Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


21.08.2024 | 14:52

img1026

BOJA, BAJANAK, BOLDIZ, POCHCHA

Bulg‘oristonlik bir tanishim “bajanak”, “baldiz” so‘zlarini bulg‘orlar ham ishlatishini aytgandi. Ba’zi turkiy lahjalarda boja, ya’ni opa-singil yoki qarindoshlarga uylanganlarga nisbatan “bajanak” deyiladi, “boldiz” esa, o‘zbek tilida ham “xotinning singlisi, qayin­singil” ma’nosiga ega. Bulg‘orlarda ham “badjanak” – boja, “baldiz” – xotinning singlisi, boldiz ma’nolariga ega ekan.

 Hozirgi bulg‘orlar qadimgi bulg‘or turkla­rini o‘zlarining ajdodlari deb bilishadi. Ularga nafaqat “bulg‘or” nomi, balki qadimgi bulg‘or turkchasidagi ko‘pgina so‘z-­o‘zaklar ham meros bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, Usmonli davlati tarkibida kechgan besh asrlik davr mobaynida bulg‘or va boshqa bolqon xalqlari tillariga usmonli turkchadan ko‘plab turkiy so‘zlar o‘tgan. Shunday qilib, hozirgi bulg‘or tili slavyan tillari oilasiga kirsa-da, tagzaminida turk tili yotadi.

“Badjanak”, “baldiz” so‘zlari bulg‘or tiliga, bizningcha, qadimgi bulg‘or turkchasidan emas, keyinchalik, usmonli turkchasidan o‘zlashgan. Chunki usmonli turkchasida “boja” – “bacanak” (“bajanak”), “qayin­singil, boldiz”– “baldiz” shaklida ishlatiladi. Afsuski, “boldiz” hozirgi o‘zbek tilida tobora iste’moldan chiqib, o‘z o‘rnini “qa­yinsingil”ga butunlay bo‘shatib bermoqda.

“Turkiy tillarning etimologik lug‘ati”da “bajanak”ning qadimiy shakli “ba:ja” (birin­chi bo‘g‘in unlisi cho‘ziq) bo‘lganligi aytiladi. Demak, bu so‘zning “bajanak” emas, “boja” shakli qadimiyroq ekan. “Bajanak” (“bajanaq”, “bajinaq”, “bajinah”, “pajanak” va hokazo) esa – “ba:ja” so‘ziga “-(a)naq” qo‘shimchasini qo‘shish bilan yasalgan va bu qo‘shimcha kichraytirish ma’nosiga ega bo‘lishi mumkin. Bizningcha, “bajanak” de­yish ko‘proq o‘g‘uz lahjasi, xususan, turk, ozarbayjon, gagauz (ko‘ko‘g‘uz) va boshqa g‘arbiy turk tillariga xos, ular orqali bu so‘z fors, arab, arman, bolqon xalqlari, jumladan, bulg‘or, serb, xorvat tillariga ham o‘tgan. Tojik tilidagi “boҷa” esa, bizningcha, o‘zbek tilidan o‘zlashgan.

Shuningdek, o‘zbek va tojik tillarida opa­ning yoki yaqin qarindoshning eriga nisba­tan “pochcha” (“pochcho”) so‘zi ishlatiladi (sheva­larda: “bәchchә”, “guyәv pәchchә”, “kuyәv pәchchә”, “jezdә”, “jezzә”, “yezdә”, “yazna”). “Turkiy tillarning etimologik lu­g‘ati”dan ko‘rinadiki, “boja” so‘zi ba’zi turk xalq­lari tillari, shevalarida “paja”, “pacha”, “pachanak” kabi shakllarda ham qo‘llanadi. Ba’zi shevalarda esa bu so‘z “kuyov”, “opaning eri” ma’nolariga ega. Shu nuqtai nazardan qaralsa, mazkur jihatlar “pochcha” ham “boja” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin, degan taxminga olib keladi.

“Boja”, “bajanak” so‘zlari etimologiyasi xususida ba’zi mutaxassislar bu so‘z asosi­da qadimgi turkiydagi “singil” ma’nosidagi “baji” yotadi, degan fikr bildirgan. “Bajanak”, “boldiz” so‘zlari “Devonu lug‘otit-turk”da ham bor. Mahmud Koshg‘ariy “boldiz”ga “Devon”da shunday izoh beradi: “baldїz – xotinning singlisi. Erning singlisiga “baldiz” deyilmaydi, “singil” deyiladi”.

“Devonu lug‘otit-turk”da “bajanak” so‘zi ham uchraydi. Ammo u “Devon”da “boja” ma’nosida emas, balki o‘g‘uz turklarining yigirma ikki urug‘idan birining nomi sifatida tilga olinadi: “o‘n to‘qqizinchisi: bӭǰӭnӭk – bajanaklardir. Ularning tamg‘alari shunday…”, deyilib, tamg‘aning shakli keltiriladi. Boshqa bir o‘rinda esa Kosh­g‘ariy bajanaklarni Rumga (Vizantiyaga) eng yaqin joylashgan qabila sifatida tilga oladi: “Rumgacha cho‘zilgan bulg‘ar, suvar, bejeneklar tili bir xildagi so‘zlarning oxiri qisqartirilgan bir turkchadir”.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Mahmud Koshg‘ariy nafaqat tilchi olim, balki o‘z davrining boshqa ilmlari, xususan, jug‘ro­fiya­dan ham yaxshi xabardor, turklar yashay­digan ko‘p o‘lkalarni kezgan jahongashta alloma edi. Shuning natijasi o‘laroq, u turkiy xalqlar yashaydigan hududlarni qamrab olgan xarita ham yaratib, uni “Devon”ga ilo­va qilgan. Mazkur xaritada ham bajanaklar eng g‘arbiy chegara – ruslar, saqoliblar (slavyanlar) va faranglar (ovro‘poliklar) bilan yonma-yon hududda ko‘rsatilgan. Bu esa Koshg‘ariyning XI asrda bajanaklar qaysi hududda yashaganlari haqida to‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lganligidan darak beradi.

Xo‘sh, bajanaklar qanday qilib Sharqiy Ovro‘poda paydo bo‘lib qoldi? Tarixchilarga ko‘ra, o‘g‘uzlarning bir bo‘g‘ini bo‘lgan bajanaklar IX asrgacha Orol dengizi, Sirdaryo­ning Orolga quyilish havzasi hududlarida yashagan. IX asrga kelib esa o‘g‘uzlarning boshqa urug‘lari tomonidan siquvga olingan bajanaklar Volga bo‘ylariga ko‘chib ketadi va keyinchalik Qora dengizning shimoliy hudud­larini zabt etadi.

Rus yilnomalari, Ovro‘podagi tarixiy huj­jat­larda bajanaklar – “pecheneglar” deb qayd etilgan. Kiyev Rusi davrida Vizantiya va Kiyev Rusi o‘rtasida mavjud bo‘lgan “Varyagdan Yunongacha” atalmish savdo yo‘lida bajanaklar yunonlar va ruslar o‘rtasida muhim vositachilik rolini o‘ynaydi. Keyingi asrlarda bajanaklar Sharqiy Ovro‘po xalqlari, xususan, hungarlar va boshqa xalqlar tarkibiga singib ketib, ko‘pgina xalqlar etnoge­nezida ishtirok etadi. Shuningdek, bajanaklar Sharqiy Ovro‘podagi gagauz (ko‘ko‘g‘uz) xalqi ajdodlaridan hisoblanadi. Ovro‘poda bajanaklar juda ko‘p tarixiy iz qoldirishgan, bajanak yoki pecheneg bilan bog‘liq talaygina joy nomlari, so‘zlar yasalgan.

O‘g‘uzlarning bu urug‘i nomining kelib chiqishi haqida ko‘pchilik mutaxassislar, xususan, etimologiya ilmining yirik vakili M.Fasmer ham, uning yuqorida tilga olingan “boja” ma’nosidagi “bajanak” bilan bir so‘z ekanligini ta’kidlaydi. Ya’ni, bajanak yoki ruscha aytganda, pecheneg “boja” demakdir.

Abduvohid HAYIT


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600