Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


30.09.2024 | 10:22

img386

BULBUL TAN BERGAN

Xotiram pand bermasa, Mahmudjon Tojiboyev haqida o‘ttiz besh yillar oldin yozgan maqolamga shunday sarlavha qo‘ygan edim.

Unda bir rivoyat keltirilgani esimda: qadimda mashhur bir xonanda va sozanda o‘tgan ekan. U kuyni shunday chalar, ashulani shunday kuylar ekanki, har qanday tinglovchi ko‘z yoshini tiyolmaskan. Bir kuni o‘sha xonanda sel bo‘lib qandaydir mumtoz kuyni chalib, ohangiga o‘zi ham mast bo‘lib, yig‘lab o‘tirganida ittifoqo dutori boshiga bulbul kelib qo‘nibdi. Sozanda dutorni mayin tebratib kuy chalishda davom etibdi. To kuy tugaguncha bulbul ketmabdi. Kuy tugagandan keyin ham sozanda bir dam dutorni shu holda ushlab turibdi. Bulbul biroz sozandaga termilibdi-da, so‘ngra sekin uchib ketibdi. O‘shanda sozanda birinchi marta bulbulning ko‘zini ko‘rgan ekan. Shundan keyin el o‘sha sozandani “bulbul tan bergan sozanda” deydigan bo‘libdi. Ayni dam eslayotganim maqolada Mahmudjon Tojiboyev o‘sha sozanda va xonandaga meng­zalgan edi.

Bugun o‘ylab ko‘rsam, o‘shanda Mahmudjon yosh, endigina o‘ttizga borib-bormagan xonanda ekan. Bi­roq allaqachon el og‘ziga tushib ulgurgan edi. Ustozlari Orifxon Hotamov, Ochilxon Otaxonov, Fattohxon Mamadaliyev unga o‘z tengdoshlari kabi muomala qilishardi. Shuning o‘ziyoq Mahmudjon yosh bo‘lishiga qaramay mashhur hofiz-sozandalar safiga qo‘shila olganidan darak berardi.

Shundan keyin Mahmudjon bilan qadrdonlashib ketdik. Garchi tez-tez uchrashmasak-da, ko‘nglimizda bir-birimizga hurmat barqaror edi. Qachon, qayerda, qay holat­da ko‘rishmaylik, diydorga quchoq ochib kelardik. U nihoyatda kamtar, boladek beg‘ubor, tom ma’noda samimiy, ustozlariga, oilasiga, do‘st­lariga, shogirdlariga sadoqatli, oqibatli inson edi. Doimo kulib turardi, kulganda qiyiq ko‘zlari yumilib ketar va bu o‘ziga juda yarashardi.

Mahmudjon bilan ko‘p suhbat qurganmiz, ularning har biri haqida alohida maqola yozish mumkin.

…To‘ng‘ichim Sherdorni uylantirish harakatida yurgan edim. U paytlarda (1992-yilning kuz oylari) do‘konlarda tuzukroq narsani topish amrimahol edi. To‘yni bosh­lashga boshlab qo‘yganmiz-u bu yog‘iga zarur narsalarni qayerdan topishni o‘ylab, kechalari uyqu kelmaydi.

Shunday kunlarning birida kech­qurun eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Ochsam Mahmudjon turibdi. Usti-boshi jiqqa ho‘l. Ichkariga taklif qildim.

– Ha, Mahmudjon, baxayrlikmi? – dedim ajablanib. – Bu yomg‘irda nima qilib yuribsiz?

O‘ziga xos va o‘ziga juda yara­sha­digan mayin, yoqimli ovozda kuldi. Qo‘lidagi kattagina tugunni bir chekkaga qo‘ydi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin dedi:

– To‘y qilayotganingizni eshitdim. – Endi u baralla kuldi. – Bizda nima ko‘p to‘n ko‘p. Har to‘yda berishadi-da. Shu bois sizga ham to‘yona qilib besh-oltita to‘n olib keldim. Qudalarga kiygizasiz-da.
– Obbo, Mahmudjon-ey, qayer­dan, kimdan eshitdingiz. Ovora bo‘psiz-da. Erta-indin o‘zim bor­moq­chi edim to‘yga aytgani, – dedim xijolat bo‘lib.
– Shart emas borishingiz, o‘zim bilib oldim to‘y qachon, qayerda bo‘lishini. Bular arzimagan narsa­lar, o‘ylab o‘tirmang. Asosiy xizmat – nasib etsa oshda bo‘ladi. Ustoz Ochilxon aka bilan birga xizmatda bo‘lamiz.

U davrlarda nahorgi osh juda barvaqt bo‘lardi. Osh beriladigan kuni to‘yxonaga ustoz-shogird hofiz­­lar bizdan, ya’ni to‘y egalaridan oldin kelib o‘tirgani hech esimdan chiqmaydi.

Mahmudjon Tojiboyev bilan ta­nish­ganimizdan buyon o‘tgan yillar davomida ikkimizning ham hayo­timizda, ijodimizda ko‘p o‘zga­rish­lar bo‘ldi. Bu, tabiiyki, mamlakatimizda, xalqimiz turmushida ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq. Mahmudjon mumtoz qo‘shiqchiligimiz, xususan, maqom san’atining yetuk, bilimdon ijrochisi, himoyachisi, jon­kuyari, targ‘ibotchisi bo‘lib yetishdi. Ha, men bu so‘zlarni bilib, ataylab ishlatyapman: u maqomning barcha nozik jihatlarini, ijro etilayotgan g‘azal so‘zlarining ma’nosini tushu­nib kuylardi. Shunga qarab parda bosardi. Shu bois u maqomning buzib aytilganini eshitsa chiday olmasdi, ijrochiga odob bilan tanbeh berar, qanday kuylash lozimligini, qanaqa talaffuz etish zarurligini erin­may ko‘rsatib berardi.

Mahmudjon maqomni asl holicha ijro etish, kelgusi avlodlarga yetkazish, biron-bir jihatini o‘zgartirmaslik tarafdori edi. U maqomlarimizni asrlar davomida qad rostlab turgan me’moriy obidalarimizga o‘xshatardi. Bu obidalarni rekonstruksiya qi­lish, ya’ni zamonaviy ko‘ri­nish berish mumkin emas. Ular­ni konservat­siya – o‘z holicha saqlash zarur. Ular shunisi bilan qadrli, shunisi bilan go‘zal. Sayyoh­larni, ayniqsa, xorijliklarni o‘ziga jalb etishining asosiy sababi ham shunda, derdi. Xuddi shunday, maqom ashulalari­ni zamo­naviy kuylarga solish bu boqiy merosimizning asl­ligiga putur yetkazadi, deb jon kuydirardi. Bu fikrlarini televideniye orqali, turli anjumanlarda, o‘zaro suhbatlarda ko‘p aytgan. Konservato­riya professori sifatida talabalarga ana shu ruhda saboq berar edi.

U Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy ma­qom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori­dan nihoyatda mamnun bo‘ldi. Shu qaror bilan tashkil etilgan O‘zbek milliy maqom san’ati markazi a’zosi sifatida viloyatlarda yurib, bu mumtoz durdonamizga qiziqadigan yoshlarni izlash, ansambllar tuzishda faol qatnashdi.

2018-yil sentyabr oyida Shahri­sabz­­da o‘tgan birinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanida ishtirok etgani, uning taassurotlarini hayajon bilan hikoya qilib bergani ­ha­mon esimda. Anjuman har ikki yilda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilganidan g‘oyat xursand bo‘lib, davlatimiz rahbarining bu tashabbusi, bu qarori tarixiy voqea ekanini qayta-qayta ta’kidlar, yoshlarga, shogirdlariga ushbu g‘amxo‘rlik va e’tiborning qadriga yetishni, undan unumli foydalanishni uqtirar edi.

“Guliston” jurnalida Mahmudjon Tojiboyev bilan suhbat uyushtirish rejalashtirilgani aytilganda, u sozi­ni ko‘tarib tahririyatga keldi. Uzoq suhbatlashdik. Maqom san’atining tarixi, shoʻbalari, qaysi maqom qan­day boshlanishi, ijro uslublari haqida batafsil gapirib berdi.

– Tovushning past-balandligi pardalar bilan o‘lchanadi. Pardani to‘g‘ri kelgan joydan boshlash mumkin emas, muayyan pardalar bor. Masalan, “Buzrug” maqomi “re”dan boshlanadi. Agar boshqa pardadan boshlansa “Buzrug” chiqmaydi. Maqom – mukammal tartibga asoslangan san’at. Musiqani tushunmaydigan odamga ham istalgan joydan boshlab chalib bering, kamchiligini sezadi, – dedi u o‘sha suhbat davomida.

Fikrlarini ifodalash jarayonida soz­ni chalib, pardalarni ko‘rsatib, erinmay tushuntirdi. Maqomdan namunalar ijro etdi. Biz, tahririyat xodimlari u ijro etgan kuy va ashulalardan bahramand bo‘ldik, zavq va ma’naviy oziq oldik.

Suhbat tafsilotlari “Guliston”ning 2020-yil birinchi sonida e’lon qilindi. Jurnal chiqqanini eshitgan Mah­mud­jon tahririyatga yana bir bor keldi. Vaholanki, biron shogirdini yuborishi ham mumkin edi. (Shunday ijodkorlar ham bor. U haqda maqola chiqqani aytilsa, mayli turaversin, biron kun yo‘lim tushganida olarman yoki biror kimni yubo­rarman, deydi). Jurnalni bir boshidan varaqlab, har bir materialga, suratga e’tibor berib, fikrini aytdi. Shu bahona san’at, ayniqsa, mumtoz adabiyot va musiqamiz, o‘tgan ustozlar haqida ancha gurunglashdik.

Stolda O‘zbekiston xalq yozuv­chisi Erkin A’zam bilan kamina birga tushgan surat turgan edi. Mahmudjonning ko‘zi shu suratga tushdi-yu, gapidan to‘xtab menga yuzlandi.

– Mana shu kishining oldida juda xijolatdaman-da, – dedi. – Bir tadbirga taklif qilgan edi. Hozir sababi aniq esimda yo‘q, lekin o‘shanda borolmaganman. Shundan buyon u kishining ko‘ziga qarashga botinolmayman.

Men bu gapni keyin Erkinga ayt­dim. U kuldi.

– Haliyam esida ekanmi? ­Mening yodimdan allaqachon ko‘tarilib ketgan… To‘g‘ri, tug‘ilgan kunmidi, nima­dir tadbirga chaqirgan edim, kelol­madi. Mahmudjonning bunaqa odati yo‘q edi-ku, biron uzrli sabab chiqib qolgandir-da, deb qo‘ya qoldim. Shundan keyin uch-to‘rt marta ko‘rishdik, menga ko‘zi tushishi bilan yuzini qo‘li bilan bekitib, xijolatomuz kulardi, – dedi adib.

U ana shunday andishali, imonli inson edi.

O‘sha suhbatimiz so‘ngida Mah­mudjon menga qarab turdi-da:

– Sizga bir iltimosim bor, – dedi.
– Bajonidil.
– Sal kunlar isigandan keyin (suhbatimiz mart oyining boshlarida bo‘lgan edi) shu kishini ol­sangiz, yana kim, – u biroz o‘ylanib turdi-da, – Usmon Azim bilan qan­daysiz?
– Juda qadrdonmiz.
– Unda juda yaxshi! Usmon akani ham olib, mening uyimga borasizlar. Shahar tashqarisidan hovli-joy qilganman. Hali to‘la bitmagan bo‘lsa-da, suhbat qilib o‘tirsak bo‘ladi. Ulfati chor bo‘lib bir xumordan chiqamiz.
– Nazm va navo kechasi bo‘lar ekan-da…

Bu gapdan Mahmudjon miriqib kuldi. So‘ng “Bizning kulbamiz­da bo‘ladigan “Nazm va navo kechasi”da uchrashguncha”, deb xayr­lashdi.

Afsus, ming afsus, bu niyat amalga oshmadi. Suhbatimizdan o‘n-o‘n besh kun o‘tib koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatimizda karantin boshlandi…

11-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda sovuq xabar paydo bo‘ldi: “O‘zbe­kis­ton xalq hofizi”, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori Mah­mudjon Tojiboyev vafot etdi”.

Vo darig‘! Bu ne ko‘rgilik! Endigina 63 yoshga to‘lgan edi-ya… Qancha orzu-niyatlari bor edi-ya…

O‘zbek xalqi, uning boqiy ­merosi bo‘lgan maqom san’ati bor ekan, buyuk hofiz, benazir sozanda Mahmudjon Gʻozi o‘g‘lining nomi ham yashaydi. U kuylagan ashulalar, chalgan kuylar ezgu niyatli solih insonlar diliga malham bo‘lib yangrayveradi.

Mamatqul HAZRATQULOV

“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596