08.07.2025 | 09:52
842
BIZDAN QAY ISH LOZIM BO‘LSA, BARCHASIGA TAYYORMIZ!
Davlat rahbarining xalq bilan, xususan, yoshlar bilan muloqoti soni yildan yilga ortib bormoqda. Navbatdagi uchrashuv 30-iyun ‒ Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida o‘tkazildi. Global yoshlar forumining yopilish marosimi ham ushbu kunga to‘g‘ri kelgani tadbirga alohida mohiyat bag‘ishladi.
Uchrashuv boshlanishidan oldin yurtimizning turli nuqtalaridan yig‘ilgan yoshlar o‘zaro tanishdik. Do‘st‑birodar, o‘rtoq‑dugona bo‘ldik. O‘z hududimizdagi yangiliklarni bo‘lishdik. Buni qarangki, har birimizda aytsa arzigulik yutuq va o‘zgarishlar yetarlicha ekan.

Ko‘p o‘tmay davramizga davlat va jamoat arboblari, olimlar, shoirlar, sportchilar, tadbirkorlar va xorijlik mehmonlar kelib qo‘shildi. Barchamiz qiziqishlarimizdan kelib chiqib o‘z sohasining professionallarini suhbatga tortdik, savollarimizga javob oldik. Katta ekranda esa 14 ta hududdagi studiyalardan qatnashayotgan do‘stlarimiz ko‘rinib turibdi.
Va nihoyat, geometrik aniqlikda terilgan o‘rindiqlarga joylashdik. Shu payt boshlovchining jarangdor ovozi yangradi:
“Yangi O‘zbekistonning aziz yoshlari! Kutib olamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti…”
Butun zal oyoqqa qalqdi. Ko‘zlar sahnaga qadaldi. Oramizda Davlat rahbarini televideniye yoki internetda emas, hayotda ilk bor ko‘rib turgan yigit‑qizlar ko‘p edi. Ularning nigohidagi mehr va xursandchilikdan davramiz fayziga fayz qo‘shildi, go‘yo mehr nuri bilan zal yana ham charog‘on bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston yoshlarini bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Shundan so‘ng, Yurtboshimiz yoshlar uchun manfaatli bo‘lgan tashabbuslar va yangi imtiyozlarni e’lon qildi. Ularni sanashdan oldin nutqdagi bir gapga e’tiboringizni qaratsam: “Aziz o‘g‘il-qizlarim! Hozirgi vaqtda dunyo qanday notinch, qanday murakkab bo‘lib borayotganini ko‘rib turibmiz. Tinchlik – eng buyuk ne’mat, inson qadri va adolat – eng oliy qadriyat ekanini har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz”.
Darhaqiqat, bugun vayronkor kuchlar yoshlar qo‘liga ajal qurollarini berayotgan yoki ochlik va yupunlikdan boshqa narsa berolmayotgan bir paytda bizda har uch‑to‘rt oyda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar berilmoqda.
Natijada, O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirdi.
2024-yilda yurtimiz yoshlari TOP-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yosh dunyoning TOP-10talik oliygohida, 500 nafari TOP-100 va 1 ming 500 nafari TOP-300 talikdan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.
Futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarimiz Osiyo chempioni bo‘ldi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
261 ta yoshlar tashkil qilgan korxonaning yillik aylanmasi 100 mlrd. so‘mdan oshdi.
2025-yilning 6 oyida xalqaro fan olimpiadalarida 166 ta medal qo‘lga kiritildi.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yosh IT sohasiga o‘qitildi.
O‘tgan yili 150 mingdan ziyod yosh xalqaro til sertifikatlari oldi, bu 2023-yilga nisbatan 2 baravar o‘sish degani.
Ushbu ko‘rsatkichlarni ko‘tarish, yoshlarni qo‘llab‑quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida endilikda har yili 3 ming nafar salohiyatli o‘quvchi dunyoning nufuzli universitetlariga tayyorlanadi.
STEM sohalari uchun “El-yurt umidi” kvotalari bir necha barobar oshiriladi.
TOP-300 oliygohga kirgan yoshlarga banklar tomonidan 20 ming dollar imtiyozli kredit beriladi.
“Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushiriladi.
5 yilda barcha maktab bitiruvchilari sun’iy intellekt sohasida bilimli bo‘ladi.
2025-yilda 50 ming nafar qiz “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bilan qamrab olinadi.
Har yili yuqori sinf o‘quvchilarini kasb tanlashga qiziqtirish va ko‘maklashish maqsadida “Mening kasbim” respublika tanlovi o‘tkaziladi.
“Kelajak liderlari” dasturiga har yili 100 nafar yosh jalb etiladi va xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
300 million dollarlik “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam” dasturlari orqali 240 ming yosh band etiladi.
Bular shunchaki raqam va rejalar emas. Raqamlar ortidagi mehnat va mablag‘ hisoblansa, O‘zbekiston yoshlar uchun naqadar katta investitsiya kiritayotganini tasavvur qilish mumkin.
E’tiborlisi, nutq quruq hisobot yoki ish reja shaklida bo‘lmadi. Prezidentimiz yoshlarning ko‘ziga qarab, tengdosh suhbatdoshi bilan fikrlashayotgandek so‘zladi. Jarayonga hududlar bilan bo‘lgan muloqot, zarofatli lutflar va otalarcha pand‑nasihat o‘zgacha ruh bag‘ishladi.
Ushbu tarixiy nutqdagi haroratli satrlardan namunalar:
“Katta-katta davlatlar, dunyoning eng nufuzli kompaniyalari bugun bizga nega ishonmoqda? Nega milliardlab dollar investitsiya kiritmoqda?
Bu, albatta, bejiz emas. Chunki hamkorlarimiz yoshlarimizning ilm-fan, ta’lim, IT, madaniyat, san’at va sportdagi yutuqlarini ko‘rib, salohiyatimizga baho bermoqda, ertangi kunimiz poydevori mustahkam ekaniga ishonch hosil qilmoqda”.
* * *
“Yaqin-yaqingacha umrini paxta dalasida o‘tkazgan oddiy oila farzandlari ilmda, sportda, boshqa sohalarda bunday yuksak marralarni egallashini tasavvur qilish ham qiyin edi.
Biz yoshlarimiz uchun sharoit yaratdik, ular bundan unumli foydalanib, baland cho‘qqilarni zabt etmoqda.
Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.
Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”
* * *
“Bu ishlar “kampaniyabozlik” bo‘lmasligi, o‘zgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi O‘zbekistonda ta’lim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir so‘z bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning o‘zi qolmaydi!”
* * *
“Mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ko‘z qorachig‘idek asrashda siz, aziz yoshlarimizga tayanamiz.
Unutmang: mustaqillik – bu shunchaki rasmiy maqom emas, balki har bir yoshga o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkonini beradigan buyuk ne’mat”.
* * *
“Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog‘lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi, albatta, yorug‘ bo‘ladi.
Men butun O‘zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo‘lishini tilayman!
Ishonchim komil, biz ko‘p millatli butun xalqimiz bilan, siz, aziz farzandlarim bilan ulug‘ maqsadlarimizga, albatta, yetamiz! Yangi O‘zbekistonni barchamiz birgalikda, albatta, barpo etamiz!”
* * *
Navbat bir guruh faol yoshlarga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti hamda “Kelajak bunyodkori” medalini topshirishga yetdi. Taqdirlash marosimi ham samimiy va jo‘shqin kayfiyatda o‘tdi.
Prezidentimiz yoshlarga shunchaki nishonlarni taqib qo‘ygani yo‘q. Har bir laureat bilan suhbatlashdi. Ularga yana qanday yordam kerakligini so‘radi. Kerak bo‘lsa, ayrimlari ko‘targan masalalarni shu yerning o‘zida hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Eng ta’sirli nuqtalardan biri – velosport bo‘yicha Paralimpiya terma jamoasi a’zosi Fotima Saipovaga uy berilishi voqeasi bo‘ldi. Bunda inson qadrini ulug‘lash, ijtimoiy himoya bilan har kim hamma joyda shug‘ullanishi kerak degan g‘oyaning amaliy ifodasini ko‘rdik.
Garchi diqqat markazimizda iqtidorli tengdoshlarimiz turgan bo‘lsa‑da, Prezidentni mahallalardagi 167 ming nafar uyushmagan yosh, tarbiyasi og‘ir va huquqbuzarlik qilgan 17 ming o‘quvchi o‘ylantirayotgani sezildi uchrashuv davomida.
Shu o‘rinda Davlat rahbari yangi saylangan mahalla raislariga murojaat qildi:
“Mahalladagi tinchlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, sog‘lom muhit kimga bog‘liq? Avvalo, sizlarga bog‘liq.
Mahallada bitta bolaning noto‘g‘ri yo‘lga kirishi ham favqulodda holat bo‘lishi kerak. Shuning uchun, har bir bola haqida, uning taqdiri, kelajagi haqida, avvalo, sizlar ko‘proq qayg‘urishingiz lozim”.
* * *
Odatda, muloqot o‘tkaziladigan zalda stol-stul qo‘yiladi. Ammo bizning sahnada faqat minbar o‘rnatilgan edi. Demak, asosiy urg‘u nutq va tabrikka qaratilgan ekan. Shunday bo‘lsa ham Prezidentimiz tik oyoqda turib yoshlar bilan bir soatga yaqin muloqot qildi. Unda yigirmaga yaqin yigit-qiz o‘z taklif va tashabbusini bildirdi.
Muloqot mutlaqo erkin muhitda o‘tdi. So‘z so‘raganlarning barchasi maqsad-muddaolarini izhor qildi. Har bir yoshning masalasi tegishli tashkilot rahbariyatiga yo‘naltirildi. Agar yana qo‘shimcha takliflar chiqadigan bo‘lsa, ularni to‘plash va Prezidentga yetkazish Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev zimmasiga yuklandi. Shu tariqa tarixiy uchrashuv nihoyasiga yetdi.
* * *
Yaqin yillargacha butun dunyo nazarida “million egatlarga sochilgan” xalqning bolalari sifatida ko‘rilgan, bugun esa Yangi O‘zbekistonning oltin avlodiga aylangan yoshlar ko‘nglidan nima o‘tdi ekan? Baxtli avlodning vakili sifatida xayolimga xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaning ushbu satrlari keldi:
Siz quyoshsiz, balandlang-u botar yerni unutmang,
Ildizdansiz, tag‘in ildiz otar yerni unutmang,
Turkistonday qaytib kelib yotar yerni unutmang,
Mendan qay ish lozim bo‘lsa,
Barchasiga tayyorman!
Otabek BAKIROV
“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



