06.11.2024 | 12:00
549
AKBAR O‘ROZALIYEV – JADID, DIPLOMAT
1985-yil 4-fevralda andijonlik jadid taraqqiyparvarlar Akbarali O‘rozaliyev, Abdurahim Yusufzoda, Inomjon Xidiraliyevning hayoti, faoliyati haqida manbalar, ma’lumotlar olish haqidagi iltimosimga binoan Andijon oblast partiya komitetining sekretari Mirza Muhitdinov sobiq Ittifoq Tashqi ishlar ministrligiga xat bilan murojaat qilgan edi. Buning sababi, yuqorida nomlari zikr etilgan andijonliklar sovet hokimiyatining dastlabki yillarida diplomatiya sohasiga jalb qilingan favqulodda qobiliyatli shaxslar bo‘lishgan. Xususan, Akbarali O‘rozaliyev Xitoyda, Abdurahim Yusufzoda Afg‘oniston va Moskvada, Inomjon Xidiraliyev Moskvada, Londonda faoliyat ko‘rsatgan.

Tashqi ishlar ministrligidan 1985-yil 11-aprelda oblast partiya komitetining sekretari nomiga javob xati kelganida qanchalik hayajonlanganim hali-hanuz esimda. O‘sha xatni qo‘lga olgach, unda ism-sharifi ko‘rsatilgan arxiv rahbariga murojaat etib, avvalgi ma’lumotlarga qo‘shimcha yangi materiallar bo‘lsa, ulardan nusxa olib jo‘natishni iltimos qilganman. Shunga muvofiq Tashqi ishlar ministrligi diplomatiya bo‘limi mutasaddisi V.V.Sokolov tomonidan 1986-yil 6-aprelda mening nomimga A.O‘rozaliyev haqida ma’lumot yuborildi. Unda aytilishicha, Akbarali O‘rozaliyev 1925-yil 6-iyulda Moskvada Xitoyga diplomatik xizmatga – Qoshg‘arda Bosh konsullikka ishlash uchun ketayotib to‘ldirgan shaxsiy varaqasida “O‘tmishda qanday partiyalarga mansub edingiz?” degan savolga hech ikkilanmasdan: “1914-yildan 1917-yilgacha yosh sart (o‘zbek)larning “Ittihod va taraqqiy” yashirin tashkiloti a’zosi bo‘lganman”, deb javob yozgan. “Sizning inqilobiy va ijtimoiy ishdagi ishtirokingiz nimada ifodalangan?” degan savolga u: “1917-yilga qadar ma’rifatparvarlik, to‘garak ishlarida, 1917-yildan so‘ng esa sovet, xo‘jalik, partiya organlarida ishladim”, deb javob bergan.
2001-yili “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Istiqlol yo‘lida shahid ketganlar” nomli kitobda Abdurahim Yusufzoda, Akbar O‘rozaliyev va boshqa shaxslarning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, fojiali taqdiri ilmiy jihatdan yoritilgan. Biz ana shu ma’lumotlar asosida Akbar O‘rozaliyevning faoliyati, xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” pyesasida rol o‘ynagani, vaqtlar o‘tib buning uchun ta’qib ostiga olingani va boshqa voqealarga e’tiboringizni qaratishni lozim topdik.
Akbar O‘rozaliyev 1916-yili Turkistondagi milliy ozodlik qo‘zg‘olonida qatnashgan, Andijonda rus mustamlakachi ma’muriyatining mahalliy xalqqa nisbatan qo‘llagan mustabid siyosatini fosh etishda faollik ko‘rsatgan mahalliy yetakchilardan biri edi. Podshoh hukumatining jazolash organi Andijondagi milliy yashirin tashkilotning izidan tushib, uni batamom yo‘q qilmoqchi bo‘lgan. Turkiston rayon muhofaza bo‘limi (TRMB) boshlig‘i o‘rinbosari Rozalion-Soshalskiy harbiy gubernator mahkamasi hujjatlarini sinchiklab o‘rganib, Andijondagi “taraqqiyparvarlar” ishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘agan.
Akbar Boytursunovich Andijondagi “Taraqqiyparvarlar”, “Padarkush”chilar, “Gap”chilar nomi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy-siyosiy jamiyatning eng faol a’zolaridan edi.
Shuning uchun ham TRMB rahbariyati va agentlari unga qarshi astoydil kurash olib boradi. Akbarali O‘rozaliyev va ukasi Muhammadjon Andijondagi kelishtiruvchi sud tilmochligi va mirzaligi vazifalaridan bo‘shatiladi. TRMB boshlig‘ining o‘rinbosari Rozalion-Soshalskiy 1917-yil 7-fevralda Andijonga yetib keladi. Shunda Akbarali O‘rozaliyev taktik yo‘l tutadi, ya’ni otasi Boytursunning A.N.Kuropatkin bilan o‘zaro yaqin tanishligidan (u 1877-yili Kuropatkin bilan birga Sharqiy Turkistonga borgan edi) foydalanib o‘zi va boshqa taraqqiyparvarlar hayotini saqlab qolish, Andijonda hech qanday yashirin siyosiy tashkilot yo‘qligini isbotlash uchun Turkiston general-gubernatoriga ariza bilan murojaat qiladi:
“Turkiston o‘lkasi general-gubernatori Aleksey Nikolayevich Kuropatkinga. Georgiy Xochining barcha darajalari sohibi Boytursun O‘rozaliyevning o‘g‘li Akbar Boytursunovich O‘rozaliyevdan
ILTIMOSNOMA
Skobelov okrugi sudi raisining 1917-yil 6-yanvardagi farmoyishi bo‘yicha men va ukam Muhammadjon Andijon uezdi kelishtiruvchi sudi huzuridagi tilmochlik xizmatidan bo‘shatildik. Bizning xizmatdan bo‘shatilishimiz sabablari xususida menga sud raisining tushuntirishicha, u bu o‘rinda sizning farmoyishingizga ko‘ra ish ko‘rib, meni va ukamni xizmatdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan. Shu yilning 6-fevralida men shaxsan siz saodatli oliy hazratlariga bu ishni tekshirish haqida iltimosnoma topshirgan edim. Shunda siz tomondan bunday sud idoralarida xizmatda turgan shaxslarni xizmatdan bo‘shatish to‘g‘risida farmoyishlar berilmasligi aytilgan edi.
Ayrim shaxslar tomonidan aytilgan, aslida bo‘lmagan “yosh o‘zbeklarning padarkushlar partiya”siga mansubligimiz tufayli siz saodatli oliy hazratlari bizlarni xizmatdan bo‘shatish haqida farmoyish bergan ekansiz.
1914-yilning 6-iyunida Andijon shahrida mahalliy havaskor sart yoshlari tomonidan ko‘ngilni xush etuvchi kecha tashkil qilindi. Unda Mahmudxo‘ja Behbudiyning sart tilida yozilgan “Padarkush” nomli pyesasi ham sahnada qo‘yilgandi. Pyesa o‘z mazmuniga ko‘ra chuqur ibratli edi. Hozirgi zamon sartlari jamiyatining ma’naviy tushkunligini ochib beradi. Shu kechada to‘plangan mablag‘ning bir qismi hozirgi borayotgan urushda halok bo‘lganlarning boquvsiz qolgan oilalariga, bir qismi Andijondagi erkaklar progimnaziyasi foydasiga, qolgan qismi esa ko‘ngilni xush etuvchi boshqa muassasalar foydasiga sarflangan edi. Bunday kechani tashkil etish uchun mahalliy rus hukumatidagilarning ruxsati olingandi. Bu pyesada rol o‘ynaganlar orasida men ham bor edim.
Hammaning esidan allaqachon chiqib ketgan bu voqeadan quruq safsataboz kishilar partiya, “Yosh o‘zbeklar harakati”ni o‘ylab topdilar. Bu kechani tashkil etishda qatnashganlarni esa qandaydir partiyaviy tashkilotga daxldor deb gumonsiradilar. Bularning hammasi bizlarning kam madaniyligimizni xarakterlab bermoqda. Arzimas havaskorlik pesasi ko‘nikmagan aqlimizni shu qadar taajjubga solmoqdaki, ayrimlarga butun davlat hayotini to‘ntarib yuborishga qodir ulkan hodisa yuz bergandek tuyulmoqda.
Mazkur masala bo‘yicha Andijonga Toshkent soqchilari bo‘limi boshlig‘i yordamchisi kelib, dastlabki tergov olib bordi, ham rus, ham mahalliy ma’muriyatni so‘roq qildi. Oqibatda o‘zbek yoshlarining qandaydir firqa tuzib, qandaydir asossiz maqsad sari kurashayotgani haqidagi gumonlar to‘laligicha isbotlanmadi.
Men va ukam Muhammadjon butun xizmatimiz davomida nojo‘ya tanbeh olgan emasmiz. Bizning ma’naviy sifatimiz, xulq-u atvorimiz va faoliyatimizga kelsak, butun mahalliy ma’muriyat baho berishi mumkin. Andijon uezdi boshlig‘i K.K.Medinskiy, O‘sh uezdi boshlig‘i yordamchisi K.P.Gorodinskiy, Skobelev okrug sudi prokurori yordamchisi P.P.Robin, Andijon uezd 1-daha kelishtiruvchi sudyasi Petrov va meni xizmat bo‘yicha bilgan hamda halol hayotimdan voqif bo‘lgan boshqalarni ham guvoh qilib keltirishim mumkin.
Tilmoch sifatida men va ukam xizmat qilib katta oilamizni tebratib turmoqda edik, endilikda esa xizmatdan bo‘shatilib, yashash vositalaridan mahrum bo‘lib qoldik. Hozirgi vaqtda bunday ahvolda bo‘lishlik biz uchun favqulodda toqat qilib bo‘lmaydigan holatdir.
Bundan tashqari, o‘zim yetarli ma’lumotga ega bo‘lmaganimdan, ammo ma’lumotli bo‘lishning foydasini tushunganligimdan eng oxirgi mablag‘larimni, imkoniyatimni ishga solib, ukamni Andijondagi erkaklar progimnaziyasida o‘qitmoqdaman. Bu to‘g‘risida siz Andijon shahriga kelganingizda ham xabar topgansiz.
Ushbularni bayon etib, Sizdan bizni xizmatga tiklab qo‘yish to‘g‘risida farmon berishingizni so‘rayman. Bordi-yu buning imkoni bo‘lmasa, mazkur ish bo‘yicha rasmiy va og‘zaki tekshiruv o‘tkazishni itoatkorlik bilan iltimos qilishni sharafim, deb bilaman. Bu ishni rasmiy tekshirib chiqishda bizga qo‘yilayotgan ayblar qanday bo‘lmasin isbotlanmaydi, biz yaxshi nomimiz va obro‘yimizning tiklanishiga erishajakmiz.
Skobelov shahri,
1917-yil 24-fevral.
A.B.O‘rozaliyev”.
Ariza 4 mart kuni yetib borgan. Unga 1917-yil 6-mart kuni viza qo‘yilgan: “Prokuror xulosasida so‘rovning harakatlari haqida ma’lumot yo‘q. Rasmiyat uchun tekshiruv bo‘lishi kerak. Bu haqda general-gubernatorga va arizachiga ma’lum qilinsin”.
Fevral inqilobi tufayli Andijondagi “Yosh o‘zbeklar yashirin tashkiloti” haqidagi tergov ishlariga barham berildi. “Padarkush” pyesasida rol o‘ynagan Akbar O‘rozaliyev boshi ustidagi qora bulut tarqaldi. Uning hayotida yangi sahifa ochildi.
1917-yil 14-iyunda Andijon shahridagi Olimjon hoji zavodida harakatdagi armiya frontorti ishlaridan qaytib kelgan 900 ga yaqin ishchi-musulmonlarning mitingi bo‘lib o‘tadi. Unda musulmonlardan sovet hay’ati tuzilib, musulmonlardan 13 kishi, yevropalik ruslardan 2 kishi kiritiladi. 27 yoshli Akbar O‘rozaliyev Andijon musulmon soveti raisi o‘rinbosari etib saylanadi. 1917-yil avgustda shahar dumasiga demokratik ruhda saylov o‘tkaziladi. “Sho‘royi islom”ning mahalliy aholi o‘rtasida ta’siri kuchliligi natijasida milliy harakat namoyandalari Andijon shahar dumasidagi 97 o‘rindan 84 tasini egallaydi. Dumaga Akbar O‘rozaliyev ham saylangan. O‘rozaliyev eserlar partiyasi safiga kirgan, chunki eserlar musulmon aholi manfaati yo‘lida bolsheviklarga qarshi kurashayotgan edi. Andijon musulmonlar soveti eserlar tashkiloti bilan yaqin aloqada faoliyat ko‘rsatgan. Mariya Nikolayevna Orda eserlar partiyasi Andijon bo‘limining raisi edi.
Akbar O‘rozaliyev davr taqozosi, zamona zayliga ko‘nikib, mustabid tuzumga xizmat qilishga majbur bo‘lgan. U Andijon uezd-shahar soveti ijroqo‘mi raisi o‘rinbosari, inqilobiy komitet raisi o‘rinbosari, harbiy tayyorlov bo‘limi boshlig‘i, “bosmachilar”ga qarshi kurash “beshligi”ning raisi, Andijon va O‘sh uezd-shahar inqilobiy komitetlari raisi o‘rinbosari, Farg‘ona oblast revkomi raisi va o‘rinbosari, oblast reja komissiyasining raisi lavozimlarida ishlagan. Qahramonimiz 1925–1927-yillarda Xitoyning Qoshg‘ardagi sovet bosh konsulligida xizmat qiladi. Shuningdek, Farg‘ona oblast banki boshqaruvchisi bo‘ladi. 30-yillar boshida Andijondagi Manjara nomli artelga, so‘ng “Savay” sovxoziga rahbarlik qilgan. Ammo 1934-yil 1-dekabrda trotskiychi-zinovevchilar tomonidan S.M.Kirovning o‘ldirilishi tufayli dushmanlarni izlab topish, ularni qamoqqa olish, tergov qilish, “aksilinqilobchi”, “millatchi” degan tamg‘alar qo‘yib qatag‘on qilish kampaniyasi Akbar O‘rozaliyevni ham o‘z domiga tortdi. U 1935-yil 14-sentyabrda qamoqqa olinib, 14, 16-sentyabr, 27-oktyabr, 26-noyabrda tergov qilingan. Bu tergov materiallari alohida tahrir qilishga muhtojdir. O‘zSSR Oliy sudi maxsus kollegiyasi 1936-yil 10-11-sentyabr kunlari Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bilan ayblangan Akbar O‘rozaliyevning ishini ko‘rib chiqadi va uni 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va 3 yil saylov huquqidan mahrum qilish haqida hukm chiqaradi.
Ayblanuvchi Akbar O‘rozaliyevning 1937-yil 18-noyabrdagi tergov bayonnomasida NKVD tergovchisining “Qachon va nima uchun siz qamoqqa hukm etildingiz?” degan savoliga Akbar O‘rozaliyev: “1935-yili NKVD organlari tomonidan Andijon shahrida qamoqqa olindim va 1936-yili men aksilinqilobiy targ‘ibotim uchun 3 yil qamoq jazosiga hukm etildim…” degan javobi yozilgan.
Tergov organlarining operativ ma’lumotlari bo‘yicha Akbar O‘rozaliyev Malik sovxozi 4-bo‘limida mahbuslar orasida tizimli tarzda aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan. RKP(b)ga qarshi aksilinqilobiy bo‘htonlar bildirgan, xalq dushmanlarini maqtagan. Yaponiya va uning harbiy qudrati, bosqinchilik siyosatini maqtagan. Ayni vaqtda qizil armiyaga qarshi bo‘htonlar yog‘dirgan. Mahbuslarni ishga chiqmaslikka chaqirgan. O‘rozaliyevning qo‘poruvchi aksilinqilobiy faoliyati tufayli 4-sonli brigada ishlab chiqarish rejasini doimiy ravishda bajarmagan. U O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-, 21-moddalari bo‘yicha ayblanib Malik sovxozida sud qilingan.
1937-yil 21-noyabrda O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi huzuridagi yig‘ilishda 1890-yili Andijon shahrida tug‘ilgan Akbar O‘rozaliyev “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotning sobiq faol a’zosi sifatida ayblangan. 1935-yili aksilinqilobiy faoliyati uchun 3 yil qamoq jazosiga tortilgani ta’kidlanib, u jazo muddatini o‘tayotganda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda, lagerda mahbuslarni ish tashlashga chaqirganlikda ayblangan. Uning aksilinqilobiy faoliyati natijasida mehnatdan bo‘yin tovlovchilar foizi ko‘payib borgan. NKVD “uchligi” Akbarali O‘rozaliyevni otuvga hukm qilish haqida qaror chiqaradi. Unga tegishli mulk musodara etilib, hukm darhol ijro qilingan. O‘shanda u endigina 47 yoshga kirgan edi.
KPSS XX syezdidan keyin “katta terror” davrida siyosiy qatag‘on qilinganlar qatorida Akbar O‘rozaliyev ham oqlangan. Qahramonimiz nomini abadiylashtirish maqsadida Andijon shahri ko‘chalaridan biri Akbar O‘rozaliyev nomi bilan ataldi.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori,
professor
“Jadid” gazetasining 2024-yil 1-noyabrdagi 45-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



