18.02.2026 | 10:47
3261
AZADAGI “TO‘Y”
Sarlavhani o‘qib hayron bo‘lmang, bugungi azalardagi tayyorgarlik va ovoragarchilik ham bir to‘ydan kam emas. To‘ylardagi dabdabani kamaytirish haqida ibratli chiqishlar ko‘p. Ammo aza va unga oid marosimlar e’tibordan chetda qolayotganday.
Aza – o‘ta nozik marosim. Avvalo, bu bir inson umrining poyoniga yetishi, tiriklik va yaqinlaridan uzilib, boqiy dunyoga o‘tishi jarayoni. Qolaversa, bunda marhumga bo‘lgan hurmat, diniy va asrlar davomida shakllangan milliy urf-odatlar uyg‘unlashib ketgan. Ana shular orasida so‘nggi asrlarda sekin-asta xurofiy, bid’atiy mantiqsiz odatlar ham qo‘shilib qolganki, ularning asosi va sababini o‘ylab, zamirini topolmaysiz. Garchi janozada jamoat bo‘lish, keyin ham ta’ziya bildirish insoniy qarz va burch bo‘lsa ham, bunga shunchaki ko‘ngil ishi deb qarash bilan cheklanmaymiz. Uni turli marosimlar, atributlar bilan to‘ldiramiz. O‘zim guvoh bo‘lgan voqealar haqida ikki og‘iz to‘xtalsam. Xulosa o‘zingizdan.

* * *
Kimdir vafot etsa, uning oilasi marhumni munosib dafn etishni istaydi. Ammo bu istak ko‘pincha ikki tushuncha bilan og‘irlashib ketadi: go‘yoki qancha ko‘p mablag‘ sarflansa, marhum narigi dunyoda shuncha farog‘atda bo‘ladi va bu xarajatlar qilinmasa, odamlar nima deydi, deb o‘ylaymiz. O‘lik hali mozorga yetmasdan, uyda dasturxon tuzash, qozon osish boshlanib ketadi. Xuddi ochlarga ehson tarqatilayotganday, eshikdan kirgan kimsani ovqatga taklif qilamiz.
Bu o‘sha kun bilan tugasa, koshki. Keyin “uch”, “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yuz”, “yil” oshi deb, oralatib har “payshanba-pirtak” elga ovqat tarqatiladi. Ajablanarlisi, tekin oshga xo‘randa ham topila qoladi. Odatda, “navbatchi” ta’ziyaxonlar bo‘lib, ular kunda-shunda. Hayron qoladi kishi: marhum tirigida oyda-yilda ostona hatlamaganlar o‘limidan keyin chaqir ostonalarni ham silliqlab, eshik oshiq-moshig‘ini chiqarib yuboradi. Yaqinlar ham marhum qabri boshiga haybatidan ot hurkadigan marmartoshlar qo‘yib, kerak bo‘lsa, atrofini ham marmar bilan o‘rab tashlaydi. Abdulla Oripov yozgan ekan:
Bir xalqda g‘alati odat bor edi:
O‘lganlar aziz-u tirik xor edi.
Sevgan odamiga tilardi ajal,
O‘tgach, ulug‘lashga intizor edi.
Bundoq surishtirsangiz, ota-onasi qabrini million-million xarj qilib, “marmar saroy” qilayotganlar tirigida ular o‘tiradigan uyni ta’mirlab qo‘ymagan bo‘ladi. Qabr boshiga ko‘chat ekib, atrofini gulzor qilsa, boshqa gap. Ham savob, ham obodlik. Ammo quruq tosh faqat o‘zimizning kimligimizni ko‘rsatib qo‘yish uchun, xolos. Yana “farzandlaringizdan” deb yozib qo‘yamiz!
Negadir, janoza va uning atrofidagi rusumlarga pul ham topila qoladi. “Kambag‘al bo‘lsang, ko‘chib ko‘r”, degan maqolni “kambag‘al bo‘lsang, o‘lib ko‘r”, deb o‘zgartirish kerakka o‘xshab qoldi. Xo‘p, pul bor ekan, yo‘q bo‘lsa topilarkan, nega shu savilni ota-ona, turmush o‘rtoq, farzandlar, yaqinlar tirikligida sarflamaymiz? Yoshi ulug‘larni sihatgohlarga jo‘natamizmi, oilaviy sayohatga chiqamizmi, bir joyimiz og‘risa, shifokorga borib, risoladagidek davolanamizmi? Topilar ekan-ku, pul degan matoh!
Me’yorida bo‘lsa, marhumni yod etib ehson berish, taom tarqatish yaxshi. Faqat buning ham o‘z odobi bor-ku! To‘q odamga dasturxon yozib, kim qancha savob olar ekan, bilmadim. Marhumning nomidan bog‘ yaratsa, ilmi toliblarga qarashsa, mahallaga bitta chiroq o‘rnatib bersa, boshqa gap. Aksar hollarda doshqozonda osh qilib ehson tarqatayotganlarning o‘zi ehsonga muhtoj toifa bo‘ladi.
* * *
Motam libosi azadorni bir yilgacha jamoatga qo‘shilishdan to‘xtatib turadi. G‘alati paradoks: ta’ziyada sabrli bo‘ling, ko‘niking, deyilsa-da, keyin ko‘nikib yashashga qo‘ymay, ustiga “ko‘k”, “qora”, “oq” ko‘ylaklar kiydirib qo‘yilsa…
Islomda aza uch kun. Eri o‘lgan ayolga esa to‘rt oy-u o‘n kun. Qolganlar maxsus kiyim kiysa-kiymasa, anduhi tarqamaguncha shundoq ham o‘yin-kulgi yuragiga sig‘maydi. Odatda, bu kiyimlar azbaroyi marhumga muhabbatdan emas, odamlarning gap-so‘zidan uyalganday kiyiladi.
* * *
Kimning qachon bu dunyoni tark etishi ma’lum emas. Hatto, shifokorlar falon oy yashaysan, desa ham, kuni, soatini aytib bera olmaydi. Bu ham zilzila, to‘fon, vulqon otilishi kabi kutilmagan holat. Ammo bo‘lishi muqarrar.
Ba’zida yaqinlarning vafoti munosabati bilan yaqin qolgan to‘ylar orqaga suriladi. Bu endi insofga ham, odamgarchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Xayrning boshini bog‘lab nima qilamiz? Eng yomoni: qolgan ishga qor yog‘adi. Vaqt cho‘zilgach, ikki o‘rtada yaxshi-yomon gap ko‘payadi, qolaversa, hozirgi yoshlarning ishkali o‘zidan oldin yuradi.
* * *
Keling, dunyodagi musulmon mamlakatlarida aza ma’rakalari qay tarzda o‘tkazilishini ko‘rib chiqamiz:
Qozog‘istonda aza marosimlarini kamchiqim o‘tkazishga qat’iy qarashadi. Marhumning yettisi va qirqi oila davrasida tilovat tushirib, yod etiladi. Keng dasturxon yozib, katta marosimlar o‘tkazish ma’qullanmaydi.
Arab mamlakatlarida asosan bir yoki uch kun davom etishi mumkin. Ta’ziyaga kelganlarga qahva yoki xurmo beriladi. Qirqinchi kuni oila-a’zolari marhumning haqqiga duo qilib, qabrini ziyorat qiladi.
Afrika mamlakatlarida esa marosimlar islomiy qoidalarga juda yaqin, shu bilan birga, mahalliy an’analar bilan boyitilgan. Soddalik, jamoaviy qo‘llab-quvvatlash seziladi, lekin ortiqcha dabdabaga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu mamlakatlarda marosimlar uch kundan keyin deyarli tugaydi. Ularda yettisi, qirqi degan ma’rakalar yo‘q.
Turkiyada ham shunday. Marosim uch kun, dasturxon yozilib, marosim tashkil etilmaydi. Ta’ziyaga kelganlar uchun qahva beriladi, xolos. Uch kun mobaynida qarindoshlar va qo‘shnilardan taom keltiriladi.
* * *
Xalqimizda “To‘yniki bir kun, o‘likniki bir umr”, degan maqol bor. To‘y bir kunda o‘tadi, chunki unga uzoq vaqt hozirlik ko‘rilib, jamg‘arib boriladi. Ammo kutilmagan azadagi isrof ba’zan xonadonni yillab, hatto umrbod qarz botqog‘iga botirib qo‘yadi. Ayting-chi, bularning qaysi biri islomga xos?
Aza uch kun ekanligi hadislarda aytilgan bo‘lsa, demak, uni sun’iy ravishda uzaytirish, dabdabaga aylantirish dinimiz ruhiga ham zid.
Barchaning sharoiti va imkoni bir xil emas. Shuning uchun har kimning qurbatini inobatga olib tutum tutgan ma’qul.
Ma’rakalarda isrof emas, insof ustuvor bo‘lishi kerak.
Malohat YO‘LCHIYEVA
“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-fevraldagi 6-sonida
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324