14.04.2026 | 15:38
792
DEVONIYNING DARAKSIZ DEVONI
Xiva xonligi saroyida nufuzli hunar egalaridan biri muhrkon hisoblangan. Bu kasb egasi xon, vaziri akbar, devonbegi, qozikalon, muftiy, qal’a hokimlari, raiyat qozilari uchun muhrlar yasagan. Muhrlar odatda qattiq yog‘ochdan, ko‘p hollarda hayvon suyaklaridan yasalgan. Fil suyagidan yasalgan muhrlar kamyob bo‘lib, bu ayni paytda muhr egasining ijtimoiy-iqtisodiy nufuzini ham belgilagan.

Xiva xonligi taxtida eng ko‘p o‘tirgan Muhammad Rahimxon soniy – Feruz zamonasida saroyda muhrkonlik uzoq yillar Ismoil Pano zimmasida bo‘lgan. Xiva yaqinidagi Sangar qishlog‘idan chiqqan Ismoil Pano zamonasining ilg‘or ziyolilaridan bo‘lib, muhrkonlikdan tashqari mohir naqqosh ham edi. Ismoil Pano 1887-yilda dunyoga kelgan farzandiga taniqli zamondoshi Komil Xorazmiy ismini beradi.
Qarangki, vaqt kelib Komil Xorazmiy yaratgan yangicha “Tanbur chiziqlari”ni shogirdi-adashi chiroyli tarzda qog‘ozga tushiradi. Faqat qog‘ozga emas, maxsus tayyorlangan yog‘och bo‘laklariga ham muhrlaydi. U Xorazmning qadim “Shashmaqom” musiqasining benazir ijrochisi sifatida ham taniladi, sababi, yoshligidan tanbur, dutor va g‘ijjakni mohirona chala olar va musiqa asboblarini ham yasardi. Hatto, o‘sha vaqtda g‘oyat kamyob hunar – qurolsozlikni ham egallaydi. U chiroyli husnixat egasi ham bo‘lib, shoirlarga devonlari muqovalarini tayyorlashda beminnat yordam beradi.
Tarixdan ma’lumki, “Gandimiyon shartnomasi”da xonlik o‘z puliga ega bo‘lmasligi, chor hukumatida amalda bo‘lgan rubldan foydalanishi shart qilib qo‘yilgandi. Mustamlakachilar xonlikning tilla va kumush tangalarini qog‘oz pullarga almashtirib, asta-sekin muomaladan chiqarishga harakat qiladi. Lekin oddiy xalq hamon qog‘oz pulga emas, ota-bobolaridan meros tangalarga ishonardi. Ko‘p holatlarda bosqinchilar qurgan zavod va fabrikalarga o‘zlariga yetishtirgan mahsulotlarni qog‘oz pulga sotishdan bosh tortardi.
Xon yarim mustamlaka yurtda iqtisodiy parokandalik ro‘y berishining oldini olish maqsadida, yashirin tarzda yana oltin, kumush va mis tangalar zarb qilishga kirishadi. Yangi zarb qilingan tangalarning ilk nusxalarini aynan Komil Devoniy tayyorlaydi. Bu – endigina yigirma yoshdan oshgan yigit uchun katta sharaf va ishonch edi.
Ismoil Pano 1900-yilda bevaqt vafot etgan paytda o‘n uch yashar bo‘lgan Komil amakisi Xudoybergan Pano tarbiyasiga olinadi. Tug‘ma iqtidorli Komil otasiga shogird tushgan qisqa fursatda muhrkonlikdan tashqari, naqqoshlik hunarini ham bir qadar o‘zlashtirishga ulgurgan, bundan tashqari, nazmga ham qo‘li kelib qolgandi. Zamondoshlari uni “o‘n barmog‘i ham hunar” deb ta’riflashgan.
U dastlab otasi yordamida savodini chiqaradi, so‘ng Arabxon madrasasida saboq oladi. Madrasada yosh Komilga zamonasining iste’dodli shoiri, o‘tkir so‘z ustasi, hajvchi, mohir xattot Yusuf hoji Doiy ustozlik qiladi. Aslida, xattotlik va naqqoshlik o‘xshash hunarlar. Birisi yog‘och, marmar, toshlarga harf-u shakllar o‘ysa, biri qog‘ozga chiroyli nasta’liq yozuvlarini marjondek tizadi. Komilning o‘ta talabchanligi, hattotlik hunarini mukammal o‘rgangani, yaxshigina g‘azal va ruboiylar bitgani ta’rifi Muhammad Rahimxon soniy – Feruz qulog‘iga yetib, uni saroyga chaqirib, devon ishlariga jalb qiladi. Shundan boshlab u she’rlarini Komil Devoniy taxallusi bilan yoza boshlaydi.
O‘z davrining ilg‘or ziyolisi o‘laroq, Komil Devoniy 1913-yilda jadidlar ta’sirida paydo bo‘lgan “Yosh xivaliklar” harakatiga qo‘shiladi. Jadidlar ko‘targan g‘oya va maqsadlarni tezkor anglab, g‘azallarini an’anaviy “ishq”, “oshiqlik”dan zamonaviy mavzular tomon buradi.
“Yosh xivaliklar” xonlik o‘rnida Xorazm Xalq Respublikasini tuzgach, Komil Devoniyni ham yangi ma’muriyatda ishlashga jalb qiladi. Yangi respublikaning ilk davlat mukofoti – “Mehnat” ordeni shakl-u shamoyilini ham Komil Devoniy chizib beradi. Bu Turkiston zaminida o‘tgan turli xonlik va amirliklarda ilk bora yevropacha taqdirlov usulining ko‘rinishi sifatida paydo bo‘lgan nishon edi.
Jadidlar ta’sirida paydo bo‘lgan, xalq qo‘llab-quvvatlayotgan yangi respublika sovet dohiylari yuragiga qutqu sola boshlaydi. Bolsheviklar mustaqil respublikani yo‘q qilishda turli hiyla-nayranglar: qurol ishlatishdan ko‘ra ko‘proq yangi ma’muriyat ichiga fitna urug‘ini sochish usulini qo‘llashadi. Natijada kuni kecha bir safda turib, yurt ozodligini bayroq qilgan “Yosh xivaliklar” orasida bir-biriga ishonmaslik, dushmanlik muhiti yaratiladi…
Sovetlar harakatning eng faol a’zolarini badnom qilishga zo‘r beradi. Bu taqdir Komil Xorazmiy boshiga ham tushadi. 1924-yil Xivada “eskilik tarafdori” tamg‘asi ostida Komil Devoniy ustidan “namunali sud” mahkamasi bo‘lib o‘tadi. Nohaq qoralangan, bo‘lmag‘ur tuhmatlar yelkasiga ilingan Komil Devoniy sud mahkamasidan so‘ng Toshhovuzdagi qarindoshlarini qora tortib, ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. U faqat elda qatag‘onlar sal tinchigach, o‘g‘li Hamza tug‘ilganidan so‘ng, 1932-yilda Xivaga qaytib keladi. Darvoqe, Komil Devoniy o‘g‘liga mashhur ma’rifatparvar Hamza nomini behuda qo‘ymagan. Hamza ham sovetlar tomonidan Xorazmga surgun qilinganida, u bilan ko‘p bor uchrashgan, taniqli shoir va dramaturg bilan yaqin birodar bo‘lib qolgandi.
Komil Devoniy Xiva naqqoshlik maktabining bilimdoni sifatida 1935-yilda Toshkentga ko‘chib keladi va Farg‘ona, Qo‘qon, Toshkent milliy naqqoshlik san’atini o‘rganish, o‘zaro taqqoslash va uyg‘unlashtirish ustida ishlaydi. U muqaddam Xivadagi madrasa, masjid, minora va boshqa me’moriy yodgorliklar darvozalari peshtoqiga tarixlar yozish, marmar toshlarga g‘azallarni o‘yib, naqsh bilan sayqal berish bilan shug‘ullangandi. Endilikda bu hunarini Toshkent va boshqa shaharlarda bunyod etilgan obidalarga naqsh berishga yo‘naltiradi.
Shu davrda u umri davomida yozgan g‘azal, ruboiy, muxammaslarini to‘plab alohida devon tuzadi va 1936-yilda Toshkent davlat nashriyotiga olib boradi. Ammo nashriyot mas’ullari unga “devon eskilik sarqiti” ekanini aytib, sovetlar inqilobidan keyin yozganlarini to‘plam qilish maslahatini beradi. Noiloj qolgan shoir nashriyot bilan to‘plam chop qilish bo‘yicha shartnoma ham tuzadi. Mazkur shartnoma bandlaridan birida “Sovet davlati amalga oshirgan bunyodkorliklar haqida yozish” eslatilgandi.
Komil Devoniyning avval devon shaklida tuzgan, nashriyot talabi bilan shaklan o‘zgartirilgan to‘plamida an’anaviy she’riyat namunalaridan tashqari, jadidlar g‘oyasi ta’sirida yozgan ilm-fan, ma’rifat mavzusidagi she’rlari ham talaygina, ammo “obod o‘lka”, “ozodlik diyori”, “asriy qullikdan halos qilgan partiyam” kabi ulug‘lovchi satrlar bo‘lmagan. Zamona zayliga qarshi borish yana boshiga balolar yog‘dirishini sezgan shoir nashriyot mutasaddilari taklif qilgan mavzularda ham bir nechta she’rlar yozib, nashriyotga topshiradi. Ammo…
1937-yilning kuzi – aqrab oxirlarida Toshkentning 1-Qoratosh mahallasi 8-uyda ijod bilan mashg‘ul Komil Devoniyni NKVD xodimlari yo‘qlab keladi va hech bir ayblov-asossiz qamoqqa oladi. Uni dastlab Xorazmga keltirib, Urganchdagi hibsxonada to‘xtovsiz tergov qilishadi. Tergovchilar undan “xon saroyiga yaqin ijodkorlar”, “jadidlarga qo‘shilgan “Yosh xivaliklar” harakati a’zolari” haqida ma’lumot va chaquvlar olishga urinadi. Biror natija chiqmagach, uni yana Toshkentga olib ketishadi va bu yerda ham kecha-yu kunduz tergov davom etadi.
Otasidan meros muhrkonlik hunarini san’at darajasiga ko‘targan, marmar-u yog‘ochlarga o‘ygan betakror naqshlari millat mulkiga aylangan inson birinchi navbatda odamiylikni o‘z yuragiga o‘chmas qilib muhrlagan ediki, undan sotqin yasashga urinishlar barchasi bekor ketadi. Komil Devoniy 1938-yil 5-may kuni qamoqxonada yurak hurujidan vafot etadi.
Devoniy o‘tgan asrning 50-yillari ikkinchi yarmida, sovetlarning vaqtinchalik ilmiliq siyosati zamonida oqlanadi, ammo uning sharqona an’analar ruhida yozgan asarlaridan tuzilgan devoni nom-nishonsiz yo‘qoladi. Manfur tergovchilar shoir to‘plamini ashyoviy dalil sifatida nashriyotdan musodara qilib, so‘ng yo‘qotgan bo‘lishi mumkin. Buyuk Abdulla Qodiriyni hibsga olish vaqtida uyidan olingan barcha qo‘lyozmalar (ular orasida tugallanmagan “Amir Olimxonning kanizi” romani ham bo‘lgan) taqdiri ham aynan shunday kechganini bilamiz-ku!
Keyinchalik tadqiqotchilar Komil Devoniyning o‘sha davrda vaqtli nashrlarda chop qilingan bir nechta she’rlari va hofizlar xotiralarida qolgan g‘azallarini topishga muvaffaq bo‘ladi. Bular dengizdan tomchi edi, xolos…
Devoniyning g‘oyat yuksak did va mahorat bilan marmar-u yog‘ochlarga o‘ygan naqshlari abadiyat mulkidir. Bugun qadim Xivaga dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurayotgan sayyohlar obidalar peshtoqidagi she’riy uslubda o‘yilgan naqshlarni ko‘rib, hayratga tushmoqda.
Ro‘zimboy HASAN
“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-martdagi 13-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596