12.06.2025 | 09:25
498
DARS BO‘LGAN UMR
O‘zimiz bilgan, tanigan insonlarning qadri haqida ba’zan ular bu dunyoni tark etgandan keyin o‘ylay boshlaymiz. Chindan borning qadri u yo‘qolgandan keyingina his qilinadi…
2021-yilning 28-iyuli. Taniqli olim va murabbiy, ko‘plab jurnalistlarning ustozi Boybo‘ta Do‘stqorayev vafot etgani haqida xabar domla bilan bog‘liq xotiralarimni yana qayta jonlantirgan edi. Auditoriyada ustozning jahon adabiyoti durdonalarini mahorat bilan sharhlagani va biz talabalarning deyarli barchasini darsga ohanrabodek tortib olgani ko‘z oldimga kelgandi o‘shanda.

Shunday samimiy va donishmand insonni tanigan, ko‘rgan, undan ta’lim olishdek baxtga musharraf bo‘lganlar qatorida ekanimdan cheksiz faxr tuyaman. Menimcha, domla biron bir darsga o‘qituvchilik vazifasini bajarish majburiyati yuzasidan kirmasdi. Har bir saboq tafakkurimiz sarhadlarini kengaytirishga qaratilgan imkon ekanini balki auditoriyada o‘tirganimizda unchalik his qilmagandirmiz.
Domla bizga yaqin tariximiz – jadidlik davrining hali ochilmagan sahifalari borasida yonib-kuyib ma’ruza qilardi. Taqdim etayotgan ma’lumotlarining aksariyati boshqa manbalarda uchramasligi bilan qiymatli edi. Ularni domla kutubxonalar, qo‘lyozmalar jamg‘armasi kabi turli maskanlarda zahmat chekib to‘plaganini keyinroq bilganmiz. Hatto jadid matbuoti sahifalaridagi eng kichik ma’lumot ham domlaning nazaridan chetda qolmas, ulardan katta va olamshumul hissalar chiqara olardi.
Talaba degan mardumning asosiy nishoni “baho” deb ataluvchi jodugardir. Shu matlab yo‘lida darsga qatnaydi, qog‘oz qoralaydi, gohi-gohida kitob ham varaqlab qo‘yadi. Ayrim hollarda baho jodugari talabani ilm atalgan asl maqsaddan uloqtirib boraveradi.
Esimda, o‘quv yili endi boshlangan kezlarda saboqdoshlardan biri domlaning navbatdagi darsidan keyin berilgan uy vazifasini qay tartibda bajarish haqida savol berdi:
– Domla, vazifani oq qog‘ozga yozib kelaylikmi yo daftargami?
Domla odatdagi sokin, lekin o‘ta teran nigohini kursdoshimga qaratdi. Bu deyarli har kuni beriladigan navbatchi savol bo‘lsa-da, javob biz kutmagan darajada ajablanarli edi.
– Buning hech ahamiyati yo‘q, – dedi domla. – Agar miyaga yozish imkoniyatingiz cheklangan bo‘lsa, dastro‘molga yozib keling. O‘qib bo‘lib, qaytarib beraman, yuvib yana ishlataverasiz.
Bu javob bizga kim bilan yuzma-yuz bo‘lganimizni to‘la-to‘kis tushunib olish uchun kifoya qildi. Ayni gaplar haqiqiy ilm minglab rasmiyatchiliklar, qog‘ozbozliklar, shunchaki yo‘ligagina o‘ylab topilgan tartib-qoidalardan yuqori turishini anglatgan edi…
U kishining haqiqiy ilm yo‘lidagi qat’iy yo‘rig‘i sabab shogird tushish uchun yillab navbat kutgan nomzodlar borligiga guvoh bo‘lganman.
Bir kuni bizda kurs mavzusini erkin tanlash uchun domla uch xil yo‘nalishdan so‘z ochdi. Mavzular shu qadar teran ochib berildiki, bizda ularning har uchalasini tanlash ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Dunyoning qaysidir bir puchmog‘ida bo‘lib o‘tadigan asar voqealarini domla shunchaki hikoya tarzida emas, balki har birimiz o‘z hayot yo‘limiz, taqdirimiz, kelajagimizni qahramonlar vositasida muvoziy (parallel) qo‘ygan holda tushuntirdi.
Hammaga yaxshi tanish bo‘lgan asarni o‘qidik va uqdik deb hisoblaganimiz hech narsa emasligi shu suhbat-ma’ruza asnosida ayon bo‘ldi. Shundan keyin tushundimki, mening o‘qiganlarim, uqqanlarim, bildim, deb yurganlarim hammasi bekor ekan. Bizning “o‘tkir” va “teran” nazarimiz burnimizdan narini ko‘rishga yetmas ekan…
Ustozni ko‘pchilik jadidshunos olim sifatida biladi. U kishining mazkur davrga oid ilmiy izlanishlari talaygina. Lekin men uning hazrat Navoiy haqidagi bir-ikki maqolasini o‘qib, mumtoz adabiyot, xususan, Navoiy merosini teran idrok etadigan zabardast olim ekaniga amin bo‘lganman.
Ustoz Boybo‘ta Do‘stqorayev bizga har qanday inson o‘z yo‘nalishida komillikka intilishi, tor doirada cheklanib qolmasligi, ilmda ham, insoniylikda ham doimiy izlanishda bo‘lishi kerakligi haqida unutilmas saboq berib ketdi.
Gʻulom BOBOJONOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
“Jadid” gazetasining 2025-yil 6-iyundagi 23-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



