Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


01.07.2025 | 16:53

img1659

“ENDI ISHLASH KERAK BU KENGLIKLARDA…”

Sulton-ul ulum Mirzo Ulug‘bek ta’biricha, “Riyoziyot g‘oyat bir yuksak fanki, unda bir olam mo‘jiza yotadi”. Yana matematikani “aql-idrok musiqasi”ga ham qiyos etishadi. Mumtoz matematiklar aniq fanlar muxlislariga turli manbalarda bir xil xitob qilgan ekan: “Keling, fikrlashni o‘rganamiz!” Darhaqiqat, zamonaviy dunyoda ushbu fanning ahamiyati har qachongidan ko‘ra dolzarb. Salohiyatli va yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ham shunga yarasha.

Biz O‘zbekiston Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktor o‘rinbosari, fizika-matematika fanlari doktori, professor, “Shuhrat” medali sohibi Abror Xudoyberdiyev bilan ana shunday masalalar xususida suhbatlashdik.

– Markaziy Osiyo o‘tmishda dunyoviy sivilizatsiyalar tutashgan muhim chorrahalardan biri bo‘lish bilan birga, o‘zi ham tamaddun yaratgan mintaqa hisoblangan. Xususan, bu zaminda dunyoga kelgan Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Iroq, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi ulug‘ olimlarning aniq va tabiiy fanlar, jumladan, matematika ilmi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgani butun dunyoda ma’lum va mashhur. Biroq keyingi asrlarda o‘lkamizda ish boshqacha tus olib, ilm-fan, jumladan, matematika ham turg‘unlikka yuz tutdi. Sizningcha, bunga nima sabab bo‘lgan? Umuman, ilm-fan taraqqiyoti bardavomligining kafolati nimada?

– Fikringizda jon bor. Insoniyatning uzoq tarixi davomida rivojlanish o‘choqlari u yerdan bu yerga ko‘chib yurgan. Bizda ham Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida misli ko‘rilmagan rivojlanish bo‘lgan. Afsuski, keyinchalik uyg‘onish Yevropaga ko‘chdi. Buning juda ko‘p sabablari bor. Ulardan biri dengiz yo‘lining ochilishi bilan bog‘liq. Yangi yo‘l Yevropa davlatlariga iqtisodiy o‘sish imkonini berdi, shunga qarab ilm-fan ham rivojlana bordi. Mintaqamizda esa XVI-XVIII asrlarga kelib aniq fanlar mutlaqo chetga surildi, desak ham bo‘ladi.

Bu holat XX asr avvalida, aniqrog‘i, jadidlarning ma’rifatparvarlik harakati boshlanishi bilan barham topa bordi. Aynan shu davrda O‘zbekistonning keyingi ilm-fan yutuqlariga poydevor qo‘yildi.

Ochig‘i, sobiq tuzum davrida ham O‘zbekiston matematika bo‘yicha peshqadamlardan bo‘lgan. Ammo bizning fidoyi olimlarimizning bu sohada erishgan barcha ijobiy natijalari “qizil imperiya” nomidan e’lon qilingan. O‘sha davrlarda respublikamizda Toshmuhammad Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov kabi yirik olimlar yetishib chiqdi va o‘z maktabini yaratdi. Biz istiqlol davrining dastlabki o‘n yilliklarida ham ma’lum inqiroz bosqichini boshdan o‘tkazdik.

Prezidentimizning aniq fanlarni rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlari endi yangi davrni boshlab berdi. Vazifamiz – ana shu jarayonni zamon talabi darajasida davom ettirish. Bu yo‘lda bizga yangi-yangi g‘oyalar, yo‘nalishlar va bilimga chanqoq yoshlar kerak bo‘ladi.

Bugun yurtimizda yosh iste’dodlar uchun katta imkoniyatlar yaratildi. Ana shu imkoniyatlarni yuzaga chiqarish yo‘lida Yurtboshimiz: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”, degan maqsadni ilgari surdi.

Mana endi savolning ikkinchi qismiga javob bersa bo‘ladi. Ilm-fan rivojining davomiyligi juda ko‘p narsaga, avvalo, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga va mintaqaning iqtisodiy barqarorligiga ham bog‘liq. Agar davlat barqaror bo‘lmasa ilm-fanga mablag‘ ajratish ham qiyin kechadi.

Qolaversa, ta’lim tizimini rivojlantirish ham katta ahamiyatga ega. Tizim to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, iste’dodli olimlar yaxshi shogird, yetuk mutaxassis yetishtiradi. Muhimi, bugun davlatimiz tomonidan matematika sohasi tizimini yaxshilashga katta e’tibor qaratilmoqda.

– Abror aka, siz 25 yoshda fan nomzodi, 31 yoshda fan doktori ilmiy darajasiga erishgan ekansiz. Qolaversa, ilmiy faoliyatingiz mintaqamizda, turkiy dunyo va xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilgan. Matematika sohasiga qadam qo‘yganingizga ham qariyb yigirma yil bo‘libdi. Shu davr mobaynida yuz bergan o‘zgarishlar faoliyatingizga qanday ta’sir qildi? Sizningcha, yosh matematik olim uchun qanday sharoitlar kerak?

– O‘zbekiston Milliy universitetining yuqori bosqichida o‘qib yurganimda matematika bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qildim. Magistraturani tamomlab, ilmiy ishga qo‘l urgan paytimda chet elga chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘shanda xorijiy universitetlar bilan yurtimizdagi o‘quv yurtlaridagi sharoitni taqqoslab, o‘rtadagi farqdan hayratga tushgan edim. “Biz ham qachondir shunday imkoniyatlarga ega bo‘larmikinmiz”, degan xayollar bilan yurtga qaytganman. Bu – 2007-yildagi gaplar.

Hozir biz ham hech uyalmasdan, tortinmasdan ilmiy ishlarimizni dunyoga olib chiqyapmiz. Xorijlik olimlar ham katta qiziqish bilan yurtimizga kelib, tajriba almashyapti, bizdan o‘rganyapti va sharoitlarimizga havas qilyapti.

Sharoitda gap ko‘p. Aslida hamma olim uchun har xil sharoit kerak bo‘ladi. Bu borada matematiklarning “injiqligi” ancha yengil kechadi: shinam xona, moddiy-texnik baza, doska va bo‘r, qog‘oz va qalam hamda oilasini ta’minlashga yetadigan maosh bo‘lsa kifoya. Avvallari bunday sharoit, ayniqsa, yetarli maosh yo‘q edi. Ilm qilaman degan yoshlar kamida ikkita joyda ishlashga majbur bo‘lardi. Oqibatda ilm-fandan chalg‘ib, fikr bo‘linib ketar, ko‘pchiligi o‘zini pultopar sohalarga urishga majbur edi. Matematikada, umuman, aniq fanlarda fikr chalg‘isa yoki boshlangan g‘oya qaysidir joyida chala qolsa, kelgan joyidan davom ettirish juda qiyin bo‘ladi. Jarayonni yana boshidan boshlashga to‘g‘ri keladi.

Mana, hozirgi kunda olim bo‘laman degan har bir yoshga barcha sharoit muhayyo qilingan. Oilasining moddiy ta’minotidan ham g‘am chekmaydi. Taniqli shoir Shavkat Rahmon satri bilan aytganda, “Endi ishlash kerak bu kengliklarda”. Chunki ishlamaslikka bahona yo‘q.

– Ilmiy ish mavzusidan uzoqlashmagan holda yana bir savol bermoqchiman. Siz noassotsiativ algebralar va ularning deformatsiyalari bo‘yicha tadqiqot olib borgan ekansiz. Nomidanoq murakkab yo‘nalish ekani ko‘rinib turibdi. 

– Biz ayni paytda noassotsiativ algebralar, ularning tasniflari, deformatsiyalari va boshqa xossalarini o‘rganyapmiz. Doktorlik ilmiy ishim ularning turlaridan biri bo‘lgan Leybnits super algebralari, ularning tasniflari va deformatsiyalari haqida. Bu algebralar aslida matematika faniga fizikadan kirib kelgan. Fizikaning ko‘plab masalalari Li algebralari bilan bevosita bog‘liq.

Li algebralari o‘tgan asrning o‘rtalarida rivojlana boshlagan. Keyinchalik fundamental matematikaning taraqqiyoti natijasida Li algebralarining bir qancha umumlashmalari paydo bo‘lgan. Biz o‘rgangan Leybnits algebralari ham Li algebralarining umumlashmalari hisoblanadi. Ularni tasniflash qaysidir ma’noda fizika sohasidagi tegishli jarayonlarni tasniflashga teng kuchli hisoblanadi.  

– Shu o‘rinda matematikaning hayotdagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tsangiz.

– Matematika birinchi navbatda insonni mantiqiy fikrlashga o‘rgatadi. Bu fan shunchaki qo‘shib-ayirishdan iborat emas, matematika – falsafiy fikrlashni rivojlantirish, biror-bir masalaga – xoh u hayotiy bo‘lsin, xoh ilm-fanga taalluqli bo‘lsin, mantiqiy ketma-ketlikda to‘g‘ri yechim topish deganidir.

Tadqiqotlar isbot etganki, maktabda matematikani yaxshi o‘rgangan bola keyinchalik boshqa sohalarda bemalol o‘z o‘rnini topa oladi.

Hozirgi kunda fundamental matematikadagi ilmiy natijalarning tatbiqlari haqida gapiradigan bo‘lsak, juda ko‘plab matematik apparatlar, tushunchalar, fizika-kimyo va biologiya masalalaridan kelib chiqqan. Ana shu biologik masalalarning matematik modellari yaratilgan. Uzoqqa bormasdan, yaqin o‘tmishda yurtimizda yuz bergan pandemiyani olaylik. Institutimiz laboratoriyasida matematik modellashtirish natijasida ana shu xavfli kasallikning tarqalish tezligi, oqibatlari haqida ilmiy bashoratlar tayyorlandi. Bu esa pandemiyaning mohiyatini to‘laroq tasavvur qilish va unga qarshi samarali kurash olib borishda qo‘l keldi, deyish mumkin.

– Institutingizda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar va erishilayotgan natijalar haqida ham to‘xtalsangiz.

– Bizda yettita laboratoriyada bevosita ilmiy izlanishlar olib boriladi. Bundan tashqari, metodik yo‘nalishdagi laboratoriyalar ham mavjud. Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan matematika ta’limiga ixtisoslashgan maxsus laboratoriya ham ochilgan. Viloyatlarda beshta bo‘linmamiz faoliyat yurityapti.

Biz asosan algebra, funksional analiz, differensial tenglamalar, matematika-fizika tenglamalari, ehtimollar nazariyasi, dinamik sistemalar yoki nochiziqli tenglamalar tizimi kabi fundamental yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib boramiz. 

Bundan tashqari, bitta laboratoriyamiz bevosita amaliyotga tatbiq qilinadigan tibbiyotga oid masalalar bilan shug‘ullanadi. Olimlarimiz bu borada kimyo va tibbiyot sohalariga ixtisoslashgan institutlar bilan hamkorlikda samarali ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

– Maktablarda, oliy o‘quv yurtlarida matematika fanining o‘qitilishidan sizning ko‘nglingiz to‘ladimi? Darslik va o‘quv qo‘llanmalarning saviyasi, professor-o‘qituvchilarning bilimi va tajribasi haqida qanday fikrdasiz?

– Bu juda og‘riqli savol. Chunki bizda shunday davr bo‘ldiki, ancha narsalarni boy berdik. Ayniqsa, malakali kadrlarni… Keyingi vaqtlarda maktablarda ta’lim sifati qanday, darsliklar yetarlimi, degan masalalar juda ko‘p ko‘tarilyapti.

Avvalo, bolalarga yaxshi bilim berish bevosita o‘qituvchiga bog‘liq. Shuning uchun ta’lim sifatini yaxshilash o‘quv qo‘llanmalaridan ham ko‘ra ko‘proq o‘qituvchi-mutaxassislarning saviyasini oshirishga bog‘liq. Yurtimizga malakali va fidoyi matematika o‘qituvchilari ko‘proq kerak. Bu masalada haqiqatan ham juda oqsayapmiz.

To‘g‘ri, hozir oliy ma’lumotli mutaxassislar soni yildan yilga ortib bormoqda, ammo sifat ko‘ngildagidek emas. Chunki maktabda yaxshi o‘qimagan o‘quvchi ertaga oliy o‘quv yurtida ham loqaydlik va e’tiborsizlik bilan tahsil oladi. U maktabda ham saviyasizlik bilan dars beradi. Mana, gap nimada… Uzviy bog‘lanadigan zanjirni boshidan to‘g‘ri yo‘naltirish lozim. Bu jarayon iziga tushishi uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi, deb o‘ylayman.

To‘g‘risi, matematikaga oid darsliklarning saviyasi ham ko‘ngildagidek emas. Sababi, darslik zo‘r bo‘lishi uchun uni yozadigan, sinovdan o‘tkazib, kamchiliklarini ko‘rsatib beradigan bilimdon, tajribali o‘qituvchilar kerak. Ular metodik jihatdan to‘g‘ri, izchil yozishi, uni malakali sinovdan o‘tkazishi lozim bo‘ladi. O‘quvchilar yangi darslikni qanday qabul qilayotgani, o‘qituvchi qanday dars o‘tayotganini obdon o‘rganish va zarur xulosalar chiqarish lozim.

Shu o‘rinda yana bir muammoli masalani aytib o‘tishim mumkin. Masalan, bir darslik uslubida qandaydir kamchilik aniqlandi deylik. “Bo‘ldi, uni chekkaga olib qo‘yinglar-da, yangisini tayyorlanglar” degan topshiriq bo‘ladi. Bu juda noto‘g‘ri yo‘l, chunki yangi darslik tayyorlansa, o‘z-o‘zidan unda ham kamchiliklar bo‘ladi. Keyin yana yangi darslik yoziladi, unda ham kamchilik bo‘lsa, yana qaytadan qo‘llanma tayyorlanadi. Shuning uchun darslik yozishga yondashuvni o‘zgartirish, bunday mas’uliyatli vazifani puxta yo‘lga qo‘yish kerak. Undan foydalangan o‘qituvchi kamchiliklari bo‘lsa aniqlab,   o‘zgartirishlar kiritishi lozim. Ana shunda, ma’lum vaqt o‘tgandan so‘ng, mukammal darslik paydo bo‘lishi mumkin.

Fikrimcha, maktablarda matematika fani bo‘yicha bitta emas, bir nechta darsliklar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish lozim. Masalan, o‘rta maktablarda bir nechta qo‘llanmadan foydalanish orqali ularning eng yaxshisini tanlab olish yoki barcha darsliklarning eng afzal xususiyatlarini jamlab, yagona qo‘llanma yaratish mumkin.

– Keyingi vaqtlarda yurtimizda Muhammad Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va uning filiallari ochilgani, fan olimpiadalarining saviyasi va sifati oshirilgani o‘z natijasini bermoqda. Siz yoshlar orasida matematika fanini ommalashtirish uchun yana nimalarga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaysiz?

– Chindan ham, bunday maktablarning tashkil etilishi iste’dodli yoshlarni kashf qilish va ularni tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Iqtidorli bolalar uchun maxsus maktablar qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi. Chunki u yerdan kelajakda yaxshi olimlar, mutaxassislar yetishib chiqadi. Fan olimpiadalarida erishilayotgan ijobiy natijalar soni ortib borayotgani ham ana shu e’tiborning samarasidir.

Yoshlarimiz orasida matematika fanini ommalashtirish uchun eng ommabop muloqot vositasi hisoblangan ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan ham unumli foydalanish lozim. Turli ilmiy suhbatlar, qiziqarli boshqotirmalar, yutuqli tanlovlar o‘tkazish orqali yoshlarni matematikaga kengroq jalb qilish mumkin. Masalan, o‘zim yoshlarni ilmga tortish maqsadida ikki yildan buyon Milliy universitetda maxsus guruh tuzib, onlayn dars o‘taman. Ana shu darslarning video nusxalarini youtube tarmog‘idagi kanalimizga muntazam joylashtirib boramiz. Darslarimizda viloyatlarda istiqomat qiladigan o‘quvchilar ham onlayn ishtirok etmoqda.

– Siz nufuzli xalqaro ilmiy kongresslar va anjumanlarda ko‘p ishtirok etgansiz. Bunday davralarda Yangi O‘zbekiston ilm-fani, yurtimizda amalga oshirilayotgan izlanish va tadqiqotlar chet ellik olimlar tomonidan qanday baholanmoqda?

– Oxirgi safarim Portugaliyaga bo‘ldi. U yerda Yevropa davlatlaridan kelgan juda ko‘p olimlar bilan hamsuhbat bo‘ldim. Ular o‘zbekistonlik olimlarning ilmiy izlanishlari, tadqiqotlaridan boxabar ekanini, hayrat-u havaslarini yashirmay aytib berishdi. Ya’ni, hozirgi paytda O‘zbekiston ilm-fanining dunyodagi mavqeyi ancha ko‘tarilgan. Albatta, bundan faxrlansak arziydi. Lekin erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, yanayam ko‘p izlanishimiz va tadqiqotlar olib borishimiz kerak, deb o‘ylayman.

– Xo‘sh, o‘zbek yoshlari orasidan ham Grigoriy Perelman, Peter Sholse singari matematika daholari yetishib chiqishi uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?

– Avvalo, yoshlarimiz maktabdan matematikani sevib o‘qishlari va universitetda ham yaxshi bilim olishlari lozim. Bundan tashqari, matematika fanining xalqaro darajadagi eng katta muammo va masalalari bilan shug‘ullanadigan iste’dodli yosh olimlarni tarbiyalashimiz zarur. Yoshlarimiz olamshumul ilmiy masalalar bilan shug‘ullanadigan olim bo‘lish uchun o‘qib-izlanishdan bir zum ham to‘xtamasligi, xalqaro maydonga chiqishi talab qilinadi. Xorijdagi nufuzli universitetlarda taniqli professorlardan ta’lim olib, ular bilan g‘oya almashishning ahamiyati juda katta. Bugun chet davlatlarda magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida o‘qiyotgan umidli o‘g‘il-qizlarimiz anchagina. Kelajakda ularning orasidan katta olimlar chiqishiga umid qilib qolamiz.

– Biz ham yurtimiz nomini sharaflaydigan, buyuk bobolarimizga munosib allomalar voyaga yetishidan umidvormiz. Sizning timsolingizda barcha tadqiqotchi olimlarimizga og‘ir va manfaatli izlanishlarida baraka va unum tilab qolamiz.

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 27-iyundagi 26-sonida


OG‘RIQ NUQTA

Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]

17.11.2026 | 14:24

img144

ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img233

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img717