Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


11.04.2025 | 15:33

img856

VODIYLARNI YAYOV KEZGANDA…

Ko‘klamda odam jonsarak bo‘lib, bir joyda o‘tirolmaydi. Olam yasharib, yerning harori toshib, tiriklik nafasi yoyilgan bu farahli kunlarda tor xonaga sig‘may qolasan. Axir odam tuproqdan yaralgan, ona tabiatning bir bo‘lagi-da. Bunday chog‘larda “hayo-huyt” deb bir yoqlarga sayr-u sayohat qilging keladi. Shunday emasmi, qadrdon? “Bahor ayyomidur dag‘i yigitlikning avonidur” deb xirgoyi qilgancha Farg‘ona tomonlarni bir aylantirib kelaymi?

Dovondan oshib, bo‘yningizni cho‘zib qarasangiz, bepoyon kenglikda yastanib yotgan vodiyga ko‘zingiz tushadi. Uzoq-uzoqlardan moviy ko‘lning sokin mavjlaridek barq urgan bog‘larning jimir-jimirini ko‘rib, etingiz-da jimirlab ketadi. Tuyqus dimog‘ingizga nafis gulbarglarning xushbo‘yi urilganday, o‘zga bir iqlimning masih havosini tuyganday bo‘lasiz. Pastga enib borganingiz sari viqorli tog‘lar asta-sekin bo‘taday cho‘kkalab, qir-adirlarga ulanib ketadi. Istiqbolingizga qadim va navqiron Ho‘qandi latifning katta-kichik qishloqlari birin-ketin peshvoz chiqib kelaveradi. Shaharga kirib borarkansiz, bir zum tarix va kelajak kesishgan chorrahada turib qolasiz. Bir tomonda masjid qubbalari, o‘rda-yu minoralar, bir tomonda yangicha uslubdagi oynavand binolar; mumtoz va zamonaviy imoratlarning ajib bir uyg‘unligiga shohid bo‘lasiz. Ayniqsa, katta bozor yonidan o‘ta turib, izdihom g‘ala-g‘ovuridan beixtiyor o‘tmish davrlarning ruhini his qilasiz. Karvonsaroylar, ulkan qo‘qon arobalari, hunarmandlar do‘koni, temirchilar ustaxonasi ko‘z oldingizda jonlanganday, sandonga urilgan bosqonning bo‘g‘iq jarangi qulog‘ingizga chalinganday bo‘ladi…

Yo‘l-yo‘lakay choyxonada qo‘noq bo‘lib, oyoqning chigalini yozib, keyin yana otlansak ham durust. Axir hali manzilga yetganimizcha yo‘q, otam.

Xayr, Qo‘qon muzofotidan chiqib, qadim Ipak yo‘liga tushib olasiz-da, boboquyoshni mo‘ljallab ketaverasiz-ketaverasiz. Yo‘l yursangiz ham mo‘l yurib, nihoyat Farg‘ona darvozasidan xiyla berida, Marg‘ilon bekligiga yetar-yetmas oraliq ma’voda men sizga ko‘rsatmoqchi bahavo maskanning o‘zi manaman deb bo‘y ko‘rsatadi. Ana endi bu yerlarning ta’rifini muxtasar aytsam, o‘tning bo‘lig‘i, suvning tinig‘i, mevaning sarxili, jonning huzuri xuddi shu yerda! Uzumning naq asali, o‘rikning novvot-qandi, shirin-shakar shaftoli-yu gilos, anor-u anjir, tarvuz-qovun deysizmi, e, xullas, noz-ne’matlarning hamma-hammasidan topiladi. Qalampirning shirini, ana boring, suvli-selli bodring bilan turpning vatani ham shu joylar-da, akasi! Bu so‘lim go‘sha – qadimda oltita katta ariqdan suv ichib tomir yoygan Oltiariq o‘lkasidir. Qani-qani, jannatmonand diyorga xush kelibsiz, vatandosh!

Katta yo‘lning ikkala cheti keta-ketguncha bog‘ – adog‘i ko‘rinmaydi. Agar shoir bo‘lsangiz, “Po‘lat o‘ngirini ko‘targan qirlar”ga tutashib ketgan bog‘larni qal’a devoriga tirmashib chiqayotgan qora choponli, oq durrali lashkarga o‘xshatgan bo‘lardingiz. Qush parvozidan kuzatganingizda edi, qo‘ng‘ir qirlar etagidan boshlab, u yog‘i Yozyovon cho‘llariga ulanib ketgan bog‘-u rog‘, dala-tuzni ko‘rgan bo‘lardingiz. To‘rt tomondan shudgorlangan taram-taram dalalar to‘planib kelib, “kunga qaragan turkona uylar” oldida taqqa to‘xtaydi. Keyin bir-biriga tutashib ketgan ko‘chalar, qishloqlar…

Shu turgan joyimizdan o‘ngga burilib, istagan bir mahallaga ichkarilang, birinchi ko‘zga tashlanadigan narsa – ko‘chaning boshidan oxirigacha cho‘zilgan ishkomlar. Qishda ko‘mib qo‘yilgan toklar allaqachon qaddini rostlagan, novdalari so‘ritok uzra tarab qo‘yilgan. Tong sahar qiz-juvonlar suv sepib supurgan bu ozoda ko‘chalarning fayzini aytmaysizmi! Odamlari undan-da fayzli! Bobolari bardam va tetik, tong oqarmay vazmin odimlab masjidga boradilar. Momolari serharakat, doim bir nimaga unnagan.

Bu yurtning keksalari “Qilarimni qilib bo‘ldim, endi davlat meni boqsin”, deb nafaqani sanab, uy to‘rida yonboshlab yotishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Masalan, manavi xonadon sohibi Toyir tog‘ani oling. Ilgari kolxozda shopirlik qilgan. Farzandlari uyli-joyli, ilm-hunarli. Nabiralarni o‘ynatib, har qancha oyog‘ini uzatib o‘tirsa haqqi bor. Qayoqda! Qonda bor-da, yerning odami. Ko‘chadan boshlab, hovlisining sahnigacha ishkom. Kichkina eshikdan egilib, tomorqasiga o‘tsangiz – jannat bog‘chasi! Bodom, gilos, shaftolilar “chappar urib gullagan”, yerda oyoq qo‘ygani joy yo‘q: har turli ko‘katlar…

Redis tugar-tugamas bodringga marza olinadi. Shu tariqa shapaloqday yerdan to kech kuzgacha ikki-uch martalab ekib-tikib, hosil oladilar. Yetmishi yetishgan bo‘lsa ham ketmon urishda, tuproq surishda uncha-muncha yoshlar boboyning oldiga tusholmaydi, rost. Yana deng, dashtda, kanalning pastida yakka o‘zi bog‘ tiklagan, gir atrofi o‘zimizning subhoni o‘rik, qolganiga yangi chiqqan intensiv noklardan ko‘kartirgan. 

Shunaqa. Oltiariqliklar yaratuvchan el. Kattadan kichigi mehnatda pishgan, omilkor odamlar. Tuproqqa yaqin, qoramag‘izdan keladi. Gapning o‘g‘il bolasi – olifta, takasaltanglarni uncha xushlamaydi. Begonasirab ko‘z qirida qaraydi, salomini qizg‘onadi. Yer odami bo‘lsangiz, birdan chehrasi ochiladi, “o‘zimizdan ekansiz-ku”, deb eski qadrdondek yelkangizga qoqib-qoqib qo‘yadi. Bir piyola choy, bir cho‘qim osh ilinmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi. O‘rtamizda qolsin-u, mehmon otangdan ulug‘ deb birinchi shu oltiariqliklar aytganmish. Askiyani-ku qiyib qo‘yishadi. Ikki gapning birida payrov! Hazil-huzul orasida ilmoqqa ilinib qolganingizni sezmaysiz, keyin tushunib qolasiz-u, yana yuzingizga tabassum yuguradi. To‘y-to‘ychiqda, gap-gashtaklarda ham suhbat yerga ishlov berish, ko‘chat parvarishi, samarali o‘g‘itlar, umuman, dehqonchilik, bog‘dorchilik ilmidan ketadi. Har bahorda nihol qadashni tabiiy bir vazifa deb bilishadi. Shunaqa tanti, mehnatsevar el bu oltiariqliklar.

Aslida, biz tomonlarda bahor erta keladi. Kun sal mo‘ralab qo‘ysa bas – dehqon ketmonni yaraqlatib dalaga, bog‘bon qaychisini qayrab bog‘ga yo‘l soladi. Chilla chiqar-chiqmas dastlab issiqxonalarda ish boshlanadi. Kim ko‘kat, ismaloq, redis undirsa, kim qalampir, sarimsoq, bodring, pomidor yetishtiradi. Qarabsizki, bahorgi ilikuzildida ham yurakka, ham cho‘ntakka quvvat bo‘lib turibdi-da!

Biznikilar, ayniqsa, uzumchilikning hadisini olishgan. Shu desangiz, burungi yili Yurtboshining shaxsan o‘zi tumanimizga tashrif buyurib, amaldagi ishlarni erinmay ko‘zdan kechirdilar, xalq bilan muloqot qildilar. Hamma kattakonlarni yoniga chaqirib, mamlakatimizda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar ko‘pligini ta’kidlab, ularga ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatma berdilar. Oltiariq tajribasi! Bu ham bo‘lsa ijodkor elga berilgan bir e’tirof-da! Nima dedingiz, otam!

O‘sha yiliyoq qisqa muddatda bo‘sh yotgan adirlar o‘zlashtirilib, yangi bog‘lar tiklandi. Gazet tilida aytganda, hosildorligi past paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, yaqin 2 ming gektar yerga uzumzor barpo etildi. Viloyatdagi 8 ming gektarga yaqin uzum bog‘laridan qariyb bir yarim ming gektari aynan Oltiariq tumanida joylashgan ekan.

Endi bog‘ oralab yursangiz, uzumning turidan bor: hasayni, husayni, rizamat ota, anjanqora, kishmish… Yangi navlardan avatar zo‘r keldi. Nomni qarang! Uzumning otidan fe’lini bilib olaverasiz. Kelinbarmoq deganimiz donasi ingichka, uzun-uzun, uchi qayrilgan bo‘ladi. Yana birini simga qapishib olganidan echkemar deydi. Ketmonsopining doni xiyla yo‘g‘on… Endi bu yangi bog‘larda hosil yildan yilga ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Ham daromadi yaxshi, ham qancha odam ishli bo‘ldi.

Endi gapni aylantirib, uzum saqlashning sirini so‘ragan bo‘lasiz-da. Mayli, o‘rtamizda qolsin, sizga aytaman, yaqin o‘zimizniki bo‘lib qoldingiz. Oldinlari uzum eskicha usulda ombor to‘siniga osib qo‘yilgan bo‘lsa, hozir biznikilar saqlamaning yangi yo‘llarini ixtiro qilishgan. Birinchisi, uzumni kaltagi bilan kesib, bandi maxsus suv idishlarga solib qo‘yiladi. Ya’ni, uzilgan meva shu nay orqali oziqlanib turadi. Albatta, xona harorati nazorat qilinib, aytilgan kunda suv yangilanishi shart. Shunday. Ikkinchisi esa uzumga teginmasdan birato‘la ishkomda saqlanadi. Kuz oyoqlaganda so‘ritok boshdan oxir suvqog‘oz (sellofan) bilan o‘ralib, ichkarida moʻtadil iqlim hosil qilinadi. Lekin, aytishga oson, og‘ayni. Bu ishlarning o‘ziga yarasha nozik tomonlari bor: ob-havo injiq kelishi, shamol-shayqi degandek. Tangadek tirqishdan izg‘irin uradigan bo‘lsa, ish chatoq. Ko‘z-quloq bo‘lib turasiz-da endi. Qarabsizki, qishning chillasida kelsangiz ham bog‘bon ishkomdan dirkillagan uzum olib turibdi-yu! Shuning o‘zi bir san’at emasmi?

…Men sizga aytsam, vatandosh, bu bog-‘u rog‘lar o‘z-o‘zidan bitgan emas. Har yumushning o‘ziga yarasha zahmati bo‘ladi. Qishloq odami erta turadi. Xudoga tavakkal qilib urug‘ sochadi, ko‘chat suqadi. Birdan bir xavotiri – qishda yog‘in yaxshi bo‘lib, suv tanqis bo‘lmasa bas. Uyog‘i Razzoqqa havola. Shunday qilib, meva pishig‘ida bozorlarimiz to‘lib-toshadi, dasturxonimiz to‘kin, el-yurt tinch, ko‘z tegmasin! Bu yog‘i o‘zimizning Toshkan-u voha bozorlaridan ortib, qo‘shni qardosh yurtlarga ham jo‘natib turibmiz. U yog‘i Rusiyadan oshib Ovro‘pa bozorlariga kirib boryapmiz. Bolalar uquvli, bozor tilini bilishadi. Ummonorti Amriqogacha borib-kelib turishibdi. Mahsuloting sifatli bo‘lsa, erkalanib sotasan. Bizning tuproqda, serquyosh yurtda bitgan ne’matning oldida qolganlarga yo‘l bo‘lsin!

Jamoliddin BADAL

“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img606

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img604