09.06.2024 | 17:49
993
AVLONIYNING EVARASI
O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining yetakchi aktrisasi Gavhar Zokirova bilan suhbatlashar ekanman, tariximizning ochilmagan qirralari ko‘pligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Gavhar opa o‘zining katta bobosi, atoqli ma’rifatparvar, o‘zbek teatrining asoschilaridan biri Abdulla Avloniy haqida bilganlarini katta hayajon bilan so‘zladi. Yonib turgan ko‘zlari, samimiy nigohlari, to‘lqinli ovozi uning bobosi va u qoldirgan boy meros bilan qanchalik faxrlanishini namoyon etib turardi. Suhbatdoshimning hayajoni menga ham yuqdi. Gavhar opaning aytganlarini xuddi o‘zi gapirib berganday qog‘ozga tushirishga harakat qildim.

KO‘P VOQEALARDAN BEXABAR EDIM
Ochig‘i, bolaligimda ham, maktabda, hatto institutning birinchi kursida o‘qib yurganimda ham ajdodlarim haqida hech narsa bilmasdim. Hujjatlarimda otam – harbiy, onam – injener deb yozilgandi, xolos. Otamni vafot etib ketgan, deb yurardim. Maktabni bitirib, Politexnika institutiga o‘qishga kirdim. Shu dargohda bir yil o‘qib ham aktrisa bo‘lish orzusidan voz kecha olmadim. Birinchi kursni tugatib, Toshkent teatr san’ati institutiga qayta hujjat topshirdim. Hamma hayron: oilamizda san’atga aloqador odam bo‘lmasa, mendagi bu havas, intilish qayerdan paydo bo‘ldi? Bu yoqda onam, “Artist bo‘lyapsanmi?” deb rosa yig‘lagan.
Teatr san’ati institutida Gʻulomov degan domlamiz bo‘lardi. Xolam Hakima Avlonova pedagogika institutida ishlardi. Gʻulomov domla o‘sha yerda ham dars berar ekan. Xolam u kishiga jiyani ekanimni aytibdi. Domla bir darsda: “Bilasizmi, siz Abdulla Avloniyning evarasisiz. Bu inson o‘zbek teatrining asoschisi bo‘lgan”, deb qoldi. Yo‘q, deb juda hayron bo‘ldim. Uyga qaytgach, bu haqda onamdan so‘radim. Shundagina nima uchun uyimizda Abdulla Avloniyning portreti saqlanishini tushundim.
Ha, u paytlarda odamlar orasida kuchli qo‘rquv bor edi. Shuning uchun ham ko‘p voqealarni yashirishgan. Teatrshunos olim Mamajon Rahmonov, jadidshunos Begali Qosimov kitoblarini o‘qib, katta bobom haqida ancha-muncha narsani bilib olganman. Avloniyning xizmatlarini yuzaga chiqargan Begali Qosimov bo‘ladi. O‘sha davrda Abdulla Avloniy nomidagi malaka oshirish institutida Jo‘ra aka degan kishi direktor bo‘lib, Avloniyga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazib turardi. Bu tadbirlarda onam, Hakima opam, Kenja akam, men qatnashardik. Lekin u paytlar hech qayerda “jadid” so‘zi tilga olinmasdi.
HAYRATDAN TUG‘ILGAN SAVOLLARGA JAVOBLAR
Abdulla Avloniyning evarasi ekanimni bilganimdan so‘ng o‘z-o‘zidan ko‘nglimda uning merosiga jiddiy qiziqish va savollar paydo bo‘laverdi. Javobni esa Abdulla Avloniyning ayoli Salomat buvidan, Hakima xolam va onamdan topganman. Aytgancha, Salomat buvim 1971-yili, 90 yoshda olamdan o‘tgan. Buvimdan eshitganlarim shunday boshlanadi: “Abdulla Avloniyning farzandlari 13 nafar bo‘lib, ulardan faqatgina Sora, Karima, Otaliq, Asatillo, Hakima va Kenja yashab qolishgan. Otaliq urushda halok bo‘lgan. Asatillo 1933-yili ichburug‘ kasalligidan vafot etgan. Kenja ismli o‘g‘li esa yirik kimyogar bo‘lib, 70 yil umr ko‘rgan”.
Abdulla Avloniyning bobosi Mirne’matboy Avloniyning Mirobod tumanida joylashgan dala hovlisi o‘g‘illari Abdulla va Mirsiddiqqa meros bo‘lib qolgan. Bu hovli 1991-yili buzilgan. Avloniyning otasi Miravlon dodaning xotini Fotima aya to‘quvchi bo‘lgan. Ular uch farzand ko‘rishgan: Sora, Abdulla, Mirsiddiq. Fotima aya farzandlariga har kuni kechqurun kitob o‘qib berarkan. O‘sha davrda aksariyat ayollar, ayniqsa, jadidlarning ziyoli xotinlari farzandlarini savodxon qilishda katta rol o‘ynagan. Aytishlaricha, Abdulla Avloniy nihoyatda oilaparvar inson bo‘lgan. Farzandlarining sog‘lom o‘sishi uchun hovlisida sport maydonchasi tashkil qilgan. O‘zi ham shu maydonchada shug‘ullangan. 1919-yili, ayni ocharchilik davrida Abdulla Avloniy ko‘chadan kunda-kunora bir kimsasiz bolani yetaklab kelib, qornini to‘yg‘izib, egnini but qilgach, yetimxonaga topshirar ekan. Sora buvimiz Avloniy keltirgan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini bolalarga o‘qib berarkan. Bularni menga qizlari Karima opam so‘zlab bergandi.
Salomat buvimizning aytishicha, Abdulla Avloniy kechalari o‘qish, yozish-chizish bilan shug‘ullangan, stolga qo‘yib ketilgan ovqatlar ko‘pincha qo‘l tekkizilmay qolib ketarkan. Avloniy bobomiz 1916-yili “Layli va Majnun” spektaklini sahnaga qo‘yish uchun Ozarbayjondan mashhur aktyor Sidqiy Ruhillo va Zakiy Boyazid degan rejissyorni uyiga taklif qilib, spektaklni o‘z hovlisida sahnalashtirgan. Majnunning otasi rolini Abdulla Avloniyning o‘zi o‘ynagan. Sora buvim esa dadasiga yordam bergan ekan.

TAZYIQ VA TAHQIR
Miravlon dodaning qizi bo‘lmish Sora buvimni 1920-yili Yoqub ismli shogirdiga turmushga berishgan. 1921-yili ularning qizi, Avloniyning nabirasi, ya’ni mening onam – Turg‘unoy dunyoga kelgan. Xorijda o‘qib qaytganlar qo‘lga olinayotganini eshitgan Yoqub buvam 1923-yili Turkiyaga ketadi. Sora buvim va onamni Miravlon bobom o‘z uyida olib qoladi. Chunki Yoqub buvaning oilasida to‘qqizta farzand bo‘lib, Sora buvimni kelinlik uyida qoldirolmasdi. Xullas, onam Turg‘unoy Miravlon boboning qo‘lida katta bo‘lgan. Afsuski, Yoqub buvam Turkiyadan qaytmagan. Onam 13 yoshdaligida Miravlon bobom ham vafot etgan. Eri Turkiyada bo‘lgani uchun Sora buvimni, Yoqub buvamning otasi Fayzi dodani kunda-kunora NKVDda so‘roqqa tutishgan. Fayzi doda kaltaklar zarbidan vafot etadi. Sora buvim ham so‘roqlar natijasida yurak xastaligiga chalinib, 49 yoshda olamdan o‘tadi. O‘sha vaqtda otasini eslolmaydigan yoshda bo‘lishiga qaramay, onam ulg‘aygach, u kishini ham muntazam so‘roqqa chaqirish boshlanadi. Oxiri, “Men, axir, u paytda bor-yo‘g‘i ikki yoshli go‘dak bo‘lganman. Bu yoshda men nimani ham bilardim? Nega meni buncha qiynaysizlar?”, deb o‘kirib yig‘laganidan so‘ng onamni tinch qo‘yishgan. To‘g‘ri, keyinchalik Yoqub dodamiz sovg‘a-salom jo‘natib turgan, lekin uydagilar bizning tinchimizni o‘ylab birortasini ham olishmagan. 60-yillarda onamni tergov idorasiga chaqirtirib: “Qirimning falon joyiga borasan, o‘sha yerda ering bilan uchrashasan”, deb Yoqub otamning xatini ko‘rsatishadi. Lekin onam bormaydi. Chunki bu uchrashuv yaxshilik keltirmasligini idrok etgan.
KUTILMAGAN VOQEALAR
Taqdir deganlari sir-sinoatlarga boy. Sora buvim olamdan o‘tgan yili Yoqub buvam Turkiyada qayta uylangan. Keyingi ayoli Fahomatxonim bilan nikohidan bir o‘g‘il ko‘rgan va ismini Oltoy deb qo‘ygan.
Xo‘sh, biz bularni qayerdan bilamiz? 1991-yili O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, rasmiy tashrif bilan Turkiyaga borgan delegatsiya tarkibida teatrimizning atoqli aktyori, rahmatli Zikir Muhammadjonov ham bo‘lgan. Onam Yoqub dodamning bir dona suratini saqlab yurardi. Zikir akaning Turkiyaga ketayotganini eshitib, darak topish umidida shu suratni berib yuborishimni so‘ragandi. Safar rasmiy bo‘lib, uch kunda tugagani uchun Zikir aka biror narsani aniqlashga ulgurolmagan. Safardan qaytgach: “Gavhar, xafa bo‘lma, suratni o‘g‘limga (o‘g‘illari Turkiyada ishlardi) berib keldim. Surishtirib javobini aytadi”, dedi. Shu tariqa Yoqub dodaning oilasi topildi. Ayollari Fahomatxonim va Oltoy bilan telefon orqali bog‘landik. Oltoy O‘zbekistonga keldi. Qarindosh-urug‘lar bilan tanishdi, suratlarga tushdik. Meni “opam, opam”, deb esi ketdi. “Turkiyaga borsam, O‘zbekistonda qarindoshlarim bor, meni xafa qildirib qo‘ymaydi, deyman”, deb hazillashardi.
Oltoy Turkiyaga qaytgach, onam va akam viza bilan bu mamlakatda bo‘lishdi. Afsuski, o‘sha payti Jamshid akam va mening imkoniyatim bo‘lmagani uchun bora olmadik. Onam yurtimizdagi onasining mozoridan tuproq olib ketgandi. Shu tuproqni otasining Turkiyadagi mozoriga, u yoqdan olib kelgan tuproqni esa onasining mozoriga sepib, “ruh tinchitar” qildi. Eng muhimi, otasi Turkiyada obro‘li inson, taniqli olim bo‘lganini bilib qaytdi. Shundan so‘ng Oltoy o‘g‘illi bo‘ldi, onamning sharafiga go‘dakning ismini Turg‘un qo‘yishdi.

AVLONIY VA FARZANDLAR
Abdulla Avloniyni 1934-yili tish oldirganida qon zaharlanishidan vafot etgan, deyishadi. Buxorolik Dilnoza ismli olima ayol “Avloniy atay zaharlangan” degan taxminni aytgan. Buvamning o‘z qo‘li bilan yozilgan tarjimayi holida “Men jadidlar safiga kirdim”, degan gap bor. Shu sababli bu taxmin to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Eng qizig‘i, Abdulla Avloniyning o‘limidan yarim yil o‘tgach, oilaga beriladigan, Salomat buvim oladigan nafaqa to‘xtatib qo‘yilgan. Karima qizlarini ham ishdan bo‘shatib, keyin boshqa joyga ishga qabul qilishmagan. Yaxshiyamki, buvimning ikkita sigiri bo‘lgan. Shu sigirlar buvimning qizlari, uning farzandlari va onamning ikki bolasini boqqan.
Muhimi shundaki, Abdulla Avloniyning asarlari “yoqish-yoqish”lardan omon qolgan. Hamma asarlari, hatto konferensiyada qatnashish uchun berilgan bir parcha qog‘ozcha ham saqlanib qolgan. Buvim yoz paytlari chordoqdagi hamma asarlarni hovlida yoyib, changlarini artib-surtib, yana joy-joyiga taxlab qo‘yardi. Bu asarlar Avloniy vafotidan 34 yil o‘tib birinchi marta chop etildi. Birinchi kitob chiqqanida buvim hali hayot edi. Salomat buvim onamga: “Bolam, dadang vaqtida o‘lib ketdi. Bo‘lmasa, bizning hozirgi ahvolimiz qanday bo‘lishi yolg‘iz Xudoga ayon edi”, degan ekan. Bu gaplarning aytilishiga jiddiy asoslar bor edi, albatta. Ha, jadidlarga oson bo‘lmagan. Lekin ular hamma joyda “Jamiyati xayriya” ochib, bor-budini xalq uchun sarflagan. Abdulla Avloniy ham 1917-yili “Turon” gazetasini ochadi va muharrirlik qiladi. Gazetaning bir sonida Mirmuhsin Shermuhammedovning “Ikki tarixiy voqea” nomli maqolasi bosiladi. Shu maqola sabab ko‘pchilik Avloniyning uyiga bostirib keladi. “Sen kofirsan, o‘lsang, janozangni o‘qimaymiz”, deb tahdid qilishadi. Oxiri, “gazeta bosmayman”, deb so‘z berishga majbur bo‘ladi.
Avloniyning eng ibratli fazilati – ahli ayoliga, oilasiga, vataniga, xalqiga, ishiga fidoyiligi. Buvimning aytishicha, u kishi haqiqiy oilaparvar ota bo‘lgan. Buvim nevarali bo‘lgani bilan, qizi bilan nevarasi bir-biridan bor-yo‘g‘i bir yoshga farq qilgan. Avloniy bir kuni qiziga bitta ko‘ylak olib keladi va nevarasi ham borligini ko‘rib, ayoliga “Ko‘ylakni sandiqqa solib qo‘y. Yana bitta topib kelib, keyin kiydiraman”, deydi. Bir yildan keyin xuddi shunday ko‘ylak keltirib, qizi va nevarasiga baravar kiydiradi. Farzandlariga rostmana mehr berganining yana bir isboti: Kenja akamga varrak yasab berib, birga uchirarkan. Hovliga o‘zi gul ekib, ayoliga gul parvarishida yordam berar ekan. Qizlari Karima xolamning yozganlaridan bir voqea yodimda qolgan. Bir kuni Salomat buvim mehmondaligida gul ekayotib, birdan bobomning beli qirsillab ketadi va qimirlolmay qoladi. Karima xolamga: “Qo‘rqma, choyxonaga bor-da, tabibni topib kel”, deydi. Buvim uyga kelgach: “Ko‘rdingizmi, agar siz uyda bo‘lganingizda, belim chiqib ketmasdi”, deb hazillashadi. Abdulla Avloniyning diydasi qattiq bo‘lmagan. Birovning dilini og‘ritish, qattiq gapirish u kishining fe’liga yot edi. Nihoyatda bolajon bo‘lib, farzandlariga ertaklar aytib berarkan.
Balki, ko‘pchilikning xabari bordir, lekin yana bir bor ta’kidlab o‘tishni istardim, jadidlarning deyarli hammasi o‘ziga to‘q odamlar bo‘lishgan. Lekin borini xalq uchun sarflashgan. Ular maktablarni o‘z hisoblaridan ochib, yoshlarga diniy va dunyoviy ilmlardan bepul ta’lim berishgan. O‘quv darsliklarini ham jadidlarning o‘zlari yozgan. Masalan, Avloniy doskani ham, partani ham o‘z qo‘li bilan yasagan ekan. Jadidlar hamma farzandlarini ilmli qilishgan. Abdulla Avloniyning eng kichik o‘g‘li Kenja akam va ayoli Ra’no opam ham kimyogar olim bo‘lishgan. Ularning Jamshid ismli o‘g‘li yetuk olim bo‘lib, o‘tgan asrning 90-yillardan boshlab 20 yil Amerikada yashadi. U kishi Ra’no opam keksayib qolgach, onasi uchun Sijjakda uy qurib, Amerikaga qaytmadi va yetti yil Ra’no ayaga qaradi. Hozir ham o‘zbekistonlik talabalarga dars berib, amerikaliklar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib boryapti.
MEN BAXTLI AYOLMAN
Men shunday baxtli ayolmanki, Abdulla Avloniy qalamiga mansub hamma asarlarni, u kishi haqidagi barcha tafsilotlarni o‘qiganman. Hozirgacha jadidlar haqida qanday yangilik bo‘lsa, o‘qib boraman. Avloniyning she’rlarini ham sevib mutolaa qilaman. Shunday bebaho, ham zohiran, ham botinan jadid bo‘lgan insonning avlodi ekanimdan faxrlanaman. Bobomizning el-yurt uchun qilgan xizmatlari behisob. Ammo ularning eng muhimi, o‘sha davr uchun nihoyatda zarur bo‘lgan maktab, gazeta, teatrni tashkil qilish va rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari deb o‘ylayman. Chunki jadidlar yashagan davrda Turkiston bolalarini ilmli qilish eng asosiy masala edi. Birgina “O‘qimagan bolaning ahvoli yoki Padarkush” asari o‘z davrida odamlarga chaqmoq urgandek ta’sir qilgani aniq. Shu o‘rinda o‘zlarining “Biz zohirda teatr bilan shug‘ullangan bo‘lsak ham, botinda ishlarimiz Turkiston yoshlarini inqilobga hozirlov edi”, degan so‘zlarini eslash o‘rinli. Jadidlarning barchasi, jumladan, Abdulla Avloniy ham qilayotgan ishlarini, buning uchun jazoga duchor bo‘lishini yaxshi bilardi. Bobomiz ko‘pincha maxsilarini yechmasdan uxlarkan. “Nega bunday qilasiz?” deb so‘rashsa, “Mabodo kechasi kelib olib ketishsa, tayyor turish uchun”, der ekan. Bobomiz Afg‘oniston safaridan qaytgach, faqat o‘qituvchilik qilish va kitob yozish bilan shug‘ullangan. Ha, Abdulla Avloniyning, umuman, jadidlar merosi biz uchun, bugungi avlod uchun so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan, ko‘zimizga surtib foydalanadigan beqiyos xazina. Hali ulardan o‘rganadiganlarimiz ko‘p. Shaxsan o‘zim izlanishda davom etyapman.
Gulchehra UMAROVA yozib oldi.
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 7-iyun | 24-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

