Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.03.2025 | 16:30

img790

YER KO‘KARSA – EL KO‘KARADI (MATONATLI BOG‘BON HIKOYASI)

Vahobjon aka va Zebixon opa oilasi ko‘pchilik havas qilgudek to‘kis, o‘zlari bir-biriga munosib juftlik edi. Ro‘zg‘or tashvishlariga ikkisi baravar yelka tutar, bog‘mi, dalami – har yerda birga zahmat chekib, rohatini baham ko‘rardi. To‘ng‘ichi – Nasibaxon uch yoshga to‘lganda, o‘g‘il ko‘rishlari ularni behad quvontirdi. Yaratganga shukronalar aytib, unga Hoshimjon deb ism qo‘yishdi. Hali yoshiga yetmay turib yura boshlagan bolakay juda sho‘x, hamma narsaga qiziquvchan, tili burro edi. Vahobjon aka o‘sha paytlarda kolxozda cho‘ponlik qilar, erta bahorda qo‘y-qo‘zilarni tog‘ga haydab ketib, kuzakda uyga qaytardi. Erining issiq-sovug‘idan xabar olgani tog‘ga otlangan paytda bolalarini qaynonasiga qoldirib ketayotgan onayizor o‘g‘lining shumtakaligidan doim xavotir olar, iloji boricha tezroq bolalari yoniga qaytishga oshiqardi. Dasturxonlari to‘kin, hayotlari tekis, bir maromda o‘tardi, ammo…

O‘shanda Hoshimjon uch yoshda edi. Hovlida o‘ynab yurib, katak burchagida yotgan kurk tovuqqa ko‘zi tushdi. Ona tovuq qanotlari ostiga berkinib chiyillayotgan jo‘jalarni ko‘rmoqchi bo‘ldi. Devorga tirab qo‘yilgan traktor g‘ildiragiga suyangancha, qo‘liga cho‘p tutib, hurpayib turgan tovuqni turtkilay boshladi. Keyin ona tovuq hamlasidan qochaman, deb beixtiyor omonat turgan g‘ildirakka osildi-yu, qanday qilib oyoqlari temir qasqon ostida qolganini sezmay qoldi. Avvaliga oyoqchalarini tortib olishga rosa urindi, butun vujudini og‘riq qamrab, chorasiz qolgandagina yordam so‘rab dodlay boshladi…

Uydagilari uni behush holda topishdi. Kun kech bo‘lib qolgan, shahar shifoxonasi ancha olisda. Chora qidirib, yaqin orada yashaydigan tabibga olib borishdi. Bolaning oyoq suyaklari sinib ketgani ayon edi. Taxtakachlar orasiga olib, mahkam tang‘ib bog‘lagandan keyin oyoqlar og‘rig‘i tinganday bo‘ldi.

Aytilgan fursatda jarohatdagi bog‘lamlar yechildi. Onayizor o‘g‘lining oyoqchalariga qarab go‘yo yuragi to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Otasi tog‘dan qaytgach, Hoshimjonni shahar markazidagi tajribali shifokorlarga ko‘rsatib, davolatishdi – natija bo‘lmadi. Bolakay ikki oyog‘idan ajralib, nogiron bo‘lib qoldi…

Ammo bolajon taqdirga tan berib, to‘shakka mixlanib yotaveradiganlardan emas edi. Shu holda ham g‘ayrati uni o‘z holiga qo‘ymadi. Uzoq va mashaqqatli mashqlardan keyin qo‘llariga tayanib harakatlanadigan bo‘ldi.

Hoshimjonning hayvonot olamiga mehri bo‘lakcha edi. Dadasi minib yurgan ko‘k qashqa ot uning eng yaqin do‘stiga aylangan, mol-qo‘ylari, bo‘ribosar iti ham bor edi. U “Oq bo‘rilar” filmini berilib tomosha qilar, o‘zini kino olamiga kirib qolgandek baxtiyor his etardi. Shunday kunlarning birida televizor o‘chib qoldi. Qo‘shnining uyiga kirib kino ko‘rishni o‘ziga ep ko‘rmay, asbob-uskunalar solingan qutini qidira boshladi. Hamma ishga qiziqib, amalda bajarishga bel bog‘laydigan o‘g‘lini ko‘ngilsizliklardan saqlash uchun ehtiyot choralarini ko‘rib yuradigan onasi qutini yashirib ketgan edi. O‘ylay-o‘ylay yo‘lini topdi. Qo‘liga tushgan kattakon mixni ikki toshning orasiga olib, zarb bilan urib yapaloq holatga keltirdi-da, moslama yordamida televizor qutisini ochdi. Shoshilmay o‘rgandi. Qorayib qolgan bitta chiroqchasi o‘rniga ekrani kuyib qolgan eski televizor chirog‘ini olib qo‘ydi. Sozlagach, televizor ishlayotganini ko‘rib, sevinchdan hayqirib yubordi. O‘sha kuni birinchi marta o‘zidan ko‘ngli to‘ldi. Ertasiga necha yildan beri ishlamay yotgan kir yuvish mashinasini ta’mirlab, onasini xursand qildi. Sekin-asta televizor, magnitofon kabi ko‘plab radiotexnika vositalarini sozlashni o‘rgandi. Hoshimjon o‘n olti yoshga kirganida ishi tushib uni yo‘qlab keladiganlar ko‘paydi. Do‘stlari, hamsuhbatlari safi tobora ortib boraverdi.

Shunday kunlarning birida mahallaga yumush bilan kelgan Qobiljon Sultonov degan nomdor teleusta bilan tanishib qoldi. Unga shogird tushib, tuman markazida joylashgan “Zangori ekran” radiotexnika ustaxonasiga qatnay boshladi. Uylaridan avtobus bekatigacha ancha masofa. Bir-ikki oy borib amaliyot o‘tashi kerakligini fahmlagach, hech kimga maloli kelmaydigan yo‘lini izladi va imkonini topganday bo‘ldi. Uch g‘ildirakli velosiped sotib olib, unga baquvvat g‘ildirakchalar, qulay o‘tirishi uchun egar o‘rnatdi. Qo‘l bilan haydaladigan velosipedda endi bemalol avtobus bekatiga borib, uyiga qaytadigan bo‘ldi. Avvaliga odamlarning hayratomuz nigohlari, uni ko‘rganda bir-biriga pichirlab gap qotishidan ko‘ngli g‘ashlandi, o‘ng‘aysizlandi. Keyin-keyin hammasiga ko‘nikdi. Ularga parvo qilmay hunarni puxta o‘zlashtirish payida bo‘ldi.

Bir kuni nogironlar uchun maxsus bilim yurti borligini eshitib, ota-onasi bilan maslahatlashib, rozilik olib, yo‘lga tushdi. O‘quv dargohiga kirib borganida o‘ziday yigit-qizlarni ko‘rib, shu yerda o‘qishni niyat qildi. O‘quv dargohi rahbari oldiga kirdi.

– O‘g‘lim, iloji bo‘lsa, sizni jon deb imtihonsiz qabul qilardik. Dars xonalarimiz ikkinchi-uchinchi qavatlarda joylashgan. Zinalardan chiqib-tushishingiz muammo bo‘ladi. Qiynalib ketasiz. Bizdan saboq olsangiz ham, hozirgidek malakaga ega bo‘lardingiz-da. Bizda o‘rganishingiz kerak bo‘lgan kasb-hunarni allaqachon egallab olibsiz. Iltimos, mendan xafa bo‘lmang…

Hoshimjon uyga qaytgach, onasiga ko‘zidagi hasratini ko‘rsatmaslikka harakat qildi. Bor alamini mehnatdan oldi. Mahalladagi bog‘bon amakisi – Mamasoli akadan daraxt payvandlash sirlarini o‘rganishga tushdi. Bozordan, o‘zlarining bog‘idan keltirilgan meva danaklarini katta hovliga onasi, do‘stlari yordamida ekib, ko‘chat undirdi. Shaftoli va o‘rikning noyob turlari novdalaridan kesib olib, ona kurtaklarni yangi ko‘chatlarga payvandladi. Bir-ikki yilda usta bog‘bonlarday mevali ko‘chat o‘stirishning yangicha usullarini topib, undan daromad ola boshladi. Ota-onasining chin dastyoriga aylandi-qoldi.

O‘sha kezlarda men tuman ijroiya qo‘mitasida “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” bo‘limida ishlardim. Tumandagi “Oq oltin” gazetasi muxbirlaridan biri menga sim qoqib, “Chilon” qishlog‘ida bir nogironligi bo‘lgan yigitcha borligini aytib, manzilini berdi. Uni qidirib topdim. Zebixon aya peshvoz chiqib, “Mana, mening bolam” deya Hoshimjonga ishora qildi. Yigitcha ko‘ziga yosh olib ro‘moli chetini tishlab turgan onasiga bir qarab qo‘ydi-da, chaqqonlik bilan yonimga keldi:

– Opa, meni birinchi ko‘rgan odamning hayratlanishiga ko‘nikib qolganman. Bilaman, buning qo‘lidan nima kelardi, deb o‘ylayapsiz. Men ko‘p ishni uddalayman. Tomorqadagi mevali ko‘chatlarning hammasini o‘zim payvand qilganman. Anavi gullarni o‘stirganman. Qo‘ra-qo‘ra qo‘ylarni boqib, semirtirish uchun qoplardagi makkajo‘xori donini mardagidan ajratgan ham men…

Katta hovli tomorqasida bir qarich bo‘sh yerning o‘zi yo‘q. Turli meva ko‘chatlariga birdek shakl berilgan. Qizil, oq rangdagi atirgullar tovlanib turibdi. Suhbatimiz davomida u yana shunday dedi:

– Kimning hovlisida chiroyli ochilgan gul ko‘rsam, kuzda borib novdasidan qalamcha olib ko‘kartirishni odat qilganman. Qarang, xilma-xilligini. Yer eng yaqin og‘aynim, do‘stimga aylangan…

Zebixon ayaning-da orzulari ushaldi. Hovli to‘y ko‘rdi. Kelini Hayotxon ularning hayotiga yorug‘lik olib kirdi. Nabirasi Hosilabonuni to‘yib-to‘yib bag‘riga bosdi. Alla aytib xumordan chiqdi.

Hoshimjon bilan yo‘qlashib turamiz. Prezidentimiz 2025-yilga “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deya nom bergan kuni jo‘shib qo‘ng‘iroq qilib qoldi:

– Opa, bizning yilimiz keldi. Onam rahmatlining otasi Mahkam bobom bog‘bon o‘tgan ekan. Undan meros bo‘lib qolgan katta bog‘ni otam ikkimiz gurkiratdik. Yoshlarga ibrat bo‘lsin deb, yaxshidan bog‘ qoladi degan hikmatni uqtiradigan qilib, “Mahkam bobo bog‘i” deb nom berdik. Onam bog‘bonning qizi-da, farzand ko‘rganimda ismini serhosil, sermeva bo‘lsin, deb Hosilabonu atagan. Farzandlarimiz ham nima sababdan ona yerga, yashillikka, bog‘-rog‘larga bu qadar ahamiyat berilayotganini tushunib, tabiatni asrab-avaylaydigan avlod bo‘lsin! Kesishdan ko‘ra, ekishni ko‘zlaydigan olijanob odamlar soni ortaversin! Xalqimizda bog‘bon oqil bo‘lsa, yer ko‘karadi, yer ko‘karsa el ko‘karadi, degan naql bor. Bu yil yurtimiz yanada yashnaydigan bo‘ldi, opa, – dedi Hoshimjon quvonib.

Munavvara USMONOVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600