08.10.2024 | 14:47
1169
“ABADIY YASHAMOQ, KULMOQ ISTAYMAN…”
1940-yil. Yaydoq dala. Unda-munda o‘t-o‘lan o‘sib turibdi. Bir erkak va ayol qadamlarini sekinlatib, to‘xtadi.
– Shu yermi? – dedi ayol ko‘zlari quvnab.
– Shu… – dedi erkak chuqur nafas olib chiqargach.
Ayol bo‘m-bo‘sh yerga havas bilan tikilib, shivirladi: “Bizniki! O‘zimizniki! Endi ijarama-ijara sarson yurmaymiz!”

Rostdan ham, uch ko‘chish – bir yong‘inga teng, degan gap bor. Bizgacha yetib kelgan bebaho qo‘lyozmalar qancha “yong‘in” ko‘rmadi deysiz?! Salobatli binolarning minbarida og‘iz ko‘pirtirib “Qo‘lyozmalar yonmaydi!” deyish oson… Lekin bu bir tomondan juda to‘g‘ri gap. Yoningda ijodingni sendan, seni ijodingdan ko‘proq sevib, ardoqlaguvchi umr yo‘ldoshing bo‘lsa, qo‘lyozmalaring Nuh to‘fonidan ham omon qolishi tayin.
Xullas, er-xotin shu yilning o‘zidayoq uy qurishga kirishib ketdi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, yo‘qchilik. Hali-zamon urush boshlanadigan. Hatto alifdekkina mix o‘lgur ham qahat. Kunduzi chiroq yoqib topilgani ham avval ishlatilgan mix. Hechqisi yo‘q. Hunar bilan mehnat omon bo‘lsin… Mana, nafis lirikaga yo‘g‘rilgan she’rlar bitgan, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” she’riy romanini mahorat bilan tarjima qilgan, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Qahramon qiz”, “Gulnoz”, “Kamonchi” singari dostonlar yozgan, “Navoiy” romanining dastlabki qoralamalarini qog‘ozga tushirgan barmoqlar zanglagan va qing‘ir-qiyshiq mixlarni rostlamoqda. Ularga bir-biridan inja kartinalar yaratgan, faqat mo‘yqalam va moybo‘yoqqa o‘rgangan ingichka barmoqlar yordamlashmoqda. Bu qo‘llar uyning poydevoridan tomigacha bir-bir tegib o‘tdi. Eh-he, salqin kuzlarda loylarga botgani-chi? Ikkovlon iniga xas tashigan qushlardek g‘isht bo‘ladimi, taxta bo‘ladimi, ishqilib, to‘rtta devorni tiklashga yaraydigan qurilish ashyolarini shu sahnga to‘pladi. Bu uyga ijodkorlar oilasi 1940-yilning 30-dekabrida ko‘chib o‘tdi.

Alqissa, hozirgi Oybek uy muzeyi ana shunday barpo bo‘ldi.
Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek hamda Zarifa Saidnosirovaning farzandlari – Omonbek, Bekjon, Gulrang, Suyunbek shu uyda kamolga yetdi. Oilaning yaxshi-yomon kunlariga guvoh bo‘lgan mazkur xonadon adib tavalludining 75 yilligi munosabati bilan 1980-yilda uy-muzeyga aylantirilgan. Avvalo, Zarifa Saidnosirovaning himmati va jasoratiga tahsin aytmoq lozim.
Birinchidan, qatag‘on davrlarida ham, og‘ir xastalikda ham, to‘qchilik va yo‘qchilikda ham Oybekni-da, o‘z ijodini-da tashlab qo‘ymadi. Turmush o‘rtog‘ining qo‘lyozmalari, kitoblari, tarjimalari qatorida otasi – mashhur ma’rifatparvar jadid, tadbirkor Saidnosir Mirjalilovga oid buyumlarni, shuningdek, o‘zi yaratgan kartinalarning bizgacha yetib kelishi uchun jon kuydirdi.
Endi muhtaram o‘quvchini yuqorida ta’riflaganimiz – muzeyga taklif etsak.
Darvozadan kirishingiz bilanoq ikki qavatli bino ko‘zga tashlanadi. Yo‘q, bu bino keyinchalik qurilgan. Yuqorida tasvirlangan uy esa chap tarafda. U besh xonadan iborat. 10 mingdan ortiq eksponatga ega. Bu qadimiy uyni har yili 13 mingdan ziyod kishi ko‘rgani keladi.
Naqshinkor eshikdan moʻjaz ayvonchaga kiramiz. Marhamat. Birinchi xonani “Gʻaroyib us-sig‘ar” desak ham bo‘ladi. Chunki unda adibning bolalik va yoshlik davriga oid materiallar jamlangan. Suratlarga qararkansiz, beixtiyor “Bolalik xotiralarim” yodingizga tushadi. Ro‘parangizda rassom Boris Brinskix chizgan surat shoirning bolaligi o‘tgan Govkush mahallasi haqida so‘zlagan bo‘ladi. “Bola Alisher” qissasini bitgan yozuvchining bolaligidan parcha ko‘rishni istaganlar devordagi suratga boqsin. Uning yonida akasi Isomuhammad va singlisi Shafoatning 60-yillardagi suratlari… Ma’lumki, Oybek “Namuna” maktabi, Narimonov nomidagi texnikumda, keyinchalik O‘rta Osiyo davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida o‘qigan. O‘ng tomondagi devorda o‘sha paytlarda olingan suratlar osilgan. Bundan tashqari, mazkur qismda shoirning ilk qoralamalaridan nusxalar, o‘smirlik davrida sevib mutolaa qilgan asarlaridan namunalar va ijodiga turtki bergan adiblarning kitoblari joy olgan.
Xo‘sh, Muso Toshmuhammad o‘g‘li nega o‘ziga Oybek taxallusini tanlagan? Shoir bolalik chog‘larida osmonga termilishni juda sevgan, onasiga “oyni olib bering” deya bot-bot iltimos qilgan ekan. Ulg‘ayib, qog‘oz qoralay boshlagan kezlarda Oybek bo‘lishni istagan. Mana endi, bu xona derazasi tokchasidan Oybek taxallusining ramziy ma’nosini ifodalaydigan oy tasviri Toshkent osmoni uzra mo‘ralab turadi.

Muzeyni ko‘zdan kechirarkansiz, ayrim kitoblarning bir cheti yirtilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, chaynalganiga guvoh bo‘lasiz. Sizningcha, bu kimning ishi? Albatta, Oybek domlaning! Xo‘sh, nega? Adibning rafiqasi “Oybegim mening” kitobida turmush o‘rtog‘i bu odatini butun umr tashlay olmaganini yozgan. Sevimli kitoblarini qayta-qayta mutolaa qilgan chog‘lari beixtiyor sahifa chetlarini tishlab olarkan-u, uzoq o‘yga tolarkan… Kimdir Oybek haqida kino olsa, e’tiborda tutishi lozim bo‘lgan muhim detal bu.
Ikkinchi xonaga o‘tamiz. Bu xonada sevimli adibimiz qizg‘in ijodga sho‘ng‘igan, o‘nga yaqin doston yozgan, tarjimalar bilan jiddiy shug‘ullangan. Xonaga kirib, 1930–1940-yillar haqida hikoya qiluvchi suratlar va hujjatlarni ko‘zdan kechirarkansiz, dilingizni allaqanday hadik qoplab olishi tabiiy… Tasavvur qiling, butun olamni unutib, qog‘ozga muk tushib, yozyapsiz va yaratilajak asar qahramonlari, poetik tuyg‘ular, olamshumul fikr-mulohazalar boshingizda, ruhingizda, butun tanangizda g‘ujg‘on o‘ynamoqda. Bunday paytda “tiq” etgan ovoz ham miyaning qoq o‘rtasiga bolta urgandek bo‘ladi. Borlig‘ingizni qoplab olgan olamdan tashqarida tahlikali vaziyat yetilgan. Kecha ustoz deb etagidan tutgan insoningiz (Cho‘lpon) otuvga hukm etilgan. Manaman degan yozuvchi-shoirlar qattol tuzumning dushmani sifatida yo‘q qilinmoqda va tayinki, ilm-u ma’rifat, zehn-u zakovat, mehr-u muhabbatga begona bo‘lgan ajalning yugurdaklari halizamon mana shu eshikni ham taqillatib qolishi mumkin… Taassufki, shunday bo‘ldi ham. “Taq-taq-taq…”
Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan chiqarilgan, Til va adabiyot institutida ishdan bo‘shatilgan, gazeta va jurnallar esa asarlarini bosmay qo‘ygan bundayroq adib ijodiy faoliyatini yig‘ishtirib qo‘yishi, bola-chaqa boqish ilinjida o‘zini har bozorga solishi, kerak bo‘lsa, yaqin do‘stlari, safdoshlarini sotib, tirikchilik qilishi mumkin edi. Ammo Oybek emas! U hammasiga qo‘l siltab, “Qutlug‘ qon”ni boshlab yubordi. Mana bu shishali stendda shu romanning ilk nashri va turli tillarga tarjima qilingan nusxalari turibdi. Qaysi tillar ekan, demoqchimisiz? Ozarbayjon, uyg‘ur, slovak, chex va tabiiyki ruscha…
Keyin urush boshlandi. Endi uyli-joyli bo‘lgan, bu yog‘iga hech nimaga chalg‘imay, faqat ijod qilaman degan yozuvchi 1942-yili san’atkorlar brigadasi tarkibida frontga jo‘natildi. Jangda toliqqan askarlarni ruhlantirish uchun aytilgan qo‘shiqlar, she’rlar, raqslar bitgach, hamma ortga qaytdi. Oybekdan tashqari…
Bir she’rida shunday yozadi:
Qoshlar, kipriklar qirov –
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och, esga kelmas
Xaltamdagi g‘ishtdek non…
Gʻishtdek non… Gʻishtdek non… Ha-ya! Buxanka! Urush o‘chog‘iga yo‘l olarkan, “xalta”sidagi nonni bitta bloknotga almashadi. Unga olti oy ko‘rgan, his qilgan, bilganlarini yozadi. Bu qoralamalar oradan yigirma ikki yil o‘tgach, “Front bo‘ylab” nomli kitobga aylanadi. Bunisiga nima deysiz? Hov, ana o‘sha kitob!
Qayoqqa shoshyapsiz? Narigi xonaga? To‘xtang, avval mana bu rasmlarga boqing. Misr, O‘rta yer dengizi, Pokiston, Angliyada olingan suratlar. Urushdan keyingi safarlardan esdaliklar. Bular – farzandlari, oilasi, yaqinlariga yo‘llagan telegrammalari… Endi ketdik, keyingi bekat – “Alisher Navoiy”!
Uchinchi xonadagi eksponatlarning aksar qismi ulug‘ mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy bilan bog‘liq. Bu yerga “Navoiy” romanining qo‘lyozma, ilk nashri hamda boshqa tillardagi tarjimalari joylangan. Roman qozoq, turkman, ozarbayjon, tojik, arab, ingliz, ukrain, nemis, rus, belorus, fors, eston, latish va hatto (!) xitoy tillariga tarjima qilingan. Ulug‘ adibning shaxsi va ijodiga bag‘ishlangan asar Oybek domla frontga jo‘nab ketishidan biroz avval yakunlangan. Ma’lum sabablarga ko‘ra, o‘sha yillarda uncha ommalashmaydi. Keyinroq “Mahmud Torobiy” tarixiy dramasi yozildi. Undan ham bitta nusxa qo‘yilgan. 1943-yili O‘zbekistonda Fanlar akademiyasi tashkil etilgach, Oybek, Gʻafur Gʻulom uning haqiqiy a’zosi etib saylanadi. Adib 1951-yilgacha akademiyaning gumanitar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. Urush tugagach, shoir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi sifatida ish boshlaydi.
Navbatdagi stendning nomi o‘zgacha: “Oybekka qarshi hujum”. Ochig‘i, bu haqida yozgim yo‘q. Kimga qiziq bo‘lsa, kelib ko‘rsin. Faqat bir hujjat taskin beradi. Oyna ortida turgan kechirim xati… Shoirning shogirdidan. Buni ham muzeyga kelib, xatni o‘qiganlar aynan kim yozganini bilib oladi.
Ma’lumki, Oybek domla talabalik yillaridayoq og‘ir xastalikka chalinadi. Keyinchalik turli tergovlar, tuhmatlar, ruhiy zarbalar sog‘lig‘ining yanada yomonlashishiga sabab bo‘ladi. “Qahhorni qand kasal, Oybekni soqov qilib qo‘yganlar ham laganbardorlar…”
Bir necha bor boshqa davlatlarga davolanishga borgan adibni o‘z yurtida o‘ldiga chiqarganlar ham ko‘p bo‘lgan. Eng qizig‘i, tirikligidayoq ta’ziya izhor etgani hovlisiga kelishgan. Shu paytlarda Oybek gapirolmay qoladi. Davolanish uchun Xitoyga jo‘naydi. Bu zalda o‘sha safarda yozilgan xotiralar ham saqlanadi.
Navbatdagi zal “Oybek abadiyati” deb nomlangan. Bu yerda adibning o‘zbek va rus tillaridagi ko‘p jildlik asarlari nashri, shuningdek, ayrim asarlarining xorijda bosilgan nusxalari, mukofotlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, adib surati tushirilgan, misralari bitilgan sopol va chinni buyumlar, mis idishlar, Oybekka bag‘ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar ham saqlanadi.
Biroz ichkariroqda esa o‘sha mashhur ijodxona joylashgan. Mana shu xontaxta ustida “Qutlug‘ qon”, “Navoiy” kabi ko‘plab asarlar dunyo yuzini ko‘rgan. Mana bu lo‘labolishlar qanday tabarruk! Yozishdan tolgan adib ularga yonboshlab, shiftga termulib, uzoq o‘y surgan. Siz ham biroz tin olib, ko‘zlarni yumib, devorlar shiviriga quloq tuting-chi? Muborak moziy hidini tuyish uchun to‘yib-to‘yib nafas oling-chi?! Qanday maza! Yashaging keladi! Endi ko‘zingizni oching, qarang: Xastaligi zo‘raygan, gapirishdan, yozishdan qolgan adib, ko‘zlari va imo-ishoralar bilan rafiqasiga nimalardir “demoqda”. Ayol yozmoqda. “Quyosh qoraymas”, “Ulug‘ yo‘l” romanlari, “Nur qidirib”, “Bolalik”, “Bola Alisher” qissalari shu tariqa yozilgan. Ana sizga mehr-u sadoqat!
Xastamen… Fikrga, tuyg‘uga to‘lib,
Oy menga hamqadam sokin yuramen.
Sog‘aysam bir kuni yozamen to‘yib,
Hislarga qalbimni qo‘shib yozamen.
Kechalar yururmen telbaday horib,
Boshimda oy borur, menga hamqadam.
Xayollar uchadi mash’alday yonib,
To‘yib yozajakmen bir kun sog‘aysam…
Bunday kunlar o‘n yetti yil davom etdi. O‘n yetti yil… 1968-yil 1-iyulda Oybek domla vafot etdi.
Bu uy muzeyga aylantirilishida Zarifa Saidnosirovaning xizmatlari katta. Shuningdek, bu manzilda olima umrining so‘nggi yillarida chizgan moybo‘yoq bilan ishlangan tabiat manzaralari ham bor.
Aytgancha, haykal esdan chiqay debdi. Oybek domla o‘zi ekkan daraxtlar soyasida o‘yga cho‘mib turgandek go‘yo. Menimcha, quyidagi she’rni shivirlamoqda:
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o‘shshaygan qoya labida.
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Mayin raqsiga hech qoniqmas ko‘ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun,
So‘nmaydi yuzida yorqin tabassum.
Yanoqlarni tutib oltin bo‘sa-chun,
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!
Xullas, ming marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan afzal. Keling, ko‘ring, zavqlaning, xotirlang…
Shahriyor SHAVKAT
Abdumannon MAMATOV olgan suratlar.
“Jadid” gazetasining 2024-yil 4-oktyabrdagi 41-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596


