12.08.2026 | 15:15
1525
DIL TUBIGA INGAN HIKMATLAR
ZEHN
Yetmishta tilni bilgan, 160 dan ortiq asar yozib qoldirgan ulug‘ alloma Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” kitobini mutolaa qilishdan charchamayman. U zotning fikricha, o‘zida quyidagi xislat-fazilatlarni birlashtirgan kishini axloqli deyish mumkin.
Bunday kishi: “Tanasining barcha a’zolari mukammal darajada rivojlangan va sog‘lom bo‘lishi kerak. Ziddiyatli masalalar mohiyatini tez va to‘g‘ri anglasin, so‘zlovchining maqsadini, so‘zlarining rost yoki yolg‘onligini farqlay olsin. Xotirasi baquvvat bo‘lsin, eshitganlarini yodidan chiqarmasin. Zehni biror alomatni (g‘ayritabiiy holatni) avvaldan fahmlash, bu alomat nimani anglatishini (sababini) sezish darajasida bo‘lsin. Nutqi ravon, talaffuzi sodda va tushunarli bo‘lsin, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini tushunish boshqalar uchun qiyin bo‘lmasin. Ilm olishga, bilmagan narsalarini o‘rganishga ishtiyoqda bo‘lsin, bu zahmatdan charchash nimaligini bilmasin, bilmoqchi bo‘lganlarini tez o‘zlashtirsin. Ovqatlanishda, ichimlik iste’mol qilishda ochko‘z bo‘lmasin. Qimor o‘yinlaridan uzoqda bo‘lsin, bunday narsalar keltiradigan xursandlikdan jirkansin. Haqiqatni va haqiqat tarafdorlarini qadrlasin. Yolg‘onga, yolg‘on so‘zlovchilarga nafrat bilan qarasin. Ruhiy g‘ururi va vijdonini hamisha qadrlasin. Boylikka, pul yig‘ishga jirkanish bilan qarasin. Yaqinlari va boshqalarga hamisha adolatli bo‘lsin. Jabr va zulm o‘tkazuvchilarga nafrat bilan qarasin. Odamlarga go‘zal va yaxshi narsalarni hadya qilishni unutmasin. Adolatli bo‘lsin, ammo qaysar bo‘lmasin, adolat oldida qaysarlik qilib, dimog‘dorlikka berilmasin. O‘zi zarur deb bilgan narsalarning amalga oshishida qat’iyatli va qo‘rqmas bo‘lsin, jasurlik ko‘rsatsin, ojizlik qilmasin”.

HIYLA
Bir yili qosh qoraya boshlaganida vodiyga qarab yo‘lga chiqdim. Bir o‘zim. Sherik chiqmadi. Qo‘qonlik haydovchi yigit zarur ish bilan Toshkentga kelib, uchrashadigan odamiga uchrab, to‘xtamay iziga qaytayotgan ekan. Suhbatlashib ketdik. Dovondan o‘tgach, bir joyda yengil tamaddi qilib oldik. Yo‘l-yo‘lakay gaplashmagan gapimiz qolmadi hisob. Yo‘lga chiqayotganimizda: “Aka, oldinga o‘tiring, gaplashib ketamiz, charchaganman, ko‘zim ilinib qolmasin”, degan edi, avvaliga e’tibor qilmabman, qarasam… asta mudrayapti. Hay-hay, dedim-da, qiziq-qiziq voqealar tafsilotini bir-biriga ulay boshladim. Qayerda suv ko‘rinsa, mashinani to‘xtatib, ichamiz, yuz-qo‘limizni yuvamiz. Yarim kechada Qo‘qonga yetgunimizcha yurakni hovuchlab bordim. Bunisi mayli, ammo yo‘lda eng qiziq gapni men emas… haydovchi yigit aytdi. Undan eshitgan bir voqeani hali-hanuz eslab yuraman…
Bir podsho bo‘lgan ekan. Podsho bo‘lgandan keyin, yonida vaziri a’zam, vazirlar ham bo‘ladi-da. Ammo bu podshoning boshqa podsholardan farqi – ulug‘ yoshdagi ustozi bo‘lib, har kuni tongda – bomdod namozidan keyin saroyga kelib, podshoga bitta maslahat berib ketar ekan. Podsho ustozining maslahatlariga hamisha amal qilar, shu bois, yurtda to‘kinchilik, tinchlik-xotirjamlik bo‘lib, har kuni ustoziga bir kun avvalgi maslahati evaziga xazinadan mukofot olish uchun qog‘oz yozib berar ekan.
Alqissa, vazirlarning bunga g‘ayirligi kelib, podsho va uning ustozi o‘rtasini buzishga qasd qilishibdi. Bosh vazir bir kuni podshoga: “Olampanoh, bir gapni sizga aytmasam bo‘lmaydi. Ustozingizni ko‘pdan ko‘p hurmat qilasiz, maslahatlariga quloq tutasiz, har aytgan gapiga mukofot berasiz, ammo u saroydan chiqar ekan, siz haqingizda bo‘lmag‘ur gaplarni aytadi”, debdi. Podsho undan: “Xo‘sh, qanday bo‘lmag‘ur gaplar ekan?” – deb so‘rabdi. Vazir ovozini pastlatib: “Podshoning og‘zidan qo‘lansa hid keladi. Men uning oldiga kirganimda, ko‘nglim ayniydi, shu bois, choponimning yengi bilan og‘zimni yopib gapiraman, ammo u bunga parvo qilmaydi, deydi”, debdi. Podshoning jahli chiqib, bunday ig‘vo gapga ishonmay, bosh vazirdan xafa bo‘libdi. U bo‘lsa bamaylixotir: “Ustozingiz ertaga tongda kelganida, o‘zingiz bunga guvoh bo‘lasiz”, deb so‘zida turib olibdi.
Ertasi kuni ustoz, odatdagidek, saroyga kelibdi. Podsho diqqat bilan qarasa, ustozi to‘nining yengi bilan og‘zini yopib gapirayotgan emish. Bosh vazir to‘g‘ri aytgan ekan-da, deb jahl otiga minibdi. Odatiga ko‘ra, xazinabonga xat yozib, ustozining qo‘liga tutqazibdi. Fitnadan bexabar donishmand xazinabonning oldiga ketayotgan ekan, yo‘lda fitnakor vazirlar uni ko‘rib, hayron bo‘lishibdi. Vaziri a’zam: hiylam o‘tmabdi, debdi-da, ustozga: “Har kuni podshodan mukofot olasiz, biror marta bo‘lsin, bizga uzatmaysiz, hech bo‘lmasa, bugungisini bering”, deb yaltoqlik qilibdi. Ustoz mukofot olinadigan qog‘ozni unga uzatibdi. Vaziri a’zam uni xazinabonga bergan ekan, u qog‘ozdagi yozuvni o‘qibdi-da, qorovullarga ishora qilibdi, ular vaziri a’zamni ushlab, bir zumda boshini tanasidan judo qilishibdi…
Haydovchining hikoyasi shu yerga yetganida, Qo‘qonga kirib keldik. Men vaziri a’zam nega o‘ldirilganiga qiziqib qoldim va hikoyaning davomini diqqat bilan eshitdim.
Aslida voqea bunday bo‘lgan ekan: vaziri a’zam podshoning oldidan chiqqach, jinoiy reja tuzibdi. Unga ko‘ra, ertasiga ertalab, ustoz saroyga keladigan yo‘ldagi xonadonlardan birida qozonga yog‘ solib, eski sarimsoqni qovurib turishadi. Ustozni ko‘rishgach, mulozimlar unga: “Ustoz, shu xonadonda fotiha qilinadigan marosim bor, kirib o‘tmasangiz bo‘lmaydi, vaziri a’zam ham shu yerda, o‘tib ketsangiz xafa bo‘ladi”, deyishadi. Ustoz ichkariga kirib, dasturxonga o‘tiribdi. Fotiha o‘qilgach, taom keltirilibdi. Gap nimadaligini anglagan alloma “Xayrut taomi mohazar, guftan nabiy xayrul bashar”, debdi-da, taomdan bir chimdim og‘ziga solibdi. Shu sababli podshoning oldiga kirganida, og‘zimdan sarimsoqning hidi kelib qolmasin, deb iymanib gapirgan ekan…
Ertasi kuni ustoz yana saroyga kelib, podshoga nasihat beribdi. Podsho: “Meni kechiring, ustozim, bir kun avval “Kimdir fisq-fasod gaplarni gapirsa, uning rost yoki bo‘htonligini aniqlamaguncha bir qarorga kelmang”, degandingiz. Shuncha yil nasihatlaringizdan chiqmadim. Ammo bir marta amal qilmay, o‘sha kuni “Bu badkirdorning boshi tezda tanasidan judo qilinsin”, deb yozib bergandim”, degan ekan…
Bu nasihat tez-tez yodimga tushib turadi.
Ahmadjon MELIBOYEV
“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
131
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
227
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
711


