Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


26.10.2026 | 15:04

img730

BITIRUVÇI PORTRETI

Sönggi vaqtda mamlakatimiz ta’lim tizimida katta yangiliklar yuz berdi: 3-oktyabrda Maktabgaça va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlaştirilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligi tuzildi. Undan bir neça kun oldin, 28-sentyabrdagi taqdimot haqidagi rasmiy xabarda bitiruvçining yangi portretiga oid asosiy belgilar sanab ötildi: bilim, zamonaviy könikmalar, axborot texnologiyalarini puxta egallaş, ijodiy va mustaqil fikrlaş, qaror qabul qiliş qobiliyati. 30-sentyabrda esa Davlatimiz rahbari Şavkat Mirziyoyev ilğor pedagoglar uçun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etilişini e’lon qildi.

Prezidentimiz jadidlar haqida köp bor gapirgan. “Uçinçi Renessansni yigirmançi asrda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz amalga oşirişlari mumkin edi”, “bugungi islohotlar jadidlar ğoyalari bilan har jihatdan uyğun va hamohangdir”, deya ta’kidlagan. Demak, jadidlar çizgan bitiruvçi portretini bugungi talablar bilan yonma-yon qöyib köriş juda örinlidir.

“Ön töqqiz yoşida olim…”

Abdurauf Fitrat 1909-yilda “Munozara” asarini yozgan. Unda yangi maktabning maqsadi bir jumlada tuşuntiriladi: bola olti yoşida maktabga boradi, “ön töqqiz yoşida olim, mutadayyin, vatanparvar, dindöst, millatparast, siddiq, odil, tamom islomiy amrlarga muti’, butun insoniy şartlarga muştamal bir şaxs böladi”.

Bugungi tilga ögirsak: olti yoşda maktabga kelgan bola ön töqqiz yoşida bilimli, diyonatli, Vatanini, dinini va millatini sevadigan, rostgöy va adolatli, insonga xos barça fazilatlarni özida jamlagan şaxs bölib yetişadi. Bu jumlada portretning hamma unsuri bor: ta’lim qaçon boşlanadi, qaçon tugaydi va natijada qanday inson yetişadi.

Jadidlar “öqinglar” deb undaş bilan çeklanmagan. Ular maktab qanday insonni tarbiyalaşi kerakligini aniq tasavvur qilgan, hatto buning xarajatini ham hisoblab çiqqan. Bugun mamlakatimizda “özbek maktabi bitiruvçisining portreti” işlab çiqilayotgan ekan, uning çizgilarini bir körib çiqiş foydadan xoli emas.

Asosiy beş çizgi

Mustaqil fikrlay oliş. Fitrat ota-onalar va muallimlarga maslahat beradi: bolalarni muhokama qilişga örgating, yaxşi nima-yu, nima yomon ekanini dalil bilan tuşuntiring, ular “kör-körona taqlid” qilmasin. U hammaga taniş bir misolni ham keltiradi: ota-onalar va muallimlar bolaga gödakligidan Köhiqof parilari haqida bema’ni xayollarni sözlab beradi, natijada u ulğaygaç, “muşuk yursa ham, biron-bir sado çiqsa ham” vahimaga tuşadi. Bu nima degani? Bolaga tayyor javobni emas, dalilga tayanib öylaşni örgatiş kerak. Bugun bu maslahat yanada dolzarb: ijtimoiy tarmoqlardagi har bir xabarga işonib ketmaslik uçun aynan şu könikma kerak. Demak, bugungi portretdagi “mustaqil fikrlaş va qaror qabul qiliş” talabi Fitrat taklifining mantiqiy davomidir.

Til biliş. Mahmudxöja Behbudiy 1913-yilda “Oyina” jurnalining birinçi sonida “Ikki emas, tört til lozim” maqolasini e’lon qildi. Uning fikriça, turkistonliklarga turkiy, forsiy, arabiy va rus tillari kerak. Sababi amaliy: bu zamonda tijorat ham, sanoat ham, davlat işi ham “ilmsiz bölmaydur”. 1915-yilda esa dunyo ilmidan xabardor böliş uçun rus, nemis, fransuz, ingliz, italyan, arab yoki yapon tillaridan birini biliş kerakligini yozdi. Behbudiy uçun til maqsadning özi emas, dunyo bilimiga oçiladigan eşik edi. Prezidentimiz bu da’vatni “ğoyat dolzarb” deb atagan. Bugun natija ham bor: 30-sentyabrdagi uçraşuv haqidagi xabarga köra, maktab davridayoq xorijiy til va fanlardan sertifikat olgan öquvçilar soni 100 ming nafarga yetgan. Davlatimiz rahbari bitiruvçilarga kamida bitta xorijiy til va bitta zamonaviy kasbni egallaşni tavsiya qilgan.

Kasb egasi böliş, öz kuçiga tayaniş. Behbudiy öz davridagi muammoni juda aniq misollar bilan körsatadi: “Boşimiz oğrisa döqturga boramiz, ammo dardimizni aytmoqga til yöq. Özimizdan döqtur yöq”. Uy qurmoqçi bölsak, muhandis kerak, “ammo biz hanuz ”muhandis“ ismini bilmaymiz”. Yana bir misol: 30 yil oldin Samarqanddagi bir mahallada 300 nafar aloçabof işlagan, endi 30 tasi ham qolmagan. Sababini ham aytadi: Yevropa yangi asbob bilan yaxşiroq mato çiqaradi, bizda esa dastgohni yangilaydigan texnik ham, muhandis ham yöq.

Abdulla Avloniy şu fikrni iqtisodiy misol bilan tuşuntiradi: yevropaliklar “özimizdan olgan beş tiyinlik paxtamizni keturub, özimizga yigirma beş tiyinga soturlar”. Ya’ni, xomaşyo bizniki, foyda esa boşqaniki. Behbudiy buni bir jumlaga siğdirgan: “mehnatni biz qilurmiz, foydani ular körar”. Bu nima degani? Jadidlar uçun kasb faqat kun köriş vositasi emas, millat mustaqilligining masalasi edi. Öz şifokori, muhandisi va huquqşunosi bölmagan xalq boşqalarga qaram bölib qoladi.

Avloniy har qanday halol mehnatni hurmat qilişga çaqiradi. “Bu kömurçilik, bu temirçilik, manga munosib iş emas”, deb bekor yurişni u “zör ayb” deb ataydi. “Tama’” bobida esa boqimandalikni qattiq qoralaydi: birovning qöliga qarab yaşaşga örgangan odamdan ham, uning bolalaridan ham yaxşilik kutib bölmaydi. Uning talabi sodda: har kim “öz kuçimiz ila” yaşaşi, “boşqalarga muhtoj bölmay” rözğor tebratişi kerak. Bugun Prezident ham şuni aytmoqda: mehnat bozori endi  hujjatni emas, amaliy bilim, malaka va natijani sörayapti.

Örganganini amalda qöllay oliş. Avloniy dars bilan tarbiyaning farqini bir jumlada aytadi: “dars oluvçi – biluvçi, tarbiya oluvçi – amal qiluvçi”. Masalan, köçaga axlat taşlaş yomon ekanini har bir öquvçi biladi, bu – dars. Axlatni taşlamaslik esa – tarbiya. Şuning uçun Avloniy muallimdan aytganiga, avvalo, özi amal qilişini talab qiladi.

Fitrat irodani tarbiyalaşga alohida e’tibor beradi: bola har işni ota-onasining zöri bilan qilsa, “irodasi zaif va nuqsonli böladi”. Ya’ni, bolaga, kiçik bölsa ham, özi tanlaş va tanloviga javob oliş imkonini beriş kerak. Bugun ham şu yöl tanlangan: 28-sentyabrdagi taqdimot haqidagi xabarga köra, yangi yondaşuvda öquvçi har sinf yakunida nimani “bilişi va bajara olişi” aniq belgilanadi.

Jamiyatga befarq bölmaslik. Portretning özagi şu. Fitrat axloq tarbiyasining maqsadi insonni “jamiyatga foydasi tegadigan a’zo” qilib yetiştiriş ekanini aytadi. Avloniy buni “olihimmat” deb ataydi – din va millatga foydali işni mol va jon bilan qiliş. Uning fikriça, “har iş himmat soyasida yuzaga çiqar”. Avloniy jamiyatni bir-biriga boğlangan zanjirga öxşatadi, hamma bir-biriga muhtoj. Şuning uçun har kim öz vazifasini halol ado etişi lozim.

Bugungi tilda bu faol hayotiy pozitsiya deyiladi: insonning har bir harakati katta natijalarga olib keladi, bu harakat Vatan manfaatlari bilan uyğun bölişi kerak, jamiyat rivojiga befarq qarab bölmaydi, intiliş esa, albatta, natija beradi. Darvoqe, Hamza Hakimzoda Niyoziy jadid maktablari uçun yozgan “Yengil adabiyot” töplamida buni bolalarga şunday yetkazgan:

“Bizam millatga
köp xizmat etamiz,
Uzoq ötmay
taraqqiyga yetamiz“.

Jadidlar nimaga ulgurmadi?

Jadidlarning ğoyalari tayyor edi, lekin ularga davlat tayançi yetişmadi. Avloniyning Miroboddagi maktabini johil kişilar “kofir bölding” deb yopib qöygan. Behbudiy 1914-yilda yangi usul maktabida yoki rus tilida öqiş kişini kofir qilmasligini “Oyina” jurnalida alohida tuşuntirişga majbur bölgan. Podşoh ma’muriyati yangi maktablarni qattiq nazorat ostiga oldi. Keyinroq esa jadidlarning özlari qatağon qurboniga aylandi. 1922-yilda Turkiston va Buxorodan Germaniyaga öqişga yuborilgan yetmişga yaqin yoşlar haqida Prezidentimiz şunday degan: ular qatağon qilinmaganida, “butun jamiyatni özgartirardi”.

Avloniy bu aççiq haqiqatni öz vaqtida yozib qoldirgan. Millatlar öziga xizmat qilgan kişilarni qadrlaş, ularga haykal qöyiş, ular haqida yoziş orqali taraqqiy etadi, deydi u. “Afsus, bizlar taqdir qilmak bir tarafda tursun, tahqir, masxara, hatto takfir qilmak ila qarşu olurmiz”. Ya’ni, biz ularni qadrlaş örniga ustidan kuldik, hatto kofirga çiqardik.

Bugun vaziyat boşqaça: islohotni davlatning özi boşlab bermoqda, jadidlar nomi mukofot va stipendiyalarga berilmoqda. Lekin jadidlar yana bir saboq qoldirgan: maktabni faqat farmon bilan özgartirib bölmaydi. Munavvar qori Abduraşidxonov va uning safdoşlari 1923-yilda yoşlarni “xalqni maorifga va maorifni xalqqa yaqinlaştirmoq uçun” qölidan kelgan har bir çoraga kirişişga çaqirgan.  Maktab ota-ona, mahalla va tadbirkor bilan birga işlagandagina, kutilgan natijaga erişiş mumkin.

Ayrim takliflar

Jadid bobolarimizning boy merosidan kelib çiqib, bitiruvçi portreti ustida işlayotgan mutaxassislar va yangi vazirlik e’tiboriga ayrim takliflarimizni havola etmoqçimiz.

1. Portretni uç ustunga quriş. Avloniy va Fitrat aytgan uç ustun – soğlom tan, mustaqil fikr, axloq va amal – portretning asosi bölsin. Ularga Behbudiy aytgan “zamona odami”ning belgilari – til va kasb qöşilsin. Har bir belgi uçun öquvçi 4-, 9- va 11-sinf yakunida nimani bilişi va nima qila olişi yozib qöyilsin.

2. “Turkiy guliston”dan amaliy maşğulot. Avloniyning “Sa’y va ğayrat”, “Intizom”, “Vijdon”, “Olihimmat”, “Atolat” (dangasalik) va “Tama’” (ta’magirlik) boblari sodda tilda, har biri bitta amaliy topşiriq bilan berilsa. Masalan, “Intizom” bobidan keyin öquvçi bir hafta davomida öz kun tartibini tuzib, unga amal qiladi.

3. Oçiq imtihon. Jadid maktablarida imtihonlar jamoatçilik oldida ötkazilgan. Bugun ham bitiruvçi öz loyihasini ota-onalar, mahalla va iş beruvçilar oldida himoya qilsin. Şunda portretdagi sifatlar qoğozda emas, amalda körinadi.

4. “Jadidlar izidan” klublarida – öqişdan amalga. Özbekiston Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi qarori bilan maktablarda “Jadidlar izidan” kitobxonlik klublari tuzilgan, ularda yiliga kamida 20 ta kitob öqiladi. Yil yakunida har bir klub öz mahallasi uçun bitta foydali iş qilşi: kiçik kutubxona oçişi, kiçiklarga öqiş tögaragi taşkil etişi yoki obodonlaştirişda qatnaşişi mumkin.

5. Behbudiy hisob-kitobi – bugun. Tadbirkorlar mablağni haşamatli töy örniga ta’limga yönaltirsin: korxonasida öquvçilarga amaliyot örni va ustoz ajratsin, iqtidorli bolaga stipendiya tayinlasin.

6. Avloniy mukofotining mezoni – öquvçidagi özgariş. Mukofot berilganda, olimpiada medallari bilan birga, öquvçilarning loyihalari, kasbiy könikmalari va jamiyatdagi faolligi ham hisobga olinsin.

7. Har bir oilaga portret. Avloniy tarbiyaning birinçi böğini uy ekanini aytgan. Portret ota-onalarga bir sahifalik sodda yöriqnoma şaklida yetkazilsin: bolaga uyda qanday vazifa va mas’uliyat beriş mumkinligi aniq yozilsin.

“Kelar zamon uçun hozirlanayluk”

Behbudiy 1915-yilda şunday yozgan edi: “Kelar zamon uçun hozirlanayluk, ötgan zamon uçun emas”. Bolani özimiz ösgan zamonga emas, u yaşaydigan zamonga tayyorlaşimiz kerak. Jadidlar portretning çizgilarini bir asr oldin çizib ketgan. Uni hayotga köçiriş endi bizning zimmamizda. Avloniy bu işning bahosini aniq aytgan: “tarbiya bizlar uçun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”.

Nodir YUSUPOV,
pedagogika fanlari böyiça falsafa doktori

“Jadid” gazetasining 2026-yil 23-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596