Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.08.2025 | 12:20

img542

BOSHBURTSIZ BEVATANLAR

Esimda, o‘rta maktabning yuqori sinfida ta’lim olayotganimizda adabiyot muallimimiz proletar kuychisi Mayakovskiyning “Sovet pasporti haqida she’r”ini baland pardalarda o‘qigan va yodlab kelishni topshirgandi. She’r xiyla katta va sarbast janrida yozilgani uchunmi, yodlash oson kechmagan.

O‘shanda “Pasport degani qanday narsa? Siz ko‘rganmisiz?” deb so‘raganimda qishlog‘imizdan chiqqan birinchi oliy ma’lumotli muallim savolimni kutgandek kostyumi yon cho‘ntagidan qip-qizil tusdagi hujjatni olib, boshi uzra baland ko‘targancha “Men sovet ittifoqi grajdani ekanimdan faxrlanaman! Bu pasport bilan dunyoning istalgan davlatiga bora olaman!” degandi.

Shu holat ta’sirida kechqurungi ovqat ustida otamdan “Sizda pasport bormi?” deb so‘raganimda ajablanib qaradi: “Pashport degani ne? Kimdan eshitding?”

Adabiyot muallimi ko‘rsatgan qizil tusdagi hujjat haqida nimadir deb ming‘irladim, bu hujjat bilan dunyoning istalgan davlatiga borish mumkinligini aytdim.

Otam qo‘l siltadi: “Biz Moskva ostonasida urushga kirib, nemislarni haydab Polsha, Vengriyadan o‘tib Berlingacha bordik. Hech kim bizdan pasport deganini so‘ragani yo‘q. Ko‘p gap sotmay ovqatingni ye!”

Otam 1946-yil urushdan qaytganidan buyon kolxozda traktorchilik qilardi. Esimni taniganimdan beri ikki-uch marta jiyda, gurunch sotish uchun Ozarbayjon, Tojikiston shaharlari va o‘zimizning Buxoroga borganini bilardim…

Otam men aytgan o‘sha pasportni 1976-yili – pensiyaga chiqish arafasida oldi. Onamning qo‘liga pasport degani 1982-yilda tegdi. Uch opam va menga o‘rta maktabni bitkazish arafasida pasport berishdi.

Pasport – mustaqil davlat ramzlaridan biri. Bu hujjat davlat fuqaroligini belgilabgina qolmasdan, davlatning o‘z fuqarosi oldidagi burchi va majburiyatlarini ham huquqiy jihatdan aks ettiradi va kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi pasportining so‘nggi varag‘idagi “Ushbu pasport egasi O‘zbekiston Respublikasi himoyasidadir”, degan jumlani eslang!

Bolsheviklar 1917-yil noyabrdagi davlat to‘ntarishidan so‘ng hokimiyat tepasiga keladi. Bu orada fuqarolar urushi boshlanadi. SSSR atalmish “ixtiyoriy-majburiy” tuzilma 1922-yil 30-dekabrda paydo bo‘ladi. 1924-yilga kelib respublikalar o‘rtasida “milliy chegaralanish” degan hududiy taqsimlash siyosati o‘tkaziladi. Bunda sovetlar “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil!” degan qadim varvarlik ustqurmasiga asoslanadi.

Bolsheviklar hukumat tepasiga kelganidan bir muchaldan ortiq muddat o‘tgach, nihoyat pasport tizimini joriy qilishga kirishgan. Bunga bosh-adog‘i yo‘q yurtda jinoyatchilik haddan ziyod oshib ketgani sabab. Negaki, o‘tgan davrda bir o‘lkadan boshqa o‘lkaga borishni xohlagan fuqarolarga qishloq soveti (yoki shahar soveti) bir varaq qog‘oz bergan. Bu qog‘ozda fuqaroning ismi-sharifi va qaysi joyda yashayotgani qayd qilingan, surati bo‘lmagan. Aynan suratsiz va soxtalashtirish oson bo‘lgan bir varaqlik fuqarolik hujjati jinoyat olami vakillariga qo‘l kelgan. Ular butun mamlakat bo‘ylab tezkor ko‘chib, g‘oyatda shov-shuvli: oziq-ovqat omborlari va do‘konlarni tunash, o‘ziga yoqmagan kishilarni o‘ldirish va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir qilishgan. Rasmiy ma’lumotlarda 1927–1929-yillarda sobiq ittifoqda jinoyatchilik yiliga o‘rtacha 60–80 foizgacha o‘sishi kuzatilgan.

Sovet hukumati ilk bora chiqargan qarorda pasport Moskva, Leningrad, Kiyev shaharlari va Yevropa davlatlari bilan chegaradosh hududlardagi aholi punktlarida yashovchilarga berilishi belgilangan. Buni umumaholiga solishtirsak, sovet davlati fuqarolarining 12 foizga yaqini pasport egasiga aylangan.

1942-yil bahorida mamlakatda yalpi safarbarlik e’lon qilinadi. Bunda 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar urushga olinishi belgilangandi. Fuqarolik pasporti yo‘q, qachon tug‘ilgani noaniq, qishloq soveti daftarida qayd qilingan yigitlarni urushga olishda adolatsizliklar ko‘p uchragan, hatto 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlar gavdasiga qarab, zo‘rlab olib ketilgani tarixiy haqiqat.

Amakimiz Ro‘zmatbiy buvaning ikki katta o‘g‘li taqdiri aynan pasporti yo‘qligi uchun fojiali kechgan. Harbiy komissariyatdan kelgan vakil elat yigitlarini to‘plab, ism-shariflarini qo‘lidagi qog‘ozga qarab o‘qib “Ro‘zmetov Karimboy oldinga chiqsin!” deganida uning o‘rniga ukasi Rajabboy chiqadi. Sababi, Karimboy yoshi katta bo‘lsa-da bolalikdan kasalvand o‘sgan, nimjon yigit bo‘lgan. Ukasi akam urushda qiynalmasin, deb uning o‘rniga urushga ketadi. Va qachon, qayerda halok bo‘lgani haqidagi xabar faqat istiqlol davrida chop qilingan “Xotira kitobi”da ayonlashdi.

Bir yildan so‘ng Karimboyni endi ukasi ismi-sharifi ostida urushga olishadi. U 1945-yil urushdan yarador bo‘lib qaytadi va bir yildan so‘ng vafot etadi.

Fuqarolar urushi davri dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ota-onalar o‘g‘il dunyoga kelganida (u paytlari ayollar uylarida tug‘ishgan) bu haqida qishloq sovetiga xabar berishmagan. Qachonki, bola ko‘chaga o‘ynab chiqqanini bilgachgina ularni daftarga qayd etishgan. Shu sabab onamning o‘zidan ikki yosh katta akasi – katta tog‘am hujjatlarda singlisidan to‘rt yosh kichik qilib ko‘rsatilgan.

Qishloqda tug‘ilib o‘sgan yigit-qizlar maktabni bitkazgach, shaharlarda o‘qish uchun qishloq sovetidan va kolxozdan ma’lumotnoma olishlari shart qilingan. Qishloq soveti uning qachon tug‘ilgani haqida, kolxoz esa “uch yillik majburiy ishlash staji” borasida ma’lumotnoma bergan.

SSSR Oliy Sovetining 1965-yilgi qarori bilan qishloq aholisiga ham pasport berish tartibi joriy etiladi. Bunda butun aholiga pasport berish nazarda tutilmagan. Kim yashash joyini o‘zgatirmoqchi, kim esa boshqa shaharga o‘qishga bormoqchi, yana kimlar keksalik nafaqasiga chiqishi munosabati bilan pasport olish majburiyatida qolishgan. Faqat 1970-yillarga kelib butun mamlakat aholisiga pasport berish tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Shundayam aholining aksar qismi pasportga ehtiyoji yo‘qligi sabab o‘z ixtiyori bilan fuqarolik hujjatini olmagan.

Qiziq-a? Bu yoqda “Sovet davlatining yarim asrlik yubileyi” dabdaba bilan nishonlangan, “kommunizm sari shahdam qadamlar bilan borayotgan baxtli sovet xalqining” deyarli yarmi fuqarolik pasportiga ega bo‘lmagan. Agar AQSh va Yevropada uy hayvonlariga pasport berish o‘tgan asrning elliginchi yillaridan boshlab amaliyotga aylantirilganini eslatsak, fojia bor ko‘lami bilan namoyon bo‘ladi (Yaponiyada hatto daraxtlarga pasport berish o‘tgan asr o‘rtalarida boshlangan).

“Rus inqilobining buyuk jarchisi” deb ta’riflangan Mayakovskiyning maktab darsliklariga kiritilgan va har bir o‘quvchi yod olishga majbur bo‘lgan “Sovet pasporti haqida she’r”ida poyezdda yo‘lovchilardan “…yo‘laklar oralab, fuqarolik pasportini tekshirayotgan burjua xizmatchisi”ning “qip-qizil pasportni” ko‘rganida hayratlanishi aks etgan satrlar bor. O‘ta ko‘tarinkilik bilan she’r yozgan shoir bu holatni o‘z boshidan kechirgandek taassurot uyg‘onadi o‘quvchida. Aslida, Mayakovskiy 1922-yil 2-mayda hayotida ilk bor xorijga chiqqan – qadim Rimni tomosha qilgan. Shu yili noyabr oyida Berlin va Parijga ijodiy safar qiladi. 1928-yil may oyida avval Yevropaga, so‘ng okean oshib AQShga sayohat uyushtiradi. Bu safarlarida shoir shaxsini tasdiqlovchi yagona hujjat “Komsomolskaya pravda” gazetasi adabiy xodimi” guvohnomasi bo‘lgan. “Fuqarosiz fuqaro” maqomida yurt oshgan shoir boshqa davlatlar fuqarolari nazoratchilarga taqdim qilayotgan turli rangdagi pasportlarga ko‘zi tushganida ne ko‘yga tushganini tasavvur qilamiz.

Va nihoyat, u ham ayrim imtiyozli shaxslar qatorida fuqarolik pasporti oladi, ammo uni boshi uzra ko‘tarib faxrlanishga ulgurmaydi – 1930-yil 14-aprelda o‘z joniga qasd qiladi…

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng – o‘tish davrida garchi bu jarayon katta mablag‘ talab qilsa-da, pasport joriy etildi. Yangi davlatning ilk pasporti barcha fuqarolarga berildi. Esimda, o‘sha jarayonda odamlarni ortiqcha tashvishlardan xalos qilish maqsadida uchastka nozirlari suratkashni olib uyma-uy yurib, suratga tushirishgan va keyin tayyor pasportni tarqatishgan. Bu orada xalqaro me’yorlarga moslab elektron pasport ham chiqarildi. Xorijga chiqadigan fuqarolar uchun alohida pasport joriy qilindi. Juda qisqa fursatda bunga erishildi.

Axir pasport bayroq, gerb, madhiya qatorida davlatchilikning ramzi hisoblanadi. Bugun O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan davlatlariga chiqish huquqiga ega. Davlatimiz rahbari olib borayotgan ochiqlik siyosati samarasi o‘laroq, bugun 40 ga yaqin davlat bilan vizasiz rejim joriy qilingan.

Davlatimiz ramzlari haqida shoirlarimiz ko‘plab she’rlar yozishgan. Ammo, pasportimiz haqida yozilgan birorta she’rga ko‘zim tushmadi. (Bu she’rni maktab darsliklariga kiritish haqida aytmay turaylik!)

Bizga maktabda Mayakovskiy she’rini majburan yodlatgan, pasportini hamisha yonida olib yurgan muallim qarilik ta’tiliga chiqqach uzoq yashadi, ammo unga biror marta xorijga chiqish nasib qilmadi.

Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist

“Jadid” gazetasining 2025-yil 22-avgustdagi 34-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596