23.04.2025 | 17:02
695
“FERUZA TOSH BO‘LSAM DARYOLARINGDA…”
Birovning shaxsiyati, ijodi haqida bir yaxshi gap aytilsa, darrov xayolimga “Odam bolasidagi kimlargadir manzur bo‘ladigan fazilatlar osmondan tushmaydi. Avvalo, oilasi, ota-onasining tarbiyasidan oladi. Qolaversa, o‘qigan, ishlagan muhitidan, ustozlik qilgan insonlardan, vaqtida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan do‘stlaridan ibrat, namuna o‘tadi”, degan fikr keladi.

Shu o‘y barobarida rahmatli otam, onam, maktabda, institutda, so‘ng ish joylarimda yo‘lchiroq bo‘lgan Matyoqub domla Qo‘shjonov, Zulfiyaxonim, Oydin, Halima opamlar, qator do‘st-u dugonalarimning xotiramda muhrlangan suvratlari ko‘z oldimdan o‘ta boshlaydi.
Bugungi so‘z esa o‘zbekning bug‘doy so‘zli, issiq yuzli ustoz shoiri Oydin Hojiyeva haqida. Opani qachon eslasam, she’r o‘qiyotgan lahzalari yodimga tushaveradi. Suhbatimizga ijod kayfiyatini olib kirmoqchi bo‘lsalar:
– Keling, she’r o‘qishaylik, – deb qolardilar. Yuz-ko‘zlari boshqacha bo‘lib ketardi. Ilohiy bir nur inarmidi-yey…
Shohsupa gardiga rayhon ekayin,
Kelar yo‘lingizga suvlar sepayin,
Ko‘klam yomg‘iriday so‘zlari mayin,
Sadarayhon Sizni eslatur…
Sevimli opalari Rajabbibiga atalgan shu she’rni qachon o‘qisalar:
– Opam bilan pochcham bolaligimda, o‘qishga kirgan paytlarimda, keyin yana og‘ir-yengil kunlarimda ham tog‘day suyanchiq bo‘lishgan, yaxshiliklarini hech qachon unutmayman, – deb qo‘yardilar.
Yoki Zulfiyaxonim haqidagi:
Ko‘ksi, ko‘ngli to‘la ezgulik, ziyo,
Qayda gullar endi ul mehrigiyo,
Dunyoga bir kelib-ketdi Zulfiya,
Bahorday qaytmaydi, degim keladi…
– degan she’rini o‘qisalar, bemor bo‘lganlarida ustozning onaday boshida turib berganlaridan gapirar:
– Shifokorimga “Bu mening shoira qizim, albatta, sog‘aytirib berasizlar”, debdilar-a, – deya minnatdor bo‘lardilar.
Ha, Oydin opam birovdan ko‘rgan yaxshiliklarini unutmaydigan, o‘zlari ham imkoni boricha boshqalarga yaxshilik qiladigan go‘zal qalbli inson edi.
1996-yilda turmush o‘rtog‘im qattiq betob bo‘lib, jiddiy operatsiyani boshdan kechirdi. Yemirila boshlagan suyaklariga o‘zlarining son suyaklaridan olib ulashdi. Shifokorlar menga:
– Siz to suyak suyakka qo‘shilib bitib ketmaguncha boshida o‘tirishingiz kerak. Avval o‘n besh daqiqadan, so‘ng yarim soatdan nihoyatda avaylab u yonboshidan bu yonboshiga ag‘darib turishingiz kerak. Bo‘lmasa yotoq yara tushib ketishi mumkin, – deyishdi. Katta bolalarimizning ishlari gurillab turgan payt, bir soniya bekor vaqtlari yo‘q, kichiklari hali kichik. Men uch oy Miraziz akaning boshida o‘tirishimga to‘g‘ri kelgan. Shifoxonaga borishdan avval Oydin opamlarning oldiga kirganman:
– O‘z hisobimdan ta’til berasizmi? – deya ahvolni tushuntirganman. Opa birpas o‘ylanib turganlar-da:
– Miraziz aka bu ahvolda bo‘lsalar, siz ham o‘tirib qolsangiz, tirikchiliklaringiz nima bo‘ladi? Bolalaringizning ham o‘z oilasi bor, tag‘in dadasining do‘xtir bilan bog‘liq hamma xarajatlari bolalarining zimmasida, deyapsiz. Keldi-ketdili oila bo‘lsangiz, yaxshisi, bunday qilamiz, – deya fikrini aytdi. Shu bilan men uch oy shifoxonada bemor boshida bo‘ldim. Bosh muharririmiz tahrirga ehtiyoji bor materiallarni har yangi son boshlanishi bilan hamkasb qizlardan berib yuborardi. Tahrir tugagandan so‘ng qo‘ng‘iroq qilardim, kelib materiallarni olib ketishardi. Maoshimni ham oyma-oy qo‘limga yuborib turgan edilar. Biror marta “Qizlarning ham o‘ziga yarasha ishi bor, o‘zingiz kelib olib keting”, demagan…
Yaxshi kuningda yoningda turganlar esingda turmasligi mumkin, ammo qiyinchilikda madadkor bo‘lganlar hech qachon xotirangdan chiqmaydi. Men ustoz shoiramizning menga qilgan shu yaxshiliklarini hamisha haqlariga duolar bilan yodga olaman.
“Saodat” jurnaliga boshchilik qilganlarning Zulfiyaxonimdan boshlangan go‘zal bir an’anasi bor: yozganlarida “yilt” etgan iste’dod uchquni borki, yuzaga chiqarishni, katta maydonlarga yo‘llashni o‘zlarining burchi deb bilishadi. Oydin opam ham bu burchga sodiq bo‘ldi.
Har bir ijodkorning ichida “men”i bo‘ladi. Uni yengib, boshqa bir iste’dodlini qo‘llab-quvvatlash uchun odamning qalbi toza, hasaddan xoli bo‘lishi kerak. Ustozda shu fazilat yaqqol ko‘rinardi. Bu haqda faqat eshitibgina qolmay, bevosita guvohi bo‘lganlarim bisyor.
Surxondaryolik bir ijodkor qizning she’rlari matbuotda ko‘rina boshladi. Bir gal pochta orqali o‘sha qizdan ustozga maktub va turkum she’rlar keldi.
– Yaxshigina qalami bor ekan, xatini o‘qib yuragim ezilib ketdi. Onasi bilan yasharkan. “She’rlarim respublika matbuotida chop etilsa, onamning cho‘kkan ko‘ngli ko‘tarilardi. Odamlar orasida qadri bo‘lardi”, deb yozibdi. Keling, shu qizning she’rlarini mana shu songa qo‘yib yuboraylik, – dedilar.
Surxondaryoga xizmat safari bilan borganimizda opaning iltimosi bilan o‘sha shoira qiz – Zilola Yaxshiyeva o‘qiyotgan kollejda uchrashuv qildik. Zilolaning turkumi chop etilgan jurnalni tarqatdik. Oydin opa qizning o‘zini minbarga taklif qilib, she’r o‘qitdi. Toshkentga qaytganimizdan so‘ng ham Surxondaryodan tayyorlagan materiallarimizga:
– Qutlijon, umumiy sarlavhaga Zilolaning biror satrini chiqarsak. Zora, materiallarni viloyat rahbarlari ko‘rayotganda bu satr diqqatini tortib, shu yarimko‘ngil qizni qo‘llab yuborishsa, – dedi va sarlavhaga havaskor singlimizning “Quyosh yo‘lagidan chopib boryapman” degan satrini chiqardik. Keyinchalik Zilolaning kitobi chop etildi. Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida ishtirok etdi. Oydin opam bu qizning har bir qadamidan xabardor bo‘lib, qo‘llab turdi.
– Otam dunyodan erta o‘tgan, bolaligim oson kechmagan, – derdi ustoz.
Ba’zilar hayot siylab yuborsa, izda qolgan kunlarini unutadi. Oydin opam unutmagani uchun bo‘lsa kerak, hamisha madadga muhtoj insonlarni qo‘llaridan kelgancha suyardilar. Hukumat bir paytlar adabiyot oldidagi ko‘p yillik xizmatlarini e’tiborga olib, taniqli adabiyotshunos va tarjimon Ibrohim Gʻafurov bilan Oydin opamga Parkent bozori yonidagi ko‘pqavatli uylardan bir xonadon berdi. Pastki qavatda oddiygina oila – uzoq yillar “Sharq” matbaa nashriyotida ishchi bo‘lib ishlagan ayol turmush o‘rtog‘i va kollejni bitirgan qizi bilan yashardi. Oydin opam shu oilaning yashash sharoitini bilib, qizi orqali yordam bergisi keldi va ish tajribasi mutlaqo yo‘q, o‘zi ham xiylagina g‘o‘r qizni “Saodat” jurnaliga tortdi. 2000-yillarning boshida matn teruvchi bo‘lib ish boshlagan shu qizga opa xuddi tug‘gan onaday mehribonlik qildi. Ko‘pchilik ichida o‘zini qanday tutishni o‘rgatdi. Kiyinish, kattalar bilan muomala madaniyati, munosabat o‘rnatish masalalarigacha saboq berdi. Vaqti kelib oila qurganida ham moddiy madadi, maslahatlarini darig‘ tutmadi. Qiz “Saodat”da tup qo‘yib, palak yozdi. Keyingi yillarda ham mehnatkashligi bilan rahbarlarning e’tiboriga tushgani uchun vaqti bilan sahifalovchi, so‘ng dizayner darajasiga yetdi. Bir paytlar faqat dugonalari-yu qo‘ni-qo‘shnisigina taniydigan qizni bugun jurnal bilan muloqotda bo‘lgan barcha mualliflar yaxshi taniydi. Ilk qadamlari Oydin opamning qalbidan boshlangan bu qiz bugun hammamizning har daqiqada ishimiz tushib turadigan texnika ustasi, xotin-qizlarga kundalik hayotda kerak bo‘ladigan manzillarni besh qo‘lday biladigan, kezi kelganda biz “Xosijon” deya erkalatadigan – Xosiyatxon Hakimova bo‘ldi.
Ustozning tarjimayi hollariga nur berib turadigan bunday voqealar juda ko‘p. Bugun adabiyotimizda alohida bir mavqega ega bo‘lgan Faxriddin Nizomov, Xosiyat Rustamova, Guljamol Asqarova kabi shoirlarning ham taqdir yo‘llari qay bir nuqtalarda ustozning yaxshiliklari bilan tutashgan. Bir haqiqat borki, shoir-yozuvchining yozganlari o‘ziga o‘xshaydi. Zarra kam ham, zarra ziyod ham bo‘lmaydi. O‘zbekiston xalq shoiri, adabiyotimizga “Shabnam”, “Tamal toshi”, “Tarovat”, “Navo”, Shom shu’lalari” kabi qator asarlar qoldirgan Oydinxonim Hojiyevaning ham she’rlari o‘ziga o‘xshaydi – ulardan yaxshilik nafasi ufurib turadi:
Hazorispand bo‘lsam sahrolaringda,
Feruza tosh bo‘lsam daryolaringda,
Hayit oyi bo‘lsam samolaringda,
Mehr-u vafo ko‘rar dunyolaringda,
Seni yomon ko‘zdan asramoq uchun…
Qutlibeka RAHIMBOYEVA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-apreldagi 16-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605


