Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


13.04.2024 | 14:35

img249

CHOʻYAN PECHKADAN XALQCHIL KUTUBXONAGACHA

Dima Qayum – bir soʻzli, chapani yigit. Uni jilovlash qiyin, boʻysundirish mahol. Uni ijtimoiy tarmoqlarda deyarli hamma taniydi. Chunki koʻp bora kun qahramoniga aylangan. Ha, nega “Dima” deysizmi? Oʻzining aytishicha, bozordagi rusiyzabonlar yo tili kelishmay, yo erkalatib bolaligida shunaqa ot qoʻyib chaqirishgan. Shu-shu, ijtimoiy tarmoqlarda ham bu nom taxallusga aylanib ketdi.

Asli ismi Dilshodjon Boltaboyev boʻlgan qahramonimiz Fargʻonaning Rishtonida ziyoli oilada oʻsib-ulgʻaydi. U toʻngʻich farzand, bir ukasi, bir singlisi bor. Otasi Abdullajon aka oʻqituvchi, onasi Faridaxon opa esa bogʻcha tarbiyachisi edi. Maktabda oʻqib yurgan kezlari onasi ogʻir xastalanadi. Ayolining dardi sabab qattiq siqilgan ota ham koʻp oʻtmay kasalga chalinadi. Oʻzi darsda, xayoli bemor ota-onada boʻlgan bolakay turmush mushtlariga juda erta toʻqnash keldi. Koʻp oʻtmay oilani tebratish gʻoʻr Dilshodjonning zimmasiga tushdi. Uning oʻqish, bilim olish, ota kasbini egallash kabi orzularini tirikchilik tashvishlari armonga aylantirdi. Yo Razzoq deb, uch-toʻrt tanga dori puli topish umidida dehqon bozoriga chiqdi…

Har bir bozorning oʻz “shayxi”, koʻpni koʻrgan, hurmat qozongan kayvonilari boʻladi. Rishtonda chilangar Rustamjon akani tanimaydigan, hisoblashmaydigan odam yoʻq edi hisob. Shu odam “Shum bola”dagi Qoravoyga tortib ketadigan Dilshodjonni kuzatib, toʻgʻrisoʻz, mehnatkash, oyoq-qoʻli chaqqonligini ilgʻab, “ogʻzaki imtihon”dan soʻng yoniga, pechkachilik ustaxonasiga shogirdlikka oladi. Dilshodjon zehni tez, chaqqon bola emasmi, tez orada ustozning ishonchini oqlab, quling oʻrgilsin pechka yasaydigan qoʻli gul ustaga aylandi. Tez orada Fargʻona bozorlarini egallagan Dimajonning pechkalari Namanganning Chustidan Andijonning Shahrixonigacha, Asaka, Oʻsh, Oʻzgan tomonlarda ham xaridorgir tovarga aylandi.

Yillar oʻtib, bozorning hadisini olgan Dilshodjon ustozining duosi bilan oʻzi mustaqil ish boshlaydi. Hayotning achchiq darsini olgan tejamkor, pishiq-puxta Dilshodjon asta-sekin roʻzgʻor kemtiklarini suvab, onasini poytaxtga olib borib davolatishga ham pul jamgʻaradi. 

Maktabda tengdoshlari qatori joʻyali oʻqiyolmagani, ayniqsa oliy maʼlumotli tarixchi boʻlish orzusi ushalmay qolgani uning yuragida bir ogʻriq boʻldiki, qoʻliga kitob olsagina shu dard chekingandek tuyilardi. Menimcha, bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi jihati shuki, kitobxonlik aslida rishtonliklarga xos bobomeros qadriyatga aylangan. Balki bu mashhuri olam “Hidoya” muallifi Burhoniddin Roshidoniydan tortib bugungi oʻnlab akademik, yuzlab fan doktoriyu nomzodlari, Bahodir Isodek shoiru Isajon Sultondek adiblari boʻlgan rashidlar tuprogʻining oʻziga xos xosiyatidir.

Dilshodjon bozor shovqini ichra imkon boʻlganda kitob varaqlab, oʻqigan asarlari haqida yonidagilarga hikoya qilib yurdi. “Siniqdan boshqasi yuqadi” deganlaridek, mutolaa zavqi asta-sekin uning atrofidagilarni ham “kasal qildi”. Kitobxonlik shavqi avj olib, ajoyib kunlarning birida Dilshodjonning koʻnglida oʻzi qatori bozorchilar uchun moʻjaz kutubxona tashkil qilish maqsadi tugʻildi. Ana endi hikoyaning davomini qahramonning oʻzidan eshitamiz: 

– Davlat Rahbarining kitobxonlikni rivojlantirish haqidagi qaroridan ilhomlanib, 2017-yili alloma Roshidoniy nomi bilan ataluvchi kutubxona tashkil qilishga kirishdim. Dastlab kamtarona kutubxonam faqat oʻzim va tanishlarim uchun xizmat qilgan boʻlsa, bugunga kelib aholi eng koʻp murojaat qiladigan oʻn mingdan ziyod kitob fondiga ega tuman miqyosidagi yaxshigina ziyo maskaniga aylandi. Kutubxonani boyitish va dongʻini taratish masalasida ziyolilar, tadbirkorlar, blogerlar yaqindan yordam berdi. Har kuni kitobxonlar tomonidan elliktagacha kitob olinadi. Xizmatlar, albatta, bepul va shu sabab ham mijozlarimiz safi keng. Bolaligimda sharoitimizdan kelib chiqib ota-onamga kitob olib bering, deyolmaganman. Bugun oʻquvchilarim orasida jujuq bolalar koʻpligi meni toʻlqinlantiradi. Ularning sodda savollari, istagan kitobini qoʻlga kiritgandagi hayajoni mening armonli yuragim hovurini bosgandek boʻladi. Baʼzan 60-70 yoshli otaxon-onaxonlar ham kep turishadi. Bir piyola choy ustida gurung qilib, zarur kitobni olib ketishadi. 

Ular koʻproq qaysi kitoblarni soʻrashadi, degan savolimizga Dilshodjon quyidagicha javob berdi:

– Asosan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri hilol”, “Baxtiyor oila” kitoblarini, sevimli adibimiz Tohir Malik asarlarini, paygʻambarlar tarixi haqidagi kitoblarni soʻrashadi. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlarini soʻrovchilar ham koʻp yoshi ulugʻlar orasida. Baʼzi asarlar haqida joʻshib gapira ketsam, “Qoʻy, bolam, aytma, oʻzim oʻqib zavqlanay”, deyishadi. 

Yoshlar kitob oʻqimay qoʻydi, degan gaplarga nima deysiz, deb soʻrasak, Dilshodjon keskin bosh chayqadi. 

– Yoʻq, bu notoʻgʻri fikr. Kitoblar oʻqilyapti, xalqimiz, xususan yoshlar oʻzbek va jahon klassik asarlarini terib-terib oʻqiyapti. Bilim olish muhimligini deyarli hamma anglab boʻldi. Bu gapni kutubxonaga kelayotgan yoshlar saviyasidan kelib chiqib aytyapman. Baʼzida yo faqat bizning rishtonlik yoshlar shunday kitobsevarmikin, debam oʻylab qoʻyaman… Kutubxonachi boʻlib bir xulosaga kelganman: yurtimizning har bir mahallasida kutubxonalar bunyod etish lozim. Shukur, pulini qayga qoʻyishni bilmaydigan darajadagi boylarimiz koʻpayyapti. Oʻshalar ozgina eʼtibor qilishsa, olam guliston. Oʻzim ham yaqinda Surxondaryodagi Machay qishlogʻidagi xalq kutubxonasi ochilishiga besh yuzga yaqin kitobni sovgʻa uchun olib bordim. U yerda ham kitobsevarlar rishtonliklardan kam emas ekan. Ularning xursandchiligini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Niyat qildim: nasib etib boyib ketsam, eng chekka hududlarda ham oʻz hisobimdan kutubxonalar qurib, kitob bilan toʻlgʻizaman…

Dima Qayum – Dilshodjon Boltaboyev ijtimoiy tarmoq orqali hajviy sheʼr va parodiyalari bilan koʻpchilikning eʼtiborini qozongan. U bloger sifatida ham ommaga yaxshi tanish. Yurtimizdagi islohotlar, yangilanishlar, oʻzgarishlarga chetdan turib tosh otayotganlarga qatʼiy munosabat bildirishdan charchamaydi. U yurtimizning turli goʻshalarida boʻlib, oʻsha joyning oʻziga xos tabiati, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari, hunarmandchiligiyu urf-odatlari, taomidan tortib libosigacha jonli tarzda hikoya qiladi. Dimajon bugun oʻzbek milliy choponi va doʻppisini kiygan holda yurt kezyapti. U Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻizistonda boʻldi. Hammani zavqlantirib, Dubayning mashhur Burj Xalifa minorasida turib, milliy choponimizda davlatimiz madhiyasini baralla kuyladi.

Dilshodjon turmush oʻrtogʻi Guljahon bilan oʻgʻli Abubakr va qizi Lolaxonni voyaga yetkazmoqda. “Qizim bu yil 2-sinfda oʻqiyapti, kelajakda shifokor boʻlishni orzu qiladi. Farzandlarimning istaklarini amalga oshirish uchun bir ota qilishi kerak neki mehnat va mashaqqat boʻlsa, tayyorman. Muhimi, men erisholmaganlarga bolalarim yetishsin. Elu yurtga nafi tegadigan insonlar boʻlishsin. Dadasiga oʻxshab davlatimiz Rahbari bilan uchrashish baxti ularga ham nasib etsin”, deydi qahramonimiz toʻlqinlanib.    

Oddiy pechkachilikdan xalq kutubxonachisidek martabaga erishgan Dilshodbek bugun Fargʻonaning koʻzga koʻringan ziyolilaridan, taʼbir joiz boʻlsa, oydinlaridan deb baholash mumkin. Uning choʻyan pechkalari qish-qirovli kunlarda xonadonlarni isitayotgan boʻlsa, kutubxonasi minglab oʻquvchilar qalbiga harorat baxsh etib, beminnat xizmat qilib kelyapti. 

Feruza ORIPOVA


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600