18.03.2025 | 09:36
584
HAM SAYOHAT, HAM ZIYORAT
O‘zbekiston va Malayziyani o‘zaro teng manfaatli hamkorlik, bir-biriga yaqin madaniy qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar mustahkam bog‘lab turadi. Bu mamlakat respublikamiz uchun Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi muhim sheriklardan biri. Keyingi yillarda ikki davlat ham xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilm-fan va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Prezidentimiz joriy yilning fevral oyida rasmiy tashrif bilan Malayziyada bo‘lib, oliy darajada muzokaralar o‘tkazdi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi siyosatchilari, ishbilarmon doira vakillari va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashdi, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlar tasdiqlandi. Savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, texnologik kooperatsiya, neft-kimyo, elektronika, “yashil” energetika va boshqa ko‘plab ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.
Shuningdek, turizm sohasidagi hamkorlik doirasida Kuala-Lumpur va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, malayziyalik sayyohlar uchun O‘zbekistonning tarixiy va diniy merosi bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish, Umra safariga boruvchilar uchun qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda xalqaro darajadagi mehmonxonalar va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, Malayziyaning yirik sayyohlik kompaniyalarini yurtimizga jalb qilish, turizm sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ikki davlat universitetlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan ham kelishuvlarga erishildi. Bular O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat.
Ziyorat turizmi, madaniy va tarixiy sayyohlik hamda ekoturizm yo‘nalishlari so‘nggi yillarda har ikki davlat uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bugun O‘zbekistonga kelayotgan malayziyalik sayyohlar soni hamda Malayziyaga safar qilayotgan o‘zbekistonlik turistlar oqimi sezilarli darajada oshdi.
2023-yilda O‘zbekistonga 4396 malayziyalik sayyoh kelgan. O‘tgan yili ular soni teng barobar oshib, 9464 nafarga yetdi. Bu mamlakatimizning malayziyaliklar uchun jozibali sayyohlik maskaniga aylanayotganidan darak. Malayziyalik sayyohlar asosan Buxoro, Samarqand va Xiva kabi tarixiy shaharlarga boradi. Chunki bu shaharlarda islom madaniyati va tarixiga oid ko‘plab noyob yodgorliklar bor.
So‘nggi yillarda Umra safaridan oldin yoki keyin O‘zbekistondagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish tendensiyasi kuchayayotgani kuzatilmoqda. Chunki bu zaminda islom dunyosida yuqori nufuzga ega allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband singari ulug‘lar yashab o‘tgan. Ular maqbarasini ziyorat qilish maqsadida keluvchi turistlar uchun qulay sharoit yaratilgan.
Bugun ko‘plab malayziyalik sayyohlar Hazrati Imom majmuasida saqlanayotgan Usmon mus’hafini ko‘rish orzusida ekanini bildiradi. Shuning o‘zi ham turistlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Malayziyalik sayyohlarni yurtimizga jalb qilish uchun yana bir qancha turistik paketlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Masalan, Umra safariga ketayotgan malayziyalik ziyoratchilar uchun Kuala-Lumpur – Toshkent – Samarqand – Buxoro – Jidda marshrutini qamrab oluvchi “Umra plyus”, Samarqand, Buxoro, Termiz shaharlaridagi ziyoratgohlarga sayohat qilishni qamrab olgan “Oltin silsila”, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi dasturi doirasida malayziyalik talabalar uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” turistik paketlarini ishlab chiqish lozim.
“Umra plyus” paketi orqali O‘zbekistonning boy islomiy, diniy va madaniy merosi – qadimiy ziyoratgohlar, tarixiy shaharlar va mutafakkir olimlar ziyorati xalqaro miqyosda keng targ‘ib etiladi. Maqsad musulmon sayyohlarni jalb qilish orqali nafaqat diniy e’tiqodni mustahkamlash, balki mamlakatimiz turizmida yangi mahsulotlar yaratish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish yo‘lida mustahkam poydevor qurishdir.
Ushbu paket bo‘yicha turistlarni qabul qilish uchun bir qancha tashkiliy ishlarni bajarish zarur. Jumladan, Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari ziyoratgohlaridagi turistik infratuzilmani takomillashtirish, bu jarayonda “musulmon mehmondo‘stligi” standartini joriy etish yo‘li bilan mehmonxona va umumiy ovqatlanish tizimida ziyorat turizmi xizmatlari sifatini yana ham yaxshilash talab etiladi.
O‘zbekistonlik sayyohlar uchun esa Malayziya ko‘p qirrali turistik yo‘nalishlardan biridir. Ular asosan Penang, Langkavi orollari, Kuala-Lumpur va Malakka shaharlariga sayohat qilishni afzal ko‘radi. Malayziya osmono‘par binolari, zamonaviy savdo markazlari hamda dam olish va ekoturizm yo‘nalishlaridagi keng imkoniyati bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
Ayniqsa, xalqaro darajadagi kurortlar va plyajlar o‘zbekistonlik sayyohlar orasida mashhur. Langkavi va Batu Ferringi kabi ekzotik joylar yurtdoshlarimiz uchun asosiy dam olish maskaniga aylandi. Shuningdek, Malayziyaning boy milliy oshxonasi, ayniqsa, dengiz mahsulotlariga boy taomlari o‘zbekistonliklarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro turistik oqimni yanada ko‘paytirish uchun qator muammolar mavjud bo‘lib, bugun ularning yechimi ustida ishlash zarur. Jumladan, hozir Toshkent – Kuala-Lumpur – Toshkent yo‘nalishidagi aviaqatnovlar soni cheklangan, reyslar narxi ba’zi sayyohlar uchun qimmatlik qilishi mumkin. Yaqinda Malayziyaning “Air Asia X Berhad” aviakompaniyasi samolyotlari Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishida muntazam qatnay boshlagan bo‘lsa-da, reyslar sonini yanada ko‘paytirish va aviakompaniyalarni jalb etish muhim.
Har ikki davlat sayyohlarining aksariyati mavjud imkoniyatlar va turizm yo‘nalishlari haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Turizm agentliklari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, axborot portallari va ijtimoiy tarmoqlarda reklamani kengaytirish lozim. O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini Malayziyada targ‘ib qilish va aksincha, Malayziya sayyohlik sohasini O‘zbekistonda keng yoritish kerak. Bu ishlarni bajarish uchun xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida ishtirok etish, onlayn marketing strategiyalaridan foydalanish hamda influyenserlar bilan hamkorlik qilish samarali bo‘lishi mumkin.
Yana bir muhim masala shuki, yurtimizda ziyorat turizmi yo‘nalishidagi mehmonxonalar, ziyoratgohlar va turizm obyektlarini xalqaro standartlarga moslashtirish kerak.
Turizm rivojlanishi uchun eng muhim omillardan yana biri viza rejimini yengillashtirish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishdir. Bu boradagi ishlarni qoniqarli desa bo‘ladi. 2018-yildan boshlab O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Bu chora-tadbirlar O‘zbekistonga kelayotgan malayziyalik sayyohlar sonining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.
Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida sayyohlar uchun qulay logistika imkoniyatlarini yaratish masalalari ham muhokama qilinmoqda. Shuningdek, mehmonxonalarda musulmonlarga mos turizm standartlarini joriy qilish, maxsus gidlar va mobil ilovalar orqali turistik xizmatlarni takomillashtirish kabi muammolarga yechim topish ham dolzarb masaladir.
O‘zbekiston va Malayziya turizm sohasida oliy ta’lim hamkorligini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. Hozir Malayziyaning nufuzli universitetlari va O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan. Bu esa talabalar va mutaxassislar almashinuvini ta’minlash, malaka oshirish kurslari hamda stajirovkalarni tashkil etish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, malayziyalik mutaxassislar O‘zbekistondagi turizm kollejlari va universitetlarida mahorat darslarini o‘tmoqda.
Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Chunki akademiya bu yo‘nalishda, ayniqsa, ziyorat turizmi sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlaydi va Malayziyaning xalqaro islom universiteti bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi.
Kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasida kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish maqsadida qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, trening va seminarlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Malayziyalik sayyohlar uchun O‘zbekistonda maxsus “Ziyorat turizmi” marshrutlari tashkil etish, islom merosini o‘rganish va madaniy aloqalarni mustahkamlash imkoniyatlari yaratilmoqda. Bundan tashqari, “Halol” standartlariga mos mehmonxonalar va restoranlar ham ko‘payib boryapti.
Turizm sohasi faqat sayyohlar oqimi bilan cheklanmay, biznes va investitsiyalar uchun ham katta imkoniyatlar taqdim etadi. Hozir malayziyalik investorlar O‘zbekistonda mehmonxonalar, dam olish maskanlari, restoranlar va sayyohlik xizmatlari tarmog‘ini rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida qo‘shma turistik kompaniyalar tashkil etish va maxsus turizm loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Investorlar uchun investitsiya muhitini yanada yaxshilash va jozibadorligini oshirish, soliq imtiyozlari, yer uchastkalari ajratish va infratuzilmani yaxshilash kabi chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Kelgusida ikki davlat o‘rtasida sayyohlik sohasida tadbirkorlar uchun forumlar, biznes anjumanlar va ko‘rgazmalar tashkil etish rejalashtirilyapti. Bu orqali nafaqat turizm, balki mehmonxona biznesi, transport va logistika, ovqatlanish xizmatlari hamda boshqa sohalarda ham hamkorlikni mustahkamlash mumkin.
Imkoniyatlardan samarali foydalanish va hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun ikki davlat hukumatlari hamda xususiy sektor vakillari hamjihatlikda ishlashi lozim. Shunda ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
Muzaffar KOMILOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



