12.02.2025 | 15:08
1118
MA’NO OLAMIDAN OLINGAN G‘AZAL
Naqlga ko‘ra, hazrat Navoiy “Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokrok” deb boshlanadigan o‘ta mashhur g‘azalning ilk baytini bir tilanchidan bir qancha oltin bahosiga sotib oladi. Majzub gado shoir eshigiga kelib, bu baytni o‘qib, tilanchilik qilgan ekan. Bu haqda navoiyshunos olim, shoir Mirzo Nasriddin o‘g‘li Boqiy va shoir Sobir Abdulla ajib so‘zlarni yozganlar.

Bu naql g‘azalning favqulodda va o‘xshashi yo‘q asar ekaniga ishoradir. O‘ta baland narxga sotib olingani esa baytning g‘oyat qimmatli, ma’no olamidan topilgan nodir xazina ekaniga ishorat bo‘ladi. Zero, Navoiy devonida bunday benazir g‘azallar va baytlar oz emas.
Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokrok,
Kirpigim shabnam to‘kulgan sabzadin namnokrok.
“Mening ko‘ksim tongning yirtilgan ko‘ylagidan ko‘ra ham chokroq, yirtiqroq. Kipriklarim esa ustiga shabnam to‘kilgan maysadan ko‘ra ham namroq, ho‘lroq”.
Tasavvufiy ma’noga ko‘ra, bu manzara shoirning ma’naviy holi va martabasidan darakdir. Tun bo‘yi tonggacha ishq, xushu, umid va zorliq bilan yig‘lab chiqqanidan alomatdir. “Subhning ko‘ylagi” iborasi Qur’oni Karimdagi: “Kechani (sizlar uchun) bir libos qildik” degan oyatga ishoradir (Naba’ surasi, 10-oyat).
Yig‘i natijasi bo‘lgan kipriklarning ho‘lligi esa Qur’ondagi: “Shubhasizki, kuldirguvchi ham, yig‘latguvchi ham U (Alloh)dir” degan ma’noga hamda: “Sizlar (g‘aflat ichra) kularsizlar-u, (gunohkor holingizga) yig‘lamassizlar” degan tanbehga ishoradir (“Najm” surasi, 43-, 60-oyatlar). Yana bu yig‘i satri: “Agar sizlar men bilgan narsani bilganlaringizda edi, (bu dunyoda) ozroq kulib, ko‘proq yig‘lar edingizlar” degan hadisga ishoradir.
Shoir aytmoqdaki, subhning ko‘ylagi chok bo‘lib, tong oqarib, ufq qizarib ko‘ringanidek, mening qizil qon bag‘rim ham tong libosidan ko‘ra chokroq bo‘lgan ko‘ksimning chokidan ko‘rinayotir. Tun bo‘yi maysalar ustiga to‘kilgan mayin, mahzun shabnamlar tongda ravshanroq namoyon bo‘ladi. Shoir tong orqali tungi unsiz yig‘i holatini, botiniy kechinmalarini oshkor etmoqda.
Bu ko‘ngul g‘amnokidin to shodmon ko‘rdum seni,
Istaram har damki, bo‘lg‘ay xotirim g‘amnokrok.
“Mening xotirim – ko‘nglim g‘amginroq bo‘lgan sari sening tobora shodmonroq bo‘lganingni ko‘rmoqdaman. Modomiki, sen o‘z oshig‘ing g‘amidan suyunar ekansan, bas, sening yanada shodlanmog‘ing uchun har nafas ko‘nglim yanada g‘amginroq bo‘lishini istayman!”
Bu baytda “ko‘kragi chokrok”, “kirpigi namnokrok” bo‘lishining siri ochildi va “ko‘ngli g‘amnokrok” bo‘lishi bilan mazmun vobasta rivojlandi.
Albatta, Navoiyning har bir majoziy ifodasida haqiqat bor. Dunyoda ko‘p shod-u xandon, qahqaha-yu dabdaba bilan yashashda Haq taoloning rizosi yo‘q. Siniqko‘ngillik, g‘aribhollik, g‘amginxotirlik bo‘lib yashashda, Yaratganning vajhi – zoti, diydorini istab, O‘ziga yolvoruvchan va yig‘lovchan bo‘lishda Uning rizosi bor. Ayniqsa, sahar chog‘larida istig‘for aytib, ko‘zyoshlari bilan yig‘lashda xosiyat borligi kitoblarda aytilgan.
Ulug‘ valiy Fuzayl ibn Iyoz aytganlar: “Besh narsa badbaxtlik nishonidir: 1. Ko‘ngil qattiqligi. 2. Ko‘z yoshlanmasligi. 3. Hayosizlik. 4. Dunyoga rag‘bat aylamoq. 5. Tuli omol – uzun orzular (dunyo uchun bo‘lsa).
Layli andin qo‘ydi Majnun ko‘nglida raxti g‘amin,
Kim, yo‘q erdi manzil ul vodiyda andin pokrok.
“Layli shuning uchun g‘am yukini, qayg‘u omonatini Majnunning ko‘ngliga qo‘ydiki, bu hayot vodiysida, ishq sahrosida, tiriklik dashtida undan pokroq boshqa joy yo‘q edi”.
Raxt – yo‘l yuki, safar anjomi degani. Bu o‘rinda g‘am yuki, qayg‘u safarxaltasi, g‘ussa omonati ma’nosida kelmoqda. Insoniy-majoziy ishq uchunki oshiq qalbi shunchalik pok bo‘lishi shart bo‘lsa, bas, endi ilohiy ishq uchun bandaning qalbi naqadar pokiza bo‘lishi kerak!
Bir ma’shuqaki, muhabbat g‘amining yukxaltasini qo‘yish uchun shunchalik pokiza qalbni qidirsa, bas, unda har qanday nuqson sifatlaridan pok va munazzah bo‘lgan ilohiy Zot o‘z ishqini, zikrini har qanday qalbga solib qo‘yaveradimi! Zero, “Ramuzul-ahodis” kitobida: “Alloh zikri Alloh muhabbatining alomatidir”, degan hadisi sharif keltirilgan. Pok narsa pok joyda bo‘ladi.
O‘yla mujgon xanjariga yopishubdur durri ashk,
Kim, magar andin yatime yo‘qturur bebokrok.
“Shuningdek, ko‘z yoshlarining durri – inju marvaridlari kipriklar xanjariga shunday yopishib olganki, magar undan ham ko‘ra bebokroq – qo‘rqmasroq va bevoshroq bezori-yu chapani yo‘qdir”.
Sahrolarda bezorilar karvonlardagi oltin-kumush, durru gavhar boyliklariga qanday yopishsa, kipriklar xanjari ham ko‘zyoshi durlarini qo‘ldan bergisi yo‘q. Layli, Majnun, vodiy zikr qilingani uchun bu bayt ham mantiqan hayotiy bir misolga bog‘landi.
Aslida bu majozdan murod ma’rifatulloh natijasi bo‘lgan yig‘idir, tinimsiz ko‘zyoshi to‘kib yig‘lash manzarasini aks ettirishdir.
Lablaringdin jon olurda barcha el quldur sanga,
Jon berurda bir qulung yo‘q bandadin cholokrok!
“Sening lablaringdan o‘z o‘lik tanasiga jon olishda – hayot topishda butun xalq senga quldir, asirdir. Lekin jon berishga kelganda men g‘arib bandangdan ko‘ra ham chaqqonroq – tayyorroq biror quling yo‘q. Zero hayot topish hammaga yoqadi, lekin jon fido qilish, jon berish oson narsa emas”.
“Lab” mumtoz she’riyatda ko‘p qo‘llanadigan tasavvufiy istiloh bo‘lib, mavjudotga vujudiy fayz yetkazuvchi rahmoniy nafas deyiladi. “Lab”dan murod kalom – so‘zdir va rahmoniy nafasga ham ishoradirki, ashyolar vujudiga fayz bag‘ishlaydi. “Lab” jonni quvvatlantiruvchi omildirki, shariat tilida “nafxi ruh” deyiladi. Shuningdek, lab oshiqlarni fayz va xursandchilik bilan siylash, ilohiy olamdan nozil bo‘lgan so‘zlardir.
Lab – payg‘ambarlarga Jabroil alayhissalom orqali Allohdan nozil qilingan so‘z, ya’ni ilohiy kalom; avliyolarga esa qalb tasfiyasi, ya’ni qalbni musaffo qilish natijasida ilhom qilinadigan so‘zdir (Faxruddin Iroqiy).
Va yana “labi jonbaxsh”dan murod borliq soyasidagi yo‘qlikdir, deganlar. Ya’ni, nafasi rahmoniyga – ilohiy tajalliylarga ishoradir.
Bu o‘rinda “Lablaringdan jon olurda” degan ifodadan murod Payg‘ambar alayhissalom so‘ziga – hadisga shaydolik holidir. Chunki, Qur’onga ko‘ra, hadis aslida vahiydir, havoyi nafs bilan so‘zlangan so‘z emasdir. Ya’ni, hadisdan bahramand bo‘lib, tiriklik topishda butun xalq Payg‘ambar alayhissalomga asir, tutqun. Lekin u zotni farzandi, ota-onasi va o‘z nafsidan ham ortiq sevib, fido bo‘lishda mendan chaqqonroq bir quling yo‘q, deydi Navoiy. Bu ifoda “Sahihi Buxoriy”da vorid bo‘lgan ushbu hadisga ishoradir; Rasululloh (s.a.v.) aytganlar: “Toki meni otangizdan ham, bolangizdan ham, barcha odamlardan ham ortiq yaxshi ko‘rmas ekansizlar, birortangiz moʻmin bo‘la olmaysizlar”.
Odamiylik tufrog‘in bersa fano yeliga charx,
Ohkim, yo‘qtur kishi ahli vafodin xokroq.
“Fano”ning ma’nosi mahviyat ekanini Navoiy ushbu baytida ravshan bildirgan:
Deding: fano nedurur? Muxtasar deyin: o‘lmak,
Ki, sharhini tilasang, yuz risola bo‘lg‘usidur.
Taqdir, ajal butun odamiyat tuprog‘ini yo‘qlik shamoliga sovursa, ya’ni vafot ettirsa, ohki, unda vafo ahlidan ham ko‘ra xokroq, tuproqroq, ya’ni o‘limga tayyorroq kishi yo‘qdir. Hayotda o‘zi tuproq bo‘lib, xoksor bo‘lib, yo‘qlik shamoliga shay turgan toifa, avvalo, vafo ahlidir.
Vafoning turli irfoniy ma’nolari bor. Vafo iymon samarasidir.
Vafoning birinchi turi bandaning o‘z ahdi, o‘z miysoqida turishidir. Odam bolalariga hali jism ato etilmay turib, hazrati Odam alayhissalom sulbidan ularning ruhi chiqarildi; Haq taolo: “Alastu birabbikum?” – “Men emasmanmi sizlarning Rabbingiz?”, deb so‘radi. Odam bolalarining ruhlari: “Qolu bala!” – “Ha, Sensan bizning Rabbimiz!” – deb javob berdilar (“A’rof”, 172-oyat ma’nosi). Ana shu voqea “al-miysoq kuni” – so‘z, ahd-u paymon kuni deyiladi. Odam farzandlari jismi bilan yaralib, yerda yashaganidan keyin ba’zilari o‘z so‘zi – miysoqida turib, ahli iymon – ahli vafo bo‘ldi, ba’zilari inkor qilib, imonsiz bo‘ldi. Haq taolo ogoh etadiki: “Darhaqiqat, Allohga bergan ahdi va qasamlarini ozgina narsa (bo‘lmish dunyoviy boylik)ga sotganlar borki, ana o‘shalarga oxiratda hech bir nasiba yo‘q. Alloh qiyomat kuni ularga so‘zlamas, ularning yuziga boqmas va ularni poklamas. Ular uchun g‘oyat alamli bir azob bordir” (“Oli Imron”, 77-oyat).
Vafoning ikkinchi turi Odam farzandlarining barcha hayotiy muomalalarida, har qanday jarayonda o‘z so‘zlari, ahd-u paymon va shartnomalariga rioya qilmog‘i, sadoqatli, oqibatli bo‘lmog‘idir.
Vafoning uchinchi turi insonning o‘z murshidi komiliga qilgan bay’ati – ahd-u paymonida turishidir.
Bu bay’at barcha sahih tariqatlarda muridning piri komilga intisobi va ahdga vafosi shaklida uzluksiz davom etadi.
Gʻazalning maqta’i matla’i bilan mantiqan bog‘lanadi – yana jarohat, chok ifodalariga qaytiladi:
Necha uqlosang, Navoiy ko‘ngli zaxminroq bo‘lur,
Ko‘rmaduk zaxmeki, tikkan soyi bo‘lg‘ay chokrok.
“(Ey do‘stim, tabibim, shifokorim!) Sen har qancha to‘qib, tikib bog‘laganing sari Navoiyning ko‘ngli yana zaxminroq – jarohatliroq bo‘lib boradi. Holbuki, tikkan sari tobora ochilib, chokroq bo‘lib boradigan jarohatni hech ko‘rmagan edik!”
“Uqla” – band, bog‘, to‘qima (tikish) degani. Aruz vaznida ramal bahridagi shakllardan birining nomi ham “uqla” deyiladi. Raml (ramal esa she’rning o‘n to‘qqiz bahridan biri bo‘lib, bo‘yra to‘qishdagi bir shaklga asoslangan. Chunki “ramal” deb lug‘atda bo‘yra (gilam, palos) to‘qishni aytiladi. Shunga ko‘ra “uqlamoq” bog‘lamoq, to‘qimoq, tikmoq degan ma’nodadir. Maqta’ mantig‘i va mazmuni ham shuni anglatmoqda.
Hazrat Navoiyning “Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokrok” g‘azali abadiy o‘lmas san’at namunasidir.
“VASLIGA CHUN YO‘Q NIHOYAT…”
* * *
Lablarim kunduz jaziyra dashtidin qaqroqrok,
Nolishim shom qushlarining zikridin dardnokrok,
Ko‘zlarim bemor tunidin subhiga mushtoqrok,
Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokrok,
Kirpigim shabnam to‘kulgan sabzadin namnokrok.
Istaram, bo‘lsam xazon, to bexazon ko‘rdum seni,
Dam-badam dardim ko‘paysun, to omon ko‘rdum seni,
Istaram, to yer bo‘lay, to osmon ko‘rdum seni,
Bu ko‘ngil g‘amnokidin to shodmon ko‘rdum seni,
Istaram har damki, bo‘lg‘ay xotirim g‘amnokrok.
Bo‘lsa ko‘ngil pok omonatlar uchun taxti amin,
Gʻam uchun shundoq musaffo tutsa oshiq olamin,
Bas, ilohiy ishq uchun lozim nechog‘ pokroq zamin,
Layli andin qo‘ydi Majnun ko‘nglida raxti g‘amin,
Kim, yo‘q erdi manzil ul vodiyda andin pokrok.
Mos erurmi gulga gul-u durga dur-u ashkka ashk? –
Bezarar bexavf-u bebok ulfating topilsa koshk!
Gul tikandin etmas or, husniga soqchi bo‘lsa rashk,
O‘yla mujgon xanjarig‘a yopishubdur durri ashk,
Kim, magar andin yatime yo‘qturur bebokrok.
Sevgidin ehson olurda bandilar mo‘ldur sanga,
Balki, olmoq qasdi birla g‘ayri el eldur sanga,
Jon berib, jon olmoq ammo ne go‘zal fe’ldur sanga,
Lablaringdin jon olurda barcha el quldur sanga,
Jon berurda bir qulung yo‘q bandadin cholokrok!
Qilmagay hargiz nazar ul kun havo eliga charx,
Bas, fanoni etdi yo‘l avval baqo ahliga charx,
Xok etib sochgil meni ahli vafo yo‘liga, charx,
Odamiylik tufrog‘in bersa fano yeliga charx,
Ohkim, yo‘qtur kishi ahli vafodin xokrok.
Necha berkitsang, ko‘ngil ganji yana ko‘proq bo‘lur,
Ochilib, olamga zulm o‘tgan sari, porloq bo‘lur,
Tiksa ma’no og‘zini, Mirzo, bu ish qandoq bo‘lur? –
Necha uqlosang, Navoiy ko‘ngli zaxminroq bo‘lur,
Ko‘rmaduk zaxmeki, tikkan soyi bo‘lg‘ay chokrok.
* * *
Aslimiz tufrog‘ erur, to‘zdurma ko‘p,
Hasratim changin yana oshurma ko‘p,
Yer-u ko‘kni chang ila to‘ldurma ko‘p,
Javr o‘qin xoki tanimg‘a urma ko‘p,
Ko‘kka bu tufrog‘ni sovurma ko‘p.
Sharbati vasliga bormu qonmagim?
Bir olov sirrin yetar o‘rganmagim,
Bas, na holat ikki o‘tda yonmagim:
Ishqdin basdur manga o‘rtanmagim,
Hajr barqi birla ham kuydurma ko‘p.
Qoshlarin bil, ey dil, mehrobi nazar,
Ko‘zlarin de, ey til, oftobi nazar,
Garchi ko‘p olamda as’hobi nazar,
Yuziga, ey ko‘z, chu yo‘q tobi nazar,
Bas, aning sori boqib telmurma ko‘p.
Yuzlaringdin vajhi pinhon istadim,
Ko‘zlaringdin sirri osmon istadim,
Qatra suvdin shavqi ummon istadim,
No‘shi la’lingdin agar jon istadim,
Bu gunoh uchun meni o‘lturma ko‘p.
Garchi sevgi hosili ozor emish,
Har kishi muhtoji ishq-u zor emish,
Odam-u Havvoga bul his yor emish,
Doimo rasmi muhabbat bor emish,
Bizni ushbu jurm uchun yozg‘urma ko‘p!
Ko‘rmadim ustozi san’at, juz firoq,
Topmadim mulki qanoat, juz firoq,
O‘rtada yo‘qdur masofat, juz firoq,
Vasliga chun yo‘q nihoyat, juz firoq,
Bas, vafo ahlin qoshingdin surma ko‘p.
Dildagi har yog‘du – Xoliq amridin,
Ham yig‘i, ham kulgu – Xoliq amridin,
Olganing har ulgu – Xoliq amridin,
Hech ish o‘lmas ayr-u Xoliq amridin,
Iltijo maxluqqa kelturma ko‘p!
Ey g‘arib, nafsim, chekil, qilg‘il sukut,
Har tilak bo‘lsa, yuzing Rabbingga tut,
Har tilanchi bir tilab, o‘tgay-ku zud,
Ey gado, chun “Shayalilloh!” deding, o‘t,
Aylabon ibrom, boqib turma ko‘p!
Bas, bani Odam barobar, muhtaram,
Ruhni Haqdin o‘zgaga etma qaram,
Boq, azizlar ne demish, sho‘rluk tanam:
“Tut gadolig‘ni, Navoiy, mug‘tanam,
Shohlar ollinda bosh indurma ko‘p!..”
Mirzo KENJABEK,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
Bobur nomidagi xalqaro mukofot sohibi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605