Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.10.2025 | 12:42

img928

BOBOLARIMIZDAN QARZDORMIZ

O‘zbekiston xalq artisti Karim MIRXODIYEV bilan suhbat

– Karim aka, Mustaqillik ayyomi arafasida “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlanganingiz san’at ixlosmandlari va muxlislaringiz uchun ham quvonchli voqea bo‘ldi. Gazetamiz tahririyati va ko‘p sonli o‘quvchilarimiz nomidan, kechroq bo‘lsa-da, ushbu oliy mukofot bilan muborakbod etamiz.

– E’tibor uchun rahmat! Bu mukofot, to‘g‘risi, men uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Men 24 yil, Tohir Saidov 20 yil oldin  “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoniga munosib ko‘rilganmiz. “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonini, avvalo, davlatimiz rahbarining san’atga qaratayotgan e’tiborining yana bir namunasi, qolaversa, milliy san’atimiz rivojiga baholi qudrat qo‘shayotgan kamtarona mehnatlarimizning yuksak e’tirofi deb bilaman.

Xalqimiz ozmi-ko‘pmi bizni taniydi, rollarimizni biladi. Har holda,  “Qaysi xizmatlari uchun?” degan savollar bo‘lmadi. Aslida, bunga mendan ham loyiqroq san’atkorlar ko‘p, deb o‘ylayman. Yana nima deyish mumkin? Davlatimiz e’tibori, ustozlarimiz sabog‘i, muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bizni shu martabaga yetkazdi. Taqdir, nasiba deganlari shu bo‘lsa kerak.

– San’at olamida qariyb yarim asrlik yo‘lni bosib o‘tdingiz. Ulug‘ aktyorlar bilan ishladingiz. Ulardan o‘rgandingiz, o‘zingiz ham yoshlarga o‘rgatyapsiz. Shu ma’noda, bugungi aktyor va aktrisalar haqida fikringizni bilmoqchi edik.

– Aktyor san’atda o‘zini mehmon emas, mezbon deb bilsa, asl obrazlar yarata oladi. Kinoga arzon shon-shuhrat, bir-ikki so‘m daromad yo yengiltak ko‘ngilning o‘tkinchi havasini bosish ilinjida qadam qo‘yganlar ham ko‘p. Tarixni gapirmay, 4-5 yil oldin porlab turgan qanchadan qancha qiyofani bugun hech kim eslamaydi. Ularning o‘zlari ham o‘ynagan rollarini qaytib ko‘rmasa kerak.

Qay bir darajada rol o‘ynash mumkin, lekin san’atni o‘yinchoq qilish mumkin emas. Aslo! Bugun nima bo‘lyapti? Aktyorning siri ko‘tarilib ketdi. Ustozlarimiz sahnada ikki soat rol o‘ynasa yoki to‘rt soat suratga olish jarayonida bo‘lsa, yetti-sakkiz soat repetitsiyada yoki kutubxonada bo‘lardi. Ustozlarimiz o‘zini o‘zi reklama qilish, uyushtirilgan savollarga javob berish, umuman, ishdan tashqarida omma diqqat markazida bo‘lishni yoqtirmagan. Bu kibrdan emas, ular xalqning mehrini yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib, tinimsiz ishlagan. Obro‘ qozonish hamma zamonlarda oson bo‘lgan, lekin uni saqlab qolish qiyin. Mana, gap qayerda?

Ayrim hamkasblarimiz, ayniqsa, yoshlarning Internetdagi tiyiqsiz chiqishlarini ko‘rib, ularning maqsadini tushunmay qolaman, to‘g‘risi. Odam baxtli damlarini xalq bilan bo‘lishsa, zarari yo‘qdir. Lekin har bir qadamini elga doston qilib, tomoshabinni o‘zidan bezdirishning oqibati nima bo‘ladi? Maishiy fonda ko‘zni o‘rgatib qo‘ygan aktyorning ijrosiga kim ishonadi keyin? Kechirasiz, sohilda tushgan ochiq-sochiq suratini Internetga qo‘yib, keyin ekranda xaloskor yoki ma’suma qiyofasida chiqsa, bu yog‘i qanchadan tushadi?

Yoshlarga ertakday tuyuladi. Lekin biz ko‘chada Hamza Umarov yoki Nabi Rahimovni ko‘rib qolsak, hayajondan qotib qolardik. Mabodo, o‘qish yo spektakllar yakunida salomimizga alik olib qo‘ysa, maqtanib yurardik. Chunki ular nihoyatda sirli, salobatli odamlar edi.

Hozir bolangiz tengilar ham so‘rab-netib o‘tirmay mikrofonini naq burningiz tagiga olib kelib, kamerasini peshonangizga tirab so‘roq-savol qilishga o‘tadi. Savol so‘rashning ham madaniyati bor, joyi, tartib-qoidasi bor. Men bunday narsalarni qabul qilmayman. Mayli, Internetda trendga chiqmay, lekin o‘zimning prinsiplarimdan chekinmayman. Shuning uchun ko‘pincha intervyu va suhbatlarni rad etaman.

– Demak, suhbatimizning bir oy orqaga surilgani sababi ham shunda…

– Rosti, “Jadid” gazetasining nomini birinchi eshitganimdayoq sergak tortganman. Chunki san’atkorlar ma’rifatparvar bobolarimizdan qarzdor. O‘zbek kinosi yulduzlarini aynan jadid teatri tarbiyalab bergan. Shu vajdan, o‘zimning qolipimdan chiqib, suhbatga tayyorgarlik ko‘rishimga vaqt kerak bo‘ldi.

– Aktyor shaxsiyatiga yaqin rollarni tanlaydi, har bir rolda o‘zining bir parchasi bo‘ladi, degan gaplarga qanday qaraysiz? “Kichkina tabib”dagi Teshavoy, “Yulduzingni ber, osmon”dagi Shukur, “Charxpalak”dagi Egamqul obrazlari ichki dunyongizga qanchalik yaqin?

– Sanaganlaringiz orasida zalvori og‘iri – Egamqul obrazi. Chunki serialda suratga tushish kinodan ko‘ra ancha murakkab. Avvalo, jarayon uzoq vaqt davom etadi. Oylar, hatto, yillarga cho‘zilgan suratga olish jarayonida shaxsiy hayotingizda, ichki dunyongizda, sog‘ligingizda, jamiyatda turli-tuman o‘zgarishlar, evrilishlar sodir bo‘ladi. Lekin avvaldan yozilgan ssenariy buni tan olmaydi. Birinchi qismdagi obrazni oxirigacha saqlab turishga majbursiz. Hatto, mimikalar, tana harakati, eng muhimi, nigohlardagi ifodaning o‘zgarishi ham tomoshabin e’tiboridan chetda qolmaydi. O‘sha Egamqul o‘zida o‘z davridagi o‘zbek erkagi kayfiyatini aks ettirgan. O‘zbekda qanaqa xislatlar bo‘lsa, hammasi mujassamlangan.

Fe’l-atvorimga keladigan bo‘lsak, mujmallik, mavhumlikni yomon ko‘raman. Gapirganda ham shunaqa, betga aytganning zahri yo‘q, deb o‘ylayman. Nafratim ham, sevgim ham aniq bir nuqtaga yo‘naltiriladi.

Aktyor o‘ziga berilgan rolga vijdonan yondashib, bor mahoratini ko‘rsatib, qahramonini yuzaga chiqarishi kerak. Lekin har doim ham obraz va shaxsiyat mos tushavermaydi. Kino va teatrning mashaqqatlaridan biri ham shunda – mutlaqo yangi xarakterni olib chiqasiz, mutlaqo boshqa odamga aylanasiz. Nima bo‘lganda ham, rolda, albatta, bir parchangiz bo‘y ko‘rsatadi. Busiz jonli chiqmaydi.

– Yaqinda ustozlar bayramini nishonladik. Sizning hayotingizda ustozlarning o‘rni qanday?

– Bugun siz Karim Mirxodiyev bilan suhbat uchun kelgan bo‘lsangiz, Karim Mirxodiyev shu joygacha ustozlari sharofati bilan yetib kelgan.

Qarang, men maktabda rus tilida o‘qiganman. Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutiga kirish imtihonlarida insho yozish kerak ekan. Ijodiy sinovlardan o‘tdim. Inshodagi g‘alizliklar-u imlo xatolarni o‘zingiz tasavvur qilavering. Shu payt domlalardan biri – Rahmat Sayfuddinov ijromdan qoniqdi, shekilli, yozganimni komissiya oldiga qo‘yib, “Mana shu bolaga yordam qilaylik. Talanti borga o‘xshayapti. Mayli, kirsin, kamchiligini bitirgancha to‘ldirib oladi”, dedi. Komissiya ustozning yuzidan o‘ta olmadimi yoki boshqalarga ham amaliy ishim ma’qul bo‘ldimi, har holda, talaba bo‘ldim.

Hali talaba paytimiz, kimsan Baxtiyor Ixtiyorov institutga kelib, diplom spektaklimizni ko‘rgan. Biz bungacha u kishini faqat kinolarda ko‘rardik. Yakunda sahnaga chiqib: “Shu kunni eslab qolinglar! Husan Musaboyev, Malika Begmatova (Qayumova), Karim Mirxodiyev, shu bugundan e’tiboran sizlar “Yosh gvardiya” teatrining aktyorlarisiz!” deb e’lon qilgan. Professional sahnaga ilk qadamim “O‘n sakkiz yoshligim” spektaklidagi bosh roldan boshlangan.

“Ilhom” teatrida ishlagan paytimda bosh rejissyorimiz Anatoliy  Qobulov meni yangi filmga tavsiya qildi. Sinovdan so‘ng To‘lepbergen Qayipbergenovning “Qoraqalpoq qizi” romani asosida olingan “Bo‘ysunmas” badiiy filmidagi bosh qahramonlardan biri – Turumbet roliga qabul qilishdi. U asosiy qahramon – Jumagulning (Tamara Shokirova ijrosida) turmush o‘rtog‘i bo‘ladi. Filmda Xalq artisti Nabi Rahimov bilan suratga tushganmiz. Bundan ortiq omad bo‘ladimi? Shu tariqa, ustozlarimning tavsiyalari bilan kinoga ham bosh rollarda qadam qo‘yganman. Bularning hammasi ustozlarimning g‘amxo‘rligi, bag‘rikengligi va ishonchi mahsuli edi. Menga berilgan unvon ham aslida ustozlarimga tegishli, desam, buyam adolatdan bo‘ladi.

– Har bir rolingiz haqida xuddi hozirgina suratga olish maydonidan chiqib kelganday gapiryapsiz. O‘zingizga manzur bo‘lmagan ijrolaringiz ham bormi?

– Odam har bir farzandining tug‘ilgan vaqtini, voyaga yetkazgan yillarini unutmaydi. Rollar ham aktyor uchun shunday gap.

Ma’qul bo‘lmagan ijrolarim bor, eslash shart emas. O‘zim xulosa chiqarganman. Lekin umuman o‘ynamagan bir rolni menga nisbat berishadi. Shunga izoh bermoqchiman: “Karim Mirxodiyev “Alibobo va qirq qaroqchi” filmida epizodik rol o‘ynagan”. Men tushmaganman u kartinada. Hatto, ommaviy sahnalarda ham yo‘qman. Shu ma’lumot manbayi aniqlansa, tuzatib qo‘yishlaridan umidvorman.

– Kino – yarim san’at, yarim sanoat, degan gap bor. Ammo bugun bu soha to‘liq sanoatlashib ketayotgan holatlar ham oz emas. Xontaxta seriallar-u, yengiltak filmlar ijtimoiy tarmoqlar, saytlarda urchib yotibdi. Yoshlarning ham rollarga bo‘lgan munosabati shunga yarasha. Bo‘lg‘usi san’atkorlarga qaysi sohalarni chuqurroq o‘rganishni maslahat berasiz?

– Aktyor hamma sohadan boxabar bo‘lishi kerak. Unga qachon va qanday rol tegishini bilmaydi-ku. Tasviriy san’atni ham tushunishi, adabiyotni, musiqani ham his qilishi kerak.

Kino va seriallardagi eng ta’sirchan sahnalarning kelib chiqishini astoydil o‘rgansangiz, albatta, ularning ortida bir mashhur rassomning kartinasi turgan bo‘ladi. Suratlardagi holat va kayfiyatni astoydil o‘rganish obrazga jon baxsh etadi. Rembrandtning “Adashgan o‘g‘ilning qaytishi” degan asari bor. Deylik, kinoda afsus va tavba-tazarru epizodi bor. Holatni chiqarib bera olmayapti aktyor. Tayyor “shpargalka”dan esa xabari yo‘q. Shuning uchun “Kuzatinglar. Aktyor kuzatuvchan bo‘lishi kerak, eslab qolishi kerak”, deyman yoshlarga.

Yana bir jihati, tasavvur ham keng bo‘lishi kerak. Kulgi sahnasini amallasa bo‘lar, lekin yig‘i va g‘azabni sun’iy chiqarib bo‘lmaydi. Ko‘zingizga dori tomizib yosh chiqararsiz, ammo nigoh sotib qo‘yadi-ku. Shuning uchun, aktyor hayotning baland-pastini ko‘rgan bo‘lsa, yana yaxshi. Ayni suratga olish chog‘ida o‘zini bir vaqtlar g‘azablantirgan voqeani eslab qoladi. Xayolida jonlantiradi. Mana, tayyor obraz. Jonli.

Nazarimda, bugun kinoda yuzakilik ortib boryapti. Bu xuddi muqovasi yaltiroq jurnalga o‘xshaydi: chiroyli, o‘ziga jalb qiladi, ichini ochsangiz “pichoqqa ilinadigan” narsa yo‘q. Ijrolarda ichki hislar yo‘q. Samimiylik yo‘q. Shunga qaramay, juda kam bo‘lsa-da, ko‘rishga arziydiganlari ham chiqadi.

Avvallari tomoshabin didi haqida boshqalar qayg‘urardi. Endi har kim o‘zi uchun harakat qilishi kerak. Odamlar qo‘lida imkoniyat keng: izlasin, topib ko‘rsin arzirli filmlarni. Agar buni istamasa, demak, “oldiga qo‘yganni yemoq”dan boshqa chora yo‘q. Aytsa, gap ko‘p. Ishlash kerak.

– Qisqa va mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Sizni yangi va yaxshi rollarda kutib qolamiz.

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 10-oktyabrdagi 41-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605