari shuni ko‘rsatadi.
Keyingi davrlarda xalq bayramlari, marosimlar, urf-odat va ular bilan bog‘liq tomoshalar aholi orasida keng tarqalgan. Masxara va taqlid teatrlari, qo‘g‘irchoq o‘yin (chodir jamol, chodir xayol, fonus xayol) va boshqa shu kabi tomoshalar rivojlangan.
XX asr boshida jamiyatning ilg‘or namoyandalari harakati va milliy dramaturgiyamizning tamal toshini qo‘ygan atoqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning mashhur “Padarkush” asari bilan yangi o‘zbek professional teatri yuzaga keladi. Jadid bobolarimiz Vatanimiz tarixining og‘ir va murakkab davrlarida aynan teatr san’atini xalqning ko‘zini ochadigan, uni ogohlikka chaqiradigan eng muhim omillardan deb bilganlari alohida ibratli hodisadir. Abdulla Avloniy rahbarligida tashkil etilgan “Turon” teatri ta’sirida 1916-yilda Qo‘qonda, 1919-yilda Andijonda, 1922-yilda Xiva va Buxoroda teatrlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

DARVOQE, 1890-yillarda Gruziyadan Toshkentga ko‘chib kelib, mehmonxona biznesi bilan shug‘ullangan Georgiy Sinsadze bu yerda “Yevropa” va “Belvyu” nomli ikkita nufuzli mehmonxona qurgan. Keyinchalik “Yevropa” mehmonxonasini sotib, uning puliga “Kolizey” teatrini barpo etgan. Qurilish 1902-yili boshlanib, 1913-yilda yakunlangan. 1 100 o‘ringa mo‘ljallangan bino arxitektor E.F.Gofman loyihasi asosida “nemis renessansi” uslubida qurilgan. Antrakt vaqtida tomoshabinlar tomdagi yozgi foyega chiqishlari mumkin bo‘lgan. Teatr qoshidagi restoranda varyete tomoshalari uchun kichik sahna o‘rnatilgan.
Bu yil tavalludining 150 yillik sanasi yurtimizda keng nishonlanayotgan buyuk ajdodimiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi dastlab 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda ijro etilganidan so‘ng, ushbu asar 1914-yilning 27-fevralida Abdulla Avloniy rahbarligida xuddi shu binoda namoyish etilgan.
BUGUNGI DAVRDA teatr san’atini rivojlantirish masalasi doimiy kun tartibida bo‘lib kelayotganini kuzatish mumkin. Shu maqsadda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan muhim hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 26-mayda “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni, 2022-yil 2-fevralda “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, 2023-yil 25-dekabrda “Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2024-yil 22-noyabrda “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari e’lon qilingan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ham bu borada qator qaror va farmoyishlari – jami 15 dan ziyod rasmiy hujjat qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tanishadigan bo‘lsak, ushbu hujjatda teatr jamoalarini respublika bo‘ylab gastrol safarlariga yuborish, dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy hamda yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etish, ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasini amalga oshirish, milliy akademik musiqa san’atini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida kompozitorlar tanlovini o‘tkazish, yuqori malakali ijodkorlar, teatrshunos va san’atshunoslarning mahorat maktablarini, bolalar va o‘quvchi-talabalar uchun teatr to‘garaklari va studiyalarini tashkil etish, teatr rejissyorlari akademiyasini tuzish singari o‘nlab muhim vazifalar belgilab berilgan.
Kuni kecha matbuotda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida 2025-yildan boshlab “Turon” maktab teatri respublika tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish, ushbu tanlovda xususiy maktablarning ishtirokini ham ta’minlash, g‘oliblarni munosib taqdirlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar e’lon qilindi. Bu, albatta, Prezident qarori ijrosi amalda ta’minlanayotganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda, yurtimizda Teatr arboblari uyushmasi, “Teatr” jurnali faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Teatr jamoalarimiz nufuzli xalqaro festivallarda faol ishtirok etmoqda. 27-mart – Xalqaro teatr kuni yurtimizda ham bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
Teatrshunoslik fani izchil rivojlanib, San’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent davlat san’at va madaniyat institutida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda, teatr tarixi va taraqqiyotiga oid yangi tadqiqotlar yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ijodiy jamoalar, jumladan, teatrlar bilan yirik kompaniya va banklar ishtirokida “do‘stlar klublari” tuzilgani yaxshi samara berganiga guvohmiz.
Ushbu sohaga mehr va havas qo‘ygan yoshlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun ijodiy tanlov va festivallar o‘tkazilmoqda, yangi ta’lim dargohlari bunyod etilmoqda. Hududlarimizda madaniyat yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining filiallari ochilmoqda, ularga qabul kvotalari oshirilmoqda, kam ta’minlangan oilalarga mansub iste’dodli qizlarimizga alohida imtiyozlar berilmoqda.
Bu ishlarning barchasi yurtimizda teatr sohasi rivojiga ulkan e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

O‘ZBEKISTONDA NECHTA TEATR BOR?
Mamlakatimizdagi mavjud teatrlar nomlarini, keling, ma’lumot va targ‘ibot uchun to‘liq keltirib o‘taylik.
Avvalo, akademik teatrlar haqida to‘xtalsak. Ayni paytda bu yuksak maqomga erishgan teatrlar soni 5 ta:
O‘zbek Milliy akademik drama teatri;
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri;
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri;
O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri;
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri.
Drama, musiqali drama va satira yo‘nalishlarida 18 ta teatr faoliyat olib bormoqda. Mazkur yo‘nalishdagi teatrlar asosan poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, shuningdek, uchta shaharda faoliyat olib boradi, bular:
O‘zbekiston davlat drama teatri;
O‘zbekiston davlat musiqali komediya (operetta) teatri;
O‘zbekiston davlat satira teatri;
Andijon viloyati musiqali drama teatri;
Buxoro viloyati musiqali drama teatri;
Jizzax viloyati musiqali drama teatri;
Namangan viloyati musiqali drama teatri;
Samarqand viloyati musiqali drama teatri;
Samarqand viloyati rus drama teatri;
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatri;
Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri;
Farg‘ona viloyati musiqali drama teatri;
Farg‘ona viloyati rus drama teatri;
Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri;
Xorazm viloyati musiqali drama teatri;
Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri;
Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri;
Qo‘qon shahar musiqali drama teatri.

Yoshlar va yosh tomoshabinlar teatrlari soni 18 ta:
O‘zbekiston davlat yoshlar teatri;
O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatri;
“Diydor” yoshlar ekspremental teatr-studiyasi;
O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri;
“Tomosha” bolalar musiqali teatr studiyasi;
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri;
Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri;
Andijon viloyati yoshlar teatri;
Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Buxoro viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Navoiy viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Namangan viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Surxondaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Farg‘ona viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Qashqadaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatri;
Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri.
Ko‘rib turganingizdek, O‘zbekistonda madaniyat tizimida jami 41 ta davlat teatri bor. Ulardagi mavjud o‘rinlar soni 15 ming atrofida, ya’ni bir vaqtning o‘zida shuncha tomoshabinni qamrab olish quvvatiga ega.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi Ma’naviyat va madaniyat departamenti huzurida “Turon” harbiy teatri tashkil etilgani, teatr jamoasi yaqinda departamentning yangi va muhtasham binosida barcha zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlanganini aytib o‘tish zarur.
Mamlakatimizda xususiy teatr tashkil etish uchun ham tegishli imkoniyatlar yaratilgan. Ammo hozircha bu imkoniyatdan birgina jamoa – “Ilhom” teatri foydalanmoqda.

BUGUN RESPUBLIKA TEATRLARIDA mehnat qilayotgan jami xodimlar soni 5 ming nafarga yaqinni tashkil qiladi. Ularning salkam 2 ming 700 nafari ijodiy xodimlar bo‘lsa, 2 ming 300 ga yaqini texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar hisoblanadi.
Aktyorlarimizning:
41 nafari “O‘zbekiston xalq artisti”;
129 nafari “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” (yoki “madaniyat xodimi”, “yoshlar murabbiysi”) faxriy unvonlari;
211 nafari boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Taassufki, bugun ko‘pgina teatrlarimiz, ayniqsa, hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan teatrlarda oliy ma’lumotli ijodiy xodimlar yetishmaydi. (Hududiy teatrlarni kadrlar bilan ta’minlash masalasi mahalliy rahbarlarning e’tibori bilan ham bog‘liq. Agar hudud rahbari teatrga ishga taklif etilayotgan mutaxassisni qo‘llab-quvvatlasa, eng muhim masala bo‘lgan uy-joy bilan ta’minlashga ko‘mak bersa, teatr xodimlari uchun homiylar biriktirsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz).
DEMAK, mamlakatimizning 37 milliondan ortiq aholisi uchun 41 ta teatr faoliyat ko‘rsatmoqda.
Agar teatrga kelish imkoni bo‘lmagan 3 yoshgacha go‘daklar hamda juda keksa fuqarolardan iborat o‘rtacha 3 million kishini hisobga olmagan holda aytsak, bu, 800 mingdan ortiq odamga bitta teatr yoki qariyb 2 ming 300 nafar tomoshabinga teatrdagi bitta o‘rin to‘g‘ri keladi, degani.
Bu ozmi, ko‘pmi? Albatta, haqiqat qiyosda bilinadi.
TAQQOS UCHUN ayrim misollarni keltirib o‘tamiz.
Masalan, 2023-yil o‘rtalarida 59 millionga yaqin aholiga ega bo‘lgan Italiyada 6 ming 700 ta, qariyb 68 million fuqaro yashaydigan Fransiyada esa 2 mingdan ortiq teatr borligi aytiladi. Shuningdek, AQShda 2 mingdan ziyod, Buyuk Britaniyada mingdan ortiq, Xitoyda 2 mingga yaqin, Hindistonda esa mingga yaqin teatr mavjud.
Aholisi taxminan 86 million kishini tashkil etadigan qardosh Turkiya davlatida 14 ta davlat teatri, 10 ta ko‘chma teatr, 59 ta teatr sahnasi mavjud hamda 600 dan ortiq xususiy teatrlar faoliyat yuritib kelmoqda. Yon qo‘shnimiz Qozog‘istonda taxminan 20 milliondan ortiq aholiga 74 ta teatr xizmat ko‘rsatadi.
UMUMAN OLGANDA, bugungi kunda yer yuzida qancha teatr faoliyat yuritayotgani haqida aniq raqamlarni taqdim etish qiyin bo‘lsa-da, mavjud ma’lumotlar va rivojlanish tendensiyalariga asoslanib, dunyodagi teatrlar soni 100 mingtadan 150 mingtagacha baholanadi.
YUQORIDA mamlakatimizda 41 ta teatr, 2 ming 700 ga yaqin teatr aktyori faoliyat yuritayotganini aytib o‘tdik. Bir qarashda, bu raqam 37 milliondan ziyod aholi uchun juda ozdek.
Lekin masalaning boshqa jihati ham bor.
Agar biz milliy tomoshabinlarimizning ushbu san’atga bo‘lgan ehtiyojini, achchiq bo‘lsa-da, aytaylik, aksar hollarda tomosha zallarining to‘lmasligini hisobga olib yondashsak, mana shu 41 ta teatr ham bizga ko‘pdek tuyuladi.

Darvoqe, xorijiy davlatlardan birida bo‘lib qaytgan hamkasbimiz yozgan edi: o‘sha o‘lkada katta-kichik teatrlar juda ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, barchasida tomosha chiptalari bir oy – ikki oy burun to‘la sotib bo‘linar, birorta teatrga xohlagan paytda chipta topish ilojsiz ekan.
Shu o‘rinda, mavzuga oid bir esseni keltirib o‘tishimiz joiz – u yozuvchi Xayriddin Sultonning “Navoiy – 30” kitobidan olingan.
BU XOTINNING ERI YO‘QMIDI?
Birinchi kursda bizga antik adabiyot fanidan Viloyat Fayziyeva degan dotsent opa dars bergan edi.
Sofokl ijodini o‘rganishga yetib kelganimizda u kishi:
– Shanba kuni Hamza teatrida “Shoh Edip” spektakli o‘ynaladi. Bosh rolda – Shukur Burxon. Kechqurun soat besh yarimda hammangizni teatr kassasi oldida kutaman. Birgalashib ko‘ramiz, keyin darsda muhokama qilamiz, – deb e’lon qildi.
Gʻirillab shanba ham yetib keldi. Biz, nodon, o‘yinqaroq talabalar, tabiiyki, teatr haqidagi gapni aytilgan zahoti unutgan edik. To‘g‘ri-da, o‘zingiz o‘ylang axir, haftada bir keladigan muborak kun – shanbani pivo yo futbol, yo choyxonadagi osh o‘rniga qanaqadir teatrga qurbon qiladigan anoyi bor ekanmi? Vijdoni picha qiynalgan bitta-yarimtamiz esa darhol o‘zimizni oqlaydigan vaj-korson topdik: kelarmidi, aytdi-qo‘ydi-da. Nima, bu xotinning boshida eri, qaynonasi, bola-chaqasi, uyida ro‘zg‘or tashvishi yo‘qmi, ishdan keyin biz bilan teatrda yetaklashib yursa…
Dushanba kuni ma’lum bo‘ldiki, yigirma beshta talabadan birontasi “Shoh Edip”ga bormabdi. Shoh bo‘lsa o‘ziga.
Antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Homer haqidagi mavzuni juda maroqli qilib tushuntirib berdi. Xayriyat, teatrga kelmagan ekan, deb biz ham yengil tortdik.
Qo‘ng‘iroq chalinganida bizga qarab sekingina:
– Shanba kuni sizlarni teatrda bir soat kutdim, – dedi. – Afsus, kelmadinglar. Kelasi shanba soat besh yarimda kassa oldida kutaman. Xayr.
Qattiqqo‘l, talabchan bu opaning bizni koyib-netib o‘tirmaganini ko‘rib, hayron qoldik.
Yana shanba keldi. Har kim har yoqqa tarqab ketdi. Spektakl tag‘in esdan chiqdi. Dushanba kuni ma’lum bo‘ldiki, yigirma beshta talabadan uchta qiz, ular ham tug‘ilgan kundan chiqib, teatrga boribdi. Dotsent Viloyat Fayziyeva bilan “Shoh Edip”ni tomosha qilishibdi. Ularning spektakl haqidagi taassurotlari “Dahshat!” degan bitta so‘zdan iborat edi.
Tag‘in antik adabiyot darsi boshlandi. Opa Esxil ijodi haqida zo‘r ma’ruza qildi. Dars tugagandan keyin bizga qarab sekingina:
– Shanba kuni kutdim, yigirma ikki kishi yana kelmadi, – dedi. – Afsus. Sizlarga bitta savolim bor: Toshkentga nega kelgansizlar o‘zi? ToshDUda o‘qiyapman, deb avvalo ota-onangizni, keyin o‘zingizni aldab yurgandan ko‘ra, haliyam kech emas – qishloqlaringizga qaytib ketganingiz ma’qul. Dalangizda qo‘y boqib, bog‘ingizda olma qoqib yursangiz ham kuningiz o‘tadi. Lekin teatrni, galereyani, konservatoriyani, muzeyni ko‘rmasdan-bilmasdan turib, odam qanday jurnalist bo‘lishi mumkin? Qanday ziyoli bo‘lishi mumkin? Ertaga boshqa millat vakillari bilan qanday teng bo‘lib gaplashishi mumkin?
Egilgan boshni qilich kesmas, degan gapga amal qilib, hammamiz boshimizni egib olgan edik.
– Shanba kuni soat besh yarimda sizlarni teatr kassasi oldida kutaman, – dedi opa, keyin sirli ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Ey nodon bolalarim, Shukur Burxon ham g‘animat, ko‘rib qolinglar. Xayr.
Domlaning gaplari jon-jonimizdan o‘tib ketgan ekan, shanba kuni hammamiz yasan-tusan qilib Hamza teatriga bordik. Kassa oldida opa bizni kutib turgan ekan, birgalashib zalga kirdik.
Spektakl boshlandi va besh daqiqa o‘tmasdan biz… jinni bo‘lib qoldik – sahnada buyuk Shukur Burxonni, betakror Qudrat Xo‘jayevni, beqiyos Amin Turdiyevni ko‘rib… Spektaklga boshqa odamlar bo‘lib kirgan edik – butunlay boshqa odamlar bo‘lib chiqdik. Antik adabiyot muallimasi Viloyat Fayziyevaning sharofati va marhamati bilan, ilohiy san’atning qudrati bilan qalblarimizda mana shunday buyuk evrilish yuz berdi. Shu kundan e’tiboran barchamiz teatr shaydosi – ashaddiy “teatral”larga aylanib qoldik.
Hamza teatrining ham eng gullab-yashnagan davrlari edi. Shaxsan men teatr sahnasida qo‘yilgan “Hayot shomi” spektaklida Olim Xo‘jayevni, “Gʻariblar”da Nabi Rahimov bilan Sora Eshonto‘rayevani, “O‘g‘irlangan umr”da Yayra Abdullayevani, “Oltin devor”da Gʻani A’zamovni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga musharraf bo‘ldim.
Viloyat opa esa bir semestr dars berib, biz bilan xayrlashib ketdi. Umr yo‘llarida qaytib ko‘rishish nasib etmadi.
…Ba’zan turib-turib o‘ylab qolaman: chindan ham, bu xotinning boshida tergaydigan eri, qaynonasi, etagiga yopishadigan bola-chaqasi, ro‘zg‘or tashvishi yo‘qmidi? Bor edi, albatta. O‘zi kursdosh qizlarimizdan biriga aytgan ekan: uch bolasi, eri, qaynonasi bilan birga yashar ekan. Lekin, nazarimda, bu ayolning qalbida o‘zbek ziyolisi, o‘zbek millati uchun qayg‘urish tuyg‘usi bor edi. Va bu tuyg‘u qolgan hamma narsadan ustun edi.

AYTING-CHI hozir ham o‘z ishidan, oilasidan ortib, qalb amri bilan talabalarini teatrga olib keladigan mana shunday fidoyi domlalar bormi? Balki, bordir, agar biz bilmagan, ularni teatrda ko‘rmagan bo‘lsak, uzr so‘raymiz. Lekin, teatr xodimlaridan so‘raganimizda ham, ular olimlar, professor va akademiklar, yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar, rassomlar va boshqa ijodiy sohalar vakillarini ham teatrda kam uchratishlarini, ziyolilarimiz aksar hollarda biror tadbir munosabati bilan kelishlarini ta’kidlashdi.
Afsuski, bizda teatr jamoasi “teatrga kelmaydi” deb tomoshabinni, tomoshabin “yaxshi spektakl yo‘q” deb teatrni ayblashi odat bo‘lib qolgan.
Bu borada xorijning ilg‘or teatrlaridan tomoshabinni jalb qilish tajribasini ham o‘rganish zarurga o‘xshaydi.
Deylik, har bir teatrning yirik tashkilotlarda o‘zining chinakam do‘stlari, fidoyi muxlislari bo‘lsa, ular spektakllarni jamoasida targ‘ib qilib borsa, yoki turli muassasalar, oliy ta’lim maskanlarining rahbarlari teatrga taklif qilinib, avvalo ularning o‘zlarida qiziqish uyg‘otilsa, bu tadbir ham kutilgan samarani berishi mumkin.
TEATR VA TOMOSHABIN o‘rtasida mustahkam aloqaning yo‘qligi, bu maskanlarning muxlislar bilan hamisha gavjum bo‘lmagani, chipta narxlarining arzonligi (yurtimizda teatr chiptalari narxi o‘rtacha 25-30 ming so‘m atrofida) va xaridorgir emasligi yana bir jihatda – teatrlarga sarflanayotgan mablag‘ o‘zini qoplamasligida ham yaqqol ko‘rinadi.
Teatrlarga davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ o‘zini qoplaydimi? Yo‘q. Masalan, birgina 2024-yilda davlat teatrlariga barcha xarajatlar uchun 227,4 milliard so‘m ajratilgani holda, mazkur teatrlar tomonidan spektakllar namoyishi orqali 21,6 milliard so‘m mablag‘, shuningdek, servis xizmatlari ko‘rsatish orqali 392 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ topilgan.
Agar barcha teatrlar 100 foiz qamrov bilan ishlasa, ya’ni har bir spektaklda zal tomoshabinlar bilan liq to‘lsa, chiptalar sotuvidan 100 milliard so‘m atrofida mablag‘ topish mumkin ekan. Ana endi, bu 100 milliard so‘mni yuqoridagi 21,6 milliard so‘m bilan taqqoslab, teatrlarimizdagi tomoshabin qamrovi darajasini o‘zingiz hisoblab ko‘rsangiz bo‘ladi.
O‘RNI KELGANDA, tomoshabin madaniyati haqida ayrim achchiq kuzatuvlarga ham to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.
Afsuski, teatrga tushayotgan odamlarning barchasi ham san’atning chin muxlisi emas (boshqa konsert va tomoshalar haqida ham shunday deyish mumkin). Shunchaki vaqt o‘tkazish yoki majburiyat ostida teatr ostonasini hatlaydiganlar yetarlicha topiladi.
Tomosha madaniyati yetishmaydigan yoki unga amal qilmaydigan bu insonlar:
avvalo, tomoshaga kechikib keladi;
sahnadagilar va atrofdagilarga xalal berib, uzoq vaqt paypaslab joy qidiradi;
sumkalarini, qalin kiyimlarini qo‘lida olib o‘tiradi;
u qatordan bu qatorga bemalol o‘tib yuradi;
yalpayib o‘tiradi;
sahnada kechayotgan voqealarni his qilmaydi;
tomosha paytida ovozini baland qo‘yib bir-biri bilan gaplashadi;
telefon o‘ynaydi;
aktyorlarga luqma tashlaydi;
hali tomosha nimaligini anglamaydigan, xohlagan vaqtida xarxasha ko‘tarishi mumkin bo‘lgan go‘dagi bilan keladi;
yigit bilan qiz bo‘lsa, bir-birining pinjiga suqiladi;
chalpillatib saqich chaynaydi;
ovqatlanib o‘tiradi;
zalga chiqindi tashlaydi, hatto nos tuflaydiganlar ham topiladi;
tomosha tugamasdan zaldan namoyishkorona chiqib ketadi;
chiqishda boshqalarga hurmat ko‘rsatmaydi, xuddi bino ichida qolib ketadiganday eshikka hamma baravar intiladi, hech kim hech kimga yo‘l bermaydi;
garderobda ham talashib-tortishadi va hokazo.
Eng afsuslanarli holat, sahnada shu tomoshabin uchun mehnat qilgan – kerak bo‘lsa, kuyib-yongan, buning uchun oylab, yillab tayyorlangan ijodiy jamoani tomosha oxirida qo‘llab-quvvatlash madaniyati bizda umuman yo‘q. Mayli, gul-ku bermasmiz, lekin, nahotki, 4-5 daqiqagina qarsak chalib turish shunchalik qiyin bo‘lsa? Ijroni yakunlab, muxlislarga ta’zim qilish uchun chiqqan aktyorlar zalni yov quvgandek tark etayotgan odamlarni ko‘radi, xolos, axir ular kimga hurmat bajo etish uchun chiqqan edi?

Mashhur italyan rejissyori Federiko Fellini: “Tomoshabin hamisha haq, faqat u buni bilmasligi kerak” deb yozganida, albatta, yuksak madaniyatli, san’atni chuqur tushunadigan, talabchan muxlislarni nazarda tutgan, bu o‘rinda san’atdan butkul yiroq, teatrga adashib kirib qolgan “tomoshabin”lar nazarda tutilmayapti, aslo.
Teatr rivojlanishi uchun avvalo tomoshabin madaniyati yuksalishi kerak. Didi baland tomoshabinning talabi ham baland bo‘ladi. Bu talabga javob berish uchun esa, o‘z navbatida, teatr jamoasi ham izlanishga, oldinga intilishga, nimadir yangilik qilishga, bir so‘z bilan aytganda, rivojlanishga harakat qiladi.
Shu bois, tomoshabin madaniyatini oshirish masalasi ta’lim-tarbiya tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining e’tibor markazida bo‘lishi kerak.
O‘ylaymizki, o‘rta umumta’lim maktablarida tuzilayotgan teatr to‘garaklari ham o‘quvchilarda madaniy saviyani, jamoat joylarida, jumladan, teatr va klublarda, turli tadbirlarda, ko‘cha-ko‘yda o‘zini munosib tutishni tarbiyalab borsa, muhim va ezgu bir ishni amalga oshirgan bo‘ladi.
ASLIDA, hayotning o‘zi teatr, unda hamma yashab – o‘zining rolini o‘ynab o‘tadi. Kimdir dono – kimdir nodon, kimdir jo‘shqin – kimdir tanbal, kimdir samimiy – kimdir soxta… har kimning o‘z xarakteri bor. Tomoshaga tushdingmi, tomoshabin roliga kirasan. Aslida, eng yuksak mahorat bilan ijro etilgan obraz ham, fikrimizcha, mana shu – o‘z obrazingda yashab o‘tishdir.
2016-yilgi Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik qo‘shiqchi va shoir Bob Dilan aytadiki: “Bob Dilan hamisha mavjud edi, hatto men dunyoga kelishimdan oldin ham. Bu rolni ijro etayotganim sababi, ehtimol, hammadan ko‘ra ko‘proq unga mos kelganimdadir”.
REPERTUAR:
QANDAY MAVZULAR YETAKCHI?
Yuqorida davlatimiz tomonidan teatr san’atini rivojlantirishga qanchalik katta va jiddiy e’tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi. Xo‘sh, teatrlarimizda mana shu e’tiborga yarasha xalqimiz kutayotgan asarlar sahnalashtirilyaptimi? Spektakllarda bugungi kun nafasi seziladimi, odamlarni o‘ylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar sahnada o‘z aksini topyaptimi?
Dunyoda yetuk san’atkorlar teatr modelini, tarkibini zamonaviy asosda qayta tuzishga intilayotgan bir paytda, bizda ahvol qanday? Yangilikka intilish, tomoshabin e’tiborini tortadigan noan’anaviy yondashuvlar, izlanishlar bormi?
Davlat va jamiyat teatrdan o‘zi kutayotgan narsani olyaptimi? Ahvol: “Meva berarmikan, deb tol ekibman – meva bermadi”, qabilida emasmi?
Ko‘pchilik taniqli adib Sobir Abdullaning “Tohir va Zuhra” dramasi uzoq yillar sahnadan tushmagani, o‘sha asarga yozilgan “To‘ylar muborak” ashulasi hozirga qadar to‘ylarda kelinni kutib olishda ijro etib kelinadigan asosiy qo‘shiq sanalishini yaxshi biladi. Yoki Uyg‘un va Izzat Sulton hammuallifligida yaratilgan “Alisher Navoiy” spektaklidagi monologlarni yuzlab odamlar yoddan aytib yurganini ko‘rganmiz. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Yurtimizda ikki yildan buyon Mudofaa, Madaniyat vazirliklari, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan “Vatan manzumasi” nomli teatrlashtirilgan adabiy-ma’rifiy kecha o‘n minglab tomoshabinni qamrab, keng jamoatchilik o‘rtasida kuchli rezonans uyg‘otayotganiga hammamiz guvohmiz.
“O‘zbek teatr san’ati qasrining o‘xshashi yo‘q me’mori Yetim Bobojonov shogirdlariga hamisha sahnaga yolg‘iz chiqma, deb ta’kidlar ekan, o‘ynayotgan roling bilan birga yur, uni kuzatib, tergab bor, der ekan. Bu ta’limda katta ma’no bor” deb yozgan edi atoqli shoir Turob To‘la.
Bugun teatrlarimizda jamiyat hayotidan o‘rin oladigan, odamlarning tili va dilidan o‘rin olgan mana shunday asarlar, obrazlar, spektakllardan lavhalar, dialoglar, monologlar, qo‘shiqlar bormi?
Keling, yuqoridagi savollarga javob topish uchun teatrlarimizda 2024-yilda sahnalashtirilgan asarlarning nomlari va mualliflari ro‘yxatiga nazar tashlaylik.

ASARLAR:
“Imom al-Buxoriy va Suxarno”, “Makr va muhabbat”, “Tog‘ bulbulining so‘nggi xonishi”, “Xonuma”, “Kalvak maxzum”, “Bukri oshpaz”, “Taqdir oshiyoni”, “Kulolning armoni”, “Alimentchi chol”, “Iste’dod qudrati”, “Balzaminovning uylanishi”, “Bobur. Yulduzli tunlar”, “Latta qo‘g‘irchoq”, “Sen gulsan, jonim”, “Osmon hamma gapni eshitadi”, “Muhabbat navolari”, “Bahor sog‘inchi”, “Lazgi”, “Layli va Majnun”, “Pushkin tirik”, “Ajab hangomalar”, “Olishuv”, “Kazbek: qahramon qismati”, “Yusufjon qiziqni eslab”, “Ishq masali”, “Bexato otilgan o‘q”, “Tanho yulduz”, “To‘da”, “Maxtumquli”, “Aldagani ayol yaxshi”, “Lazgi afsonasi”, “Monolog”, “Ko‘chki”, “Osmondan tanga yog‘gan kun”, “Ovsar”, “Vertolyot”, “Ruhlar isyoni”, “Chor darvesh”, “Revizor”, “Ajiniyoz”, “Orolim mening”, “Jar”, “Jumagul”, “Avtohalokat”, “Buzruk haqida afsona”, “Uchburchak”, “Oqqush qo‘shig‘i”, “Kulgu akademiyasi”, “Osmonning egasi bor”, “Chexov hazillari”, “Ona”, “Hazilkash shoh”, “Zebunniso”, “Alvido, bolalik!”, “Sab’ayi sayyor”, “Sadoqat”, “Ikki boyga bir malay”, “Yer baribir aylanaveradi”, “Senga intizorman”, “Bir kunlik baxt”, “Bog‘lasangiz bog‘lanay”, “Ishlaganday bo‘laylik”, “Tanho qayiq”, “Romeo va Julyetta”, “Turkiston bolalari”, “Kichik fojialar”, “Sevgi sababi”, “Jadidlar. So‘nggi kunlar”, “Maysaraning ishi”, “Arshin mol olan”, “Uydagi gap ko‘chada”, “Dildor”, “Oqibat”, “Advokatlik osonmi?”, “Alisherbek va Husayn”, “Shoir qalbi”, “Muqaddas bahor”, “Yevgeniy Onegin”, “Skapenning nayranglari”, “Cho‘lpon”, “Birinchi qaldirg‘och” (“Ma’suma”), “Ko‘ngil ishq istaydi”, “Keksa xonim va o‘g‘ri”, “Davlat bolalari”, “Muhabbatga yo‘g‘rilgan umr”…
AYNI VAQTDA,
2024-yilda yosh tomoshabinlar uchun 60 dan ziyod spektakl yaratilgan. Ular orasida “Buyuk Beruniy”, “Temurbekning bolaligi”, “Ali Qushchi”, “Kichkina shahzoda”, “Men uchuvchi bo‘laman”, “Bilimdonlar maskanidagi moʻjizalar”, “Sehrli belgilar mamlakati”, “Mehr ila sehrlangan joy”, “Ona tabiat va janob Metal”, “Nonni bosgan qizaloq” singari asarlar muvaffaqiyatli sahnalashtirilgan, bolalarning ong-u dunyoqarashini o‘stiradigan spektakllar sifatida e’tirof etilgan.
SAHNANI SO‘Z HARAKATGA KELTIRADI
Bu so‘zning boshi esa afishada, spektakl nomida aks etadi. Sarlavha – yarim asar, degan gaplar ham bor. Aksar hollarda sarlavhasi, ya’ni nomiga qarab asar mazmunini bilish, hech bo‘lmasa, taxmin qilish mumkin.
Yuqorida bir yil davomida yurtimiz teatrlarida sahnalashtirilgan asosiy asarlar ro‘yxati keltirildi (ro‘yxatga kirmay qolgan spektakllar bo‘lishi mumkin).
Endi bu ro‘yxatni yana bir marta jiddiy tahlil qilib chiqing. Sizni qiziqtirgan, borishingiz yoki farzandlaringizga tavsiya qilishingiz mumkin bo‘lgan asarlar nomini belgilang.
Ayting-chi, nechta asarni belgiladingiz? Belgilaganingiz belgilanmaganlaridan ko‘pmi – ozmi?
Endi ushbu asarlarning mualliflarini keltirib o‘tamiz. O‘ylaymizki, bu ro‘yxat ham teatrlarimiz repertuari haqida yaxshigina taassurot beradi.
Aytgancha, bu ro‘yxatga ham jiddiy qarab, o‘zingiz bilgan yoki sizni ijodi qiziqtirishi mumkin bo‘lgan mualliflarni belgilab, shu asosda tahlil qilib chiqishni taklif etamiz.
XORIJIY MUALLIFLAR:
V.Shekspir, K.Goldoni, F.Shiller, X.Andersen, Molyer, A.Sent-Ekzyuperi, G.Gauptman, U.Gibson, N.Garnet, G.Andersen, Aka-uka Grimmlar (ikkita asari sahnalashtirilgan), G.Markes, J.Kokto, T.Uilyams, F.Dyurrenmatt, F.Arrabal, J.Lada, A.Lingerd, X.Stoychev, A.Pushkin (ikkita asar), N.Gogol, P.Chaykovskiy, A.Kartayev, A.Kuprin, Y.Seleznova, G.Pavlovskiy, S.Marshak (ikkita asar), M.Zoshchenko, A.Chexov (ikkita asar), M.Kuzmin, A.Ribnikov, T.Jo‘jano‘g‘li (ikkita asar), G.Gorin, A.Ostrovskiy, S.Aksakov, O.Mixaylov, I.Stravinskiy, V.Savin, M.Lichkovskaya, K.Dimonov, A.Metelyova, L.Lopeyska, G.Krchulova, Y.Speranskiy, M.Doloko, L.Ionov, A.Zaysev, R.Hamroz, K.Mitani, Nguyen Din Txi, A.Fayziy, A.Sagereli, M.Bayjiyev (ikkita asar), S.Rayev, D.Filippovich, T.Hakim, U.Gadjibekov, N.Garnet, A.Dog‘an…
MAHALLIY MUALLIFLAR:
A.Avloniy, A.Qodiriy, H.H.Niyoziy, M.Ashrafiy, H.Olimjon, S.Ahmad, P.Qodirov, E.Vohidov, T.Qayipbergenov, T.Malik, Sh.Boshbekov, E.A’zam, U.Azim, I.Mirzo, J.Mahmud, Sh.Rizayev, H.Muhammad, H.Rasul (uchta asari sahnalashtirilgan), O.Salimov, N.Qobul, Q.Norqobil (uchta asar), E.Xushvaqtov, A.Kabulov, M.Ergasheva, R.Farhodiy, H.Siddiq, R.Muhammadjonov, N.Qurbonova, K.Turdiyeva, T.Hojiyev (ikkita asar), R.Abdurahmonova, R.Allanazarov, N.Abbosxon (uchta asar), Q.Muhammadrizo, O.Tojiboyeva, T.Jabborov, D.Haqberdiyev, G.Matyoqubova (ikkita asar), E.Norsafar, I.O‘rmon, S.Odilov, X.Egamberdiyev, B.Matniyozov, Q.Boltayev, N.Abdurahmonov, O.Yakubov, U.Otajonov, Sh.Fayzullayev, M.Polvonova, N.Genjebekov, U.O‘sarov (uchta asar), J.Mahmudov, L.Navro‘zov, G.Najidova, X.Oxunov, F.Mirzayev, A.Niyozov, N.Muxammeddinov, Q.Zaretdinov, K.Rahmonov, G.Rahmonova, N.Habibullayev, S.Sirojiddinov (ikkita asar), M.Egamnazarova, T.Rahmatullayev, G.Istamova, A.Xurramov, M.Ro‘ziyev, N.Kazakova, H.Ziyayeva, M.Ashurova, M.Mo‘minova, Sh.Ibragimov, M.Iskandarova, Sh.Mahkamov, K.Dilmonov, I.Sodiqov, A.Jaksimuratova, A.Raxat, N.Rahimov, N.Mahkamova, A.Xolmo‘minov, Sh.Fayzullayev…
Shuningdek, o‘zbek xalq ertaklari asosida bir necha spektakl sahnalashtirilgan.

BU RO‘YXAT shunchaki keltirilmadi. O‘ylaymizki, spektaklning nomi bilan tanishgan o‘quvchida 2024-yilda teatrlarimiz sahnasida namoyish etilgan asarlar haqidagi dastlabki taassurotlar paydo bo‘ladi. Qolaversa, mualliflar ro‘yxati ushbu taassurotlarni yanada to‘ldiradi.
Ro‘yxatga ko‘ra, barcha teatrlar repertuarlari g‘oyaviy-badiiy jihatdan talab darajasida, deb bo‘lmaydi. Ular orasida tomoshabinni o‘ylantiradigan, mushohadaga chorlaydigan, uning ma’naviy olamini yuksaltiradigan asarlar bilan bir qatorda, maishiy mavzulardagi, osongina qabul qilinadigan yoki yengil-yelpi kulgiga asoslangan asarlar ham, afsuski, yo‘q emas.
(Bu o‘rinda 2024-yildan avval sahnalashtirilgan, lekin namoyishi davom etayotgan asarlar keltirilmaganini eslatib o‘tamiz).
Mashhur adib Frans Kafka aytganidek, “teatr hayotga ta’sir ko‘rsatmog‘i uchun kundalik turmushdan kuchliroq, jo‘shqinroq bo‘lmog‘i lozim. O‘q uzishda mo‘ljal doim nishondan yuqoriroq olinadi”.
ALBATTA, o‘tgan yil davomida sahnaga qo‘yilgan spektakllar orasida, masalan, “Lazgi afsonasi”, “Ovsar”, “Avtohalokat”, “Uchburchak”, “Buzruk haqida afsona”, “Ishlaganday bo‘laylik”, “Tanho qayiq”, “Romeo va Julyetta”, “Jadidlar. So‘nggi kunlar”, “Birinchi qaldirg‘och” (“Ma’suma”) singari ijobiy ma’noda shov-shuv ko‘targan, tomoshabinlarning e’tiborini qozongan, taniqli ziyolilarimiz tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’tirof etilgan asarlar ham bo‘ldi.
Lekin yana savol tug‘iladi. Mana shunday asarlar nima uchun ommalashtirilmasdan, bitta sahnaning o‘zida qolib ketadi?
Misol uchun, “Diydor” yoshlar ekspremental teatr-studiyasida qo‘yilgan “Avtohalokat” spektakli o‘sha kichik sahnaning o‘zida qolib ketdi. Katta sahnalarga, boshqa teatrlar sahnalariga, deylik, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining sahnasiga olib chiqilmadi. O‘zbekiston davlat drama teatrining ta’mirdan oldingi sahnasida muvaffaqiyatli namoyish etilgan “Romeo va Julyetta” asari ham birgina teatr bilan cheklanib qoldi. Madaniyat vazirligining o‘z jamoasi mehnatiga e’tibori shumi?
TEATR JAMOALARI FIKRLARIGA KO‘RA:
ayni paytda tomoshabinlar ko‘proq komediya va maishiy asarlarga qiziqish bildirmoqda.
Tomoshabinlar orasida 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar, ya’ni o‘quvchi va talabalar, shuningdek, uyushgan holda olib kelinadigan tomoshabinlar – o‘qituvchilar, shifokorlar, harbiy xizmatchilar, kasaba uyushmalari xodimlari ko‘proq. Bu o‘rinda bayram sanalariga bag‘ishlab tayyorlangan teatrlashtirilgan konsert dasturlari gavjum bo‘layotganini ham aytib o‘tish joiz.
Teatrga odamlarni jalb qilish, spektaklni madaniy voqea darajasiga olib chiqish uchun turli ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniye va radio, davriy nashrlar, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibotni, marketing xizmatini kuchaytirish, yangi asarlar videoroliklarini muntazam namoyish qilib borish zarur.
Shu bilan birga, tomoshabinni larzaga soladigan sahna asarlari yaratish, har bir asarga mashhur aktyor va aktrisalardan birini bosh qahramon obraziga taklif etish, teatrlarimizni so‘nggi texnologiyalar bilan boyitib, zamonaviy qarash va yondashuvlar asosida yetuk asarlar yaratish, ijodiy xodimlarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlarini ta’minlash, Teatr ijodkorlari uyushmasi qoshida xorijning yetakchi dramaturglari, rejissyor va aktyorlari ishtirokida seminar va uchrashuvlar tashkil etish lozim, deya ta’kidlaydi teatr xodimlari.
YANA BIR FIKR.
Yaqin orada bizning teatrlarimizga qancha xorijiy tomoshabin tashrif buyurgan? Deylik, alohida bir spektaklni ko‘rish uchun yurtimizga maxsus keladigan chet el fuqarolari bormi?
Bu savollarga, afsuski, hozircha ijobiy javob topish qiyin.
Bir vaqtlar teatrlar radiolashtirilgan bo‘lib, tomosha boshqa millat vakillariga ham tushunarli bo‘lishi uchun spektakl tarjimasi tashkil etilgan. Balki, shu tajribani yana tiklash, ommalashtirish lozimdir?
TEATR TARGʻIBOTINI KUCHAYTIRISHDA ommaviy axborot vositalarining roli katta ekani yuqorida ta’kidlandi. Shunday ekan, bugun ommaviy axborot vositalari, teleradiokanallar, ijtimoiy tarmoqlarning teatr bilan aloqasi qay darajada, degan savol tug‘iladi.
Keling, ushbu savolga markaziy teleradiokanallar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar misolida javob izlab ko‘raylik.

O‘ZBEKISTON MILLIY TELERADIOKOMPANIYASI
ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda markaziy tele va radiokanallarda bu yo‘nalishda “Spektakl”, “Milliy teatr”, “Teatr mikrofon oldida”, “Radiospektakl”, “Radioteatr” singari dasturlar bor.
Birgina “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Milliy teatr” dasturi orqali 2024-yilda 88 nomdagi spektakl 206 marta efirga uzatilgan.
“O‘zbekiston” radiosidagi “Radioteatr” va “Mahalla” radiosidagi “Teatr mikrofon oldida” dasturlarining har biri yil davomida 200 tadan spektaklni efirga bergan.
Ayni paytda, O‘zbekiston MTRK televideniye arxiv fondida 111 ta, radio arxiv fondida 200 ta, jami 311 ta spektakl mavjud bo‘lib, ularning umumiy hajmi 344 soatni tashkil qiladi.
Lekin yana bir jihatni aytib o‘tish zarur. 300 dan ziyod mazkur spektakllarning barchasi avval yozib olingan asarlar hisoblanadi.
2024-yilda markaziy tele va radiokanallar orqali faqat birgina asar – Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida qo‘yilgan “Osmon hamma gapni eshitadi” nomli hajmi 1 soat-u 27 daqiqalik spektakl yozib olingan va efirga uzatilgan, xolos. Holbuki, poytaxtimizda 15 ga yaqin nomdor teatrlar faoliyat yuritadi va ular sahnalashtirayotgan asarlar orasida televideniye va radio uchun yozib olib qo‘ysa arziydigan spektakllar talaygina. Bu borada ayni shu yo‘nalishga ixtisoslashgan “Kinoteatr” telekanali alohida e’tibor qaratsa, мaqsadga muvofiq bo‘ladi, albatta.
Teatr asarlarini yozib olishda hududiy tele va radiokanallar faol ekanini kuzatish mumkin. Avvalo, hududiy kanallarda “Teleteatr”, “Telespektakl”, “Radioteatr”, “Radioinssenirovka”, “Teatr – hayot ko‘zgusi” singari doimiy dasturlar mavjudligi va ularda har yili yuzlab asarlar efirga uzatilayotganini aytib o‘tish lozim.
Masalan, birgina Namangan viloyati mahalliy radiosi orqali 2024-yilda 350 nomdagi spektakl 360 marta efirga berilgan.
Umuman olganda, O‘zbekiston MTRK tarkibidagi hududiy telekanallar arxiv fondida 450 ta, hududiy radiokanallar arxiv fondida 1 ming 250 ta, jami hududiy teleradiokanallarda 1 ming 700 ta spektakl mavjud.
2024-yilda hududiy kanallar orqali yana 23 ta spektakl yozib olingan. Bu borada Buxoro viloyatidagi musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatrlaridan 6 ta, Jizzax viloyatidagi musiqali drama va qo‘g‘irchoq teatrlaridan 6 ta, Surxondaryo viloyatidagi teatrlardan 5 ta, Samarqand viloyati teatrlaridan 3 ta spektakl yozib olingani ibratli hol.
INTERNET TARMOGʻI bugun eng ommabop axborot tarqatish va targ‘ibot vositasiga aylangani hech kimga sir emas. Xo‘sh, mutasaddi tashkilot bo‘lmish Madaniyat vazirligi va teatrlarimiz mana shu beminnat dastyordan qanchalik samarali foydalanyapti?
Masalan, bugun ommaga tanilgan, kuzatuvchilari ko‘p bo‘lgan blogerlarni teatrga doimiy taklif qilish, ularning ijtimoiy sahifalarida spektaklning eng ta’sirchan lavhalarini e’lon qilib, odamlarni qiziqtirish, shu sohaga ixtisoslashgan teatr blogerlari guruhini tuzish uchun salgina hafsala bo‘lsa, yetarli.
Tahlillarga ko‘ra, bugun deyarli barcha teatrlar ham ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kanallariga ega. Lekin ularni kuzatib boradiganlar qancha?
Bu borada O‘zbek Milliy akademik drama teatri peshqadam – uning Telegram kanalidagi obunachilari soni 6 ming 639 nafarni tashkil etadi. Xuddi shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri – 5 ming 19 nafar, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri 3 ming 30 nafar obunachiga ega.
Telegram kanalida eng kam obunachi Surxondaryo viloyati qo‘g‘irchoq teatrida – bor-yo‘g‘i 60 nafar. Undan so‘ng, Qo‘qon shahar musiqali drama teatri – 79 nafar, Jizzax viloyati qo‘g‘irchoq teatri – 89, Andijon viloyati musiqali drama teatri – 125, Xorazm viloyati musiqali drama teatri – 133, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri – 134, Namangan viloyati musiqali drama teatri – 162, O‘zbekiston davlat satira teatri – 177 nafar obunachiga ega.
Bu raqamlar ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan kim qanchalik samarali foydalanayotganini yaqqol namoyon etib turibdi.

SARLAVHAGA QAYTSAK, Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari aytgan “Teatr – ibratxona” degan fikr bugungi zamonda ham dolzarb va ahamiyatlidir.
“Teyotr nimadur? – deb yozadi buyuk ma’rifatparvar. – Javobig‘a teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rub, kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbih etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayonan ko‘rsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildirguvchidur… Taraqqiy qilmoqni eng birinchi sabab va boislaridan biri teyotrlardur…”
Bir asr avval qo‘yilgan bu talablarga javob berishi, ya’ni teatr chin ma’noda ibratxona bo‘lishi uchun ijodkorlar tinimsiz izlanishi, xalq hayotini chuqur o‘rganishi, saviyasiz tomoshabinning talablariga binoan quyi darajaga tushmasdan, aksincha, ularning ongi va ruhiyatini, hayotga qarashini tubdan o‘zgartiradigan – yuksaltiradigan asarlar taqdim etishlari, jamiyat ham teatrni o‘z oqimiga tashlab qo‘ymasdan, uni qo‘llab-quvvatlashi, har bir spektaklga munosabatini bildirib borishi lozim.
Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe yozadiki, “Rivoyatlar cho‘qqilar bo‘lsin: ularni tinglaydiganlar esa baland bo‘yli va yirik bo‘lsinlar”. Istagimiz: milliy teatrlarimiz hamisha yuksak cho‘qqilar bo‘lsin, ularning asarlarini tomosha qiladigan insonlar ham baland did va yetuk madaniyat sohiblari bo‘lsinlar!
Ikrom BO‘RIBOYEV
Abdumannon Muhamad suratlari
Tahririyatdan: Muhtaram o‘quvchi, mana, milliy ma’naviyatimiz, farzandlarimiz taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq yana bir muhim mavzuda so‘z yuritilgan maqola bilan tanishdingiz. Albatta, teatrlarimiz ham, uning yutuq va kamchiliklari ham o‘zimizniki. Mamlakatimizda teatr san’ati rivoj topishini istagan har bir yurtdoshimiz, o‘ylaymizki, bu masalaga befarq qaramaydi.
“Jadid” gazetasining sahifalari siz uchun ochiq. Biz ushbu mavzuda asosli fikr va jo‘yali takliflaringizni kutib qolamiz.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida
SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI
Hayoti Syukuro Manabe 1931-yil 21-sentyabrda Yaponiyada tuğilgan. Tokio universitetida tahsil olgan. 1958-yilda doktorlik işini muvaffaqiyatli himoya qilgaç, AQŞga köçib ötgan. Avval Milliy okeanografiya va atmosfera tadqiqotlari boşqarmasida işlagan, bir muddat Yaponiyada yaşagaç, yana Prinston universitetiga qaytib kelgan. Hozirda şu universitetda faxriy meteorolog. 2007–2014-yillarda Nagoya universitetida maxsus taklif qilingan professor sifatida işlagan. Kaşfiyoti Insoniyat uçun hayotiy […]
19.11.2026 | 09:08
557
“KITOB, MENING DÖSTIMSAN”
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi homiyligida yana bir turkum kitoblar naşrdan çiqdi. “Sohibqironga ehtirom” nomli yangi töplamdan şonli ajdodimiz Amir Temurga bağişlab yozilgan nazmiy asarlar örin olgan. Atoqli şoirimiz Abdulla Oripovning şunday satrlari bor: Har qança faxr etsang arziydi, özbek,Balqibsan bir zotning yuksak şonida.Temurbek yulduzi Oltin qoziqdekÇaraqlar buyuklar kahkaşonida. Abdurauf Fitrat, Alixontöra Soğuniy singari atoqli ma’rifatparvarlarning maşhur […]
18.11.2026 | 15:39
576
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
729



