11.04.2025 | 17:00
542
“IBRATXONA KITOBDAN BOSHLANADI”
Bu e’tirof ko‘pqirrali ijodkor shaxsning umr mazmunidan kelib chiqqan.
…O‘n to‘rt yashar qizaloqning boshqalarga ajdahomisol ko‘ringan “temir o‘tsochar” – traktorni boshqarganini eshitganmisiz? Bu voqea o‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshida ro‘y beradi. O‘sha vaqtlarda paxta atalmish mashaqqatli ekinni yetishtirishda asosiy kuch bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘l mehnatidan ozod qilish niqobida paxta qulligini rivojlantirishni ko‘zlagan “tursunoychilik” harakati maydonga chiqqan edi.

Yana shu qizcha – yuqori sinf o‘quvchisi vaqtida maktabga xo‘jalik tomonidan ajratib berilgan o‘n gektar maydonda paxta yetishtirish uchun tashkil qilingan “Yoshlar brigadasi”ga yetakchilik qilib, mavsumda 40 sentnerlik xirmon ko‘targanini bilarmidingiz?
Qishloqda dunyoga kelgan qizaloq akalariga havas qilib, tetapoya yurgan kezlaridan futbolga qiziqqani, vaqti kelib maktab jamoasida o‘g‘il bolalar qatorida to‘p surgani va hatto o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan viloyat birinchiligida to‘purar bo‘lganidan xabaringiz bordir? Eng qizig‘i, maktab jamoasi tumanda g‘olib chiqib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganida maktab mutasaddilari hakamlar o‘g‘il bolalar jamoasida qiz bola o‘ynayotganini bilib, musobaqadan chetlashtirishmasin degan fikrni unga yetkazishganida u uyiga keliboq shart sochlarini qirqib, taqirbosh holda go‘yo o‘g‘il bola ko‘rinishida musobaqaga borganini, bu o‘zboshimchalik uchun otasidan dakki yeb, bir yilgacha boshidan ro‘mol tushmaganini balki ertak dersiz?
O‘tgan asrning elliginchi yillari o‘rtalarida Bog‘ot tumanida velosport turiga o‘g‘il bolalar qatorida qizlar ham qiziqib, “ikki g‘ildirakli moʻjiza”ni binoyidek boshqarishgani va hatto sportning shu turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda qatnashishlariga o‘sha qiz – qahramonimiz sabab bo‘lganini aytmasak ta’rifimiz kemtik qoladi.
Bular hali hammasi emas. U maktab havaskorlar to‘garagida kuchli va shirali ovozi bilan mumtoz-u zamonaviy qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro qilib, yosh iqtidorlarning viloyat va respublika bosqichlarida faxrli o‘rinlar egasiga aylansa-da, oilaviy muhit sabab maktabni tugatgach konservatoriyaga kira olmaydi va majburan Urganch pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetiga hujjat topshiradi. Oliy ma’lumotli o‘qituvchi diplomini olgach, uni Matyusuf Xarratov nomidagi viloyat musiqa maktabiga o‘qituvchi sifatida yuborishadi. U esa kutilmaganda hammani hayratga tushirib, diplomni sandiqqa solib, shu maktabning vokal fakultetida to‘rt yil tahsil olishni maqsad qiladi. Musiqa maktabini bitkazgach uni O‘zbekiston konservatoriyasiga imtihonsiz qabul qiladilar. O‘zbek qo‘shiqchilik san’ati darg‘alaridan biri Saodat Qobulova undagi iqtidor allaqachon professional darajaga yetganini anglaydi va konservatoriyada o‘qib vaqt yo‘qotishini istamay, Madaniyat vazirligi yo‘llanmasi orqali Ogahiy nomidagi Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatriga ishga yubortiradi.
Mana, ellik yildan ortiq davrda qahramonimiz mazkur dargohda ijod qilib kelayotir. O‘tgan vaqt mobaynida ikki yuzdan ortiq turli rollarni maromiga yetkazib ijro qilib, minglab tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi – “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni egasiga aylandi. Bundan tashqari, ko‘plab kinolarda, videofilmlarda suratga tushdi. Repertuaridagi yuzlab mumtoz va zamonaviy qo‘shiqlari bilan san’at ixlosmandlari qalbidan joy oldi, bir qator Yevropa va Osiyo davlatlarida gastrol safarlarida bo‘ldi…
Anchagina cho‘zilgan boshlamadan so‘ng qahramonimizni tanishtiramiz – gap O‘zbekiston xalq artisti Gulora Rahimova haqida ketyapti. (Ko‘pchilik boshlamadayoq gap kim haqida ketayotganini anglab yetgan bo‘lsa kerak).
Bir gal opani yo‘qlab bordim. Urganch shahrini qoq ikkiga bo‘lib oqib o‘tadigan Shovot kanali qirg‘og‘idagi ko‘pqavatli uyga yondosh tiklangan moʻjazgina xonadon eshigining chaqiriq tugmasini bosdim. Hech kim ovoz bermagach, qayta va qayta tugmani bosishga majbur bo‘ldim. Yana jimlik. Eshik tutqichini pastga qayirsam… qulflanmagan ekan. Ko‘p bora bu xonadonga kelganim uchun ikkilanmay “Opa” degancha ovoz berib torgina dahlizdan o‘tib yondosh ochiq eshikdan ichkari mo‘raladim. Qarasam, opa stolga mukka tushganicha kitob o‘qiyotgan ekan. Mutolaaga shu qadar berilib ketganki, qo‘ng‘iroq sasi quloqlariga kirmagan. Yana stolda qog‘oz va qalam turibdi, unga nimalardir yozilgan.
“E, keldingmi? Uzr, kitob o‘ziga sehrlab qo‘ydi. Butun dunyo qaygadir ketdi”, dedilar kulgancha.
Suhbatimiz o‘z-o‘zidan kitob mutolaasiga burildi.
“Olti yoshimda maktabga borgan bo‘lsam… demak, yetmish yilki kitob mening hamrohim. Maoshim-u gonorarlarimning ro‘zg‘or qozonidan ortig‘ini kitob xarid qilishga sarflaganman. Shaxsiy kutubxonamda o‘n mingdan oshiq kitob bor”.
Opa aytadilar: “Teatrda o‘zimga topshirilgan har bir rolni maromiga yetkazib ijro qilish, qahramonim qiyofasini mukammal aks ettirish uchun birinchi navbatda, kitoblarga murojaat qilaman. Bir vaqtlari teatrimizda “Antigona” tragediyasi sahnalashtirildi. Menga Tresiy rolini berishdi. Muqaddam “Beruniy” dramasida Gulsanam, “Layli va Majnun”da Layli kabi sharqona obrazlarni yaratganimda unchalik qiynalmagan edim. Negaki, Navoiy hazratning “Xamsa”sini maktab o‘quvchisi vaqtimdayoq necha karra o‘qiganman. Yurtimizning necha ming yillik tarixiga oid barcha asarlar shaxsiy kutubxonamda bor. Ammo qadimgi yunonlar hayotidan hikoya qiluvchi “Antigona” tragediyasidagi kichik rol – Tresiy obrazini yaratish uchun o‘sha davrga oid ko‘plab ilmiy va tarixiy asarlarni sinchiklab o‘qib chiqishimga to‘g‘ri keldi. O‘z davrida uyg‘onish deb e’tirof etilgan va jahon tamadduniga “ellin madaniyati” iborasi bilan kirgan davr, undagi davlat tutumi, hayotiy qarashlar, jamiyatda ayollarning tutgan o‘rni, hukmdorlarning tuzuklari qanday bo‘lgan? Ellin madaniyati Sharqnikidan ko‘pgina nuqtalarida farqlanadi. Ishonasizmi, shu kichik rolni ijro qilish uchun qirqdan oshiq tarixiy kitoblarni o‘qib chiqdim”.
Opa gap orasida “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” dramasidagi bosh rol ijrosiga kirishishdan oldin “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi o‘nlab dostonlarni qayta va qayta o‘qiganini aytadi.
…Mustaqillikning ilk davrida viloyatga birinchi hokim bo‘lgan ma’rifatli inson Marks og‘a Jumaniyozov birda “Xorazmda eng boy odam kim?” deb so‘ragandilar. To‘sat berilgan savol mazmunini o‘zimcha tushunib, o‘sha vaqtda endigina tadbirkorlik yo‘lini tutgan insonlarni xayolimdan o‘tkaza boshlaganimda Hokim buva o‘z savoliga o‘zi javob berdi: “Xorazmda eng boy odam – Ne’mat Solayev. Unda Hojixon Boltayev ijrosi yozib olingan qo‘shiqlarning o‘n ikki soatlik magnit tasmasi bor”.
Keyinchalik viloyatga rahbarlik qilgan yana bir ma’naviyatli, kitobsevar rahbar Gulora opani eng boy inson deb ataganini yuqoridagi fikrga muqoyasa qilsa bo‘ladi.
…O‘n yillar oldin Gulora opa umri bo‘yi to‘plagan shaxsiy kutubxonasidagi kitoblardan boshqalar ham foydalansin degan maqsadda Urganch shahar hokimidan moʻjazgina kutubxona qurish uchun ikki sotixcha yer so‘rab boradi. Shahar hokimi bo‘lgan yoshgina yigit “Kutubxonani nima qilasiz? Kitoblaringizni soting, anchagina pul bo‘ladi”, deydi.
“Har bir kitob farzandim kabi – oilamning a’zosi. Ularni qanday sotaman”, deydi opa ajablanib.
…Suhbatimiz intihosida Gulora opa aytgan gapga beixtiyor qarsak chalib yuborasiz. “Yuz yil oldin jadid bobolarimiz g‘aflat uyqusi elitgan avomni uyg‘otmoq uchun ularni o‘qitish, teatr asarlariga oshno qilishni o‘zlarining bosh g‘oyasiga aylantirishgani bejiz emas. Ma’naviyat mutolaadan boshlanadi. Behbudiy hazrat aytmoqchi “Teatr – ibratxona” iborasini davom qildirib “Ibratxona kitobdan boshlanadi”, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Prezidentimiz jadidlik harakatini Uchinchi Uyg‘onish davriga kirgan yurtimizda yo‘lchi nur o‘rnida qo‘llash tashabbuskori bo‘lganliklari biz san’atkorlar uchun katta imkon va katta mas’uliyat ham. Yana afsuslanamanki, sal keyinroq tug‘ilishim kerak ekan…”
Opa gap orasida umrida bir kitobni qo‘liga olmagan “san’atkor”lar toifasi paydo bo‘layotgani, qo‘shiq matnini buzib aytish, sahnada rol ijro qilinganida tarixiylik va zamonaviylik ayqash-uyqash bo‘lib ketayotgani, ayrim holatlarda sahna madaniyati olomon madaniyatiga aylangani haqida kuyunchaklik bilan gapiradi. “Yoshlar, boshqa kasb egalari u yoqda tursin, o‘zini “ziyoli qatlam vakili” deb biladigan ayrimlar ham hozirda kitobdan uzoqlashgan. San’atkor ahlining necha foizi kitob o‘qiydi, degan savol qo‘yilsa, javob aytishga uyalasan odam”.
Yana Opa ertaga umri bo‘yi to‘plagan boyligi – shaxsiy kutubxonasi taqdiri qanday kechishidan xavotir bildirganida nima deyishni bilmay yer chizib qolaman…
Opaning hayoti, ijodi haqida ko‘p gapirish mumkin. Olti yil oldin bu haqda kattagina kitob chop qilingani va ayni kunda Gulora Rahimova o‘z hayoti, ustozlardan o‘rganganlari va shogirdlariga aytmoqlarini kitob holida tartibga keltirayotganligini eslatib ketish o‘rinli.
Qisqasi, “O‘qigan o‘zar, o‘qimagan to‘zar”, deyilmish otaso‘zni sharhlashga hojat qolmadi, menimcha.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 28-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
603



