Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.01.2025 | 12:23

img603

TARAQQIYOTGA TO‘G‘ANOQ

Keyingi yillarda mamlakatimizda turmush darajasi farovonlashib, aholi daromadlari oshib borayotgani yaxshi, albatta. Biroq kishilarning asosiy mablag‘lari to‘y-hasham, boshqalarga o‘zini ko‘rsatishdek havoyi maqsadlarga sarflanayotgani achinarli. Bugun hayotimizda ko‘payib borayotgan oilaviy mojarolar, nizo-janjallar, ajralishlar, er-xotin o‘rtasidagi sovuqchilik sabablari ham, aksariyat hollarda, aynan serxarajat to‘ylarga, ular bilan bog‘liq behad ortiqcha isrofgarchilikka borib taqalishi hech kimga sir emas.

Bir necha yil avval Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni masalaga e’tibor qaratib, “Ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi”  degan edi.

Shu o‘rinda jadid ma’rifatparvarlarining yuz yil oldin bu borada bildirgan fikr-mulohazalariga e’tibor qilaylik. Hoji Muin 1919-yilda: “Bizning xalq “mol va jon ketsa ketsun, obro‘y ketmasun”, deb xatna yoki nikoh va yo aza marosimini o‘rung‘a keturmak uchun qo‘llarinda bor narsalarini bir-ikki kunda barbod etadilar, qarzdor bo‘lalar. Qarzlarini ado eta olmag‘ach, oxiri, “molni odam topar, odamni mol topmas”, deb o‘z bog‘ va hovlilarini sotib, qarzlarig‘a beralar” deb yozgan.

Abdulla Qodiriy esa “Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y, Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y” deydi.

Abdulla Avloniy “Xalqimizni to‘y marazidan qutqarurga tirishmak va iloj istamak lozimdir. Bola-chaqalarini qo‘l kuchi ila to‘ydiradirgon, to‘y degan yerda muqaddas Vatanini sotub, sarf qilmoqdan tortinmaydirgon, “hoziram huzuram” deb istiqbolini o‘ylamagan va bolalarining saodatini tushunmagan bir qavmdan qanday taraqqiy, madaniyat va ma’rifat kutmak kerak?” degan o‘kinchini izhor etadi.

Ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy esa “Millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu – to‘y va azadir”, deya qayd etadi.

Afsuski, taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari tobora kuchayib bormoqda. Buni Qashqadaryo viloyati misolida ko‘rib chiqamiz.

To‘y emas, kimo‘zar musobaqa!

Ota-bobolarimiz azal-azaldan ikki yosh unashtirildimi, ularning boshini bitta qilishga asosiy maqsad sifatida qaragan, dabdabali to‘y emas, chiroyli turmush haqida qayg‘urgan.

Hozir esa bo‘lajak kelin-kuyov tomonidan bir-biriga to to‘y o‘tgunga qadar har bayram, tug‘ilgan kunda falon million so‘mlik sovg‘a-salom yuborilishi odat tusiga kirgan. Bunday sovg‘a-salom shirinlik, qimmat kiyimlardan iborat va yoshlar hayotida asqotadigan jihati kam.

Bundan tashqari, aksariyat fotiha to‘ylari katta to‘ydan deyarli qolishmaydi. Ularga kamida uch-to‘rtta jonliq so‘yiladi, 400-500 odamga ziyofat beriladi. Buyam yetmaganday, fotiha to‘yida ayollar keluvchilarning deyarli hammasiga sarpo-surug‘ tarqatadi. Ayniqsa, quda tomonga 3-4 kiyimlik qimmat mato va boshqa ust-bosh, quda tomondan kelgan 20-30 ayolga ham kiyimlik matolar sovg‘a qilinadi.

So‘nggi vaqtlarda paydo bo‘lgan xunuk odatlardan yana biri – kuyovning uyini kelin tomon jihozlab berishidir. Mebel, gilam, parda va boshqa jihozlarni kelin tomon ko‘tarishga majbur.

Bir qarashda buning yomon tarafi yo‘qdek, go‘yoki bu – yangi oilaga qilingan g‘amxo‘rlik, ro‘zg‘orlik. Biroq hammaning sharoiti har xil. Kimdadir bor imkoniyat boshqa birovda biroz cheklangan bo‘lishi aniq. Natijada ayrimlar “Men sendan kammi?” deya bor-budiga yoki qarzga bo‘lsa-da, dabdabali to‘y qilishga urinmoqda.

O‘rganishlarga ko‘ra, Shahrisabz tumani markazidagi Oqdaryo, Yangiqishloq, Ravot va Abziyat mahallalarida kelin tomondan uy bezash, kuyovga beriladigan sarpo va mebel uchun o‘rtacha 25–30 million so‘m mablag‘ sarflanib, bunday holatlar odatga aylanib ulgurgan.

Chiroqchi tumani markazidagi Chiroqchi, Choshtepa, Yangiobod, Navoiy, Kishmishtepa, O‘zbekiston, Bog‘ishamol mahallalarida esa sarpo va mebel uchun 20–30 million so‘m pul ketadi.

Kosondagi Paxtazor, Shirinobod, Do‘stlik va Mesit mahallalarida ayni shu maqsadda 30-40 million so‘m sarf bo‘layotgani muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, to‘ydan keyin kuyovnikiga tog‘ora jo‘natish, “chorlar” kabi odatlar bir to‘da xotin-xalajning ko‘ngilxushligi, kimo‘zarga berilgani oqibatida yanada ommalashayotir.

Ko‘kdala tumanida kelinning bir necha soatlik to‘y libosi 1 milliondan 8 million so‘mgacha. Dehqonobodda esa kelinlik libosi 2 million 500 ming so‘mgacha, boshqa tumandan keltirilsa, 4 million so‘mgacha baholanar ekan.

Shu bilan birga, keyingi yillarda Haj va Umra amallarini bajarib kelganlar tomonidan yurtga osh berish, to‘y qilishdek behuda odat ko‘paydi. Aslida, faqat Alloh roziligi uchun qilinadigan bu amalni isrofgarchilik marosimiga aylantirish kimga kerak?

“Bir kunlik to‘y o‘tadi-ketadi”. To‘g‘ri, o‘tyapti, ammo asorati ketmayapti.

Albatta, yurtda to‘ylar bo‘lgani yaxshi, ammo muqaddas kitoblarimizda bitilgani kabi “To‘ylarning eng yaxshisi – kamxarj to‘y” ekanini ham unutmaylik.

Quyidagi raqamlarga e’tibor bering: Kitob tumanida sarpo uchun nikoh to‘yida 8–10 million, fotiha to‘yida ham shuncha, sunnat to‘yida 5–7, Haj to‘yida 3–5 million so‘mgacha xarajat qilinmoqda. Asosiy to‘y tantanalari “Oqsuv”, “Nur”, “Versal” kabi to‘yxonalarda o‘tkazilib, to‘yxona uchun o‘rtacha 5 million so‘mgacha xarajat qilinarkan.

Kasbi tumanidagi “Rahim ota” to‘yxonasini 500 kishi uchun bir necha soat band qilish 7 million 500 ming so‘mga tushadi.

Qamashi tumanidagi “Jasmin” to‘yxonasida bir kishiga 12 ming so‘mdan xizmat ko‘rsatiladi va ming kishilik to‘ylar ham o‘tadi. Demak, birgina to‘yxonani band qilishning o‘zi to‘y egasiga 12 million so‘mdan kamiga tushmaydi.

Ko‘kdalada nikoh to‘ylari uchun o‘rtacha 60–70 million, sunnat to‘yga 40–50 million so‘m kerak bo‘ladi. Tuman markazidagi to‘yxonalarning xizmat ko‘rsatish narxi 8–12 million so‘m atrofida.

Yakkabog‘ tumanidagi “Malika” to‘yxonasida bitta to‘yni o‘tkazish uchun 7–8 million so‘m ketadi.

Koson tumani markazidagi Nartibaland, Nartichuqur, Mug‘jagul va Lolazor kabi mahallalarda to‘ylar uchun 50–60 million so‘m ketsa, chekka hududdagi Maydayobu, Chiroqchi, Navnihol, Uyrot mahallalarida 90–100 million so‘mgacha sarf bo‘ladi.

Shahrisabz tumanida esa odatda 60–80 million atrofida, tog‘li hududlarda esa 80–85 million so‘mgacha mablag‘ bir kunlik to‘y uchun yo‘q qilinadi. Ya’nikim, qayerda maosh oz bo‘lsa, xarajat o‘sha yerda ko‘proq. Kulasizmi, kuyasizmi…

Yana bir holat. So‘nggi yillarda kelin-kuyovning sevgi tarixini to‘yxonada namoyish etishdek holat ommalashgan. “Love story” deb ataladigan bu marosimga Kosonda o‘rtacha 7–10 million so‘m pul sarflanarkan. Kasbi tumanida esa ayni shu ish uchun kamida 5 million so‘m ketishi ma’lum bo‘ldi.

To‘y kortejlari uchun ketadigan xarajat ham shundan kam emas.

Bir soat nari-berisidagi xonish uchun 50 million so‘m sarflayotganlar pul topib aql topmaganlarmi?

To‘y borki, san’atkorsiz o‘tmaydi. Ammo buning uchun kishilar bor-budini ketkazishi hech bir mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Koson tumanidagi Chorbog‘, Mash’al, Arabxona, Yuqori Arabxona mahallalarida odatda mashhur san’atkorlar, birrovga kelib-ketadigan xonandalar uchun 20–30 million so‘m, Shahrisabz tumanidagi to‘ylarda esa 15 dan 40 million so‘mgacha pul kerak.

Chiroqchi tumani markazidan uzoqroq Dursun, Mirzatup, Paxtaobod va Zarbdor mahallalarida san’atkorlarning qisqa muddatli xonishi uchun 40–50, Dehqonobod tumanida esa 400 ming so‘mdan 22 million so‘mgacha, Qamashida 600 mingdan 25 million so‘mgacha mablag‘ ketishi ma’lum bo‘ldi. Kitob tumanida esa mahalliy san’atkorlar 1–5 million so‘m atrofida, mashhurlari 1000–3000 dollargacha xizmat ko‘rsatadi.

Shahrisabz shahrida mahalliy san’atkorlarga 1–5 million, karnay-surnay uchun 500 mingdan bir yarim milliongacha, videokameraga 1 million hamda shou-balet uchun 1 million 300 ming, birrovga kelib-ketadigan mashhur xonandalarga 30–50 million so‘mgacha xarajat qilinadi.

O‘ylab ko‘ring. Bir xonanda uchun 50 million so‘m sarflanayotgan joylarda ta’lim, tibbiyot, yo‘l infratuzilmasi, hududlar obodligi kabi masalalarda muammolar yo‘qmi? Ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar-chi? Albatta, bor. Ammo shuncha muammo, shuncha haqdor kishilar bo‘la turib, arzimas orzu-havas uchun pul sovurishdan nima naf, nima foyda? Aslida buning turgan-bitgani zarar, isrof va noshukurlik ekanini odamlarimiz yaxshi tushunishlari kerak.

O‘lganning ustiga tepgan…

Behbudiy bobomiz millat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan omillar borasida to‘y qatorida ta’ziya marosimlarini ham bejiz ta’kidlamagan. Sababi, bir oila musibati bo‘lmish ta’ziya marosimlarida hali-hanuz behuda chiqimlar ko‘p.

Masalan, aksariyat hududlarda marhum vafotidan so‘ng “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil oshi” kabi marosimlar borki, ularning har biri uchun alohida jonliq so‘yib, osh tortib, dasturxon bezatish kerak. Muqaddas islom dinida bu kabi ishlardan qaytarilgan bo‘lsa-da, ayrim kishilar “Marhumning oshini yeyish kerak, shundan unga savob yetib boradi”  degan ahmoqona gaplarni o‘zlariga shior qilib olishgan. Yaqin insonidan ayrilib, yupanch va tasalliga muhtoj turgan oilalar esa “Bir narsani bilar” deb boshqalarning ra’yiga qarab, bor-budini sarflab, ta’ziya marosimlarini o‘tkazishga majbur bo‘layotir.

Chiroqchida marhum vafotidan keyin 40 kungacha haftaning payshanba va yakshanba kunlari “is chiqarish” odati bor ekan. Aslida bir qancha bekorchi ayollar jamlanib, yeb-ichib, gurungdan boshqa tayinli ish qilishmaydi. Dinimizda “Aza – uch kun” deya ta’kidlangan bo‘lsa-da, kishilar “yetti”, “yigirma”, “qirq” deb ta’ziya bo‘lgan uyga boraveradi.

Dehqonobod tumanida ta’ziya marosimiga kelgan kishiga 5 mingdan 20 ming so‘mgacha pul yoki shu mablag‘ga teng biror buyum berish odati bor. Mirishkorda 2–5 ming, Yakkabog‘da 5–10 ming so‘mdan tarqatiladi. Bundan marhumga na savob yetib boradi, na bir joy obod bo‘lib qoladi. Modomiki shunday niyat bo‘lsa, keyinchalik, vaqt va imkon topganda, ehtiyojmand oilaga marhumning nomidan yordam ko‘rsatish mumkin va shunda savobli, foydali ish qilingan bo‘ladi.

Ayrim hududlarda biror kishi 90–100 yoshga kirib vafot etsa, “Bu endi to‘y” deb janoza tugar-tugamas qo‘y so‘yib, osh pishirishga kirishib ketadiganlar ham yo‘q emas.

Hujjat bor-u ijro yo‘q?!

Bunday o‘ylab qarasak, o‘zbekning oddiyroq to‘yiga sarf bo‘ladigan pulga bemalol biror biznes boshlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mumkin. Biroq kamxarj, ixcham to‘ylar haqida odamlarning o‘zida to‘g‘ri, ongli munosabat shakllanmasa, bu borada ijobiy natijalarga erishib bo‘lmas ekan.

2019-yil 14-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi kengashi va Senat kengashining “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori imzolangan. Afsuski, ushbu qaror ijrosi deyarli ta’minlanmayapti.

Tegishli hujjatda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi, qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkinligi qayd etilgan va amalda ham bunga harakat qilishimiz darkor.

Milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlar (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolar), dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlar (“yetti”, “payshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “yiloshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolar) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Eng asosiysi, imkoniyati bo‘la turib, ixcham to‘y o‘tkazib, ortgan mablag‘ini o‘z hududi rivoji, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari, ehtiyojmand oilalarga yordam berishga yo‘naltirgan kishilar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib etilsa, boshqalarga ham o‘rnak bo‘ladi.

Behzod SAYFIYEV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img603