Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.03.2025 | 10:38

img626

“ABADIYLIK TILAMAYMAN BU FANODAN…”

Farg‘onaning qadim qishloqlaridan biri – Dutirda o‘zbekning iste’dodli va kamtarin shoiri Bahodir Iso yashab… o‘tdi. U kishi bilan ilk bor ko‘rishib, suhbatlashgan inson “Nahotki, el og‘ziga tushgan baland she’rlarni shunday sodda odam yozgan bo‘lsa?!” deb hayratlanishi tayin edi.
Hamma o‘zining yaxshi tomonini ko‘rsatishga urinadi. Yaxshi odatlarni o‘zlashtirib olish mumkindir, lekin odam ataylab samimiy bo‘la olmaydi. Bahodir Iso tiynati pok, tug‘ma, tabiiy yaxshi odam edi. Gaplashganning dardi arib, ruhi yengil tortardi. Uning o‘zi ham, so‘zi ham samimiy, she’rlari-da toza, nurli, ko‘ngilga yaqin edi.
Bahodir Iso 70-yillar o‘rtalarida she’riyatga yaraqlab kirib keldi va tabiiyki, unga poytaxtda yashab, ijod qilish taklifi ko‘p bora berilgan. Ammo u o‘ziga xos o‘jar va tanti fe’liga ko‘ra, qishloqdoshlari orasida yashashni afzal bildi. Shoir bir umr o‘zini qiynab, boshqalarning ko‘nglini avaylab yashadi.
Bahodir Iso zo‘r shoir, usta kulol, mohir rassom, cho‘ng haykaltarosh edi. Bugun mahallasi hamda qishlog‘i maktabida u yaratgan haykaltaroshlik namunalarini ko‘rish mumkin.
Ustozning tug‘ilgan kunida bir dasta she’rlarini gazetamizda chop etib, quvontirmoqchi edik. Afsus, ulgurmadik. Kutilmaganda Farg‘onadan “Bahodir Iso vafot etdi” degan noxush xabar keldi.
Nachora, taqdir hukmiga ko‘nishdan o‘zga chora yo‘q. Iloyim, ustozning oxirati obod bo‘lsin.
Quyida go‘zal va haroratli ijodi bilan adabiyot muxlislarining ko‘nglida o‘ziga haykal qo‘yib ketgan iste’dodli shoir Bahodir Isoning bir turkum she’rlarini e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.

ILTIMOS
Yuragimni ochib ko‘ringlar,
Yo unga tig‘ sanchib ko‘ringlar –
Qonlarimni yerga ayamay,
sochib,
sochib,
sochib ko‘ringlar –
Yerda
Qatra-qatra qonimdan
Qizg‘aldoqlar o‘sib chiqadi.
Ming-ming bo‘lak bo‘lgan jonimdan
Vatan degan yozuv chiqadi…

Ko‘zimga ko‘z tikib ko‘ringlar,
Yo qo‘shbigiz tiqib ko‘ringlar –
Parpiragan yog‘du chiqadi…
Keyin…
Yana o‘qib ko‘ringlar –
O‘sha
duv-duv yog‘du ichra ham
Vatan degan yozuv chiqadi!

…Qilmasangiz bu ishni udda,
Iltimos, ko‘p sayramang unda!

UMR
Izlab topolmaysan,
chiranma bekor,
Ilohiy Xattotning
xatidan
xato.
U
senga
bu xatni
bitmaydi takror,
Bu tortiqni
qayta
etmaydi
ato.
Sen uchun bitilgan bitik –
mukammal,
Nuqson yo‘q
sen uchun o‘qilgan
nutqda.
Bir kun
kelishidan
sen qo‘rqqan ajal –
Joyiga qo‘yilgan
Chiroyli
nuqta.

YAXSHILAR BOR, YAXSHIYAM
Bu beshafqat dunyoda,
Yaxshilar bor, yaxshiyam.
Mehr qahat dunyoda
Yaxshilar bor, yaxshiyam.

Oyoqosti diyonat,
Yaqinmi-yo qiyomat?
Go‘daklarga himoyat,
Yaxshilar bor, yaxshiyam.

To‘kilsayam yerga qon,
Uzilib tushmas osmon.
Baloga balogardon
Yaxshilar bor, yaxshiyam.

Balki xon zamonida,
Tobi yo‘q vijdonida.
Bu jahon ayvonida
Yaxshilar bor, yaxshiyam.

Mard ishonar ahdiga,
Gado rizo naqdiga.
Bahodirning baxtiga
Yaxshilar bor, yaxshiyam.

BO‘LGANIM SHU…
Meni yaxshi ko‘rganlar ko‘p, to‘g‘ri, biroq,
Jini suymay yurganlar ham undan ko‘proq.

Demak, yomon odamman deb kuyunmay ham,
Juda yaxshi odamman deb suyunmay ham.

Taroziga qo‘yilganda faqat amal,
Yaxshiligim og‘ir kelsa bo‘ldi sal-pal…

Agar erta tushmaganda boshga kallik,
Da’vo qilsam bo‘lar edi mukammallik…

Hay, mayli-da, yaxshimanmi yo yomonman,
Men ham sizdek Haq yaratgan bir insonman.

Abadiylik tilamayman bu fanodan,
Xafamasman hakim Luqmon yo Sinodan.

Tushgach umr kitobimga so‘nggi nuqta,
Hammangizni tark etaman xuddi yo‘qday…

Ha, shunaqa,
Mendan sira hadik olmang…

Gap – shu.
Boring,
Endi siz ham,
Yo‘ldan qolmang!

HALI O‘LMAGAN ODAM
“Boshiga tosh bilan bir ursam…”,
deb o‘ylaydi kimdir men haqimda.
“Boshini bag‘rimga bossam…”
deb o‘ylaydi kimdir men haqimda.

Men esa
ko‘tarib yuraman
o‘sha –
ming marta tosh tegib yorilgan,
issiq bag‘irlarda dimiqqan,
hamma uchun qiziq
boshimni…

OQ AYIQ
Ummon…
Ummon…
Qulochlari
cheksiz yoyiq…
Bahor kelib,
Eriyapti uning muzi…
Ummonning qoq o‘rtasida
bir oq ayiq
Holsiz suzib borayotir
yolg‘iz o‘zi…
Tirikchilik
sho‘rlikni shu holga solgan –
Baliqmi yo
bir baloni kelgan ko‘zlab.
Sohil esa
ancha olis,
olis qolgan…
Toparmikin
endi uni
qayta izlab…
Eh, oq ayiq,
Uh, oq ayiq…
Oh, oq ayiq…
Ketmasaydi
adog‘i yo‘q suvda o‘lib…
Go‘l bo‘lmasa,
Sohillarni badar qo‘yib,
Muzga ishonch bog‘laydimi
kelib-kelib?
Oq ayiqqa
ko‘nglim juda achishyapti…
Qolarmikin
cheksiz ummon ichra
omon…
U esa muz parchasiga yopishyapti,
Meni shu muz eltadi deb
sohil tomon…

ODAMLAR ICHIDAN ODAM IZLADIM
Uni sizladim men,
Buni sizladim.
Odamlar ichidan odam izladim.
Shaytonlarga uchrab, kuydim, muzladim,
Odamlar ichidan odam izladim…

Bir dardkash qidirdim,
Bir do‘st axtardim.
Loqaydlar beparvo tingladi dardim…
Uchratib qolarman deya bir mardin,
Odamlar ichidan odam izladim…

Qashqirlar quturdi,
Ko‘ppaklar hurdi…
Chayonlar chaqay deb izimdan yurdi…
O‘rgimchak inini ko‘zimga qurdi,
Odamlar ichidan odam izladim…

Menga odam kerak!
Haqiqiy odam!
Topsam, yuragimdan quvilar motam…
Oyoqyalang qo‘yib cho‘g‘larga qadam,
Odamlar ichidan odam izladim…

Ma’yus she’rlarimni tinglaydi kim deb,
Tinglab, yurak-bag‘rin tig‘laydi kim deb,
Bahodir Isoni anglaydi kim deb,
Odamlar ichidan odam izladim…

YORISHGAN DIL
“Rasm chizsang, gunohkorsan”,
deya johil ulish berdi,
Tamoman sindirib ruhim,
vujudimga so‘lish berdi.
Nihoyat bir mukarram zot
dedi ko‘nglimga nur yo‘llab:
“Shukr deng Al-Musavvirga,
o‘zi sizga ulush berdi”.

DO‘ST IZLASANG…
Do‘st izlasang, avvalo, o‘zing do‘st bo‘l boshqaga,
Muhtoj kuni ko‘makka uzatgin qo‘l boshqaga.

Adashgan dam yo‘lidan, joy olgin-u ko‘nglidan,
Mahkam tutib qo‘lidan, ko‘rsatgin yo‘l boshqaga.

Gʻarib bo‘lsa, tengi bo‘l, yoqasi yo yengi bo‘l,
Har ishining o‘ngi bo‘l, bo‘lmagin so‘l boshqaga.

Mehr to‘ldir ko‘zingga, sehr to‘ldir so‘zingga,
Gulzor tanlab o‘zingga, ko‘rsatma cho‘l boshqaga.

Do‘stlikdan do‘stlik paydo, ey sen Bahodir Iso,
Do‘st izlasang, avvalo, o‘zing do‘st bo‘l boshqaga.

BAHOR
Yerning siynasidan toshdi harorat,
Haykal daraxtlarga takror kirdi jon,
Tomlarning labida turib omonat,
Yalqov mushuklar ham boshladi fig‘on…
Shifokor quyoshning malham tig‘lari
Bemor jussasini uzdi to‘shakdan –
Ana, ko‘tarildi bug‘doy tug‘lari
Chorbog‘da qor bosib yotgan xashakdan…
O‘choqlar og‘ziga islanib qaytdi
Mo‘rilar bo‘g‘zidan tutgan tutunlar.
Eshitdim – Xudoga shukrona aytdi
Oxiri ko‘rinib qolgan o‘tinlar.
Tuproq ko‘pchib berdi yetilgan qizday,
Chapani ketmonga boqdi suzilib…
Bo‘g‘otda xanjarga aylangan muzda
Qartaygan qish joni ketdi uzilib…

ZARDA
Muncha tahlikaga tushmasa bu kas,
Nahotki ko‘zlari borni ko‘rmaydi.
Men axir dunyoda bitta shoirmas,
Xudo she’rni yolg‘iz menga bermaydi.

Yozaman deganga osmon ham qog‘oz,
Haqiqiy shoirlar esa juda oz…
Ayting, g‘amga botib solmasin uvvos,
Xudo she’rni faqat menga bermaydi.

O‘ylayman: Shoirlik… Nima o‘zi bu?
Qayg‘u kosasiga quyilgan og‘u…
Olsin agar unga kerak bo‘lsa shu!
Xudo she’rni faqat menga bermaydi.

Ajriqda osmonga qarab yotibman,
Goh obod, gohida nurab yotibman,
Hasadgo‘yga insof so‘rab yotibman…
Xudo she’rni faqat menga bermaydi!

SIZ SHOSHILMANG…
Siz shoshilmang,
oshiqmang buncha,
Hali baho berishga erta.
Shoir
hamma kabi
buguncha
Kuymalanib yuribdi yerda.

Sabr qiling,
dunyodan o‘tib,
Singib ketgach tuproqqa jismi,
Dilingizni sog‘inchi tutib,
Tilingizga to‘ladi ismi…

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 9-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605