15.05.2025 | 12:38
644
DARD YOMONI…
Juda yaqin o‘tmish. So‘ridagi oqsoqollardan biri gazetni ikki ayirib, so‘nggi sahifadagi tibbiy maslahatdan bir shingilni teng-to‘shlariga havola qiladi: “Boshni sovuq, oyoqni issiq tut, shunda bod senga yo‘lamaydi”. Boshqasi ma’qul, deganday bosh irg‘ab, ko‘k choydan simiradi. Biri gazetxonlik oyoqlaganini ilg‘ab, radio qulog‘ini buraydi. Qadrdon ohangini topadi-yu, ko‘zini yumib, bosh tebrata boshlaydi. O‘sha qo‘shiq taxminan bundog‘: “Dard yomoni qarilikdir, yoronlar…”

Darvoqe, yaqin yillargacha tizza va bel og‘riqlari chol-u kampirlarning kasali hisoblanardi. Lekin nolish-u oh-vohlar obyekti tobora yosharib borayotgandek… Tog‘ni ursa, talqon qiladigan yoshlar ham tizza quchib, shifoxona qabulxonasida g‘ujanak bo‘lib o‘tirgani, ayniqsa, xavotirli. Xo‘sh, aholi orasida nega tizza bo‘g‘imlari yemirilishi, chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi va shu kabi tayanch-harakat tizimi bilan bog‘liq muammolar yildan yilga ortib bormoqda? Kasallikning kelib chiqish sabablari va davosi haqida ma’lumot olish uchun Respublika tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markaziga bordik. U yerda bizni Janubiy Koreyaning Tejon tibbiyot texnologiyalari instituti professori, tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori, travmatolog-ortoped Kamolxo‘ja Eshnazarov kutib oldi va savollarimizga atroflicha javob berdi:
“Nafaqat tizza bo‘g‘imlari, bel, chanoq-son sohasidagi muammolar ko‘paygani sir emas. Tizza bo‘g‘imining artrozi eng keng tarqalgan ortopedik patologiyalardan biri hisoblanadi. Bu kasallik tog‘ay shikastlanishi, yupqalashishi va suyak yemirilishiga olib keladi. Doimiy og‘riq sindromi tufayli bemorlarning hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtiradi va nogironlikni keltirib chiqaradi”.
Do‘xtirning aytishicha, bu dard bir necha omillar yordamida oyoqdan chalarkan. Avvalo, nasliy moyillik. “Sog‘lik o‘zingga kerak”, degan gaplar allaqachon bekor bo‘ldi. Kishi tug‘ilajak farzandlari uchun ham o‘z salomatligiga mas’uldir.
Hayot davomida orttirilgan shikastlanishlar, asr vabosi sanalgan semizlik ham bir chetda qarab turmaydi. Ortiqcha yuklama har qanday mustahkam binoning darz ketishiga sabab bo‘ladi axir. Keyingi paytlarda tez-tez quloqqa chalinib turadigan artrit ham shu ishga bosh suqqan. U nima ekan, deganlarga tushuntirish: tizzani moylab turadigan suyuqlikning yallig‘lanish natijasida ortishi va sifati buzilishi. Tag‘in metabolik kasalliklar – masalan, kalsiy yetishmasligi suyaklarda va tog‘aylarda distrofik o‘zgarishlarga olib keladi. Dehqoncha tushuntirganda kalla-poycha, ilik sho‘rva, sut-qatiqdan bosh tortadigan kalondimog‘larga qodir Xudoning bergan jazosi.
“Har tong dasturxonimda qaymoqdan tortib, shveytsariya pishlog‘igacha muntazir, haftada ikki marta bilagimdan yo‘g‘on ilik qoqib yeyman, uyda pista-bodom uzilmaydi, lekin baribir suyaklarim mo‘rt, bunisiga nima deysan”, deguvchilar diqqatiga! Stress va asab tarangligi – organizmda metabolik o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Moddalar almashinuvi buzilgan tana esa shoshilinch tez yordam bo‘limi yonidagi dorixonaga aylanadi qoladi. Shunday ekan anqoning urug‘ini chet eldan keltirilgan baqlajon ikrasiga qo‘shib, obi nonga surib yesangiz-da, qalban xotirjam bo‘lmasangiz, yeganingiz ichga tushmaydi. Xullas, gap ko‘p, ko‘mir oz. Bu yog‘ini do‘xtir aka gapirsin:
“Koronavirus pandemiyasining asoratlari sababli ham bu kasallikka chalinish holatlari keskin ortib ketdi. O‘shanda boshlangan noto‘g‘ri hayot tarzi, nazarimda, hamon davom etmoqda. Xalq orasida “Avvalgilar belidan qarir edi, hozirgilar – bo‘ynidan” qabilidagi gap yuribdi. Rostdan ham, kun davomida yotganda, turganda, yurganda telefondan foydalangan avlod, tabiiyki, jismoniy chiniqmagan bo‘ladi va birgina qaltis harakat tayanch tizimida muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ustiga ustak, aholi iste’mol qilayotgan mahsulotlarning aksar qismi notabiiy – sog‘lik uchun koni zarar. Shuning uchun ham son suyagi boshchasi aseptik nekrozi, tizza sohasida qon aylanishining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar ko‘paydi”.
“Dardini-ku bildik, davosi qanday bo‘ladi?” deganimizda oq xalatli najotkorimiz “Qaysi biridan boshlay?” degandek chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. To‘g‘ri tashxis yarim davo hisoblanadi. Shunday ekan, bemorda aynan qaysi kasallik belgilari kuzatilayotganiga jiddiy e’tibor berish shart. Afsuski, oxirgi paytlarda o‘zboshimchalik bilan, tashxis qo‘ymasdan, hatto yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan tabiblar yordamida asoslanmagan usullarda “davolash” holatlari tez-tez kuzatilyapti. Bu esa haqiqiy mutaxassis ishini yanada qiyinlashtiradi. Davolash uchun yeng shimarishdan avval o‘zi qanday kasallik bilan kurashmoqchiligini bilmagan nodon qancha…
Gurung avjiga chiqayotganda do‘xtirga telefon bo‘ldi. Odob yuzasidan o‘zimizni chetroq oldik. Sog‘ quloq o‘lgur esa haligi muloqotni baribir eshitaverdi. Biroq aql hech nimani anglamadi. Chunki suhbat koreys tilida bo‘ldi. Do‘xtirimiz biroz avval xuddi shu telefon orqali kimgadir ingliz tilida bir nimalarni tushuntirayotgandi. Go‘shakni qo‘ygach, qabulidagi bemor bilan ruscha gaplashgandi. Eng qizig‘i, har gapda tibbiy va ilmiy atamalar qatlam-qatlam. Buni do‘xtir quyidagicha izohladi:
“Bugun nafaqat shifokor, balki jamiyatning har bir a’zosi zamon bilan hamnafas bo‘lishi shart. Boshqa davlatda ishlayotgan kasbdoshlarning yutuq va kamchiliklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tanish bo‘lmagan mutaxassis o‘z sohasida oqsashi aniq. Ayniqsa, tibbiyot sohasi vakillari dunyo olimlarining izlanishlari bilan tanishishga, olgan bilimlarini yurtdoshlariga o‘rgatishga majbur. Bir necha tilni bilmasdan buni uddalab bo‘lmaydi. Birgina misol, O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan ko‘pgina mutaxassislarni chet elga malaka oshirishga olib chiqqanmiz. Aksar qismi ingliz yoki koreys tilini bilmagani sababli faqat ko‘rganini yarim tushunib-tushunmay, operatsiya jarayonida berilgan ma’lumotlarni to‘la o‘zlashtirolmay qaytgan. Shuncha vaqt, shuncha kuch sarflab, daryo yoniga borib, angishvonada suv olib qaytayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. O‘zim ham farzandlarimga doim bir gapni takrorlayman: “Agar siz bitta xorijiy tilni bilsangiz, bir ko‘zli bo‘lasiz, agar ikki tilni bilsangiz, ikki ko‘zli, agar umuman til bilmasangiz, demak, so‘qirsiz…”
Otangizga rahmat, do‘xtir! Haq gaplar! Modomiki, gap tib ilmi va til haqida ketayotgan ekan, biz hamisha ko‘kragimizni kerib, ko‘ksimizga urib maqtanadigan bobomiz – Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn Sino hazratlari ham bir necha tillarni bilgan va hatto tilshunoslikka oid asarlar yozgan. O‘z davri uchun muhim hisoblangan fors, arab, yunon tillarini puxta o‘zlashtirgan tabibga munosib voris bo‘lish uchun dunyo bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish zarur. Qolaversa, asr boshidayoq Turkistonda jadidlik harakati asoschisi, millatparvar olim Mahmudxo‘ja Behbudiy ham xalqimizga qarata “ikki emas, to‘rt til lozim” deya xitob qilgan: “Dunyomizni ilm-u fanidan xabardor bo‘lmoq uchun rus, nemis, fransaviy, anglis, itoliyoli, arabiy, jopuniy tillaridan birini bilmoq kerak…” Eng avvalo, o‘z tilimizni mukammal bilishimiz shart. Shunda xorijiy tillarni o‘rganishga ma’naviy haqqimiz bo‘ladi. O‘zbek tilini yaxshi bilmasdan boshqa tillarni zo‘r bilaman, deyish ham xato.
Kamolxo‘ja Eshnazarov har yili tibbiyot juda rivojlangan davlatlarga borib, yangi ma’lumotlar, tajriba, katta-kichik tibbiy uskunalar bilan qaytishga odatlangan. Ilmiy amaliyotlarni O‘zbekistonda joriy qiladi. Masalan, bundan ikki yilcha oldin AQSh, Janubiy Koreya metodi bo‘yicha tizza bo‘g‘imini endoprotezlash amaliyoti bajarilganda bemorlar bir necha oylab og‘riq his qilardi. Qahramonimiz xorijda orttirgan tajribasiga tayangan holda perioperatsion davrda regional og‘riqsizlantirish usullarini qo‘llay boshladi. Natijada, bemorlar operatsiyadan keyingi birinchi uch kunda hech qanday og‘riqsiz mashq qiladigan va yurib ketadigan bo‘ldi. Albatta, bu ilmlarni talabalar va hamkasblarga o‘rgatish ham to‘xtab qolgani yo‘q. Bundan tashqari, har bir natija va kichik tajriba ham ilmiy ishning pishiq-puxta bo‘lishiga yordam beradi. Shifokor o‘z yutuq va kamchiliklarini muntazam tahlil qilib, yurtimizdagi tibbiy natijalarni xorijdagi xulosalar bilan solishtiradi. Mustaqil izlanishlar olib boradi, maqola va risolalar chop ettiradi.
“Eski metodlardan hech qachon foydalanmaslikka harakat qilamiz. Davolash bugunning uskunalari va kechaning tajribasi bilan amalga oshirilishi kerak. Kamroq jarohatlash, nerv to‘qimalari, qon tomirlariga shikast yetkazmagan holda operatsiya qilishga e’tibor qaratyapmiz. Jarrohlik amaliyotidan keyingi tiklanish davri ham muhim. Oyoqqa turishgacha bo‘lgan davrdagi muolajalar, erta reabilitatsiya va undan keyingi holatni ham nazoratda ushlash lozim. Masalan, bizda chanoq-son yoki tizza bo‘g‘imlarini endoprotezlash amaliyotidan keyin hali biror bemorimiz ikki kun yotib qolgani yo‘q. Birinchi kundanoq mustaqil yuradi. Juda ko‘p bemorlarimiz, deylik, ertalab operatsiya qilingan bo‘lsa, kechga borib, o‘zi mustaqil o‘tirib ovqatlanadi”.
Yaqinda sakson olti yoshli bemor ayol Kamolxo‘ja Eshnazarov qo‘lida shifo topgani, oyoqqa turib ketgani haqida eshitgandik. Keksalikda inson tanasi ancha zaiflashib qoladi, suyaklar mo‘rtlashadi, tiklanish jarayoni ham ancha sust kechadi. Jarayon va natija haqida shifokorning o‘zidan so‘radik.
“U kishi bizning hamkasbimiz. Oliy o‘quv yurtlarida dars beradilar. Holatlari a’lo darajada. Ammo bu biz uchun yuqori cho‘qqi emas. Biz Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi urush qahramoni bo‘lgan to‘qson olti yoshli otaxonni ham operatsiya qilganmiz. Janubiy Koreyada esa bir yuz olti bahorni qarshi olgan insonning bo‘g‘imlarini almashtirganmiz. Bunday olganda odamlar yosharyapti. Endi sakson yoki to‘qson yosh chegara emas”.
Zamonaviy shifokor qanday bo‘lishi kerak, degan savolga jonli misol – Kamolxo‘ja Eshnazarov. Ayrim shifokorlarimiz xorijga tajriba orttirgani boradi, o‘qiydi, izlanadi, yetuk mutaxassis bo‘lganda o‘sha yerda qolib ketadi. Ba’zilari qaytib kelgach atigi bir necha yil qandaydir yangilik qiladi va shu bilan o‘sishdan to‘xtaydi. Chunki u chetdagi hamkasblari bilan muloqotni uzgan va “tirikchilik” ko‘lmagiga sho‘ng‘igan bo‘ladi. Qahramonimizga Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya, Kanada kabi ko‘plab davlatlardan goh tanish, goh notanish shifoxona rahbarlari, qisqasi kazo-kazolardan telefon, xat, e-mail orqali chorlov-takliflar kelib turadi. Hatto o‘zga yurtlarda ayni damda faoliyat yuritayotgan hamkasblari yuqori daromadli ish o‘rinlariga tavsiya qilgan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. Lekin u O‘zbekistonni tanladi. Chunki:
“Meni u yurtlar emas, O‘zbekiston voyaga yetkazdi, butun avlod-ajdodim shu zaminda yashaydi. Ularning ham hayoti va sog‘ligiga mas’ulman. Bolaligim shu yerda o‘tgan. Menga hayot bergan, nafas bergan, non-tuz bergan zamindan qarzdorman. Buning haqqini ado etishim kerak. Ba’zan “Nega Janubiy Koreyaga borib dars berib kelyapsiz?” deyishadi. Axir, men u yerdan juda ko‘p narsa o‘rgandim. Ularga qarzni qaytarishim vijdonim oldidagi asosiy vazifalardan biridir. Ko‘p maosh, osmono‘par binolar yoki yuqori unvonlar emas, o‘z sevgan kasbim bilan shug‘ullanish, o‘z xalqimga ozgina bo‘lsa-da nafim tegishi meni baxtli qiladi. Bugungi yosh tibbiyot xodimlarining qalbida mana shu tuyg‘ular yashashini juda istayman”. Darvoqe, bugunning shifokori avvalo, vatanparvar bo‘lishi kerak. O‘zini shu millat kamoli, yurt ravnaqiga baxshida qilgan kishidan baxtliroq kishi bo‘lmaydi. Shu bilan birga qahramonimiz aytganidek: “Shifokorning bir oyog‘i o‘z yurtida, bir oyog‘i xorijiy davlatda, bir qo‘li jarrohlik stolida, bir qo‘li ilmiy ish stolida bo‘lishi shart. Chunki bu zamon talabi”.
Oramizda shunday jafokash insonlar ko‘pligi quvonarli, albatta. Ammo bu fidoyilikka loyiq hurmat ko‘rsata olyapmizmi? Yo‘ldagi tirbandlik sabab kechikkan tez yordam xodimining yoqasidan olishga chog‘langan yurtdoshlarimiz bu haqida o‘ylab ko‘rganmi? So‘nggi daqiqagacha bor imkoniyatlarini ishga solib, bemor hayotini saqlab qolishga intilgan, biroq qazoyi qadarga kuchi yetmagan najotkorlarni do‘pposlaganlar qilmishidan hech uyalmaydimi?
Aslida shifokor bo‘lish juda og‘ir. Avvalo, inson bu sohaga butun umrini sarflashi kerak. Diplom olishgacha kamida o‘n yil o‘qiladi. Tajribali shifokor bo‘lish uchun o‘ttiz yil ketadi. Masalan, Janubiy Koreyada shifokorga jamiyatning eng ilg‘or shaxsi sifatida qaralishi sir emas.
Achinarlisi, aholi orasida shifokorlarga bo‘lgan ishonchning tushib ketishida ayrim “tadbirkor”larning ham hissasi bor. Bugun mo‘may daromad topaman deb ikki dunyosi bir qadam bo‘lib turgan bemorni aldab, bor-budini shilib olayotganlar, o‘lim yoqasida turgan insonning og‘ir vaziyatidan foydalanib, yaqinlariga keraksiz dorilarni pullayotganlar, o‘zi to‘la anglab yetmagan kasallikni davolash da’vosi bilan tuzatib bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘yayotganlar, afsuski, siz bilan biz yashayotgan zaminda kun ko‘ryapti. Elim deb, xalqim deb yashayotgan, chet el farog‘atidan kechib kelgan shifokorlar ana o‘sha “shayton malaylari”ning kasriga qolmayaptimi? Bu haqda Kamolxo‘ja Eshnazarov shunday deydi:
“Birinchidan, shifokorning ilmi qay darajada, degan savol yotadi. Bilmaganni bilmayman deyish kerak, vassalom. Ikkinchidan, o‘sha mutaxassis o‘z ilmini qay darajada amaliyotda qo‘llay oladi? Ba’zilar bor, dunyo ilmlarini suv qilib ichgan, ammo qo‘liga skalpel ushlamagan. Qolaversa, bo‘lajak shifokorlarga tibbiyot tarixi, etikasi, deontologiyasi kabi fanlar o‘qitiladi. Lekin tibbiyot xodimiga qo‘yiladigan o‘ziga yarasha talablar bo‘ladi. Eng avvalo, bemor yoki uning yaqinlari bilan bo‘ladigan muloqoti to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Chunki uning oldiga dardiga davo istaganlar keladi. Uning ongidagi “kinoteatr” kasallikkacha bo‘lgan davrni ko‘rsatishi lozim. Buning uchun bo‘lajak shifokor badiiy adabiyotlar bilan ham yaxshigina tanish bo‘lishi kerak. Masalan, biz bolaligimizda yuzlab roman, esse, drama o‘qirdik. Bularning hammasi ongimizdagi “kinoteatr” imkoniyatini kengaytirish, bu orqali bemorlar holatini aniq tasavvur qilib, baholash, ularning yaqinlari bilan bo‘ladigan muloqotda eng kerakli va o‘rinli so‘zlarni ishlatish, bemorni sabr bilan tinglash, uni tushuna olish uchun zarur bo‘ladi”.
Yuqoridagi gaplardan so‘ng xulosa qildik: demak, zamonaviy shifokor bo‘lish uchun kishi, avvalo, halollik va vatanparvarlik vaksinasi bilan emlanishi zarur. Ma’naviy immuniteti mustahkam mutaxassis esa turli ko‘ngilsizliklarga duch kelmaydi. Qayerda bo‘lmasin, doimo jigarlari, millatdoshlarining sha’nini o‘ylaydi. O‘zidan ilmli, vijdonli shogirdlar qoldiradi. Insoniyatning ustozi bo‘lgan kitobga tayanadigan, butun umrini o‘zi tanlagan halol kasbga bag‘ishlab, el-u yurt xizmatida bo‘layotgan hoziq tabiblar ko‘payaversin!
Shahriyor IBROHIM
“Jadid” gazetasining 2025-yil 9-maydagi 19-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
