Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.10.2024 | 11:27

img400

AKSILINQILOBCHI KARIM ZARIFOV

Qatag‘on qurboni bo‘lgan qahramonimiz Karim Zari­fov 1897-yil 15-iyunda Namangan shahrida dehqonchilik va bog‘bonlik bilan shug‘ullanuvchi oilada tug‘ilgan. U Oktyabr inqilobidan so‘ng Namangan uyezd shahar bog‘boni bo‘lib xizmat qilgan. 1937-yil 11-mayda – Samarqand oblas­ti Yuqori Darg‘om rayon ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlab turgan paytida yozgan tarjimayi holida otasi bilan 1915-yilgacha birga yashaganini, rus-tuzem maktabini 3-sinfini bitirganini, moddiy qiyinchilik sabab o‘qishni davom ettirish imkoni bo‘lmaganini, shu bois 1915-yildan boshlab bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lganini, Namangan shahar bog‘boni yordamchisi bo‘lib ishlaganini, 1920-yildan esa shahar bog‘boni bo‘lib tayinlanganini qayd etgan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qahramonimiz 1922-yil­ga­cha Qo‘qon shahrida yasha­gan. Bu vaqtda partiyaga kir­gan va intiluvchanligi, ziyrakligi inobatga olinib, Qo‘qon shahar militsiya­si boshlig‘i vazifasiga tayin­langan. Faoliyati davomida Namangan uyezdi “Qo‘shchi” soyuzi tashkiliy bo‘lim mudiri vazifasida ham mehnat qilgan. Namangan uyezd-shahar partiya komiteti­da partiya tashkilotchisi bo‘lib 1923-yilgacha ishlagan.

Mehnatsevarligi bois xizmat pillapoyalaridan yuqorilab, 1924-yili Namangan oblast partiya komiteti tomonidan oblast jinoiy-qidiruv bo‘limining boshlig‘i etib tayinlangan. Bir yil ishlaganidan so‘ng maxfiy-­operativ bo‘lim boshlig‘i vazifasiga o‘tkazilgan. Keyin yana avvalgi ishiga, ya’ni 1925-yili Namangan oblast jinoiy-qidiruv bo‘limi rahbarligiga qaytib, bu lavozimda 1926-1927-yillar davomida sidqidildan mehnat qilgan.

Qayta tashkil etish boshlanishi munosabati bilan u Andijon okrugi jinoiy-qidiruv boshlig‘i vazifasiga o‘tkaziladi. 1929-yil boshlaridan esa Qo‘qon okrug partiya komiteti va O‘zSSR NKVD roziligi bilan yana Qo‘qon okrugi ma’muriy bo‘limi militsiya va qidiruv bo‘limi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan qahramonimiz mazkur vazifada 1929-yil oxiri­gacha faoliyat olib boradi.

“1929-yil dekabrda, – deb yozadi Karim Zarifov shaxsiy varaqani to‘ldira turib, – Samarqand shahriga kelishim bilan okrug partiya komiteti sekretari tomonidan 1-son zavod boshqarmasiga boshliq bo‘ldim. Olti oy ishladim. Samarqand okrug partiya komiteti qaroriga binoan men Ikromov rayoni yer bo‘limiga mudir etib, shundan so‘ng Samarqand okrug partiya komiteti va okrug ijroiya komiteti Ikromov rayoni rayijroqo‘m raisi o‘rinbosari qilib tayinlandim. Keyinroq yana o‘sha ko‘rsatilgan tashkilotlar qarori bilan Yuqori Darg‘om rayoni ijroiya komiteti raisi o‘rinbosari vazifasiga mas’ul bo‘ldim. Shu lavozimda hozirgi vaqtgacha ishlab kelmoqdaman”.

Karim Zarifov 1931– ­1935-yil­lar­da ­Yangi Urganch shahrida Xorazm okrugi militsiya boshlig‘i, 1935–1937-yillarda Buxoro shahrida okrug militsiya sektori boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan.

Shaxsiy varaqada 1924, 1925, 1926, 1934-yillari jino­yat­chilarga qarshi faol kurash olib borgani uchun faxriy yorliqlar, qurollar bilan taqdirlanganini, oila­sida faqat ayoli borligi, ­yashash manzili Buxoro shahri, Guzor Ozod ko‘chasi, 385-uy ekanini qayd etgan.

Arxiv hujjatlari orasida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissari, davlat xavfsizligi mayori Apresyan tomonidan berilgan 1937-yil 6-dekabrda O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57-67-moddasi bilan ayblanuvchi Karim Zarifovning 7856-sonli tergov ishi­ning tushuntirish xulosasi bor. Unda Buxoro shahri militsiya boshlig‘i Karim Zarifovning O‘rta Osiyoda mavjud bo‘lgan aksilinqilobchi, millatchi tashkilot ishi yuzasidan tergov ma’lumotlari keltirilgan. Qahramonimiz shu ma’lumotlar asosida 1937-yil 28-oktyabrda hibsga olinadi.

O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tergov boshqarmasi bo‘limi operativ vakili Kuminov va davlat xavfsizligi kichik leytenanti Myasnikov tomonidan Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 60-, 67- va 57–2-moddala­ri bo‘yicha ayblanib, jinoiy javob­gar­likka tortilgan. Bu haqi­dagi qaror O‘zSSR NKVD komissari o‘rinbosari Leonov tomonidan tasdiqlangan.

1937-yil aprel boshlarida Karim Zarifov partiya safidan o‘chiriladi. Uning partiyaviyligi bilan bog‘liq holatlar rasmiy sur’atda muhokama qilingan. Guvohlardan biri Yunus Azimov 1937-yil 24-apreldagi par­tiya yig‘ilishida qahramoni­mizga: “1934-yil kuzida Mo‘­minov­ning uyidagi suhbatda Afg‘oniston konsulligi xodi­mi Gʻulom Ibrohimov ishtirok etgan. Ayting-chi Mo‘minov bilan Gʻulom Ibrohimov o‘rtasidagi aloqalar haqida sizga nimalar ma’lum?” deya savol bergan. Karim Zarifov savolga javoban: “Haqiqatdan 1934-yil oxirida boshqa mehmonlar qatori men ham Mo‘minovning uyidagi ovqatlanishda bo‘l­gan­man. Mehmonlar qatori Afg‘oniston konsulligi xodimi Gʻulom (familiyasini bilmayman) ham bo‘lgan. Menga ma’lumki, Gʻulom Mo‘minov huzurida tez-tez bo‘lib turgan. Ular o‘rtasida aloqa bo‘lgan. Men Mo‘minov bilan Gʻulomning o‘rtasidagi munosabatni bilmayman”.

1937-yil 31-oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zSSR NKVD Maxsus inspeksiya katta inspektori, militsiya kichik leyte­nanti Gzikov Buxoro sektori sobiq boshlig‘i Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat ko­dek­si­ning 60-, 67-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikda ayblana­yot­ganini, ­O‘zSSR­­ Ichki ishlar xalq vaziri Apres­yan ayblanuv­chi Karim Zarifov to‘g‘risidagi jamiki mate­rial­larni O‘zSSR Maxsus vakiliga topshirishi ke­rak­ligini talab qilgan. Qabul qilin­gan qarorda Karim Zarifov­ga tegishli barcha materiallar NKVDning maxsus bo‘limiga topshirilishi belgilangan.

Karim Zarifov 1937-yil 14-noyabrda tergov qilingan. Ter­gov­chi unga:

– Siz Buxoro shahrida aksil­inqilobiy qo‘zg‘olonchi tash­ki­lot­ning a’zosi bo‘l­gan­siz. Sizdan shu masa­lada ko‘r­sat­ma berishi­ngizni ta­lab eta­miz.

Mahbus tergovchiga javo­ban shunday degan:

– Tan olamanki va tasdiq­laymanki, hibsga olinga­nim vaqti­dan beri men o‘zimni Buxo­ro shahridagi aksil­inqi­lobiy tashkilotning a’zosi bo‘l­ga­nimni aytib kelmoq­daman.

– Qanday maqsad va vazi­fa qo‘ygansiz?

– Men a’zo bo‘lgan aksil­inqilobiy tashkilot o‘z oldiga qo‘z­g‘o­lon tayyorlab, Sovet hoki­­miyatini ag‘darib, O‘rta Osiyo hududida burjua demok­ratik milliy davlatni o‘rna­tish vazi­fasini qo‘ygan.

– Kim tomonidan va qa­chon siz aksilinqilobiy tash­kilotga tortilgansiz?

– Men aksilinqilobiy isyon­chi tashkilotga 1935-yil iyun oyida Buxoro shahridagi par­tiya faollari uyida Buxoro shahar partiya komitetining sobiq sekretari Hakim Karimov bilan uning kabinetida uzoq so‘zlashganimdan so‘ng a’zo bo‘lganman. Karimov mening kelib chiqishim, qayerdanligim, o‘tmishdagi ish faoliyatim va mening shaxsiy hayotimga oid boshqa savollar bergan. Suhbat oxirida Karimov menga shahar partiya komiteti dam olish uyiga ega ekanini, mening ham keksa partiya a’zosi, mas’ul xodim sifatida u yerga kelib turishimni tayinladi. Qolaversa, Karimov meni ogohlantirib, partiya faollari dam olish uyiga faqat bir o‘zim, ayolimsiz kelishimni aytdi. Dam olish kuni­ning o‘zidayoq Karimov menga yengil avtomashina yuborgan va men o‘shanda dam olish uyi­ga birinchi marta bordim. Shu kuni dam olish uyida shahar partiya komitetining sobiq kotibi Hakim Karimov, shahar sovetining sobiq raisi Rajab Qurbonov, 1-“MTS” direktori Umar Yunusov, shahar soveti raisi sobiq o‘rinbosari Ramazonov, rayon ijroiya komiteti raisi Hamid Yunusov bo‘lgan.

Hujjatda qayd etilishicha, Karim Zarifov o‘sha dam ­olish uyiga birinchi bor kirgani­da Karimovning ishonchini qo­zon­­gan, mavzuga qiziqqan.

“Partiya komiteti dam ­olish uyiga birinchi bor kelganimda Hakim Karimov menga ­ishonch bilan qaragan va ayni vaqtda mavzuga qiziqib ushbu manzilga har dam olish kunida kelib turganman.

Karimovning topshiriqla­ri­ni har xil vaqtda taxminan 1935-yil sentyabr oyidan bajarishga kirishdik. Topshiriqqa ko‘ra, aksil­inqilobiy isyonchi tashkiloti­mizga militsionerlar­ni jalb eta boshladim. Ular quyida­gilar edi: Karim Rahimov, Egamberdiyev, Karamatov, Husayn Sharipov va uchastka inspektori Ibrohimov. Yuqori­dagi shaxslarning har biri bilan alohida-alohida suh­bat o‘tkazdim. Ularning har birini ruslar bilan kura­shishga tayyor turishlarini, qurolli qo‘z­­g‘olon yo‘li bilan ruslarni O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborishni, shundagina butun o‘zbek xalqi e’tirof eti­lishiga erishish mumkinligini ayt­dim. Bir vaqt­ning o‘zida men ularning har birini alohida jalb etib, ularga o‘z o‘rtoqlarini tashkilotga jalb etishi haqida topshiriq berdim”.

– Tergovga ma’lumki, ak­sil­­inqilobiy tashkilotga milit­sio­nerlarni tortishdan tash­qari siz Karimov topshi­rig‘i bo‘yicha aksil­inqilobiy tashkilotni qurol bilan ta’­min­lagansiz. Qan­cha miq­dor­da qurolni aksil­inqilobiy tashkilotga va aynan kimga topshirgansiz?

– Karimovning to‘g‘ridan-­to‘g‘ri topshirig‘i bo‘yicha biz­­ning aksilinqilobiy tashki­loti­miz a’zolarini qurol bilan ta’min­la­dim. Qurbonovni “Nagan” tizimli va qo‘lbola revol­ver bilan, Yo‘ldoshevni “braun” 7,65 kalibrli “Nagan” bilan ta’min­la­dim.

Arxivdagi 8567-sonli Ka­rim Zarifovning shaxsiy ishi­da Xosiyatxon Zarifova ­uning onasiligi qayd etilgan. Biroq hujjatda qahramonimizning onasi yashagan man­zil ko‘r­satil­­magan. Karim Zarifov­ning ayoli 1904-yilda tug‘il­gan Kolyayeva Anna Kuzmi­nichnaning ham tug‘il­gan joyi arxiv hujjat­larida qayd etilmagan. Qahra­mo­nimiz hibsga olingan vaqt­da Samar­qand shahrida yasha­­yot­gani ko‘rsatilgan, ammo yasha­yotgan ko‘chasi, uy raqami, qarindoshlari nom­lari kel­tirilmagan. Karim Zarifov 1937-yil Buxoro oblasti Ichki ishlar boshqarmasi opera­tiv sektor boshlig‘i ekani ham qayd etilmagan.

1938-yil 8-oktyabrda SSSR Oliy sudi Harbiy kol­le­giya­­sining tayyorlovchi yig‘i­­­li­shi Tosh­kent­da o‘tkazil­gan. Uning tafsilot­lari aks etgan 4-sonli bayon­nomada yig‘i­lishda Alekseyev (rais), harbiy yurist Zaysev (a’zo), 1-rangdagi harbiy yurist Bolderev (a’zo), harbiy yurist Vatner (kotib) va prokuror yordamchisi Shuls qatnashgani qayd etilgan.

Yig‘ilishda mahbus Karim Zarifov ishi SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasiga taqdim etilib, sudlanuvchi O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57–1, 64- va 67-moddalari bo‘yicha ayblangan.

1938-yil 9-oktyabrda Tosh­kent shahrida SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi­ning ko‘chma sessiyasida yopiq sud yig‘ilishi o‘tkaziladi. Sud yig‘ilishi soat 13:35 da ochilgan. Raislik qiluvchi tomonidan Karim Zarifov O‘zSSR Jinoyat kodeksining 57–1, 64- va 67-moddalari bilan ayb­langani qayd etilgan. Sud kotibi sudlanuvchi sud zalida borligi va sudga guvohlar chaqirilmaganini kel­ti­rib o‘t­gan. Sudlanuvchi hech qanday arizaga ega emasligi va sud tarkibiga nisbatan qarshiligi yo‘qligini bildirgan.

SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi­ning 1938-yil 9-oktyabrdagi yig‘ilishida 1897-yili Namangan shahrida tug‘ilgan Karim Zarifov otuvga hukm etilgan. Hukm o‘sha kuni ijro qilingan.

Oradan 19 yil o‘tib, 1957-yil 3-aprelda SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasida O‘zSSR Jinoyat kodeksining 58-, 64- va 67-moddalari bilan otuvga hukm etilgan Karim Zarifov harakati tarkibida jinoyat alomatlari yo‘q­ligi aniqlangan.

Prokuror qo‘shimcha tekshiruvlar natijasida Zarifov­ning aybsizligidan guvohlik beruvchi yangi holat topilgani munosabati bilan hukmni bekor qilishni so‘raydi. Shunga binoan ish materiallarini ko‘rib chiqib va xulosadagi dalil va sabablarni e’tiborga olib SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasi 1938-yil 9-oktyabr­da­gi Karim Zarifovga nisbatan hukmni bekor etgan. Jinoyat tarkibi yo‘qligi bois ishni to‘x­ta­tishga qaror qilingan.

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600