Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


07.08.2025 | 16:56

img528

BU DARDLARGA DAVO BORMU?

Kun hindining tandiriday qiziganda ayiqpolvonning terskay qazilgan o‘rasiday muzdekkina uyda “Barra bodring” degan yopishtirmasi xira tortib ketgan bonkadagi sovuq choyni xo‘plab, “insta” oralab taltayib yotgandim.

Qarasam, birovi maylisda boshqasiga aql beryapti: “Mana, misol uchun sigirni olaylik. U tarvuz po‘chog‘ni yeb, sut beradi, qatig‘ beradi, pishloq beradi, yana go‘sht ham beradi. Biz-chi? Siz bilan biz tarvuzni o‘zini yeb, jamiyatga nima beryapmiz?!” O‘tirganlar beshqarsak chalvorishdi. Hammasiga kulib qo‘ydim. Lekin shu payt ko‘zim qanday ilinganini bilmay qopman. Qush uyqining tushiga o‘sha ibratli lavhadagi va’zxon kirdi. Menga qarab: “Oddiy govmish oddiy tarvuz po‘chog‘ini yeb, shuncha narsa beryapti! A, siz nima beryapsiz?!” deb o‘shshaysa bo‘ladimi? Uxlayotgan bo‘lsam ham kallam zo‘r ishlab ketdi: “Menmi?.. Men… haligi sigirga tarvuz po‘choq beryapman!” Bunday javobni kutmagan va’zxon, qoshlarini uyib, ko‘zlarini olagazak qilib hilqindi: “G‘alatimasmi?..”

Bu qizg‘in bahs-munozara hali ko‘p davom etardi-yu, xotin uyg‘otib yubordi. Aytishicha, oshnam O‘tkirjon og‘ir yotganmish. O‘ziyam juda hojatbaror yigit. Jondek jigarim. Qachon qarama, odamlarni hojatini chiqarib yuradi. Mana, endi o‘zi hojatdan chiqolmay qopti, bechora… Hozir kasalxonada emish. Shifoxona bo‘lsayam go‘rgaydi, bechora naqd xastaxonada mushdekkina jonini hovuchlab, dardi behayo bilan kurashyapti, deydi xotin qoshlarini baland-past qilib.

A, labbay? Dardi nima ekan, to‘chniy ayt deysizmi? Bundoq…

“Infeksion kasalliklar bo‘limi”dan mahzun chiqqan do‘xtir yuzidagi niqobini tushirib, ko‘zidagi oynagini hafsala bilan artgancha derazadan olis-olislarga tirishib tikilibdi va pashshalar dastxat qo‘ygan oynani kafti bilan “tirt-tirt” etkizib artib, bemorning javobga mahtal yaqinlariga debdi: “O‘tkir diareya…”

Iya, cho‘rtkesar, jaydari yigitga qayog‘dagi chet elcha kasallik ilashibdimi deb tursam, xotin aytib qoldi, bu “diareya”si o‘zimizni ichburug‘ ekan. Bilmagandan keyin qiyin-da! Bo‘lmasa, har yoz yarimta chillakini paqqos tushirib, jonon chashma labiga lab bosib, suv ichgan kunlarim ko‘p bo‘lgan, hech nima qilmagan. Xullas, dezinfeksiya degan ismi rasmi uchun bitta “yarimta”ni qo‘ltig‘imga termometr qilib, “O‘tkir diareya”ni ko‘rgani bordim.

Kasalxonaga kiraverishda ko‘chmas bozor tashkil qivorishibdi baraka topgurlar. Shularga qarab, mo‘ylovni burab, miriqib tursam, bir qizgina: “Kep qoling, muzdek ayron! Ichganlar darmonda, ichmaganlar armonda!” deb qoldi. Ko‘ngil ketdi, dil ketdi, o‘n besh ming so‘m pul ketdi. Sekin borib, tanish qo‘shiqni hirgoyi qildim: “Ayronchi qiz, quygil endi ayroningdan! O‘rgiloyin chakkangdagi rayhoningdan!”

Birinchi istakon moyday o‘tdi. Ortidan yana bitta urvordim. Keyingisini ta’mi jindek boshqacha tuyildi. Hazilga olib: “Singlim, bu o‘zi ayronmi, qimizmi?”  dedim. Hayron bo‘lib: “Ayron…” deydi tushmagur! Ishonqiramay, tog‘orasiga ko‘z tashlasam… ne ko‘z bilan ko‘rayki, bir yashiltob pashsha idish labida bamaylixotir birvarakayiga ikkita ishni bajaryapti. Bir-ikkitasi ichiga tushib, chalqancha suzish, sinxron suzish, artistik suzish, kapalak suzish, it suzish qilib o‘zlarining yozgi spartakiadasiga tayyorlanishyapti.

Bu yog‘i qanchaga tushdi endi? Nima qilarimni bilmay qoldim. Anov qizga bir nima deb o‘dag‘ayladim. U bo‘lsa: “O‘zizni bosing, mulla aka, ko‘ynizga omasayiz, hichtima qimiydi! Eskilar “bilmaganga toza” deyishgan, mulla aka!” deb o‘zini oqlashga tushdi. Bu jonivorlar o‘zimizniki, pok-pokiza, deyishiga o‘laymi?! Ta’bim tirriq bo‘lib, qo‘l siltab jo‘navordim. Shuyam birovni bolasi, tirikchiligini qilsin, dedim ichimda. Lekin bu yog‘iga hamma narsa baloday ko‘rinadigan bo‘pqoldi ko‘zimga!

Mana, misol uchun, anavi piramida kabi uyib qo‘yilgan qurutlarni olaylik. Nazarimda, ularni qatig‘ini kovush kiygan ikki azamat paxsa loyini pishitgan kabi tepib-tepib tayyorlagandek, yumaloq bo‘lmaganlarini biror qo‘li yuviqsiz g‘ijimlab-g‘ijimlab tashlagandek, toza chakkiga unmi, ohakmi, albastrmi qo‘shgandek tuyilaverdi, tuyilaverdi… Sotuvchi xola “Qurut beraymi? Yog‘liqqina, qo‘lbola qurut!” deganida Mumbay oshxonalari ko‘z oldimga kep ketdi! Qo‘lbola emish! Oyoqbola emasmi?! O‘rgildim!

Ikkiga bo‘lingan tarvuz ustida suvarak ko‘rganimni aytdimmi? O‘zlarini “Titanik” burnidagi Jek va Rouz hisoblab, to‘la-to‘kis romantika qilyotishibdi. Yana biri mayiz to‘rva sohilida qo‘lini yostiq qilgancha kungayda toblanyapti – o‘zbekcha aytganda, “zagar” olyapti. Yonida yotgan oyimchasi kakteyl quyilgan toshyong‘oq pallasiga ajriq naycha tiqib, xo‘rillatyapti. Mayna cho‘qib ketgan husayniga ikkita ari qo‘ngandi, biroz o‘tib ikkoviyam shox tashlab uchib qoldi deng. Bu oftobda, tag‘in bunday sharoitda uzum sho‘rlik yo mayiz bo‘ladi, yo sirka, yo vino…

Shu payt mo‘rs bo‘chkani egasi qayog‘dagi o‘rik sharbatini maqtay ketdi. Ilgarilari bunday narsalarga qurbaqa tashlab qo‘yiladi deyishgandi. Nega solisharkin deb rosa o‘ylaganman. Afsonalarga ko‘ra, baqa jonivor sharbatni muzdek saqlarmish. Har cho‘pchakda bir haqiqat. O‘tgan yili bilib qoldim. Rostan solisharkan. Faqat boshqacharoq usulda…

Uzoq safarga chiqqandim. Yo‘ldagi go‘jadan ichgim keldi. Tushib so‘rasam, salkam ikki yuz kilolik ayol saqichini qarsillatgancha stoldagi yuviqsiz kosani shartta ko‘tarib, ariqda chayib-chayib oldi-yu, ajabtovur epchillik bilan ichiga go‘ja to‘ldirib, menga uzatdi. O‘sha yerda tarashaday qotdim. Na ichishimni bilaman, na ketishimni. Ana shunda bu sirli masalaga yechim topdim: kosa chayish bahonasida shu kabi bo‘chkalarga qurbaqa “bexosdan” tushib ketadi…

Oltinchi palataga kirsam, O‘tkirjon limu yegan badaviyday aftini g‘ijim qilib, qornini jon-jahdi bilan silab yotibdi. Tob tashlagan nog‘oraday qorniga katak-katak yod tortilgan. O‘zimni sal beri tortib so‘radim: “O‘zi bu balo senga qaydan ilashdi, jigar?” Bechora arang ming‘irladi: “Erkinni bilasan, qaynukam. Ikki kun avval o‘shani ko‘rgani shu yerga kelgandim. Bechora, ichburug‘ bo‘lib yotgandi. Kiraverishda, ayron ichganim esimda. Shart ichakni buradi-ku savil!.. Shundan beri, ko‘rib turibsan, bu ahvol. Menga qara, mabodo, ko‘zing tushsa, ko‘cha-ko‘yda, oftobni tig‘ida toblanib yotgan har baloni ichib-pichib yurmagin, xo‘pmi?!”

Angrayib qoldim. To‘satdan ichimda nimadir isyon qila boshladi…

Tashqaridan esa ayronchi qizning munis ovozi keldi: “Kep qoling, muzdek ayro-on!” …Davomi boshqacha eshitildi: “Bundan ichganlar armonda, ichmaganlar darmonda!”

Bu qaysi kasalxona ekan deb ijikilaydigan, darrov internetda negativ yopishtiradigan to‘shak faylasuflariga javobimiz shuldir: mundog‘ muborak ortingizni ko‘tarib ko‘chaga chiqing, yo‘l bo‘yidagi o‘rik sharbat yo ayron go‘jadan ikki piyola sipqoring. Siz so‘ragan manzilga o‘zlari oborib qo‘yishadi. Salomat bo‘lgaysiz.

Shifoyi komil tilab:
Boboqand TABIBIY.

O‘z qo‘lim bilan chorshanbayi murodbaxsh kuni qornimga qo‘ranta jo‘xori bog‘lab, bemajol-u behol bitdim.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605