Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.05.2025 | 12:31

img542

EZGULIK CHAROGʻI

O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan ziyolilarning dil izhorlari

Joriy yilda 9-may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi e’lon qilgan “2025-yil – Xalqaro tinchlik va ishonch yili”, shuningdek, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi tadbirlari bilan uyg‘un hamda hamohang nishonlanmoqda. Muhimi, bundan ko‘zlangan maqsad – Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, g‘alabaga bebaho hissa qo‘shgan O‘zbekiston fuqarolari – 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini munosib ravishda izzat-ikrom bilan sharaflashdir.

Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining bir necha hujjatlari izma-iz e’lon qilindi. Bu o‘rinda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil  19-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi va 25-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmonlari, shuningdek, “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori haqida so‘z bormoqda.

Jarohat olgan minglab jangchilar O‘zbekistonda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolangan. Urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan yurtimizga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilingan.

Xalqimiz ularga o‘z uyidan joy berib, so‘nggi burda nonini ham baham ko‘rgan. Elimizning bunday jasorati, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat va insonparvarlik fazilatlari hali-hamon shon-sharaf va ibrat maktabi, g‘urur-iftixorning tuganmas manbayi, barcha davlatlar va xalqlar uchun o‘rnak namunasi bo‘lib kelmoqda.

Belarusdan evakuatsiya qilingan Yelena Bober keyinchalik shunday hikoya qilgan: “O‘zbeklar bizga biror narsa bo‘yicha biror marta ta’na qilmagan.

Ular juda kamtarona yasharkan, ammo hamisha topgan-tutganini biz bilan baham ko‘rishdi. O‘shanda hech kim millat ajratmagan. O‘zbeklar yoki ruslar, ukrainlar yoki yahudiylar bo‘lsin – biz hammamiz og‘a-ini, opa-singil edik”.

Mashhur bolalar yozuvchisi Korney Chukovskiy o‘sha voqealarni shunday xotirlagan: “Avvallari haqiqatan ham hech qachon boshqa millatga, boshqa turmush tarziga, boshqa tilga, boshqa tabiatga, boshqa o‘lkaga mansub odamlar qochoqlarga chin yurakdan muhabbatini izhor etganiga va hurmat ko‘rsatganiga duch kelinmagan. Bu tarixda birinchi marta bo‘lmoqda. Xalqlar do‘stligi qanday katta ahamiyatga ega ekanligini yaxshi bilardim, ammo bu shu qadar otashin, samimiy, shu qadar nafis bo‘lishi mumkinligi xayolimga ham kelmagan edi”.

Isroillik Mark Fuks urush yillarida o‘zbek xalqining yahudiy millatiga mansub qochoqlarga ko‘rsatgan mehr-oqibatini shunday baholagan: “Agar “jahonning iymonli xalqi” nomi berilishi kerak bo‘lsa, birinchi navbatda, bu oliy unvonga o‘zbek xalqi munosibdir. Butun bir xalqning shunday mehribonlik fazilati o‘ta noyobligi bilan erkin dunyo insonparvarlik hamjamiyatining eng to‘ridan joy olishi uchun kafolatdir. O‘zbekistonning umuman qochoqlarni, shu jumladan, yahudiylarni boshpana bilan ta’minlash, oyoqqa turg‘izish, mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha noyob tajribasi insoniyatning oltin fondidan joy olishi muqarrarligi bilan birga boshqalar tomonidan o‘rganish, tahlil etish, eng yaxshi ma’noda taqlid etish uchun ibratdir”.

O‘sha yillarni onasi O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan Rossiya xalq artisti Yuriy Stoyanov shunday xotirlaydi: “Onam o‘zbek o‘qituvchisining xonadoniga joylashgan, uning yettita farzandi bo‘lgan. Mening 1943-yilda maktabga borish vaqtim kelganda uyidan joy bergan o‘qituvchi yakka-yu yagona dasturxonidan menga sumka, uning turmush o‘rtog‘i esa derazadagi bittagina pardadan ko‘ylak tikib bergan. Haqiqatan ham o‘zbeklar – saxiy, bag‘rikeng, dono, buyuk va juda kamtarin xalq”.

Korney Chukovskiyning yana guvohlik berishicha, u Toshkentga kelib, bolalar uylarining oldida bola olish uchun navbatda turgan odamlarni ko‘rib, hayratga tushgan.

Mana shu manzara rus yozuvchisi Konstantin Simonovning “Tiriklar va o‘liklar” romanida ham o‘z ifodasini topgan: “…oqshomlarning birida vokzal yonidagi maydonda bir necha ming evakuatsiya qilingan bolalar yotganini ko‘rish mumkin edi. Ertalab esa ana shu ochiq maydonda tunagan minglab bolalardan hech kim qolmabdi: odamlar ularning hammasini o‘z qanotlari ostiga olishibdi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushi yillarida yuksak mehr-oqibat va muruvvat namunasini ko‘rsatgan Shoahmad va Bahri Shomahmudovlar jasoratini alohida qayd etar ekan, “Yer yuzida juda kamdan kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgan sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda”, deb ta’kidlagani bejiz emas.

Binobarin, bundan 80 yilcha ilgari mashhur rus shoirasi Anna Axmatova shunday e’tirof etgan: “Milliy qadriyatgina odamlarni buyuk do‘stlik sari chorlab, qalb va tafakkurga sadoqat va jasorat tuyg‘usini hadya etadi, odamiylikni ulug‘lashga imkon yaratadi. Insonparvarlikning yuksak darajasi Shoahmad va Bahri ayalarning qonida emasmi? Dunyo ostin-ustun bo‘layotgan bir pallada shu qadar mehrga zor norasidani yaxshi insonlar qilib yetishtira olgan bu ikki zotni eng ulug‘ Ota va eng ulug‘ Ona degimiz kelmaydimi?!”

Anna Axmatova qamalda qolgan Leningraddan Chistopol shahriga ko‘chirilgan. Dushmanning bu hududga ham bostirib kirish xavfi tug‘ilgandan keyin u ming azob bilan Toshkentga kelishga muvaffaq bo‘lgan. Bu paytda shoiraning turmush o‘rtog‘i otib tashlanib, o‘g‘li qamoqqa olingan edi. Uning Toshkentda bitgan “Mardlik” she’ri yigirma yillik taqiqdan keyin birinchi marta 1942-yili markaziy nashr – “Pravda” gazetasida e’lon qilinib, juda mashhur bo‘lib ketgan.

Urushning 800 kunini Toshkentda o‘tkazgan Anna Axmatova bu bag‘rikeng o‘lka va uning odamlariga nisbatan o‘zining cheksiz hurmatini shunday izhor etgan:

Minnatdor tuyg‘ular oqadi to‘lib,
Rahmat va xayr! – sizga, azizlar.
Durrachamni silkiyman kulib,
Rahmat, Oybek, rahmat,
Chustiy! – sizga azizlar.
Rahmat, Toshkent! – kechir, meni kechirgil,
Sokingina go‘sham, eng ko‘hna uyim.
Yulduzlarga rahmat, gullarga rahmat,
Yosh va dilbar qora sochli onalar,
Shirin kulchalar tutgan bolalar,
Shu jajji qo‘lchalar, qo‘llarga rahmat!
Sakkiz yuz kunim – moʻjizaviy sas,
Shu moviyrang cheksiz osmon ostida,
Shu lojuvard tubsiz ummon ostida
Biz birga yashadik yorqin, o‘tnafas,
Ey, otashin bog‘…

Shoira hayotining so‘nggi yillarida og‘ir xastalik tufayli hech kimni oldiga kirgizmaslikni buyurgan. Faqat birgina istisno bor edi. “Agar O‘zbekistondan, Toshkentdan yo‘qlaydiganlar bo‘lsa, oshig‘ich oldimga olib kiring”, degan ekan Anna Axmatova.

Taniqli o‘zbek adibi Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani va “O‘zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Sen yetim emassan” badiiy filmiga Shomahmudovlar oilasining hayoti asos bo‘lgani, ushbu oila sharafiga Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida muhtasham monument o‘rnatilgani barchaga ma’lum. Shoahmad ota “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan. Bahri ona esa “Qahramon ona” sifatida e’tirof etilgan. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Obinazar”, “Jarariq” mahallalari hududida joylashgan ko‘chaga Shoahmad Shomahmudov nomi berilgan.

Orenburg davlat universiteti Janubiy Ural tarixi va etnografiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori, tarix fanlari doktori Venaliy Amelin ta’kidlaganidek: “O‘zbekiston Rossiya, Ukraina, Belarus ilmiy-badiiy doiralarining eng iste’dodli ziyolilarini muqarrar halokatdan saqlab qolganini yodda saqlash muhim. Shu bilan birga, ana shu joydan frontdan olisda janggohlarga qurol-aslaha uzluksiz yetkazib berib turildi. Mamlakatning mudofaaga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik tarix xotirasida, urush fojiasini boshidan o‘tkazganlar yodida abadulabad qoladi”.

Taniqli adabiyotshunos Aleksandr Deych esa o‘z esdaliklarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Hamid Olimjonning evakuatsiya qilingan adiblarga: “Biz, Toshkent sizlar uchun shunchaki vokzalning kutish zali emas, balki butun umr xotirangizda qoladigan qadrdon uyingiz bo‘lishini istardik”, degan so‘zlarini keltirgan. “Favvora-film” studiyasining taniqli jurnalist Boris Boboyev, rejissyor Hojimurod Valiyev va operator Abdulla To‘laganovdan iborat ijodiy guruhi tomonidan suratga olingan “Toshkentning katta yuragi” filmi ham ushbu mavzuga bag‘ishlangan.

Rossiya Fanlar akademiyasi arxivi Axborot texnologiyalar laboratoriyasining rahbari, tarix fanlari nomzodi Irina Ilina shunday xotirlaydi: “O‘zbekistondan bir umrga minnatdormiz. Uyimizga qaytib kelgandan keyin Toshkentda yashagan davrimizga fikran doim murojaat qilib turganmiz. Urush yillaridagi maishiy muammolar o‘z yo‘liga. O‘sha o‘chmas, o‘ziga xos va boy madaniyatga, maftunkor tabiatga ega O‘zbekistonda amalga oshirgan ilmiy tadqiqotlarimiz xotiramizda mangu saqlanib qoladi”.

Toshkentga urush yillarida evakuatsiya qilingan Belarus xalq shoiri, akademik Yakub Kolas esa ko‘zida yosh bilan O‘zbekiston o‘zining “jigari” ekanligini izhor etadi:

Bir qilichni birga toblab,
Birga bo‘ldik elga darmon.
Mehring berding nurga qoplab,
Ey jigarim, O‘zbekiston!
Yana nafas urdi bahor
Bizning ona tuproqqa ham.
Shu kuy bilan ko‘zimda nam:
Yaxshi qol, ey nurli diyor!

A.S.Pushkin nomidagi Leningrad davlat universiteti tarix kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Nikolay Kozlov bu haqda shunday xotirlaydi: “O‘zbekiston xotin-qizlarining mamlakat ayollariga evakuatsiya qilingan bolalarga onalik mehrini ko‘rsatish haqidagi da’vatiga minglab oilalar xayrixoh bo‘ldilar. Ular temiryo‘l vokzallariga kelib, ko‘chirib kelingan bolalarni o‘zlari bilan olib ketishardi. Buxoro viloyatidan oilalar asrab olishi uchun bolalar yetishmayotganligini, ular boshqa shahar va viloyatlarda qolgan bo‘lsa, ularga yuborishini so‘rab murojaat qilishgan. Bolalarni asrab olganlar uyining to‘rini ko‘chirib kelingan odamlarga berishar, o‘zlari och bo‘lsalar ham so‘nggi burda nonini ularning qo‘liga tutqazardi. Biror oilada asrab olingan bolalar bilan bog‘liq mojaroni eshitmaganmiz”.

Mashhur yozuvchi Aleksey Tolstoy o‘zbek xalqining ko‘chirib kelingan bolalarga ko‘rsatgan mehribonliklariga shunday yuqori baho bergan: “O‘zbekiston evakuatsiya qilingan bolalarni o‘z bag‘riga olishning tashabbuskori bo‘ldi. Zotan, serfarzandlik, bolalarga alohida mehr bilan munosabatda bo‘lish o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan ajoyib fazilatdir. Ular bolalar to‘g‘risida to‘lqinlanib gapiradilar. Ishonamizki, O‘zbekistonning bu tashabbusini boshqa respublikalar ham qo‘llab-quvvatlaydi…”

Ha, Toshkent – non shahri. O‘zbekiston esa muruvvat, saxovat va shafqat mamlakatidir.

Akmal SAIDOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605