Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


02.05.2025 | 16:56

img692

DONGʻI DUNYOGA DOSTON YURT

Rivoyatlarga ko‘ra, qadim zamonlarda bir cho‘pon mol boqib yurgan chog‘i otlardan birining uzun yoli cho‘pga ilinib qolganini ko‘radi. Shamol esgan sari o‘sha yol tebranib, cho‘pga uriladi va undan ajib bir ovoz chiqa boshlaydi. U hayrat bilan ushbu ovozga quloq tutadi va ohang qanday paydo bo‘layotganini kuzatadi. O‘sha kuni cho‘pon ilk bor tabiat moʻjizasidan ta’sirlanib, g‘aroyib ohang taratadigan qurilma – do‘mbirani yasaydi. Do‘mbira sadosi cho‘ponni borgan sari ilhomlantirib, kuylashga majbur etadi.

Shu tariqa xalq hayoti va orzularini doston qilib, do‘mbira bilan kuylaydigan baxshilar paydo bo‘ladi. O‘zbek folklori ana shunday bitmas-tuganmas xazina ustiga qurilgan.

Xabaringiz bor, 26-28-aprel kunlari butun dunyo san’at ahlining nigohi Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan IV Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga qaratildi. Festivalda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 200 ga yaqin vakil ishtirok etdi. Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san’ati tarixi va uning jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildilar.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev mazkur xalqaro festival ishtirokchilariga tabrik yo‘llab, Xorazm dostonchilik maktabi g‘oyat qadimiy va boy tarixga egaligi, “Lazgi” kabi dunyoga mashhur mumtoz kuy-qo‘shiqlar, go‘zal raqslar aynan ana shu azim daryodan oziqlanib kelayotganini iftixor bilan ta’kidladi.

Kamina ushbu konferensiya bahona turkiy xalqlarimizni bir osmon ostiga birlashtirgan qadimiy folklor va uning ijrochilari – baxshilar xususida ayrim mulohazalarni bildirishga jazm qildim.

Xo‘sh, dunyo ahli nega folklor namunalarini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan “Ay Yola” nomli boshqird guruhining “Homay” qo‘shig‘i turkiy mamlakatlarda katta shuhrat qozondi. “O‘rol botir” dostonidan olingan parchaning zamonaviy estradaga solinishi guruhga misli ko‘rilmagan dovrug‘ keltirdi. Bu chin ma’noda har qanday san’at xalq merosidan uzilmay oziqlansagina yuksak natijalarga erisha olishiga ishora edi.

Millatimiz taqdiriga bitilgan hassos baxshi­lar-u baxshichilik san’atining, umuman, xalq og‘zaki ijodining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rnini ta’riflashga til ojiz. Birgina baxshi repertuarida 150 dan ortiq xalq dostonlari bo‘lganiga nima deysiz? Har bir doston uch ming satrdan to yigirma ming misragacha aytimlarni o‘z ichiga oladi. Bu yog‘ini chamalab ko‘ravering.

Xalq orasida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Po‘lkan, Islom shoir, Berdi baxshi, Bola baxshi, Ahmad baxshi kabi doston kuylovchilar o‘zlarining favqulodda xotira va iste’dodi bilan barchani hayratga solgan. Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li oltmishdan ortiq, Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ellikdan ortiq dostonni yoddan ayta olgan. Ayrim baxshilar kuylash asnosida o‘zlari ham dostonlar to‘qigan. Boysun, Bulung‘ur, Nurota, Narpay, Qo‘rg‘on, Xorazm, Shahrisabz, Sherobod, Chiroqchi kabi yirik dostonchilik maktablari borki, ularning har biri o‘z yo‘li, so‘zi va ohangiga ega.

Sovet hukmronligi davrida adabiyot­shu­nosligimizda doston istilohi bilan yonma-yon poema va ballada atamalari qo‘llana boshlangan edi. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, biz doston so‘zini yuqorida keltirilgan xorijiy atamalar bilan almashtirib ham qo‘ydik. Ammo oliy hakam – vaqt dostonning barhayot nomini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

Baxshi so‘zining yangi jilolari

Baxshi so‘zining ma’no qamrovi tobora kengayib bormoqda, desam ishonasizmi? Uning shoir, sozchi, sozanda, soqi, sanovchi, yuzboshi, xalfa, jirov, jirchi, oqin, oxun va shu kabi o‘nlab ma’nodoshlarini yaxshi bilamiz. Izohli lug‘atlarda mo‘g‘ulcha va buryatcha baxsha, bag‘sha – ustod, ma’rifatchi; sanskritcha bhikshu – qalandar, darvesh degan ma’nolarni berishi haqida ham yozilgan. Alisher Navoiyning mashhur baytini eslang:

Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l,
Navoiy yomon bo‘lsa, sen yaxshi bo‘l.

Ulug‘ shoir birinchi misrada navosiz elga navo baxsh etish uchun “navobaxshi” so‘zini qo‘llamoqda. Shu o‘rinda baxshining ruhiyat tabibi, zamonaviy tilda aytganda, psixolog singari yangi ma’no qirrasini ko‘rganday bo‘ldim. Chunki ko‘ngilga ohang baxsh etish, singdirish bu, avvalo, ruhiy jarayonning muhim qismidir.

Buni qarangki, Mirzo Boburning muhtasham memuarida baxshi so‘zi turli ma’nolarda qo‘llanilganiga guvoh bo‘lamiz. “Boburnoma”da ko‘pgina tarixiy ismlar baxshi so‘zi bilan birga keladi. Nizomiddin Sulton Muhammad baxshi, Abdullatif baxshi, Tag‘oyishoh baxshi, Shoh Mansur baxshi, Shoh Husayn baxshi, Qorulgoch baxshi shular jumlasidandir.

O‘sha davrda baxshi tushunchasi bugungi ma’nosidan tashqari turli soha va kasblarni ham o‘zida qamrab olgan. Bobur bir o‘rinda oyog‘idan qattiq yaralanib, hassada yurganini yozar ekan, yarasini davolash uchun Atika baxshi ismli mo‘g‘ul jarrohi kelganini aytadi: “Mo‘g‘ul eli jarrohni ham baxshi der”, (“Boburnoma”, 165-b.)Demak, baxshining tabib, jarroh ma’nolari ham bor.

Dostonlarimizni avloddan avlodga avaylab saqlab, yuksak san’at bilan ijro etgan shoir va baxshilar, avvalo, xalq orasidan yetishib chiqqan dehqon va cho‘ponlar edi. Ular xalqimizning orzu-umidlari, dard-u armonlari va hayot falsafasini yurakdan his etib, “Xo‘sh-xo‘sh”, “Turey-turey”, “Churey-churey” kabi sog‘im, “Qo‘shchi”, “Shox moylash”, “Qo‘sh haydash” singari dehqonchilik qo‘shiqlarini kuylashgan. Ularda xalqning mehnatkash qiyofasi, hayot tarzi va ruhiyati o‘z ifodasini topgan.

Dunyo kezayotgan dostonlar

Baxshining bolasi baxshi bo‘ladi,
Yaxshining bolasi yaxshi bo‘ladi…

Bobolarimiz bir paytning o‘zida ham baxshi, ham yaxshi bo‘la olishgan. Buni faxr bilan, baralla aytishimiz mumkin. Ularning baxshiligi mohiyati xalqning azaliy orzu-armonlari, o‘lmas qadriyatlari va hayot falsafasini dostonlar orqali avlodlarga yetkaza olganida bo‘lsa, yaxshiligi – bu moʻtabar merosni ­dunyo­­ga yoyib, yuksak insonparvarlik namunasini ko‘rsatolganligidadir.

Ular uchun baxshilik tirikchilik emas, balki xalq ruhini, milliy o‘zlikni va ma’naviy dunyoqarashni so‘z san’ati orqali saqlash vositasi edi. Bugun qaysi qardosh xalqning folkloriga nazar tashlasangiz, o‘zbek dostonlari yoki ularning ta’sirida yaratilgan xalq aytimlarini, albatta, uchratasiz.

Masalan, qozoq baxshichiligida “Alpomish” dostonining bir nechta varianti keng tarqalgan bo‘lsa, turkman baxshilari o‘z ijodlarini nafaqat milliy an’analar asosida, balki o‘zbek baxshilari bilan ham­ohanglikda rivojlantirgan. “Shohsanam va Gʻarib”, “Go‘ro‘g‘li”, “Layli va Majnun”, “Yusuf va Zulayho” kabi dostonlar turkman va o‘zbek xalq og‘zaki ijodining mushtarak boyligi hisoblanadi. Ushbu dostonlar nafaqat mavzusi, balki ijro uslubi, obrazlar ­­dunyosi, tili va ruhiyati bilan ham bir-biriga juda yaqindir.

Qirg‘iz xalqining “Manas”i o‘zbek baxshilari tomonidan ham katta muhabbat va ehtirom bilan ijro qilingan. Tojik xalqi “Alpomish” dostonini hamon o‘ziga xos maroq bilan kuylab keladi va bu ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalarning uzoq yillik tarixi borligini ko‘rsatadi. Shu ma’noda, baxshilik san’ati xalqlar o‘rtasidagi madaniy ko‘prik, ma’naviy muloqot vositasiga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Eski xotira

Hech esimdan chiqmaydi. Xalq sayillarida, bayramlarda bir terma qulog‘imda qolib ketgan:

Odamlar-u odamlar,
Bog‘da bitgan bodomlar,
Eshitmadim demanglar,
Eshitganlar jilmanglar…

Chaqiriq, biror xabarni xalqqa e’lon qilishning ommalashgan usuli edi. Hamma bir bahya chorlovchining og‘ziga qarab qolardi. Ammo men undagi “Bog‘da bitgan bodomlar” so‘ziga hech tushunmasdim. Nega bodomlar?

Javobni 80 yoshni qoralagan momodan topdim. Uning aytishicha, bodom hamma yerda o‘savermaydi. U joy tanlaydi. Hovlida o‘nlab bodom ko‘chatini eking, bitta-yarimtasi tutib ketmasa, qolgani qurib qoladi. Demak, bodomning bog‘da unishi – ramz, ya’ni o‘z yerini topgan, palak yozib, yashab qolgan o‘sha yerning chin egalariga murojaat bu.

Xalq ijodining bir satri shuncha ma’no tashisa, qolganini aytmay qo‘yavering. Bir zamonlar hazrat Navoiy “Munshaot”ida uzoqni ko‘ra oluvchi, aqli har narsaga yetadigan kishilarni “durbin” deb atagan edi. Men esa xalq dardini kuylovchi, uning qadriyatlarini uzoq avlodlarga yetkazib kelayotgan baxshilarni “durbin kishilar” degim keladi.

Bobur ELMURODOV,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img99

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img136

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img329