13.04.2024 | 14:31
491
GULMISIZ, RAYHONMISIZ?

Yozuvchi Surayyo Zoyirning “Gullar tirikchilik uchun yashamas, gullar tiriklik uchun yashaydi”, degan satrlari bor. Har gal gul bozoridan o‘tganimda shu satrlar beixtiyor tilimda aylanadi. Darhaqiqat, tirikchilik uchun bo‘lsa-da, rastalarga olib chiqilgan gul, chechaklarda dilbar hayot ramzi mujassam. Darvoqe, gul bozori… Hamisha qizg‘in, hamisha xaridorgir… Axir, biror bayram yo‘qki, gulsiz o‘tsa. Gullar bayramlarimizning go‘zal timsoli, ko‘ngildan ko‘ngilga yetib borguvchi eng rangin armug‘onimizdir. Saodatxon aya Usmonovaning yuragini yashnatgan ham, uni el-u yurtga tanitgan ham gul. Gullar ayaga baxt, omad va shuhrat keltirdi, davlatmand qildi. Suhbatimiz chog‘ida u 2023-yildagi daromadini 5 milliard 800 million so‘m, deb aytdi. Bu hazilakam ko‘rsatkich emas. Ishonib-ishonmay qayta so‘radim. – Gul ekib, gul sota boshlaganimga qirq yildan oshdi, qizim, – deya gap boshladi Saodatxon aya. – Eshitganingiz chin. Bu yilgi daromadimiz men sizga aytgan summani ko‘rsatdi. Faoliyatimni 1999-yildan boshlaganman. 2003-yilga kelib xususiylashtirdim. 2006-yilda birinchi bor issiqxona qurdirib, gul ko‘chatlari qadadim. “Namangan gullari” MCHJni ochdim. 2014-yilda viloyat hokimi bir gektar yer ajratib berdi. Shu yerning 50 sotixiga issiqxona qurib, mavsumiy gullarning ko‘chatlaridan ekdik. Ishimiz rivojlandi. Men yaxshi ko‘rgan gullar menga mo‘may daromad keltira boshladi. 2017-yilda menga berilgan joyda bog‘ barpo etiladigan bo‘ldi. Hokimiyat olsa, o‘rniga yer berisharmikin, deb o‘ylagandim. Yo‘q, boshqa joydan yana bir gektar qo‘shib berishdi. Baraka topishsin, tuprog‘i juda unumdor ekan. Gullarimni qo‘shni respublikalarga ham eksport qila boshladim. Bu ikki gektardan tashqari, aeroport hududida ham 50 sotix yerga har xil turdagi mavsumiy gullar ekkanmiz. Saodatxon aya Usmonova Namangan viloyati Davlatobod tumanida yashaydi. Uch o‘g‘il, bir qizning onasi, 9 nafar nabiraning mehribon buvijonisi. U farzandlarini gulday, gullarini esa farzandiday yaxshi ko‘radi. “Siz ishonasizmi, yo‘qmi, men o‘zimning gullarimni bolamni taniganday taniyman. Bo‘lmasa qanchadan qancha gulchilar bor. Bir men emas gul ekayotgan. Nimagadir shunday. Qayerda gul ko‘rsam, ko‘zimga issiq ko‘rinsa, surishtiraman. Bilsam o‘zimga tegishli bo‘lib chiqadi. Hatto har bir gulimning xarakterigacha bilaman”, deydi. Bugun respublikamizda “Namangan gullari” kirib bormagan xonadon bo‘lmasa kerak. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston respublikalarida ham uning gullari sotilmoqda. Birgina “Kermiya” gulining urug‘idan ikki yarim million dona ekib, hosil kutayotgan onaxonni alqamay bo‘ladimi. U ekkan gul urug‘lari unmadi deganda 60-70 foizga ko‘klaydi. Saodatxon Usmonova o‘ttizdan ziyod ayolni doimiy ish bilan ta’minladi. Yigirma ikki nafar shogird tayyorladi. Bundan tashqari, ish ko‘paygan vaqtda ellikka yaqin mavsumiy ishchi yollaydi. Bu degani yuzlab odamlarning ro‘zg‘origa baraka olib kirishda uning hissasi bor. Ayol boshi bilan katta ishlarga qo‘l urgan Saodatxon aya gulga havasi ortidan o‘zi ko‘rishni orzu qilgan mamlakatlarga safarlarga chiqdi, haj ziyoratlarini amalga oshirdi. 2018-yilda Vatanimiz obodligi va yurt farovonligi yo‘lida qilgan xizmatlari evaziga “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Bu e’zozga, bu e’tirofga tabiatning insoniyatga taqdim etgan inja tuhfasi – nozik chechaklarga qo‘ygan mehri tufayli sazovor bo‘ldi. Janubiy Koreya Respublikasiga safari nihoyasida bir jomadon gulni vatanga olib kelish uchun tuni bilan ildiz yuvganini aytganida ayaning mehri chuqur muhabbatga aylanganini his etdim. Gulchi onaxon haqida hali yana yozamiz, chunki uning qilgan ishlari gulzoridagi gullari sonicha beadog‘. Bayramli kunlarimiz esa, “Namangan gullari”ning ifori bilan to‘lsin!
Muhayyo RUSTAM qizi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 8 -mart 11-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599
