Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.07.2025 | 09:31

img1164

BARAKALLA, SHOHIDA!

Shohida – jussasi kapalakdek nozik, ammo qat’iyati burgutdek mustahkam Xorazm qizi. U o‘zi bayroq qadagan cho‘qqilarda boshqa o‘zbek qizlarining ham yalovlarini ko‘rishni istaydi.

“Men vatandosh opa-singillarimning “shunchaki ayol…” emasligini butun dunyoga isbotlayman!” Bu 30 dan oshiq xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan yoshgina qizning balandparvoz gaplari emas, balki boshi uzra baland ko‘targan hayotiy shiori. Endigina 26 yoshga qadam qo‘ygan Shohida mana shu ezgu maqsad yo‘lida ellik mingdan oshiq xotin-qizni muvaffaqiyat sari ergashtirib olg‘a ketmoqda.

Yangibozor tumanining Qalandardo‘rmon qishlog‘ida mehnat bilan kun kechirgan zahmatkash fermer may oyining boshida dunyoga kelgan mitti qizalog‘i kun kelib minglab o‘zbek ayoliga bosh bo‘lishini xayoliga keltirganmikin? Ehtimol, qizalog‘ining tili chiqishi bilan unga she’r yod oldirgani, besh yoshga to‘lib-to‘lmagan bolasiga kitob tashigani bejiz emasdir…

Shohida ijtimoiy hayotga juda erta kirdi. 2011-yilda “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivalida, 2012-yilda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Bolalar adabiyoti kunlari”da faol ishtirok etdi. Vaqt  o‘tib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoshidagi Yoshlar parlamentida Xorazm viloyatidan deputat bo‘ldi. Maktablarda bolalar huquqlari mavzusida seminarlar tashkil qildi. Ular orasidagi muammolarni aniqlashtirib, dadillik bilan Qonunchilik palatasiga olib chiqdi. Uning mazkur taqdimoti yosh siyosatchilar orasidagi eng yaxshi taqdimot deb topildi.

– Bo‘yim pastroq bo‘lgani uchun o‘shanda minbarda boshim ko‘rinmay qoldi, – kulib eslaydi Shohida. – Oyog‘imning tagiga kursi qo‘yib berishdi. Avvaliga biroz o‘ng‘aysizlandim, lekin qanday bo‘lmasin hamma gapimni aytishim kerakligi menga kuch berdi. Ilk marta o‘zimni katta siyosatchiday his qildim. Shu kundan boshlab turli tadbirlarda faol qatnasha boshladim.

U a’lo baholarga o‘qidi, ijod qildi, birinchi she’riy kitobini chop ettirdi, jamoat ishlarida, fan olimpiadalari va turli tanlovlarda faol qatnashdi. Ko‘p o‘tmay Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shohida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga o‘qishga kirdi, tahsil davomida xorijiy tillarni o‘rganishga jiddiy kirishdi. Kichik tarjimonlik ishlariga qo‘l urdi. Universitetda xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishida o‘qigani bois xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatdi. Bir guruh talaba do‘stlari bilan Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyaga bordi-yu, hayotining asosiy o‘zanini topdi. Ota-onasiga sovg‘a xarid qilish maqsadida Istanbul do‘konlaridan biriga kirar ekan, sotuvchining bir og‘iz “ishlagani kelganlardanmisan?” degan bepisand savoli uning izzat-nafsiga qattiq tegdi.

– Orim keldi, sayohatga keldingmi, deb so‘rasa ham bo‘lardi-ku, – deydi Shohida. – Chet ellarda bizni faqat qora ishchi sifatida ko‘rishmoqdami? Axir, bilimi, ijodi, iqtidori bilan dunyoni lol qoldiradigan qanchadan qancha yoshlarimiz bor deb o‘yladim. Bo‘yimizni ko‘rsatishimiz uchun jahon minbariga chiqmasak bo‘lmasligini angladim. Bu minbardan boshimiz ko‘rinmasa, oyog‘imiz tagiga kursi qo‘yadigan davlatimiz borligiga ishonchim komil edi.

Shohida o‘sha kuniyoq o‘zining kelajagi dasturini tuzdi, xalqaro maydonda O‘zbekiston imiji uchun bor kuchi bilan xizmat qilishni diliga tugdi. Uni tarbiyalab voyaga yetkazgan ota-onasi oldida o‘zini qarzdor bilgani kabi ilk qadamlariga ko‘ksini tutib tetapoya qilgan Vatani oldida ham burchli ekanini angladi. “Men o‘zbek qizlarining nimalarga qodirligini ko‘rsataman!” deb o‘ziga  so‘z berdi.

Yoshlar tashkilotlarida ko‘plab loyihalardagi faol ishtiroki bilan suyagi qotgan bu qizning yuragiga tushgan o‘t mash’alaga aylandi. To‘rtta xorijiy tilni mukammal o‘rgandi. O‘qish, izlanish yo‘lidan bir lahza ham chalg‘imadi. Tarjimonlikdan til o‘rgatishga o‘tdi. Kopirayterlik, nashr ishlari bilan ham shug‘ullanishni boshlab yubordi. 2021-yilda esa “Shine Qizlar Akademiyasi”ga asos soldi. Akademiyada to‘rt tildagi o‘quv dasturlari, xalqaro metodika asosida kurslar, imtiyozli dasturlar va C1 darajagacha bilim beradigan mukammal tizimni shakllantirdi. 500 nafardan ortiq qizlarning xorijiy tillarni bepul o‘rganishiga imkon yaratdi. Ulardan ellik nafarining ishga joylashishiga yordam berdi. Muntazam ravishda forum va seminarlar tashkil qilib, xotin-qizlarni shaxsiy rivojlanish, o‘z qobiliyati va iste’dodini namoyon etishdan cho‘chimaslik, har sohada faollikka erishish, xalqaro maydonga dadil kirib borishga targ‘ib qildi. Xalqaro antologiyalar tuzib, ularni chop etishga kirishdi, taqdimotlarini katta kontentlarda tashkil etishga harakat qildi. Bu antologiyalarda Vatandan olisda turli sohada faoliyat olib borayotgan minglab yurtdoshlarining ijodiy ishlarini e’lon qilib bordi.

Shohida Yusupova dunyoning yetakchi telekanallari, xalqaro forum va media platformalar orqali o‘zbek xotin-qizlarining yuksak ma’naviy kuchi va o‘ktam qiyofasi haqida turkum chiqishlar qilib kelmoqda. “Iste’dodli qizlar” – Ozarbayjon, “Ilhomlantiruvchi ovozlar” – Misr, “O‘zbekiston antologiyasi” – Xitoy, “O‘zbekistonning umidli chechaklari” – Turkiya, “O‘zbekiston qo‘shig‘i” – “Amazon” platformasi xalqaro loyihalarida uning tashabbuslari bo‘y ko‘rsatdi.

– Bir yilda ellik mingga yaqin xotin-qizlar dasturlarimizda ishtirok etmoqda, – deydi u. – Ko‘pchiligi bilan yuzma-yuz ko‘rishdim. Bugun ularning bir qanchasi forumlarda qatnashib, xalqaro grant va stipendiyalarni qo‘lga kiritishyapti. Ozarbayjon va Turkiya davlatlarida o‘tkazilgan Hamkorlik va do‘stlik festivallarida ellik nafardan ortiq o‘zbek qizlarining ishtirok etishiga sababchi bo‘lganimdan suyunaman. “Shine Qizlar Akademiyasi” – har bir qiz uchun katta imkoniyat maydoni. Yuksak marralar sari ilk qadamini tashlashga jur’ati yetmay turganlarni dadil bo‘lishga ilhomlantirishni o‘zimga vazifa qilib belgilaganman. Akademiyamiz a’zolarining har birida butun olam bilgulik bilim, shijoat va liderlik qobiliyati bor. Biz shularni yuzaga chiqarishga ko‘maklashyapmiz, xolos. Akademiyamiz qizlarining yigirma nafardan oshig‘i davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishgani ham buning dalilidir.

Ha, Shohida har qanday qiyinchilikda ham orzularidan voz kechmaydigan, o‘ziga ishonchi baland o‘zbek qizlarining yetuk obrazini yaratyapti. Bu yo‘lda o‘zi ham ildamlik bilan yangi pog‘onalarga ko‘tarilib, ularga shaxsiy namuna bo‘lmoqda. U o‘n sakkiz yoshida Hindistonning “Sahitya Shri” xalqaro mukofotini qo‘lga kiritdi. Universitetni tugatguniga qadar Misr, Turkiya, Ruminiyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdi. AQShdagi nufuzli Garvard universitetining “Rahbarlik va boshqaruv”, Berlin xalqaro biznes institutining “Marketing va kommunikatsiya” yo‘nalishi bo‘yicha maxsus kurslarida o‘qidi. Dunyodagi eng qadimiy oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblangan Italiyadagi Siyena universitetida “Xalqaro madaniy diplomatiya” yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tamomladi. Ruminiyaning Odissey xalqaro festivalida Gran-pri sohibi bo‘ldi. Oksford universiteti va Buyuk Britaniya Lordlar palatasi tomonidan tashkil etilgan nufuzli tanlovlarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, bugun Shohidaning “Şahide” ayollar uchun liboslar brendi hamda “Shiny travels” tur kompaniyasi ham samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. U otasidan halol va to‘g‘riso‘z bo‘lish, o‘z ustida doimiy ishlash, har lahzadan unumli foydalanishni o‘rganib kam bo‘lmadi. Oddiy oiladan chiqqan sodda qishloq qizi ham tinimsiz o‘z ustida ishlasa, chet elning eng nufuzli universitetlarida o‘qishi, xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatishi mumkinligini namoyish etdi. Yuzlab o‘zi kabilarga ilg‘or faoliyat uchun amaliy yo‘l xaritasini chizib, o‘z qobiliyati va iste’dodini ko‘rsata olishlariga ma’naviy poydevor yaratdi. 

Yana nima deymiz, barakalla, Shohida!

Muhayyo RUSTAMOVA

“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596