13.04.2024 | 14:20
284
MATONAT MALIKALARI
Bu ayollar taqdir turtkisini tuhfa deb bildilar. Ularning hayotiga nazar solsangiz, taqdirning og‘ir sinovlariga mardona bardosh berib, chinakam moʻjizalar yaratgan metinday mustahkam irodali, nekbin va oqila ayol siymosi ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Beixtiyor o‘zingizning arzimas qiyinchiliklardan norizo bo‘lib, umidsizlikka berilgan kezlaringiz yodingizga tushib, shunchalar nodon bo‘lganingizdan uyalib ketasiz…
QAMASHILIK QAYSAR QIZ

– Men yoshligimdan juda qaysar edim. Hech kimning qo‘liga qarab qolgim kelmasdi. O‘qimoqchi bo‘lganimda otam ruxsat bermadi. Baribir fikrimda qat’iy turib, Toshkentga keldim, – deydi Qamashi tumanidagi “Dilfuza” o‘quv markazi rahbari, “Jasorat” medali sohibasi Dilfuza Bo‘ronova. – Ijarada yashab, “Mashhura” o‘quv markazida chevarlikka o‘qidim. O‘quv markazi rahbari Mashhura Yusupova menga ko‘p yaxshiliklar qildi. Tez orada tikuvchilik sirlarini o‘zlashtirdim. Ich-ichimdan imkoniyati cheklangan insonlar haqida qayg‘urar edim. “Men-ku yo‘limni topdim, lekin ular nima qiladi”, degan o‘y tinchlik bermasdi. Ikki yildan so‘ng o‘zim tug‘ilgan Qamashi tumaniga qaytib, o‘quv markazi ochdim. Ikki yilda uch yuz nafar nogironligi bor ayollarga tikuvchilikdan saboq berdim. Mehnatlarim yuzaga chiqdi. E’tiborga tushdim. Dilfuza Bo‘ronova o‘ziga o‘zi ish topib olaveradiganlar xilidan. Tinib-tinchimaydi. Qamashida qo‘li gul chevar sifatida nom qozongan. Tumandagi ko‘plab tashkilotlar, kasalxonalarga ko‘rpa-to‘shak, yostiq va ish kiyimlari tikib beradi. U davlatimiz rahbarining tadbirkorlarga har tomonlama imkoniyatlar yaratib berayotganidan foydalanib, ish ko‘lamini kengaytirdi – uyida xususiy bog‘cha ham ochdi. Hozir bu yerda 25 nafar bolani tarbiyalayapti. Xolisona aytganda, savob ilinjida shu ishga qo‘l urgan edi. Shu maqsadda bog‘cha to‘lovini boshqalarga nisbatan 30-40 ming so‘m arzonlashtirib qo‘ydi, mahalladoshlariga qayishdi. Aslida, Dilfuza opaning 2007-yili 2 million so‘m kredit olib, tadbirkorlikka qo‘l urganining o‘zi katta jasorat edi. Chunki qarzni to‘lash uchun chumoliday tinim bilmay harakat qildi, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarish uchun tunlarni tongga uladi. Haftasiga ikki yuz, uch yuztalab ko‘rpa-to‘shak tikdi.
Xo‘p, tadbirkorlik qilgan bo‘lsa qilibdi-da, dersiz. Lekin gap boshqa yoqda.
Qamashining qaysari Dilfuza Bo‘ronova oddiygina, to‘qqiz farzandli oilada olti o‘g‘ildan keyin dunyoga kelgan. Hamshiraning emlash jarayonidagi ehtiyotsizligi sabab o‘ng oyog‘i ishlamay qolganida u sakkiz yoshli qizaloq edi. Ota-onasi o‘n yillab davolatishdi. Afsuski, oyog‘i tuzalmadi, hassaga tayandi, biroq nogironlikni tan olmadi. Otasi boshqalarning “sen nogironsan” deb bolasining yuziga solishi va qizining ko‘ngli vayron bo‘lishini istamay, uni maktabga yubormadi. Shu bois poytaxtga o‘qishga borganida u na harf tanirdi, na sonni songa qo‘sha olardi. O‘quv markazidagilar unga alohida e’tibor qaratib, darslarni, libos bichimlarni yaxshi o‘zlashtirib olishi uchun qayta-qayta tushuntirishdi, qizning intilishini qadrlashdi. Dilfuza opa Qamashi tumani pensiya jamg‘armasi rahbari bo‘lib ishlab, ayni paytda, o‘zi bunyod etgan “Saxovat” uyini boshqarayotgan Saodat Hamidovadan ham bir umr minnatdor ekanligini aytadi. Shu mehribon ayolning e’tibori va daldasi, ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlari hayotda o‘z o‘rnini topishida ko‘mak berganini e’tirof etdi. Saodat opa uning o‘z juftini topishiga ham sababchi bo‘ldi. To‘yni ham o‘zi o‘tkazib berdi. Dilfuza opa turmush o‘rtog‘i, ikkinchi guruh nogironi Kamol Dovulov bilan baxtli hayot kechirmoqda. Ayni paytda farzandlari Umidjon 13 yoshga to‘ldi. – Biz nogiron emasmiz, – deydi Dilfuza opa. – Aravamizni o‘zimiz tortyapmiz. Ba’zan soppa-sog‘larning davlat ko‘magidan umidvor bo‘lib, nolishlarini eshitsam, tavba deyman. Men 44 yildan beri qo‘ltiqtayoqdaman. Shu qo‘ltiqtayoqki qo‘llayotgan ekan, demak, imkonim bor, imkoniyatim cheklanmagan. Dilfuza Bo‘ronova Qamashi tumanidagi Berdoli qishlog‘ida gulday umr kechiryapti. 2019-yili tuman hokimligi ijarada yashagan uyini uning nomiga xususiylashtirib berdi. O‘shangacha ijarada yashab aslo qiynaldim, demadi. Biron-bir tashvishingiz bormi, degan savolimga Dilfuza opa shunday javob berdi: – Qo‘shni mahallada Saida va Sayyora ismli opa-singil yashaydi. Ota-onasi dunyodan o‘tib ketishgan. Akasi shaharga ko‘chib ketgan, deyishadi. Ikkalasining ham oyoq-qo‘li ishlamaydi. Mahalladan qarovchi ajratilgan. Hafta-o‘n kunda ularni ko‘rgani borib turaman. Boyaqishlarning yurish tugul, o‘tirishga ham qurbi kelmaydi. Lekin ikkalasi ham doim kulib turadi. Hayotdan nolimaydi. Ularning ko‘nglini ko‘tarishga urinaman, lekin ahvolini ko‘rib, ichimdan ezilaman… Nazarimda, Dilfuza Bo‘ronovaning bu gapi orqali uning siyrati haqida to‘laroq tasavvur hosil qilish mumkin..
SURXONNING SUYUMLI KELINI

Halima Qoraboyeva Oltiariq tumanidagi “Tinchlik” shaharchasida tug‘ilgan. U to‘qqiz yoshida kutilmaganda poyezd tagida qolib, ikki oyog‘idan ajralgan. Baxtga qarshi, kesilgan suyak qaytib o‘sib, yana murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan kechirishga majbur bo‘lgan. Xullas, uzoq vaqt kasalxonadan chiqmagan… Mehr-oqibatda benazir ota-onasi, akalari Halimaning hayotga qaytishida tirgak bo‘ldilar. Uni yer-u ko‘kka ishonmay voyaga yetkazishdi. Ikki kilometr uzoqdagi maktabga navbatma-navbat yelkasida opichlab olib borib o‘qitishdi. U maktabni oltin medal bilan tamomlab, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tahsil oldi. Oliy o‘quv yurtida ham eng yaxshi talaba bo‘ldi. Sun’iy oyoqlarda universitetga qatnadi. Oliy ma’lumotli bo‘lgach, otasi olib bergan mashinada ishga qatnab, sidqidildan mehnat qildi. Taqdir ekan, bir gal protezini almashtirish maqsadida Toshkentga kelganida surxondaryolik Qulmat ismli yigit bilan tanishib qoldi. Bu tanishuv tez orada muhabbatga aylanib, Halimaxon Denov tumanidagi “Ostona” mahallasiga kelin bo‘lib tushdi. – Qaynotam mehribon inson edi. Bir oy o‘tar-o‘tmas, meni kasb-hunar kollejiga ishga joylab qo‘ydi. Qaynonam, qaynopalarim, ovsinlarim yordamini ayamadi, – deydi Halima opa. Faqat bugina emas. Halima opa onasidan o‘rgangan hunarini ham davom ettirdi. 25 yildan beri tikuvchilik qilib kelmoqda. Baxtsiz tasodif tufayli bir qo‘l, bir oyog‘idan ayrilgan Qulmat aka bilan qariyb qirq yildan buyon bir-biriga tirgak bo‘lib yashab, ikki qiz, bir o‘g‘ilni voyaga yetkazishdi. Ularni oliy o‘quv yurtlarida o‘qitib, uyli-joyli qilishdi. Kattagina hovlida ekin ekib, qoramol boqishadi. Muhimi, ayrim to‘rt muchasi sog‘lardan ko‘ra yaxshi yashashmoqda. Birinchi guruh nogironi Halima Qoraboyeva yon-atrofdagi qizlarga chevarlikni o‘rgatib, yuzlab shogirdlar tayyorladi. Zamon bilan hamnafas yashadi, qanday libos urfga kirsa, o‘rgandi, tikdi. Hozir Denovda uning barmoqlari teggan kiyim, parda yoki dasturxon kirmagan xonadon yo‘q, desayam bo‘ladi. Opa hech qachon nogironman deb o‘ksinmadi, zorlanmadi. Doimo hayotdan zavqlanib yashadi. Umrining biror kunini bekor o‘tkazmadi. Halima opa yaqinda oltmish birga to‘ldi. Hozir farzandlari, kelin-kuyovlari, bir etak nabiralarining izzat-ikromida. Lekin hamon qo‘lidan igna-ip tushmaydi. Turmush o‘rtog‘i bilan muborak Haj ziyoratiga borish orzusi bilan yashayapti. Ularning bu ezgu niyati ham ushalishiga ishonamiz.
NOLIGANGA NON TOPILMAS

Karomat Parmonova Samarqand viloyatining Paxtachi tumanidagi To‘g‘olon qishlog‘ida yashaydi. Taqdir taqozosi bilan qo‘l-oyoqlarida nuqson bilan tug‘ilgan, birinchi guruh nogironi. Shunga qaramay, u imtiyozli kredit asosida Ziyovuddin qo‘rg‘onidan yangi xonadon sotib oldi. Hokimiyat vakillari “uy muborak”ka bitta tikuv mashinasi sovg‘a qilishdi. Ro‘zg‘oridan orttirib, uyning kreditini to‘lashning o‘zi bo‘lmaydi. Yaxshiyam, Karomatxonning qo‘lida hunari bor ekan, so‘zana va milliy qo‘g‘irchoqlar tikishga kirishdi. Kashtali mahsulotlar nisbatan qimmatroq sotilsa-da, ularni tayyorlash uchun ancha vaqt va mehnat talab etiladi. Hatto, bir so‘zanani uch yil deganda tikib bitkazdi. Nima bo‘lganda ham bu hunari unga yaxshigina daromad keltirdi. Zero, Karomatxon so‘zana tikkanda ochiladi, dili yayraydi. U milliy qo‘g‘irchoqlar tikishni ham yo‘lga qo‘ydi. Tumandagi maktab va bog‘chalar uning asosiy buyurtmachilariga aylandi. Ayni paytda u an’anaviy hunarmandchilik ko‘rgazmalarida o‘zi tikkan kashta, quroq va qo‘g‘irchoqlari bilan muntazam ishtirok etyapti. – Onam maktabda mehnat fanidan dars berardi, – deydi u. – Qo‘l ishini onamdan o‘rganganman. Otam dunyodan o‘tgan, oilada besh farzand edik. Onamga yordam bergim kelgani uchun ham hunarli bo‘lishga jiddu jahd bilan kirishgan bo‘lsam kerak. Bir oyda yo‘q deganda 20-30 ta qo‘g‘irchoq tikaman. Darvoqe, Karomat do‘st-yorlari, qarindosh-urug‘lariga chiroyli sumkachalar ham tikib beradi. Yigirmaga yaqin shogirdi bor. Turmush o‘rtog‘i Alisher Bobonorov bilan har doim hamfikr. Tamani yoqtirmaydi, boqimandalikdan or qiladi. “Odam jismoniy zaiflikdan emas, qalb ojizligidan uyalishi kerak”, deydi va o‘zi ham shunga amal qiladi. Karomat Parmonova ayni paytda O‘zbekiston nogironlar jamiyatining Paxtachi tumani bo‘linmasini ham boshqarib kelmoqda. Men ushbu maqolani tayyorlash jarayonida o‘nlab ayollar bilan suhbatlashdim. Shu asnoda mashhur fransuz adibi Onore de Balzak aytganidek, inson irodasi uning iste’dodidan qadrliroq ekaniga amin bo‘ldim. Zero, odam aynan po‘latdek mustahkam irodasi tufayli turli qiyinchiliklar, tushkunlik va umidsizlik changalidan xalos bo‘lishi mumkin. Qahramonlarimiz ana shunday matonatli ayollardir. Ularning mashaqqat va imtihonlar silsilasida kechayotgan sharafli hayoti har birimiz uchun ibrat bo‘lgulikdir.
Nasib etsa, bu mavzudagi suhbatlarimizni hali davom ettiramiz.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasi 2024-yil 8-mart 11-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
