Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.08.2024 | 17:30

img413

DARDINGNI OLAY… DEYOLMAYMAN

Tez-tez “ketmoni uchib” turadigan Erkin qozi ulfatlarni yig‘ib, “haq beradigan” bo‘lib qoldi. Ko‘rmaganimizga ancha bo‘lgan bir davradoshimiz (nafsoniyat vajhidan ismi sharifini aytmay qo‘ya qolay) davraning ko‘rki bo‘lib, qo‘r to‘kib o‘tirardi. Talabalik davrida chingilin gavdasiga atab qo‘yilgan chinachoq laqabi bugun eng semiz barmoq – boshmaldoqqa o‘zgartirilsa ham haqing ketadigan bo‘p qopti: musht, to‘garak musht deysiz. Qiziqib vaznini so‘rasak, fermer do‘stimiz bir sentnerlik marradan picha oshganini aytib, maqtangannamo qornini erkalagandek shapatilab qo‘ydi.

 Erkin qozi uning oldidagi bo‘shagan tovoq­qa o‘zining idishidan bir uyur go‘sht sola turib so‘radi: “Bu deyman, Chinachoq, bo‘y-basting­ga mos o‘lchamda kiyim topish ham muammo bo‘layotgandir?” Fermer do‘stimiz bir qiziq gap dabdurustdan esiga tushib qolgan odamdek uzoq hiringlab: “Kiyim-ku mayli, ammallab topsa yoki tiktirsa bo‘larkan. Lekin mana 3-4 yildirki paypog‘imni o‘zim kiyolmayman. Yangitdan toybolaga aylanib qoldim… To‘lalikning yana bir minus tomoni bor ekan, qattiqroq kulsang qorning amartizatsiya berib, to‘xtashi qiyin bo‘lib qolarkan. Gohida qorinni devorga tirab, zo‘rg‘a amallayapman. Lekin salobatingga qarab, salom beradiganlar ham ko‘p…” Uning g‘ururlangannamo so‘zlashini chetdan kuzatgan odam, bu kishi bir olamshumul yumushni qoyil qilgan-u, shuning sharafiga das­turxon yozgan, deb o‘ylashi aniq edi.

Darhaqiqat, semirish – qorin qo‘yish barobarida muammoni ham kattalashtirishdir. Aslida, unga oson tutib bo‘lmaydi. Bir yarim qulochlik bo‘yga mutaxassislar ellik kilolik vaznni muvofiq sanashadi. Do‘stimiz bu rejani ikki baravardan ziyod uddalagani – har bir yelkasida taxminan o‘ttiz kilolik qo‘sh qo‘ch­qorni ko‘tarib yuribdi, degani.

Birovlar bu mijozda, buni boshqarib bo‘l­may­di, zotga tortadi, deb tersayadi. Fermeri­miz­ning ota-onasi qalamdek qotmagina qo­mat­ga ega odamlar. Semizlik ham kasallik dey­diganlarning gapida jon bor. Bu nafsni tiyolmaslik, badxo‘rlik, mechkaylik illatidir. Shu dasturxon boshida kuzatsam, chindan ham fermer do‘stimizning og‘zi ham, qo‘li ham tinmas ekan. Meni hayron qoldirgani sobiq chinachoq do‘stimizning me’dasiyam hazm bo‘lib ketganmi, qaymoqqa anjirni boti­rib, sharbatga qovunni aralashtirib uryapti ham­ki na qorni g‘o‘ldiraydi, na o‘zi bezovtalanadi. Achchiq-chuchukni qoshiqlab urib, ortidan shisha-pishasi bilan gazli “Chortoq”ni ko‘tarvorganda Alamazon bo‘p ket-e, devordik.

Bizning hayron boqqanimizni ko‘rib, bu ziyofatlar bir mashg‘ulot ekanini, yaqinda ikki kilolik Jizzax somsani o‘n besh daqiqada paqqos tushirib, uch yuz ming so‘m mukofot va bir million so‘mlik kiyim do‘konining vaucherini olganini og‘zini to‘ldirib aytib berdi. “Endi Andijonni mo‘ljallab turibman. U yerda oshxo‘rlik bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘la­yot­gan ekan. Bir qirg‘iz qardoshimiz yaqinda bir kilo-yu yetti yuz gramm devzira palovni osha­lab, g‘olib bo‘pti. Menga hamroh bo‘lsa­laring, garov o‘ynab ikki kiloni rangini o‘chi­rib tashiy­man. Anavilar instagramda rosa aylanib, mashhur bo‘lyapti. ­Mening ham nomim chiqsa, senlar maqtanib yura­san, falonchi bizni oshna, deb…”

O‘zining g‘ayritabiiy saxti-sumbati bilan tomoshabop bo‘lib qolgani yetmaganday, endi nafsi ammorasini bozorga solib, olomonga tomosha bo‘lmoqchiligiga nima deysiz?

Rostdan ham bu do‘stimizning kasali jiddiy, dardi – kuch. Ammo bu dard ijtimoiyroqqa o‘xshab qoldi. Dunyoda har yili o‘n milliondan ortiq saraton kasalligi qayd etiladi, sakkiz million kishida bu tashxis o‘lim bilan yakun toparkan. Astag‘firulloh… Avvallari saratonni faqat irsiyat yoki xavfli sanoatda ishlash orqali orttirish mumkin deb o‘ylashgan. Ammo bugun aniqlanishicha, noto‘g‘ri ovqatlanish va hara­katsiz, tanbal turmush tarzi ham saratonni qo‘li­dan tutib, yetaklab kelarkan. Xafaqon, qand kasali, bo‘g‘in yemirilishi, bepushtlik, churra kabi asorati og‘ir xastaliklar ham nafsni jilovlay olmaslik ortidan boshlanadi.

Tanani o‘rganish – ilm, der edi opog‘da­dam. Har bir odam bolasi o‘z mijozini va jismoniy holatini yaxshi bilishi kerak. Kim uzoq yashashni xohlamaydi? Lekin bu borada yolg‘iz xohish-istakning o‘zi kamlik qiladi.

Bolaligimizda baqaloqlar sanoqli bo‘lardi. Erkin qozining hukmiga ko‘ra, u payt­larda bolalar jismoniy mehnat, sport bilan muntazam shug‘ullanishgan. O‘zimiz ham oy yorug‘ida to‘p tepgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan. Hozirgilar yotvolib telefon o‘ynashdan bo‘shamaydi. Buyam bir sabab. Yaqinda o‘g‘limning maktab bitiruv kechasiga borgandim. Bolalarning yarmidan ko‘pi baqlajondan nari, shakarpalak qovundan beri. Nega?

Nega bo‘lardi, bolakaylarning yemishi yarim tayyor ovqat – turli fast-fud-u gazli ichimliklarning beme’yor ekanida. Onalarga ham bu qulaydek. Qozon osib, jiz-biz qilib o‘tirmaydi. Buyurtma beradi, tamom. Ota jonivorniyam qulog‘i tinch: tushlik uchun ovqat olib kelgani chiqib ketayotgan o‘g‘liga velosipedni tutqazib, “mengayam sabbo‘y qildirib kelgin”, deb tayinlaydi.

“Siz to‘yga bormaysizmi?”, deb otaning yuziga hayron boqqan o‘g‘il qadimiy maqolni eshitadi: “To‘yga borsang, to‘yib bor.” Mana, to‘y dasturxoni: birinchisiga somsa-manti, keyin moxora yoki no‘xat sho‘rva. Ortidan no­rin, tabaka, keyin kabob, osh suziladi. Kamiga desert va muzqaymoq ham navbat kutib turibdi. Qolaversa, dasturxonda go‘shtli, qazili tandir kabobli va hokazolardan tarkib topgan yaxna gazak, meva-cheva, tarvuz-qovun, turli salatlar, shirinlik… O‘zbek semirmay, kim se­mir­sin?! Ha, to‘y egasi ozgina vazn tashlashi boshqa mavzu. O‘quvchimiz ja oshirvoribsiz­lar, qishloqda bunaqamas, deyishi mumkin. Qishloqdayam choyxona-yu oshxonalar bod­roq­day potirlab yotibdi. O‘n yil nari bilan ­bugungi kunni solishtirib ko‘ring, o‘zingiz boshni irg‘ab qolasiz. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, bitta uy­lan­magan qora qo‘chqorning dumba-go‘shti-yu cho‘ng‘ara guruchidan oshga mana men kafil. Yoqib ketdi, a?!

Bu yog‘i, Alixonto‘ra Sog‘uniy bobomiz ayt­gan o‘sha gap!

Mulla XUNOB


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605