Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.01.2025 | 11:09

img374

ES

…Bunga dudlangan baliqning aloqasi yo‘qdir – kecha kechqurun yesa bir tuyur yeb, ustidan yarim stakan qaynagan suv ichdi, xolos. Abdimo‘min rosa manzirat qilsayam o‘zini tiydi: imtihondan o‘tib olaylik, keyin; balki pivo bilan qo‘shib urarmiz. Buni eshitib ko‘zlari chaqnab ketgan hamxonasi lab-lunjini yig‘ishtirolmay qoldi; aftidan, pivo desa o‘zini tomdan tashlaydiganlardan. Ammo shu bolaga tan berish kerak: ensangni qotirgancha, piyola-piyola choyni ho‘rillatib ichgan ko‘yi televizor qarshisida tongga qadar qimirlamay o‘tirib chiqadi; ba’zan, ertalab badrafxonaga borishni unutib qo‘ysa yo erinsa ham kun bo‘yi o‘sha tomonga qadam bosmay yuraveradi… Balki nonushta chog‘i ichgan bir piyola choyi sababdir. Biroq tong saharda biror nima yemasa bo‘lmasdi, axir shu bilan tushgacha og‘ziga ushoq ham ololmaydi.

Xo‘sh, institutga ikki avtobus almashib, bir soatda yetib keldi. Lekin qabul komissiyasidagilarning “Soat oltida shu yerda bo‘lishlaring shart!” deb vahima qilganlari, uning bekatdan bu yog‘iga “Kechikib qolmay-da ishqilib!” deya oyog‘ini qo‘lga olib chopganlari bekor ekan: aytilgan vaqtdan chorak soat o‘tib ketgan bo‘lishiga qaramasdan, hali odam kam edi.

Nihoyat soat yettidan boshlab abituriyentlarni safga tiza boshlashdi. Nazir guruhi raqami yozilgan taxtachani ko‘tarib olgan novcha qiz ortiga kelib turdi.

Bir soatlar ichida guruhdagilarning taxminan yarmidan ko‘prog‘i yig‘ildi. Uzun bo‘yli, yengli ko‘k ko‘ylak kiyib, bo‘yniga suratli beyjik osib olgan, ingichka mo‘ylovli asabiy domla tinmay u guruhdan bu guruhga o‘tar, bolalar sonini tekshirar, davomatdan ko‘ngli to‘lmayotgan bo‘lsa kerakki nuqul uh tortib, norozi tarzda to‘ng‘illagani  to‘ng‘illagan edi. Domla yonidan shoshib o‘tayotgan mahal Nazir uning beyjigiga ko‘z tashlab, katta harflarda yozilgan familiyani o‘qishga ulgurdi: “Djabbarav”. Demak, Jabborov.  

To‘qqizga yigirma daqiqacha qolganda guruhlarni ichkariga kiritish boshlandi. Ikki soatdan ortiqroq tik turib, oyoqlari, beli uvishib-og‘rib ketgan bo‘lsa-da, hali Nazirning kayfiyati ko‘tarinki edi. Illo, u qayta-qayta so‘rab-surishtirib, aniq bilib olgan: hozir birinchi tekshiruvdan o‘tib darvozadan kirishadi, keyin, ikkinchi tekshiruv va xonalarga – bu jarayonni boshdan o‘tkazib bo‘lgan talabalar “auditoriyalarga” deyishardi og‘izlarini to‘ldirishib – olib kirish oldidan tez anavi joyga o‘tib kelishga izn berishadi.

Biroq… kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi, deganlari rost shekilli: aynan Nazirning guruhidan kimdir kechikayotgan edi. Hamma kirib ketdi, faqat Jabborovni battar g‘azablantirgan ko‘yi shu guruhda bitta abituriyent yetishmasdi. 

Axiyri uzoq kutilgan abituriyent chopib yetib keldi va quturib ketgan, urib yuborguday vajohatdagi domla qarshisida zo‘r berib o‘zini oqlashga tushdi: taksi, “probka”… Biroq Jabborov uning bahona-sabablarini eshitib ham o‘tirmasdan, abituriyentlarni shiddat bilan ichkariga boshladi.

Guruh a’zolari ikkinchi tekshiruvdan o‘tib, bino kirish eshigiga yaqinlashishdi va ana shunda Nazir dahshat bilan damo-dam soatiga qarayotgan Jabborov hammani birdaniga imtihon o‘tadigan binoga olib kirib ketayotganini ko‘rdi. Vaholanki… Bunga dudlangan baliqning aloqasi yo‘qdir – kechqurun yesa bir tuyur yeb, ustidan yarim stakan qaynagan suv ichdi, xolos. Ertalabki bir piyola choy… Balki hayajonlanayotgani sababdir… Yo‘q, bunga shamollagan chap buyragi aybdor. Mana, hozirdan achishib og‘riyapti. O‘sha, o‘tgan qahraton qish akasi bilan dalaga yaxob suvi qo‘yishga chiqqanida kuni bilan titrab-qaltirab yuraverib, sovuqqa oldirib qo‘ygan buyragi. Ichingga bir qoshiq suyuqlik tushsa bas, to‘g‘ridan to‘g‘ri tashqariga chiqarib yuborishga shoshadigan buyragi…

Xayriyat, badqovoq Jabborov birinchi qavat yo‘lagi boshida to‘xtadi, yana bir bor soatiga qaradi, so‘ng, yo‘lakdan ko‘z uzmay e’lon qildi:

– Besh minut kutamiz. Jim!

Holbuki, shusiz ham hamma nafasini ichiga yutgandi.

Besh daqiqa, uch yuz soniya… Ko‘p narsaga ulgursa bo‘ladi, ko‘p narsaga… Nazir bu soniyalar o‘zi uchun so‘nggi imkoniyat ekanligini his qildi. Keyin, xonaga kirib ketishsa, uch soat tashqariga qo‘yishmas ekan. Uch soat-a!..

Vahimadan dir-dir titray boshlagan Nazir bir qadam oldinga chiqdi.

– Domla…   

Jabborov o‘girildi.

– Nima deysan? – dedi u o‘shqirib.

– Men… borib kelsam…

– A? Qayoqqa? Katta xolangning uyigami? 

 Abituriyentlar safida piqirlagan kulgi ovozlari eshitildi, ammo Nazir hozir bunga e’tibor beradigan ahvolda emasdi.

– Hojatxona…  

Jabborov bujmayib qolgan abituriyentga qarshisida g‘addor xalq dushmani turganday adoqsiz g‘azab va nafrat bilan, tiriklayin g‘ajib tashlaguday o‘qrayib qarab, baqirdi:

– A? Nima deb ming‘irlayapsan? Bunday o‘zbekchalab gapir!

 Aytgan so‘zimni tushunmadi deb o‘ylagan Nazir jon alpozda:

– Tualet… – dedi. 

– Shu payt qistab qoldimi? – Jabborov g‘ijinib atrofga alangladi: – O‘tib ketibmiz-ku… Bir kamim endi senlarning orqalaringdan pampers ko‘tarib yurishim qoluvdi. Bezrazmeridan… 

 Domlaga yoqmoq qasdidami kimlardir zo‘r hikmat eshitganday oshkor xushomadli hi-hilashdi.

– Menga qara, bola! – o‘dag‘ayladi Jabborov. – Test “Es 332”-xonada bo‘ladi. Uqdingmi?

Hech narsani uqmagan bo‘lsa-da, Nazir shoshib bosh irg‘adi.

Jabborov ta’kidladi:

– “S” emas, “es”. Eslab qolgan bo‘lsang mingga qo‘yib beshinchi qavatga yugur! Ana zina. Keyin uchib uchinchi qavatga tush. “Es 332”-xonaga. Marsh!

Nazir uch hatlashda zinapoyaga yetib keldi va ikki-uch pillapoyani bir qilib sakragan ko‘yi yuqoriga chopdi. Ikkinchi qavat… uchinchi… to‘rtinchi… va nihoyat… Ammo bu nimasi? Bino to‘rt qavatli edi. Yuqoriga olib chiqqan zina berk eshikka taqalib tugardi; yon tomondagi kir derazadan tom ko‘rinib turibdi…

Nazir zina tutqichiga behol suyanib qoldi. Nahotki… nahotki domla adashgan bo‘lsa…

Shu soniyada… Nazirning dimog‘iga peshob isi urilganday bo‘ldi. Nahotki… Yigit shoshib atrofga alangladi. Hech kim ko‘rinmadi. Ulguradi… Nazir qo‘lini shimi zanjiriga yuborgan mahal birdan to‘xtab qoldi. Yo‘g‘-e… Qishloqda ming qistasa ham odamlarning uyi yonida tugul, tomorqasida ham bu ishni qilmagan banda shunday joyda… O‘qiyman deb kelib… oliy ma’lumot olaman, madaniyatli odam bo‘laman deb kelib… Domla adashgan, to‘rtinchining o‘rniga beshinchi deb yuborgan…

Nazir pastga otildi va to‘rtinchi qavatning kimsasiz uzun yo‘lagi bo‘ylab yo‘rg‘alab ketdi. Eshiklar… eshiklar… ammo birontasida o‘sha belgi yo‘q…

Adoyi tamom bo‘lgan Nazir orqaga chopdi va uchinchi qavatga tushdi-yu, yo‘lakda hech kim ko‘rinmagach, birinchi duch kelgan eshik raqamiga qaradi: “S-302”. Unda “es”i qayerda ekan? O‘ngdamikan, chapdamikan?

Nazir “es” harfli xonani qidirib ketdi. Aksiga olib, yigitni battar vahimaga solgan ko‘yi hamma eshiklarda faqat “s” va yana “s” edi. Topolmasa nima qiladi? Yo shuning o‘zi “es”mikan?.. Yo‘g‘-e, axir, u o‘qigan alifboda “s” harfi “s” bilan belgilanardi-ku… Demak, yo haqiqatan “es” yo bo‘lmasa “es”ni topishi kerak… 

Axiyri hozirgina o‘zi o‘tgan yo‘lak adog‘idan pildirab kelayotgan domlaga ko‘zi tushgan Nazir najot farishtasiga peshvoz chiqishga shoshganday shu tomonga yugurdi.

– Hoy bola, haliyam yuribsanmi kar qo‘yday tentirab? – olisdanoq do‘q urdi Jabborov. – Men senga “Es 332”-xonaga kel degandim-ku. “S” emas, “es”! “Es”! O‘zbekchalab aytgandim-ku, galvars! 

 Yigit vaziyatni tushuntirish uchun og‘iz juftladi, ammo ulgurmadi: domla uning bilagidan mahkam changallab olib, dikonglatib sudrab ketdi.

– Baribir qishloqiligingga borasan-da! – butun yo‘lakni boshiga ko‘tarib o‘shqirdi Jabborov. – Sendaylarga o‘qish ham hayf! Institut ham hayf!

Nazir to o‘zini o‘nglab, bir og‘iz gapirgunga qadar domla “S 332” deb yozilgan eshikni ochdi va yigitni ichkariga itarib kiritib yuborarkan:   

– Shu gruppadan! – dedi va lol-karaxt ahvoldagi abituriyent ortidan eshikni tarsillatib yopdi. 

Doska yonida o‘tirgan uch domladan biri Nazirdan familiyasini so‘radi, so‘ng, qog‘oziga qarab tekshirib ko‘rgach,  uning joyini ko‘rsatdi. Nazir mast odamday gandiraklab borib o‘tirdi.

Qolgani tartib bo‘yicha kechdi. Qabariq ko‘zoynakli oqsoch domla imtihon varaqlarini to‘ldirish tartibini uzoq, erinmasdan tushuntirdi. Oyoqlarini bir-biriga mahkam qisib o‘tirgan Nazir bu orada anavi joyga kamida to‘rt marotaba borib-kelishga ulgurishini chamalardi. Yo haliyam ruxsat so‘rab ko‘rsamikin… Yo‘g‘-e, o‘zi kechikib kelgan bo‘lsa…

Bir domlaning taklifi bilan hovlida guruh raqami yozilgan taxtachani ko‘tarib turgan novcha qiz shoshilmasdan, toshbaqa qadam bilan doska yoniga chiqdi va baayni taqdiri hal bo‘layotganday uzoq, juda uzoq o‘ylanib turgandan so‘ng maxsus qutidagi konvertlardan birini shoshmasdan sug‘urib oldi. Shundan keyingina test savollari yozilgan qog‘ozlar tarqatildi.

Savollarni ochib ham ko‘rmagan Nazir qo‘l ko‘tardi.

– Nima gap, yigitcha? – mehribonlik bilan so‘radi oqsoch domla.  

Xijolatdan yuzining lavlagisi chiqib ketgan Nazir o‘rnidan turdi.

– Anavi… – u maqsadini tushuntirish uchun chiroyliroq, adabiyroq so‘z qidirib kalovlandi: – men… shamollab kelsam degandim…

Ha, Nazir aynan shunday dedi. Zero, u o‘tgan yili uylariga kelgan bir shaharlik mehmon shunday deganini o‘z qulog‘i bilan eshitgandi.

Domla Nazirga diqqat bilan tikildi:

– Ya’ni, nima demoqchisiz, marhamat qilib aniqroq aytsangiz.

Fikrini tushuntirolmaganidan battar o‘sal bo‘lgan Nazir ochig‘iga ko‘chdi:

– Hojatxonaga borib kelsam… 

Kimlardir yana piqirlab kulib yuborishdi, qizlardan biri yuzini chimchidi, “Voy o‘lay…” deb qattiq shivirladi, shu qadar qattiq shivirladiki, uni butun auditoriya eshitdi.

Oqsoch domla o‘rnidan turdi.

– Yigitcha! – dedi u aytayotgan so‘zlari haqligiga zarracha ham shubha qoldirmaydigan o‘ta jiddiy ohangda. – Men yetti yildan beri test imtihonlarida qatnashaman. Bu yillar ichida sizga o‘xshagan muttaham o‘yinchilarning, eh-he, qanchasini ko‘rmadim, qanday mug‘ombirliklariga guvoh bo‘lmadim, aytaversam bir kitob bo‘ladi. Lekin aytib qo‘yay va bu gapimni qulog‘ingizga qo‘rg‘oshinday quyib oling va sheriklaringizga ham yetkazing: sizga o‘xshaganlar shoxida yurishsa, biz bargida yuramiz! Buni qanday eplagansizlar, bilmayman, ammo boshqa narsani aniq bilib turibman: sherigingiz hozir hojatxonada kutyapti. Siz borasiz, u hammasini yechib beradi, qaytib kelasiz, belovoyga ko‘chirasiz, tamom-vassalom! Shu bilan talaba bo‘ldim, deb o‘ylaysiz-da. Adashasiz, yigitcha. Qattiq adashasiz! Toki bu yerda men bor ekanman, bunday aldam-qaldamga aslo yo‘l qo‘yilmaydi! Aslo! Toki men bor ekanman, siz haqiqiy bilimi bor abituriyentning o‘rniga talaba bo‘la olmaysiz. Hech qachon! – O‘z so‘zlaridan o‘zi mutaassir bo‘lgan domla “qult” etib yutindi va titroq tovushda murojaatida davom etdi: – Shuning uchun, yigitcha, sherigim bilan qo‘shilib sharmanda bo‘lmayin desangiz, jimgina o‘tiring. Aks holda hozirning o‘zida bayonnoma tuzib, sizni auditoriyadan haydab chiqarib yuboraman! Menga desa, tankangiz rektor bo‘lmaydimi, farqi yo‘q! Men imtihonda haqiqat va adolat tarafdoriman va to o‘lgunimcha shu tamoyillarimga sodiq qolaman!

Qolgan ikki imtihon olguvchi keksa domlaga hayrat va havas bilan qarab, uning har bir gapiga chapak chalib yuborishdan o‘zlarini arang tiyib turishardi. 

– Hoziroq o‘tiring, yigitcha va bevosita o‘z vazifangizni bajarishga kirishing! – deya hayajonli chiqishini tugatdi domla. – Lekin bilib qo‘ying, sizni alohida nazoratda tutaman, agar biron shpargalka yoki sotka-potka ishlatadigan bo‘lsangiz, shu zahoti siz bilan xayrlashamiz. 

O‘z iltimosining bunaqangi talqinga uchrashi yetti uxlab tushiga kirmagan Nazir noiloj joyiga qaytib o‘tirdi. Endi test savollariga tezroq javob qaytarishdan o‘zga chora qolmagandi.

Qovug‘i to‘lib ketganidan keskinroq harakat qilishga ham cho‘chiyotgan, bostirib kelayotgan vahimadan miyasida og‘riq turgan Nazir ko‘z oldida harflari chaplashib ketayotgan savollarga qarar, biroq ularning ma’no-mazmunini ilg‘ab olishga qiynalardi… Baribir urinish kerak. O‘zini chalg‘itishi kerak. Ishlash kerak…

O‘, vaqt, bunchalar o‘tishing qiyin sening…

Bukchayib qolgan Nazir tishini tishiga bosgancha bir amallab yuztacha savolning javobini belgilab chiqdi. Yo‘q, endi ortiq chidab bo‘lmaydi…

Nazir o‘rnidan turdi, ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib olgancha o‘ziga sinchkov qarab turgan oqsoch domlaning yoniga ehtiyotkorlik bilan qadam bosib bordi. Shuni topshirsa bas, ko‘chaga… ko‘chaga…

Javoblarni uzatayotgan mahal Nazir hatto gapirolmadi, og‘zini ochsa nimadir sodir bo‘ladigandek edi… 

 Keksa domla qog‘ozlarni oldi, ko‘zoynagini tushirib, ularni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.

– Hm-m… Chernovoylarsiz ishladingizmi?

“Qilt” etolmay turgan Nazir ko‘zlarini yumib ochdi. Domla keyingi savolini berdi:

– Nega?

 Ortiq chidab bo‘lmasdi. Nazir yana bir soniyadan so‘ng, ehtimol soniyaning mingdan bir bo‘lagi ichida o‘zini abadulabad sharmandayi sharmisor etadigan holat sodir bo‘lishini his etdi. O‘qish… o‘qishlari ham boshidan qolsin! U jon-jahdi bilan tishlarini tishlariga bosdi, qo‘llarini musht qilib tuggancha birdan og‘irlashib ketgan, nimasi bilandir suv lim to‘la kuvini eslatayotgan o‘ng oyog‘ini arang ko‘tarib eshik tomon bir qadam tashladi va shu holida, oyog‘i o‘z-o‘zidan toyib, buti yirilgan odamday avval yerga o‘tirib qoldi, so‘ng, butun vujudida dahshatli og‘riq his etgan ko‘yi “gup” etib polga quladi…

Bu yil hali kuz adog‘iga yetmasidan burun, noyabr oyining o‘rtalaridayoq qilichini yalang‘ochlab qish kirib keldi. Hamma yoqni oppoq qor bosgan shunday kunlarning birida o‘rtog‘im Fayzulla qishloqqa, tustovuq oviga taklif etib qoldi. 

Ikkovlon qishloqdan ikki-uch chaqirim naridagi zovur bo‘yida tizza bo‘yi qor kechib ancha tustovuq otdik. Ovga qiziqib, ovuldan uzoqlab ketibmiz, bir payt qarasam, yaydoq dala yonidagi terakzor ichiga qurilgan pastak paxsa uy mo‘risidan tutun chiqyapti. Yaxshilab razm solsam, yaqin-atrofda simyog‘och yo‘q, demak kulbaga tok kelmagan. Bundan to‘rt-besh yil burun ham shu atrofga ovga chiqqandik, ammo bu uyni ko‘rganimni eslolmadim. Qiziqib, so‘radim:

– Bu Tom tog‘aning kulbasi kimga tegishli?

Fayzulla beparvo qo‘l siltadi:

– E, bu anavi bor-ku, qishlog‘imizni sharmanda qilgan Nazir, o‘shaniki.

Nimadir yodimga tushdi, hayron bo‘ldim:

– Qanaqasiga sharmanda qiladi?     

 O‘rtog‘im yoqtirmayroq javob qaytardi:

– Odamning gapirgisiyam kelmaydi. Xullas, olti-yetti yilcha bo‘lib qoldiyov, imtihon payti qo‘rqqanidan ishtonini ho‘llab qo‘ygan bola-da. O‘shanda qancha gap-so‘z bo‘luvdi. Uyalganidan chiday olmay, oxiri uyidanam chiqib ketdi, shu yerda yashayapti. Terakzorga qorovul bo‘lib olgan. Baribir birov qizini bermaganidan keyin… to‘g‘riyam qildi-da. Er yetib qolgan ukalarigayam joy kerak edi…

Esankirab qoldim:

– Men boshqacha eshitgandim-ku. Imtihon payti qovug‘i yorilib ketib, qoni zaharlangan, do‘xtirlar bir o‘limdan asrab qolgan deyishgandi. 

Fayzulla yelka qisdi:

– Bilmasam. Menam eshitganimni aytyapman.

– Bir oldiga kirib chiqmaymizmi?    

– E, qo‘ysang-chi! Odam isi yoqmay qolgan unga. Atay yo‘qlab borsang ham, esidan ayrilgan odamday tumtayib, yerdan ko‘z uzmay o‘tirgani o‘tirgan. Aybi bor-da… – Shundan so‘ng Fayzulla na achinib va na hattoki befarq ohangda, balki oshkor g‘ijinib, g‘ashlik bilan qo‘shib qo‘ydi: – Essiz odam…   

 Birdan kayfiyatim tushib ketdi, ov zavqi ham tatimay qoldi. Fayzullaning “hoy-hoy”lashiga ham qaramasdan qishloqqa qaytdim-u, shu kunning o‘zida shaharga jo‘nab ketdim…

Muallif haqida:
Abduqayum Yo‘ldoshev – 1962-yil 28-fevralda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. 1980–1985-yillari Toshkent politexnika institutida (hozirgi Texnika universiteti) o‘qigan.
“Sunbulaning ilk shanbasi”, “Timsohning ko‘z yoshlari”, “Katta o‘yin”, “Puankare”, “Hali vaqt bor…”  qissa va hikoyalar to‘plamlari hamda “Daryo” romani nashr etilgan.
“Kichkina odamlar”, “Uqubat”, “Iqtidor”, “Vijdon”, “Qadamlar”, “Nigoh”, “Burch va muhabbat”, “Ustyurtga yo‘l”, “Tinchlik ortida”, “Opa” badiiy filmlarining, “Hayot jilg‘alari”, “Sinov”, “Odamlar orasida”, “Ona daryo” seriallarining ssenariy muallifi.
1993-yildan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. 1999-yili “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. 2016-yili “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni berilgan.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 17-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599