Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.03.2025 | 09:11

img560

RASULNING PATIMATI

Mashhurlarning ayollariga hamma havas qiladi. Go‘yoki ularning hayoti har tomonlama to‘kis, faqat baxtdan iboratday. Aslida-chi? Balki, el nazariga tushgan insonlarning rafiqalariga ikki karra og‘irroqdir? Agar uning turmush o‘rtog‘i millat qayg‘usi, she’r dardi bilan yashayotgan katta shoir bo‘lsa-chi? Ular avvalo turmush o‘rtog‘i uchun nafaqat yashashga, balki u kabi o‘ylab, u kabi sevib-nafratlanadigan, ayni paytda u bilan mavjud muhit orasida ko‘prik vazifasini bajara oladigan yelkadosh bo‘lishga majbur. Dog‘iston xalq shoiri, avar millatining faxri Rasul Hamzatovning rafiqasi Patimat Hamzatova ham chin ma’noda shoirning yarmi, sadoqatli do‘sti, sirdoshi va eng birinchi tinglovchisi bo‘lgan.

Shoir Rasul Hamzat “Muhabbat ilmi” she’rida “Matematik emasman, menga qiziqmas raqam, kamina patematik, qancha ma’no bunda jam. Chunki butun umrimni bag‘ishladim shu fanga, Chunki butun hayotim fidodir Patimatga” deb yozgan edi. U men patematika fanlari doktoriman deb hazillashardi.

Patimat Rasulga begona emas, ovuldoshi, qarindoshi, bolaligida unga ergashib yuradigan, o‘zidan 8 yosh kichkina jingalaksoch qizcha edi. Yillar o‘tib o‘qishni bitirib kelgan Rasul hovlida yurgan navrasta suluvni boshida tanimadi. Nahot o‘sha men bolaligida yig‘lasa ovutadigan, onasi biror yumush bilan chiqib ketsa qo‘rib o‘tiradigan jajji qizaloq Patimat bugun bo‘yi yetib go‘zal qizga aylangan bo‘lsa deb hayron qoladi va unga nisbatan ko‘nglida bir iliqlik tuyadi. Hamzatov Patimatga bag‘ishlangan she’rida “Qaniydi yana bir bor qaytsag-u bolalikka, onang meni chaqirib qaratsa meni senga…” deb yozadi.

Patimat unga nafaqat bolaligidagi do‘sti, balki bir umrlik hayot yo‘lida hamrohi bo‘ldi. U san’atshunos bo‘lganligi uchun adabiyotni, she’rni juda nozik tushunardi. Shoirning eng qattiqqo‘l tanqidchisi ham, birinchi tinglovchisi ham, adabiy maslahatchisi ham xotini Patimat edi. Rasul har gal unga ijod mahsulini taqdim etarkan, qarshisidagi tinglovchi ayovsiz ekanini his qilib turgan. Xotinining aytishicha, Hamzatov har bitta she’rini to‘rt-besh martalab tahrir qilib, ko‘ngli to‘lmaguncha qayta-qayta ko‘chirarkan, ba’zi she’rlarining o‘chirib yozilgan qo‘lyozmalari besh-oltitalab bo‘p ketgan.

Shoirni yaqindan bilgan do‘stlari “U rafiqasini juda avaylardi, uni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqardi, “xotinini hurmat qilmagan er mard emas” derdi, hamma masalada Patimatga suyanardi, bamaslahat ish ko‘rardi”, deb eslashgan. Tabiiy, ayoli ham aqli zakovati, mehribonligi, tadbirliligi va sabr-qanoati bilan bunga munosib edi.

– Bir gal Patimat ularning oilaviy do‘sti, sobiq DASSR ministrlar soveti raisi Shaxrudin Shamxalovnikiga borganda Rasulning qaysidir xatosi tufayli ranjib, unga do‘stona tanbeh berib qo‘yishini so‘ragan, deb eslaydi yaqin do‘sti Abdulatif. – Shamxalovning qo‘ng‘irog‘idan hech qancha vaqt o‘tmay, Rasul yugurib kelgan va eshikdan kirib-kirmay “Patimat, shu yerdamisan? Qanday qilib bitta kulging uchun butun davlatni hadya qilib yuboradigan Hamzat o‘g‘li Rasuldan shikoyat qilishing mumkin-a?” deya xitob qilgan. Hozir meni rosa koyisa kerak deb qo‘rqib turgan Patimat boshqalar bilan qo‘shilib kulib yuboradi. Doim har qanday qaltis vaziyatlarda ham yumor bilan chiqib ketadigan shoir bu gal ham oson qutulib qoladi.

Qizi Patimatning xotiralaridan:

– Otam uchun ijoddan muhim narsa yo‘q edi. U ko‘proq tungi payt yoki erta tongda turib she’r yozardi. Ijodxonasiga kirib ketdimi, uni hech kim bezovta qilmasdi, hamma oyoq uchida yurib, past ovozda pichirlashib gaplashardi. Dadam dunyoga kelayotgan she’rlarini baland ovozda ohangga solib qayta-qayta o‘qiyotgani qulog‘imizga chalinardi. Biz yana bir go‘zal ijod namunasi tug‘ilayotganidan xabardor bo‘lardik. To‘g‘ri, otam yumshoqfe’l, mehribon, bizga biror marta ovozini balandlatib gapirmagan odam edi. Ammo she’r yozayotganda u faqat o‘zi bilan yolg‘iz qolardi. Hatto onam ham behudaga bezovta qilmasdi.

Shoir xotiniga bag‘ishlar ash’or:
“Sen o‘zing quyoshim, oyim, yulduzim.
Sen yonimda bo‘lsang jo‘shadi bahor,
Agarda yo‘q esang boshlanar kuzim…”
Mana ostonada turar o‘sha nur,
Ijozat so‘raydi uyga kirishga.
“Senmi? – jerkir shoir.
– Xudo xayr bergur,
Xalaqit bermagin ijod qilishga”.

Tabiiy, uydagi xo‘jalik ishlari, bozor-o‘char, bizning darslarimiz, orqasi uzilmas keldi-ketdilar hammasi onamning zimmasida edi. Onam san’atshunoslik muzeyi direktori edi. Davlat ishi, ilm qilish bilan birga yana katta bir mas’uliyat – shoirning xotini bo‘lishdek burchni ham risoladagidek eplardi. Maxachqal’adagi uyimizning qurilishi, ustalar bilan kelishish, arxitekturasi hammasi onamning tashabbusi bilan bo‘lgan. To‘g‘ri, otam moddiy tomonini hal qilib bergan, ammo boshqa hech nima bilan ishi bo‘lmagan. U hatto o‘zi uchun bitta dastro‘molchayam sotib olmagan, hamma narsasini onam olib kelardi. Uyimizda mehmon kelmagan payt deyarli bo‘lmasdi. Otam doimiy tashriflar, do‘st-u yor tanishlar, she’riyat muxlislari, shogirdlaridan ortmasdi. Biz otam bilan juda kam birga bo‘lardik. U kishi safarlarda ko‘p yurardi. Doimiy uchrashuvlar, tadbirlar, yig‘ilishlardan bo‘shamasdi. Har gal safarga kuzatish va kutib olishda hammamiz onam bilan oilaviy chiqardik. Dadam bizni va ro‘zg‘orni onamga topshirib uzoq yurtlarga uchardi.

Agar sen bo‘lmasang yorug‘ olamda,
Mening har bir kunim o‘tardi karaxt.
Sensiz meni hech kim yoqmasdi g‘amda,
Sensiz menga hech kim berolmasdi baxt.
Sensiz ishq o‘tida qanday yonardim?
Safardan sog‘inib kelardim kimni?
Agar sen bo‘lmasang qanday yozardim,
Ishqqa bag‘ishlangan ash’orlarimni?

Shoirlar bolalarga o‘xshaydi – ularga alohida parvarish kerak, degan gap bor. Chindan ham haqiqiy shoirlarda yosh bolalarga xos sofdillik, beg‘uborlik, rostgo‘ylik, tavakkalchilik, xayolparastlik kabi ko‘plab xislatlar mavjud. Bu fazilatlar ba’zan o‘zining zarariga ishlasa ham, shoirning boshqa iloji yo‘q – u boshqacha yasholmaydi. Shu bois unga yonida bir umrlik jonkuyar, mehribon hamroh kerak bo‘ladi. Kulsa kuladigan, kuysa… undan oldin ko‘z yosh to‘kadigan darddosh, yelkadosh. Rasul va Patimat yarim asrga yaqin birgalikda ana shunday hamfikr, hamdard bo‘lib yashashdi. Ularning turmushi haqida zamondoshlari, do‘stlari doim havas bilan gapirishadi. Patimat Hamzatovdan uch yil burun 69 yoshida olamdan o‘tadi.

“Otam onamsiz juda qiynaldi, uning yo‘qligiga ishongisi kelmasdi, ko‘chadan kirib kelib, onang biror yoqqa ketdimi, hozir kelib qolar, derdi. Uch yil yolg‘izlikdan so‘ng u ham ortidan ketdi”, deydi qizi. Rasul Hamzatovni yurtdoshlari, mas’ul shaxslar Maxachqal’adagi alleyada dafn qilmoqchi bo‘lib tayyorgarlik ko‘rishayotganda, qizlari otamni tug‘ilib o‘sgan yeriga, onamning yoniga qo‘yamiz, ular doim birga bo‘lishgandi, yonma-yon yotishlari kerak, degach, qishlog‘i Sadaga olib ketishadi. Ulardan uch qiz Zarema, Patimat va Salihat hamda 4 nabira qoldi. Hozirda qizi san’atshunos Salihat Hamzatova onasi nomidagi san’atshunoslik muzeyida direktor bo‘lib ishlaydi.

Shahnoza ROFIYEVA tayyorladi.

QIZIM PATIMATGA

Gullar taqsa bahor – seni o‘ylayman,
Tushsa bog‘larga qor – seni o‘ylayman,
Tonglar otsa oppoq – seni o‘ylayman,
Yoz xandon urgan choq – seni o‘ylayman,
Qaytib kelsa qushlar – seni o‘ylayman,
Ortga yelsa qushlar – seni o‘ylayman.
Qirov tushgan bargga termulib bir dam,
O‘ylayman men seni, unutib orom.
Aqlli qiz bo‘lib bo‘y yetgandirsan,
Men seni o‘ylagach tun-u kun, mudom.

* * *

Sen haqda o‘ylarim she’rga solsam, chin,
Bir devon bo‘lardi – ulkan, ziyoda.
Imonim komil, sen bundoq kitobning
Ikkinchisin topmas eding dunyoda.
Biroq, afsus, hali bu devon yupqa,
O‘ltirmoqqa qunt-la toqatim ozroq.
Chunki vaqtni she’rga bergandan ko‘ra,
Sen-la o‘tkazganim men uchun sozroq.

* * *

Dugonalaringga men baxt tilayman, o!
Topila qolsin er ularga, illo!
Tag‘in nahot g‘urbat domida qolsang,
Bo‘lmasmi eshikni tambalab olsang!
Yonginangda izg‘ib – to‘ldim men xunga,
Biroq ular fahmi yetmas hech bunga.
Soatga boqaman, u sira jilmas…
Ovsar mehmonlaring ketishni bilmas.
Birin jag‘i tinsa, biri boshlar gap,
Chiday olmas bunga hech qanday asab!
Aytgin, biz shom payti suhbat qurgan dam
Kirmasin ularning birontasi ham!
Shoirga-da, shundoq xoli on kerak,
Xalal berishdimi, tugar u, beshak…
Sho‘rlik ko‘nglim eshik chertilmasa der,
Dugonalaringga, o, tezroq chiqsin er.

* * *

Qara, qor avjiga chiqmoqda biram,
Mayli sochlaringga qo‘nsin, yo‘q ginam!
Shamol ham guvlasin – ishim yo‘q, biroq,
O, nega u seni quchar beso‘roq!..

* * *

Eslayman yozg‘irib o‘lkalarda yot,
Olislarda qolgan kulbamni bot-bot.
Tushimga kiradi purviqor tog‘lar
Va uchqur tulporni minganim chog‘lar.
Buloq ham yodimga tushadi takror,
Undan suv tutgandi u menga ilk bor.
So‘qmoq esimdadir – shudring quchgan, nam,
Kuzatib qolardi meni subhidam.
Faqat yod etmadim men seni taqir,
Chunki unutmadim bir on ham, axir!

Mirpo‘lat MIRZO tarjimasi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 14-martdagi 11-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605