Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.06.2025 | 09:27

img380

BALXGACHA BORAYOTGAN BALXI TUTLAR

– Ko‘pchilik bir yumushni boshlash oldidan undan manfaat kutadi. Ammo shunday insonlar ham uchraydiki, ularning qilayotgan xayrli ishlarini ko‘rib, bular boshqa dunyodan kelib qolgan o‘zgacha odamlarmikan deb o‘ylab qolasan, – dedi telejurnalist Hamid Gʻafurov. – Seni ana shunday farishtali odam bilan tanishtiraman. Adabiyot, san’at desang, o‘zini tomdan tashlaydiganlar xilidan. U damlagan palovni yegan odam bu mazani ancha yil unutolmaydi.

Hayron bo‘ldim. Hamid aka faqat shu fazilatlar uchungina kimgadir tan beradiganlar xilidan emas. Keyin bilsam, Buxoro tumanidagi Shexoncha qishlog‘ida yashovchi Hakimjon Aslonov ajoyib bog‘bon ekan. Bog‘bon bo‘lganda ham boshqalar uchun nihol yetkazib, uni o‘zi olib borib o‘tqazar va parvarishlar, qizig‘i, bu uchun birovdan bir chaqa ham olmas ekan. Otaxon xizmatlarni xolis bajaradi. Evaziga hech nima kutmaydi.

Yuzidan nur yog‘ilib turgan nuroniyni yaqin do‘sti – Shokir boboning uyidan topdik. U respublikada taniqli san’atkorlar tashrif buyurgan davra uchun maxsus osh damlayotgan ekan. Ishi tig‘izligini ro‘kach qilib, hammaga uzrini aytayotganlar oshni Hakimjon oshpaz tayyorlayotganini eshitib, ketish fikridan qaytganini ko‘rganimizda uy egasi bizga ko‘zini qisib qo‘ydi: “Quling o‘rgilsin osh bo‘ladi-da, uka!”

Bu davra tugagach, Hakimjon bobo Buxoro shahri markaziga yo‘l oldi. Qurbon hayiti munosabati bilan uning o‘g‘li bozorning old ho‘kizini so‘yib,  go‘shtini ehtiyojmandlarga ehson qilayotgan ekan.

Otaxon saxovat desa, gul-gul yashnarkan. Men undan intervyu olish dardida-yu, u esa “Go‘shtni o‘zim tarqataman”, deya el xizmatida.

– Shamsiddin bobo Uzoqovdan butun umr minnatdorman, – deydi Hakimjon Aslonov. – Bundan o‘ttiz yil muqaddam balxi tutni payvandlashni shu insondan o‘rganganman. O‘sha xosiyatli kundan buyon tomorqamda balxi tut ko‘chatlarini o‘stirib, O‘zbekistondagi ziyoratgoh-u qadamjolarga o‘z qo‘lim bilan o‘tqazaman.

Romitan tumanida joylashgan Xo‘ja Za’faron qadamjosiga kirishingiz bilan tut daraxtlariga ko‘zingiz tushadi. Chunki ushbu maskanga bundan besh yil muqaddam Hakimjon akaning sa’y-harakati bilan 40 tup payvandi balxi tut nihollari o‘tqazilgan edi. Hozirgi paytga kelib ular bo‘y cho‘zib, hosil bera boshladi. Ushbu tumanning cho‘l hududida yana bir muborak joy – Xo‘ja Ubbon ziyoratgohi bo‘lib, to hozirga qadar bu yerda ham 60 tup shifobaxsh tut o‘stirilmoqda. Hakimjon aka ekilgan nihollar to qaddini rostlab olguniga qadar ularning holidan tez-tez xabardor bo‘lib turadi. Bu fazilati, albatta, tahsinga loyiq. Fidoyi insonning ezgu ishlari birgina Buxoro hududi bilan cheklanib qolmadi. U mamlakatimizning boshqa viloyatlarida ham xuddi shunday savobli ishlarini davom ettirib kelmoqda.

– Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Sulton Uvays Qaraniy, Surxondaryodagi Hakim Termiziy, Iso Termiziy, Sulton Saodat majmuasi, Xo‘jayi Pok qadamjosi, Qashqadaryodagi Abdulloh ibn Muborak, Abu Muin Nasafiy, Hazrati Bashir nomi bilan atalmish bir qancha tabarruk maskanlarga ham nihollar olib borib o‘tqazganiga o‘zim guvoh bo‘lganman, – deydi u kishiga devor-darmiyon qo‘shni Tolibjon Rahmatov. – Shu yilning fevral oyida Hakimjon aka o‘z tomorqasida parvarish qilgan balxi tutlaridan to‘rt tupini olib, umra safari chog‘ida muqaddas Madina shahridagi xurmozorlar atrofiga ham o‘tqazib qaytdi. Shu bahonada u bir yil avval yaqin insonlari orqali ulug‘ joyga yetkazilgan ko‘chatlar baravj rivojlanayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi.

Hakimjon Aslonovning hovlisi qarshisida 17-maktab joylashgan. Ta’lim maskanining yer maydonida qahramonimiz tashabbusi bilan barpo qilingan bog‘dan bugun bilim dargohi jamoasi va o‘quvchilar bahramand bo‘lishayotir.

Benazir inson Hakimjon Aslonov nafaqat bog‘dorchilik, balki o‘zining hayotiy tajribalari asosida bitilgan ibratli hikoyatlar, to‘plangan rivoyatlar kitobi, qolaversa, she’riy mashqlari asosida chop etilgan to‘plamlari orqali ham hurmat qozongan.

Hayot yo‘li ko‘pchilikka o‘rnak otaxon ichimizda qolgan savolga bir hikoyat orqali javob berdi:

“Anushervon bir kuni ov bahonasida aylanib yurar ekan, yong‘oq ekayotgan keksa bir cholni ko‘rib qolibdi:

– Hoy, otaxon, nima ekyapsiz?
– Yong‘oq.
– Yong‘oq kech hosilga kiradi. U qachon voyaga yetadi-yu, siz qachon uning mevasidan bahramand bo‘lasiz?
– Men o‘zim uchun emas, ortda qolayotganlar uchun ekyapman. Chunki avvalgilar ekkanini biz yeganimiz kabi, biz ekkanimizdan keyingilar ham bahramand bo‘lmog‘i lozim.

Cholning javobidan nihoyatda ta’sirlangan Anushervon unga ming tanga in’om qilibdi.

– Siz menga mehnatingning samarasini ko‘rasanmi-yo‘qmi, degan edingiz, – debdi shunda qariya lutf qilib. – Ko‘rib turganingizdek, hech kimning daraxti menikichalik tez hosil bermagan.

Anushervon uning topqirligidan xursand bo‘lib, yana ming tanga beribdi.

– Boshqalarning daraxti bir yilda bir marta hosil bersa, podshohi olamning nazari sharofati bilan mening daraxtim ikki marta hosil berdi, – debdi bunga javoban chol.

Sohibkorning donoligiga qoyil qolgan Anushervon yana ming tanga ehson qilibdi”.

Hakimjon bobo nafaqaga chiqqach, choyxonachi chollar qatoridan bo‘lib qolishi mumkin edi. Lekin u savob nihollarini o‘tqazyapti. Ularning ko‘pi hosilga ham kirgan. Bu balxi tutlar nafaqat boshqalar uchun shirindan shakar meva, shu bilan birga ona tabiatimizni kislorod bilan to‘yintiryapti. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” loyihasida faol qatnashayotgan otaxon tengdoshlari va yoshlarga ibrat bo‘lmoqda.

Obid QO‘LDOSH,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 20-iyundagi 25-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605