07.10.2026 | 17:37
245
FARGʻONA MADANIYAT VODIYSIDA, RELSLAR UZRA AL-FARGʻONIY BILAN BIR RIHLAT
Fargʻoniydan Fuat Sezgingacha bir umr daftari

Relslar uzra kechgan o‘ylar
Baʼzi sayohatlar biror manzilga yetib borish uchun amalga oshiriladi. Baʼzilari esa yetib borgan manzilimizdan koʻra, yoʻlda kimlarni va nimalarni esga olganimiz uchun maʼno kasb etadi. Turkiyadan Oʻzbekistonga qilgan mazkur sayohatim baʼzi joylarda men uchun aynan ikkinchi turdagi safarga aylandi.
Anqaradan Toshkentga tomon uzangan havo yoʻlidan soʻng turkiy dunyoning 2026-yilgi madaniyat poytaxti Andijon tomon poyezdda yoʻl olar ekanmiz, oldimizda besh-olti soatlik temir yoʻl safari turardi. Ammo koʻp oʻtmay angladimki, bu safarning haqiqiy uzunligi kilometrlar bilan oʻlchanmas edi.
Zero, poyezd ilgarilagan sayin faqat makon emas, vaqt ham ortga tomon ochilardi. Toshkent ortda qolib borar ekan, bir tomondan bugungi Oʻzbekistonni tomosha qilar, boshqa tomondan esa Movarounnahr va Turkistonning buyuk ilm havzasini oʻylardim.
Relslar bizni Andijonga olib borar ekan, xayolim boshqa bekatlarda toʻxtab qolardi: Fargʻoniyda…, Saididdin Fargʻoniyda…, Sayfi Fargʻoniyda…, Qoʻqon shoirlarida… va nihoyat, ustozimiz Fuat Sezginda…
Goʻyo poyezdning har bir vagonida boshqa-boshqa asrlar safar qilardi.
Bir madaniyatdan madaniyatning asl manbaiga sayohat
Mazkur madaniyat poytaxtini koʻrish uchun chiqqan yoʻlimiz bizni Fargʻona vodiysining ichidan oʻtkazardi. Yaʼni zamonaviy bir turkiy dunyo madaniyat anjumaniga yetib borar ekanmiz, turkiy-islom madaniyatining eng qadimiy ilm havzalaridan birining ichidan oʻtmoqda edik. Shu bois sayohat hali Andijonga yetib bormasidan boshlangan edi. Balki sayohatning oʻzi bizga bir narsani aytmoqchi edi: madaniyat poytaxtiga faqat yetib borilmaydi; unga madaniyat va tamaddun tarixidan oʻtib yetib boriladi.
Poyezd derazasidan tashqariga qarab turganimda, zehnimda qadimiy bir tushuncha aylanardi: rihlat. Arabchada “rahl” oʻzagidan kelgan bu soʻz yoʻlga chiqishni, sayohat qilishni anglatadi. Islom ilm anʼanasida esa u ancha teranroq maʼno kasb etgan. Xususan, hadis ilmida er-rihla fi talabi-l-hadis (yoki er-rihla fi talabi-l-ilm) — bir hadisni uning manbaidan eshitish, roviysini koʻrish, rivoyatning sahihligini tekshirish va bilimga bevosita erishish uchun amalga oshiriladigan ilm safarining nomi boʻlib qolgan.
Baʼzan bir muhaddis yagona bir rivoyat uchun kunlab, haftalab yoʻl yurardi. Boshqa bir olim esa bir ustozni koʻrish uchun shaharni oʻzgartirardi.
Bir tolibi ilm oʻz yurtida kitobni topgan boʻlsa-da, oʻsha kitobni yozgan yoki rivoyat qilgan kishiga yetib borish uchun boshqa diyorlarga yoʻl olar edi. Chunki u dunyoda bilimning faqat matni emas, uzviyligi ham muhim edi. Faqat “nima deyilgani” emas, “kimdan olingani” ham ahamiyatga molik edi. Rihla dastlab, eng ko‘p hadis ilmi bilan bogʻliq texnik bir tushuncha boʻlsa-da, ilm safari amaliyoti vaqt oʻtishi bilan turli fanlarni qamrab olgan ulkan taʼlimiy harakatchanlikka aylandi. Movarounnahrdan Bagʻdodga, Andalusdan Hijozga, Xurosondan Shom va Qohiraga choʻzilgan ilm yoʻllari islom madaniyatini bir-biriga bogʻlagan koʻzga koʻrinmas tarmoq hosil qildi. Bugun bu haqda oʻylar ekanman, oʻzimga shu savolni beraman: bizning davrimizning rihlasi nima?
Samolyotda Anqaradan Toshkentga bir necha soatda yetib boramiz. Poyezdga minib, togʻlarni tunnellar orqali oshib, bir kunda Andijonga yeta olamiz. Telefonimizda dunyo kutubxonalarini olib yuramiz. Bir qoʻlyozmaning raqamli nusxasini Istanbuldan, Frankfurtdan, Leydendan yoki Londondan bir necha soniya ichida ochamiz. Demak, sayohat hamon zarurmikin? Men zarur deb bilaman. Zero, bilimga erishish bilan bilimni idrok etish bir xil narsa emas.
Google Earth bizga Fargʻonani koʻrsata oladi. Ammo Fargʻonaning ichidan oʻtkazmaydi. Bir ensiklopediya bizga Andijonni hikoya qila oladi. Ammo Andijonning tongini boshdan kechirtira olmaydi. Bir tarjimai hol Boburning shu yerda tugʻilganini aytadi. Ammo Bobur tugʻilgan geografiyaning togʻlarini inson oʻz koʻzi bilan koʻrganda jumla boshqacha maʼno kasb etadi. Fargʻoniyning nisbasi qayerdan kelganini kitobdan oʻqish boshqa, Fargʻona vodiysidan oʻtayotganda uning nomini eslash esa boshqa bir bilimdir.
Mana shuni men oʻz davrimizning yangi rihla fi talabi-l-ilmi deb atayman. Bilimni kitobda qoldirmaslik; uni oʻz joyida koʻrish, uning xalqi bilan suhbatlashish, geografiyasini oʻqish, muzeyiga kirish, kutubxonasiga nazar solish, qabrini ziyorat qilish, asar yozilgan dunyoni anglashga intilish…
Qadimgi rihlaning ulovi tuya yoki ot edi. Biznikisi esa — samolyot va poyezd. Ammo asl masala ulov emas. Yoʻlda boʻlish irodasidir. Axir tafakkur va ilm hamisha yoʻlda boʻlish holati emasmi?
Poyezd derazasi bir kitob sahifasiga aylanganda
Toshkentdan chiqqanimdan soʻng geografiyaning asta-sekin oʻzgarishini kuzatdim. Relslarning ikki tomonida choʻzilgan yer, togʻlar, aholi manzilgohlari, dalalar…Biroz vaqt oʻtgach, inson faqat manzaraga qarashni toʻxtatadi. U manzarani oʻqiy boshlaydi.
Fargʻona vodiysi — shimolida Tyanshan togʻlarining davomi, janubida esa Oloy va Turkiston tizma togʻlari joylashgan; taxminan 300 kilometr uzunlikdagi, tarix davomida zich aholi joylashuvi, dehqonchilik, savdo va madaniy almashinuvga guvoh boʻlgan ulkan havzadir. Sirdaryo va uning irmoqlari hayot baxsh etgan ushbu vodiy faqat Oʻzbekistonga tegishli emas; bugungi Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston chegaralaridan oshib oʻtadigan umumiy bir geografiyadir. Balki aynan shu bois Fargʻona bizga chegara tushunchasining tarix davomidagi oʻzgaruvchanligini eslatadi. Bugungi siyosiy chegaralar qatʼiydir. Ammo madaniyat geografiyalarining chegaralari unchalik qatʼiy emas.
Bir olim Fargʻonada tugʻiladi, Samarqandda dars beradi, Bagʻdodga boradi, Qohirada ishlaydi, kitobi Toledoda lotin tiliga tarjima qilinadi, Florensiyada bir shoirning qoʻliga yetib boradi. Uning hayotini bugungi davlat chegaralariga koʻra oʻqishga urinsak, nuqsonli tushunamiz. Madaniyat chegaralarning ichidan emas, yoʻllarning ustidan oʻqiladi.
Fargʻona vodiy emas, ilm havzasidir
Islom geograflari Fargʻona haqida faqat unumdor qishloq xoʻjaligi mintaqasi sifatida soʻz yuritmaydilar. X asrdan boshlab uning shaharlari, yirik qishloqlari, savdo yoʻllari, taʼlim markazlari va diniy hayoti bilan rivojlangan bir viloyat koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Hanafiylik mazkur mintaqada kuchli oʻrnashganligi, koʻplab muhaddis, faqih, munajjim (astronom), shoir va ilm ahlining Fargʻona nisbasi bilan tanilgani maʼlum. Manbalar oʻrta asrlarda ushbu mintaqadan munajjimlar, tarixchilar, muhaddislar va boshqa ilm ahli yetishib chiqqanini ochiq qayd etadi. Poyezd ilgarilayotganda men xuddi shu haqda oʻylardim: bir geografiya qanday qilib faqat bugʻdoy, paxta, meva va ipak yetishtirmasdan, olimlar ham yetishtiradi?
Tuproqning unumdorligini suv bilan izohlashimiz mumkin. Xoʻsh, zehnning unumdorligini nima bilan izohlaymiz? Shahar bilan, yoʻl bilan. Kitob bilan. Ustoz-shogird munosabati bilan. Savdo va turli madaniyatlarning toʻqnashuvi bilan. Qiziquvchanlik va siyosiy homiylik bilan. Til almashinuvi bilan. Va, ehtimol, bularning barchasidan ustun: ilmga berilgan qadr bilan.
Bir madaniyat buyuk olimlarini tasodifan yetishtirmaydi. Bir kishining daxosi individualdir. Ammo yuzlab olimning ketma-ket yetishib chiqishi endi individual emas. U yerda bir tamaddun ekotizimi mavjud. Fargʻona ham xuddi shunday ekotizim edi.
Poyezd Fargʻona vodiysiga kirayotganda esga tushgan ilk ism: al-Fargʻoniy
Fargʻona vodiysidan oʻtayotganda, shubhasiz, esga tushgan ilk ismlardan biri — nisbasini bevosita shu geografiyadan olgan buyuk munajjim va matematik: Abu-l-Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy boʻldi. Yevropa uni boshqa bir nom bilan tanidi: Alfraganus. Gʻarb tillaridagi mazkur nom, aslida, uning Fargʻonaga nisbatini tashuvchi “al-Fargʻoniy”ning lotinlashgan shaklidan boshqa narsa emas. Bu yerda inson ixtiyorsiz toʻxtab oʻylaydi: bir vodiy qanday qilib bir insonning nomiga aylanadi? Va bir inson tugʻilgan yoki nisbat berilgan vodiyning nomini dunyoning u chekkasigacha qanday olib boradi?
Fargʻoniyning hayotiga oid maʼlumotlarimiz cheklangan. Aniq tugʻilgan shahri maʼlum emas; klassik manbalarda uning nasab zanjiri ham turlicha keltiriladi. Ishonchli tarzda ayta oladiganimiz shuki, u IX asrda yashagan, Abbosiylar davridagi yetakchi munajjim va matematiklardan boʻlgan hamda Fargʻona nisbasini tashigan bir ilm ahli ekanidir. Maʼmundan Mutavakkilgacha choʻzilgan Abbosiylar davrida faoliyat yuritgani va davlat xizmatida muhandislik ishlari bilan ham shugʻullanganligi maʼlum. Shu nuqtada ustozimiz Fuat Sezginning ilm tarixiga munosabatini eslash lozim. Oʻtmishimizni sevish — oʻtmishimizga afsona qoʻshish degani emas. Aksincha: madaniyatimizga nisbatan hurmatning birinchi sharti uning tarixini haqqoniy tarzda yozishdir. Fargʻoniy oʻz haqiqati bilan allaqachon buyukdir. Uni ulugʻlash uchun uning hayotiga noaniq tafsilotlar qoʻshishga ehtiyojimiz yoʻq.
Fargʻonadan Bagʻdodga birinchi buyuk rihla
Al-Fargʻoniyning Fargʻonadan qachon va qaysi yoʻnalish bilan ketganini bilmaymiz. Ammo tarix sahnasida uni Abbosiylar dunyosining buyuk ilmiy harakati ichida koʻramiz. Mana shu yerda Fargʻoniyning shaxsiy tarixi bilan “rihla fi talabi-l-ilm” oʻrtasida goʻzal bir parallellik yuzaga chiqadi.
Bugun men Anqaradan Toshkentga, Toshkentdan Andijonga ilm, madaniyat va adabiyot vajidan bormoqdaman. Taxminan oʻn ikki asr muqaddam esa ushbu geografiyaning bir farzandi Gʻarbga tomon harakatlangan. Fargʻonadan Abbosiylar markazlariga… Bagʻdodga… Keyinroq Misrga…
Oralaridagi masofalar bir xil emas. Yoʻl imkoniyatlari ham mutlaqo boshqacha. Ammo inson zehnini harakatga keltirgan sabab tanish: bilim bor joyga borish.
Fargʻoniyning tarixining birinchi buyuk maʼnosi aynan shudir. U faqat munajjim emas. Shu bilan birga, Turkiston bilan Abbosiylar ilm dunyosi oʻrtasidagi inson harakatchanligining vakilidir.
Bayt ul-Hikmadan ham buyukroq narsa – bir bilim ekotizimi
Maʼmun davri deyilganda, zehnimizda darhol Bayt ul-Hikma paydo boʻladi. Tarjimalar… Kutubxonalar… Munajjimlar… Matematiklar… Yunoncha asarlar… Hind hisob anʼanasi… Turon madaniyati va Eron ilmiy boyligi… Bagʻdod…
Fargʻoniyni bevosita zamonaviy maʼnodagi “Bayt ul-Hikma xodimi” sifatida koʻrsatishda ehtiyotkor boʻlish lozim. Ammo uning Maʼmun davrida shakllangan ulkan Abbosiy ilm muhitining ichida boʻlganiga shubha yoʻq. Bu yerda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan asosiy jihat muassasaning nomidan koʻra, dunyoqarashdir. Oʻsha dunyoqarash nima qilardi? Boshqasining kitobini tarjima qilardi. Ammo unga koʻr-koʻrona taslim boʻlmasdi. Batlomiusni oʻqirdi, lekin qaytadan kuzatuv olib borardi. Evklidni bilardi, ammo matematik masalalarni qayta qurardi. Hind astronomiyasini bilardi, biroq uni yunon astronomiyasi bilan qiyoslardi. Shu bois islom ilm tarixini faqat “tarjima harakati” tarzida hikoya qilish notoʻgʻridir. Asl buyuk oʻzgarish: tarjimadan tadqiqqa oʻtishdir.
Bir madaniyat boshqa bir madaniyatdan bilim olganda toptalmaydi. Taqlid qilganda zavol topadi. Olganini sinasa, rivojlantirsa, qayta ishlab chiqarsa, boshqasiga uzatsa — madaniyatga aylanadi. Fargʻoniy aynan ushbu zanjirning ichidadir.
Dunyoni oʻlchash
Maʼmun davridagi eng taʼsirli ilmiy faoliyatlardan biri — Yerning kattaligini aniqlash uchun amalga oshirilgan meridian oʻlchovlaridir.
Fargʻoniyning ushbu oʻlchov hayʼatining bevosita aʼzosi boʻlgan-boʻlmaganligi xususida barcha manbalar bir xil aniqlikka ega emas. Shu bois bu yerda ehtiyotkorlik lozim. Ammo bilgan muhim bir jihatimiz bor: Fargʻoniy oʻzining astronomiya asarida Maʼmun davridagi oʻlchovlardan kelib chiqqan qiymatlarni keltiradi. Mana shu yerda insonni hayratga soladigan bir fikr yuzaga chiqadi: IX asrda ilm ahli osmonga qarab, oʻzlari yashayotgan Yerning kattaligini hisoblashga urinishardi. Insonning oyogʻi tuproqda, koʻzi yulduzda, zehni matematikada. Osmon bir maʼnoda yer yuzining chizgʻichiga aylanadi. Shu bois Fargʻoniyning ilmida meni eng koʻp hayratga soladigan tushunchalardan biri — oʻlchovdir.
Yer oʻlchanadi. Osmon harakatlari oʻlchanadi. Vaqt oʻlchanadi. Burchak oʻlchanadi. Keyinroq Nil ham oʻlchanadi. Bu bizni ilmning mohiyatiga olib boradi, ya’ni taxminni aniq oʻlchov bilan almashtirishga.
Fargʻoniyning buyuk kitobi
Fargʻoniyning ilm tarixidagi buyuk shuhrati asosan “Javomiʼ ilm an-nujum va usul al-harakat as-samaviya” nomli asariga tayanadi.
Ushbu asar Batlomiusning “Almagest” anʼanasini tizimli tarzda xulosalaydi. Ammo “xulosa” soʻzini kamsituvchi maʼnoda qoʻllash notoʻgʻri boʻladi. Chunki baʼzan bilim tarixidagi eng buyuk yutuq — koʻproq maʼlumot qoʻshish emas; murakkab bilimni toʻgʻri, tizimli va oʻrgatiladigan shaklga keltirishdir.
Fargʻoniy aynan shunga erishdi. Oʻttiz bobdan iborat asarida taqvimlardan Yerning tuzilishigacha, osmon harakatlaridan iqlim mintaqalarigacha, Quyosh va Oydan sayyoralargacha, tutilishlardan osmon jismlarining uzoqligigacha keng qamrovli astronomik tizim yaratdi. Batlomius tizimini yanada tushunarli tarzda bayon qildi; baʼzi oʻrinlarda oʻz davrining astronomik maʼlumotlaridan foydalandi va Batlomiusga qarshi baʼzi eʼtirozlarni ham ilgari surdi.
Fargʻoniy daxosining muhim qismi aynan mana shu yerda yotadi. U bir maʼnoda bilim meʼmoridir. Bilimni faqat ishlab chiqarishning oʻzi yetarli emas. Uni tartibga solish, tasniflash, oʻrgatish kerak. Keyingi avlod foydalana oladigan shaklga solish kerak. Bugungi universitetlarimiz uchun ham bu katta darsdir: chuqur boʻlish bilan tushunarsiz boʻlish bir xil narsa emas. Bir ilm ahlining buyukligi bilganini murakkablashtirishda emas, murakkablikning ichidagi nizomni koʻrsata olishida ham namoyon boʻladi.
Usturlob: osmonning bir asbobga aylanishi
Fargʻoniyning usturlob haqida yozgan asari nazariya bilan asbob oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatadi. Usturlob faqat qadimgi astronomiya asbobi emas. U bir madaniyat tasavvurining metall ustiga chizilgan shaklidir. Osmonning geometriyasi kaftga sigʻdirilgan. Yulduz balandligi, vaqt, yoʻnalish, astronomik hisob-kitoblar kichik bir asbob ustida oʻqiladigan holga keltirilgan.
Fargʻoniyning usturlob yasashning matematik asoslariga oid asari bizgacha yetib kelgan; zamonaviy ilm tarixchilari tomonidan tanqidiy nashr etilgan. Ustozimiz Fuat Sezginning tarixiy ilm asboblarini qayta yasattirishdagi qatʼiyatini biz shu yerda yaxshiroq anglaymiz. Zero, ilm faqat kitob emas. Bilim baʼzan jismlashadi. Bir usturlob, bir kuzatuv asbobi, bir globus, bir suv soati, bir xarita… bularning barchasi kitoblarning uchinchi oʻlcham kasb etgan shaklidir.
Nilning oʻrtasida Fargʻona
Soʻngra Fargʻoniyning yoʻli Misrga choʻziladi. Fustotga… Nilga…
Mutavakkil davrida Nilning sathini oʻlchash maqsadida Ravza orolidagi buyuk Nilometr bilan bogʻliq muhandislik faoliyatida uning nomi koʻz oʻngimizda paydo boʻladi. Manbalar mazkur inshootning hijriy 247/milodiy 861-yilda yakunlangan bosqichini Fargʻoniyning masʼuliyati bilan bogʻlaydi.
Fargʻona vodiysida uni oʻylar ekanman, zehnimda hosil boʻlgan eng goʻzal manzaralardan biri shudir: Fargʻonaning farzandi Nilning suvini oʻlchamoqda.
Togʻlar bilan oʻralgan vodiydan chiqqan inson Afrikaning buyuk daryosining sathini hisoblamoqda. Osmonga qaragan munajjim suvga qaragan muhandisga aylanmoqda. Astronomiya — gidrologiyaga; matematika — dehqonchilikka; oʻlchov — iqtisodga daxl etmoqda.
Chunki Nilning sathi faqat ilmiy qiziqish emas edi. Nilning koʻtarilishi hosilni, hosil soliqni, soliq esa davlatning moliya nizomini aloqador qilardi.
Mana shu yerda islom ilm tarixining juda muhim bir xususiyati namoyon boʻladi: ilm hayotdan alohida qurilmagan. Osmonni anglash bilan inson hayotini yengillashtirish oʻrtasida uzilmas bir bogʻliqlik bor.
Saididdin Fargʻoniy: vodiydan tasavvufga ochilgan yoʻl
Fargʻonaning tafakkur dunyosidagi boshqa bir yoʻnalish — tasavvufdir. XIII asrda Fargʻona vodiysidagi Kosonda tugʻilgan Saididdin Fargʻoniy Sadriddin Qunaviy doirasi va akbariy tafakkur anʼanasi bilan bogʻliq muhim soʻfiy mualliflardan biriga aylandi. Bu yerda yana oʻsha tarixiy harakatni koʻramiz: Fargʻonada tugʻilish — u yerda qolish degani emas. Insonlar harakat qiladi. Gʻoyalar harakat qiladi. Matnlar harakat qiladi. Ustozlar va shogirdlar bir-birlariga yetib borishadi. Shu bois islom tafakkur tarixini shaharma-shahar bir-biridan ajralgan hujjatlar shaklida oʻqish menga borgan sari nuqsonli tuyulmoqda. Balki uni yoʻllar orqali oʻqishimiz kerak. Fargʻonadan Bagʻdodga borgan yoʻl… Buxorodan Makkaga borgan yoʻl… Samarqanddan Anadoluga choʻzilgan yoʻl… Xurosondan Qoʻnyoga kelgan yoʻl… Har bir yoʻl oʻz-oʻzicha bir tafakkur tarixidir.
Sayfi Fargʻoniy – Fargʻonadan Anadoluga bir shoir
Ushbu vodiyni oʻylar ekanman, yana bir ism koʻz oʻngimda paydo boʻladi: Sayfi Fargʻoniy. XIII asrning oʻrtalarida Fargʻona mintaqasida tugʻilgan deb tan olingan buyuk shoir, moʻgʻul istilolari tugʻdirgan parokandalik ichida vatanini tark etib, Tabriz orqali Anadoluga kelgan va Oqsaroyga joylashgan. Saʼdiy Sheroziy bilan yozishgan, uning sheʼriy dunyosi bilan aloqa bogʻlagan. Birdan Fargʻona bilan Anadolu oʻrtasida boshqa bir koʻprik quriladi. Men Anqaradan Fargʻonaga bormoqdaman. Yetti asr muqaddam esa Fargʻonadan Anadoluga bir shoir kelgan. Ushbu oʻzaro harakat turkiy-islom madaniyatining tarix davomida qanchalik keng bir aylanish maydoniga ega boʻlganini koʻrsatadi.
Balki bugun “turkiy dunyo” deb atayotgan narsamizni faqat davlatlararo muassasalar bilan emas, ushbu qadimiy yoʻllar orqali ham oʻqishimiz lozim. Chunki biz bir-birimizga yangidan uchrashmayapmiz. Biz bir-birimizni qayta eslayapmiz. Sayohat qilish orqali oʻzimizni, shaxsiyatimizni, borligimizni va bir-birimizni oʻrganyapmiz. Va shunday qilib, Anqaradan boshlangan sayohatimiz faqat shaxsiy bir safar boʻlishdan chiqadi. U tarixiy bir madaniyat va tamaddun aylanishining zamonaviy halqasiga aylanadi.
Fargʻonaning sheʼriyat yoʻli Qoʻqon
Vodiyning xotirasi ushbu ismlar bilan tugamaydi. Keyingi asrlarda Qoʻqon Fargʻonaning muhim siyosiy va adabiy markazlaridan biriga aylanadi. Ayniqsa, XIX asrda Qoʻqon saroyi atrofida diqqatga sazovor adabiy muhit vujudga kelgan; Umarxon bevosita shoir sifatida adabiy hayotni qoʻllab-quvvatlagan, koʻplab shoir va adiblar saroy atrofida toʻplangan. Nodira, Uvaysiy, keyinroq Muqimiy va Furqat kabi ismlar Fargʻona-Qoʻqon adabiy muhitining turli bosqichlarida koʻzga tashlanadi. Manbalar Qoʻqon adabiy muhitini kechki chigʻatoy adabiyotining yetakchi markazlaridan biri sifatida qayd etadi. Ushbu manzara Fargʻonani biror-bir buyuk shaxs bilan izohlab boʻlmasligini koʻrsatadi. Bu yerda: astronomiya bor, matematika bor, fiqh bor, tasavvuf bor, sheʼriyat bor, musiqa bor, davlatchilik tafakkuri bor, xotirot bor. Bir vodiyning ichiga deyarli butun bir tamaddun joylashgan.
Borishda eslash, qaytishda yangidan nazar
Sayohatning borishi va qaytishi hech qachon bir xil boʻlmaydi. Aynan oʻsha relslardan qaytasiz. Aynan oʻsha togʻlarni koʻrasiz. Balki aynan oʻsha bekatlarda toʻxtaysiz. Ammo aynan oʻsha inson boʻlib qaytmaysiz.
Andijonga borayotganimda Fargʻonani tarix kitoblaridan bilgan ismlar bilan oʻqirdim. Qaytishda esa endi ushbu ismlar yoniga koʻrgan odamlarim, eshitgan ovozlarim, qatnashgan yigʻinlarim, shaharda yurgan yoʻllarim, dasturxonlarim, suhbatlarim, yuzlarim qoʻshilgan edi. Mana sayohatning kitobga qoʻshgani shudir. Kitob bizga “nima” ni oʻrgatadi. Sayohat baʼzan “qanday” ni koʻrsatadi. Kitob tarix beradi. Sayohat masofa tuygʻusini beradi. Kitob shahar nomini beradi. Sayohat shaharning ovozini beradi. Kitob bir olimning nisbasini izohlaydi. Sayohat oʻsha nisbaning geografiyasini koʻz oʻngingizga keltiradi.
Shu bois qaytish yoʻlida Fargʻoniyni borishda oʻylagan Fargʻoniyimdan biroz boshqacharoq oʻyladim. Endi “al-Fargʻoniy” faqat kitoblarda oʻqigan nisba emas edi. U men ichidan oʻtgan bir geografiyaning nomi edi.
Fargʻoniy Yevropaga borayotganda
Fargʻoniyning asl hayratlanarli sayohati esa vafotidan asrlar keyin boshlandi. Uning “Javomiʼ” asari XII asrda lotin tiliga tarjima qilindi.
Ilk tarjimalardan biri taxminan 1135-yilda Johannes Hispalensis tomonidan amalga oshirildi. Soʻngra Gerardus Cremonensis tomonidan 1175 yildan avval ikkinchi bir lotincha tarjima qilindi. Fargʻoniy endi Alfraganus boʻlib qoldi. Johannesning tarjimasiga asoslangan lotincha matnlar keyinroq Ferrara, Nyurnberg va Parijda nashr etildi. Jacob Anatoli asarni ibroniychaga tarjima qildi; Jacob Christmann 1590-yilda Frankfurtda yangi bir lotincha nashrni yuzaga chiqardi; Jacobus Golius esa 1669-yilda Amsterdamda arabcha matnni uning yangi lotincha tarjimasi bilan birga nashr etdi. Bir kitobning yoʻnalishiga nazar solaman: Fargʻona… Bagʻdod… Andalus/Iberiya tarjima muhiti… Italiya… Germaniya… Gollandiya… Mana shu ham bir rihla emasmi? Insonlarning rihlasi boʻlganidek, kitoblarning ham rihlasi bor. Balki ilm tarixining muhim bir qismi — kitoblarning sayohat tarixidir.
Dante osmonga qarayotganida bir Fargʻonalikning kitobini oʻqirdi
Fargʻoniyning Yevropadagi taʼsirining eng maftunkor jihatlaridan biri — Dante. Uning mashhur asari — “Ilohiy komediya”. Dantening kosmologiyasining manbalari oʻrganilganda, Alfraganusning muhim oʻrin tutgani koʻrinadi. Gregg DeYoungning Fargʻoniy haqidagi tadqiqotida ham Paget Toynbeening 1895-yilgi klassik tadqiqoti Fargʻoniyning lotincha tarjimasining Dante va Yevropa ziyolilar hayotidagi taʼsirini koʻrsatuvchi asosiy ishlar qatorida qayd etiladi.
Buni Fargʻona vodiysidan oʻtayotgan poyezd ichida oʻylaganda, tarix butunlay boshqacha koʻrinadi. Fargʻonalik bir munajjim arabcha kitob yozadi. Kitob lotinchaga tarjima qilinadi. Italiyaga yetib boradi va Dante uni oʻqiydi. “Ilohiy komediya” da undan bahs yuritadi. Soʻngra oʻrta asrning buyuk sheʼriy kosmosi barpo etiladi. Fargʻoniy Danteni tanimadi. Dante Fargʻonani koʻrmadi. Ammo kitob ularning uchrashuv joyi edi. Ilm bilan adabiyot oʻrtasidagi munosabat baʼzan shunday boʻladi. Ilm osmonning tartibini bayon etadi. Sheʼriyat esa oʻsha osmon ostida insonning maʼnosini soʻraydi.
Ustozimiz Fuat Sezgin ochgan yoʻl
Fargʻonadan oʻtar ekanman, zehnimda mazkur barcha tarixiy ismlar yonida davrimizga ancha yaqin bir ism doimo paydo boʻlardi: Fuat Sezgin. Ustozimiz Fuat Sezginning buyukligini faqat “musulmonlarning ilmga qoʻshgan hissasini koʻrsatdi” jumlasi bilan izohlay olmaymiz. Uning asl yutugʻi — islom ilm tarixini romantik madh doirasidan chiqarib, qoʻlyozmalarga, bibliografiyaga, kataloglarga, asboblarga, xaritalarga, matn qiyoslarga, tarjima zanjirlariga asoslangan jiddiy bir ilm tarixchiligining mavzusiga aylantirishidir.
Fargʻoniy haqidagi zamonaviy tadqiqotlarning asosiy biobibliografik manbalaridan biri ham Sezginning “Geschichte des Arabischen Schrifttums” (“Arab yozuvchiligining tarixi”) asarining astronomiyaga bagʻishlangan jildidagi tadqiqotidir. Ustozimiz Fuat Sezgin bizga shuni oʻrgatdi: “Bizda ham olimlar boʻlgan”, – deyish kifoya emas. Qaysi olim? Qaysi davrda? Qaysi asarni yozgan? Asarning qaysi nusxalari bizgacha yetib kelgan? Qaysi kutubxonada? Kim tarjima qilgan? Qaysi yevropalik foydalangan? Qaysi asbobni tasvirlagan? Oʻsha asbob qayta yasalishi mumkinmi? Ilm tarixi — mana shu savollarning javobidir.
Rihla bilan Fuat Sezginning usuli oʻrtasidagi yashirin qarindoshlik
Menimcha, Fuat Sezginning hayotida ham klassik rihla anʼanasining zamonaviy bir koʻrinishini koʻrish mumkin. Kutubxonalarga borish… Qoʻlyozmalar izidan yurish… Shaharma-shahar katalog koʻzdan kechirish… Matnlar oʻrtasidagi bogʻliqliklarni kuzatish… Bir kitobning arabcha aslidan lotincha tarjimasigacha yetib borish… Bir asbobning yozma tavsifidan uning qayta tiklanishiga oʻtish… Bularning barchasi bir xil ilmiy axloqning mahsulidir: bilimni oʻz joyida kuzatib borish. Shu bois bugun Turkistonga, Oʻzbekistonga, Fargʻonaga, Andijonga qilayotgan sayohatlarimiz faqat madaniy diplomatiya sifatida qaralmasligi kerak. Toʻgʻri baholanganda, bular yangi bir ilmiy rihlaga aylanishi mumkin.
Yangi davr “er-rihla fi talabi-l-ilm”i qanday boʻlishi kerak?
Bugungi ilm safari eski sayohatlarni taqlid qilish emas. Tuya minib yurishga majbur emasmiz. Oylab yoʻlda qolish fazilat emas. Davr imkoniyati nima boʻlsa, oʻshandan foydalanamiz. Ammo qadimgi anʼananing gnoseologik axloqini qayta qoʻlga kirita olamiz. Yangi rihla quyidagi besh narsani birgalikda olib borishi kerak:
Koʻrish. Bir shahar haqida oʻqish bilan kifoyalanmaslik.
Tinglash. Oʻsha geografiyaning olimlari, sanʼatkorlari, yozuvchilari va odamlari bilan suhbatlashish.
Qiyoslash. Kitobdagi bilimni oʻz joyida koʻrilgan narsa bilan yuzma-yuz qoʻyish.
Taxqiq etish. Rivoyatni hujjatga, afsonani manbaga, gumonni dalilga olib borish.
Qayd etish. Sayohatni unutiladigan xotiralar holida qoldirmasdan, yangi bir bilimga aylantirish.
Mana shu yerda sayohatnoma yana muhim ahamiyat kasb etadi.
Bizga yangi bir sayohatnoma kerak
Qadimgilarning sayohatnomalari faqat «mana bu yerga bordim, mana buni koʻrdim» matnlari emas edi. Ular geografiya berardi. Insonni hikoya qilardi. Tilni qayd etardi. Taomni tasvirlardi. Meʼmorchilikni bayon etardi. Olimlarni tanishtirardi. Siyosatni kuzatardi. Baʼzan oʻsimliklarni, baʼzan hayvonlarni, baʼzan savdo yoʻllarini, baʼzan shahar odatlarini qayd ostiga olardi.
Shu bois klassik sayohatnoma bir vaqtning oʻzida: tarix, geografiya, antropologiya, xotirot, adabiyot va madaniyat tarixi boʻla olardi.
Bizning davrimizning sayohatnomasi ham shunday boʻlishi kerak. Ammo unga yangi qatlamlar qoʻshishi lozim: ilm tarixi, tafakkur tarixi, shahar sotsiologiyasi, madaniy xotira, geosiyosat, til munosabatlari, umumiy turkiy dunyo merosi… Va, eng muhimi oʻtmish bilan kelajak oʻrtasidagi munosabat.
Sayohatning bilimga qoʻshgani makon
Zamonaviy insonning eng katta xatolaridan biri — bilimning makonsiz boʻladi, deb oʻylashidir. Raqamli dunyoda hamma narsa ekranning aynan bir tekisligida koʻrinadi. Fargʻoniyning kitobi ham oʻsha yerda. Dante ham. Xarita ham. Sputnik tasviri ham. Ammo shunday boʻlganda biz ularning oʻrtasidagi masofani yoʻqotamiz. Holbuki tafakkur tarixining oʻz geografiyasi bor. Makon tafakkurni belgilovchi yagona omil emas, ammo tafakkur paydo boʻladigan sharoitlardan biridir. Fargʻoniyni Fargʻonani koʻrmasdan ham oʻqiy olamiz. Ammo Fargʻonani koʻrgandan soʻng uning nisbasi mazmunga biroz toʻlaroq boʻladi. Mana sayohat bilimga makon beradi.
Bir turkiy islom tafakkur tarixchisi uchun Fargʻona
Men Fargʻonaga faqat sayyoh koʻzi bilan qaray olmayman. Turkiy-islom tafakkur tarixi tadqiqotchisi sifatida mazkur geografiyada ilgarilar ekanman, koʻrgan manzaramning ortida doimo boshqa qatlamlar paydo boʻladi.
Bir dalani koʻraman; ortida qadimgi sugʻorish madaniyatini oʻylayman. Bir shaharni koʻraman; ortida savdo yoʻlini oʻylayman. Bir madrasani koʻraman; ortida ustoz-shogird zanjirini oʻylayman. Bir ismni oʻqiyman; ortida nisba anʼanasini oʻylayman. Bir kitobni koʻraman, qaysi shaharlarga sayohat qilganini oʻylayman. Chunki tafakkur tarixi faqat gʻoyalar tarixi emas. U gʻoyani imkonli qilgan sharoitlarning ham tarixidir. Shu nuqtai nazardan Fargʻona vodiysi bir laboratoriyaga aylanadi. Bu yerda quyidagi savolning javobini izlashimiz mumkin: bir geografiya qanday qilib ilm geografiyasiga aylanadi? Ushbu savol bugun biz uchun oʻtmishdagidan koʻra muhimroqdir. Chunki masala Fargʻoniy bilan faxrlanish emas, yangi fargʻoniylarning qaysi muhitda yetishib chiqishini anglashdir.
Oʻtmish ismlarini kelajak muassasalariga aylantirish
Bugun turkiy dunyoda Fargʻoniyning, Margʻinoniyning, Beruniyning, Xorazmiyning, Forobiyning, Ibn Sinoning, Ulugʻbekning, Ali Qushchining nomlarini bilamiz. Ammo ularning ismlarini bilish madaniy xotira uchun yetarli emas. Endi ikkinchi bosqichga oʻtishimiz lozim. Ushbu ismlar atrofida: umumiy ilm tarixi tadqiqot markazlari, qoʻlyozma kataloglari, raqamli kutubxonalar, magistratura va doktorantura almashinuv dasturlari, turkiy dunyo ilm tarixi yozgi maktablari, umumiy tanqidiy nashr loyihalari, ilm asboblari rekonstruktsiyasi ustaxonalari, sayohat stipendiyalari, yosh tadqiqotchilar uchun rihla dasturlari tashkil etilishi mumkin. Hatto ustozimiz Fuat Sezginning merosidan ilhomlanib, bir “Turkiy dunyo ilm tarixi rihla dasturi” tasavvur qilinishi mumkin.
Yosh tadqiqotchi faqat konferentsiyaga borib qaytmasligi kerak. U Samarqandda Ulugʻbekni, Xorazmda Xorazmiy va Beruniyni, Buxoroda Ibn Sino muhitini, Fargʻonada Fargʻoniy va Margʻinoniyni, Andijonda Boburni oʻz joyida tadqiq etishi lozim. Qaytishida sayohat hisobotini emas, ilmiy asar yaratishi kerak. Mana klassik rihlaning zamonaviy muqobili shunday qurilishi mumkin.
Poyezd universitetga aylana oladimi?
Toshkent-Andijon oraligʻida oʻtgan bir necha soatlik poyezd safari menga shuni oʻylatdi: inson oʻrganishni istasa, har qanday joy universitet boʻla oladi. Bir poyezd kupesi ham, deraza oldidan oʻtgan togʻ ham, bir bekat nomi ham, yoningizdagi odam hikoya qilgan voqea ham, bir shahar lavhasi ham. Kifoya — insonning zehni ochiq boʻlsin. Shu maʼnoda sayohat universitetning sinfxonasini kengaytiradi. Devorlarni olib tashlaydi. Geografiyani darsga aylantiradi. Tarixchi uchun shahar hujjatga aylanadi. Faylasuf uchun yoʻl savolga aylanadi. Adabiyotshunos uchun manzara metaforaga aylanadi. Ilm tarixchisi uchun nisba xaritaga aylanadi.
Fargʻoniydan Boburgacha oʻsha buyuk dars: Diqqat
Fargʻoniy oʻlchaydi. Bobur kuzatadi. Margʻinoniy qiyoslaydi. Fuat Sezgin taxqiq qiladi. Mazkur toʻrt feʼl oʻrtasida katta bir dunyoqarash qarindoshligini koʻraman: Diqqat.
Ilm — diqqatdir. Huquq — diqqatdir. Adabiyot — diqqatdir. Sayohatnoma — diqqatdir. Bu bir narsani uning yuzasidan emas, tafsilotidan koʻra olish qobiliyatidir. Balki davrimizning eng katta muammosi bilim yetishmasligi emas, diqqat yetishmasligidir. Hamma narsani koʻramiz. Ammo ozginasiga qaraymiz. Har qanday bilimga erishamiz. Ammo ozgina bilim ustida oʻylaymiz. Koʻp sayohat qilamiz. Ammo ozgina safar qilamiz.
Mana shu yerda rihla tushunchasi bizga aynan yana kerak boʻladi.
Turist bilan sayyoh oʻrtasidagi farq
Turist koʻrishni istaydi. Sayyoh anglashni istaydi. Turist surat oladi. Sayyoh qayd yozadi. Turist “bu yerda nima bor?” deb soʻraydi. Sayyoh esa: “bu yerda nega bu bor?” – deb soʻraydi. Ilm yoʻlovchisi esa yana bir savolni qoʻshadi: “bu yerda koʻrgan narsam bilimimni qanday oʻzgartiryapti?” Yangi sayohatnoma aynan ushbu uchinchi savoldan tugʻilishi kerak.
Qaytish yoʻlida Fargʻoniyni yana bir bor oʻylash
Andijondan Toshkentga qaytish yoʻlida poyezd yana Fargʻona vodiysining ichidan oʻtar ekan, xuddi oʻsha geografiyaga qaradim. Ammo bu safar zehnimda boshqa bir tuygʻu bor edi. Borishda Fargʻoniyni oʻtmishda yashagan buyuk bir munajjim sifatida oʻylagan edim. Qaytishda esa uni bir yoʻl metaforasi sifatida oʻylardim. U Fargʻonadan chiqqan edi. Bagʻdodga yetib borgan edi. Misrga borgan edi. Asari Iberiyaga oʻtgan, lotinchaga aylangan edi. Yevropa universitetlarida oʻqilgan, Dantega yetib borgan edi. Matbaaga kirgan edi. Ustozimiz Fuat Sezginning ishlarida qaytadan kun tartibiga kelgan edi.
Bugun Oydagi bir kraterga ham uning lotinlashgan nomi — Alfraganus berilgan holda turibdi.
Bir insonning jismoniy umri cheklangan edi. Ammo uning tafakkuri safari davom etardi.
Inson sayohat qiladi, kitob esa uzoqroqqa boradi
Sayohat davomida borgan sari koʻproq oʻylagan boshqa bir haqiqat ham shudir: insonlarning umri bor. Kitoblarning esa baʼzan yoʻq. Fargʻoniyning aniq tugʻilgan kunini bilmaymiz. Bolaligining tafsilotlarini bilmaymiz. Qaysi uyda oʻsganini bilmaymiz. Ammo uning kitobining arabchadan lotinchaga, lotinchaning turli nusxalariga, ibroniychaga, matbaaga, zamonaviy ilm tarixi tadqiqotlarigacha qanday yetib borishini kuzata olamiz. Ilm ahlining buyuk safari, ehtimol, vafotidan soʻng boshlanadi. Oʻzi bora olmagan joyga kitobi boradi. Oʻzi soʻzlamagan tilda kitobi soʻzlaydi. Oʻzi tanimagan insonning zehnida kitobi yashashda davom etadi. Shu bois: asar qoldirish — insonning vaqtga qarshi amalga oshirgan eng uzoq safaridir.
Turkiy dunyo uchun yangi bir madaniyat poytaxtligi tasavvuri
Andijonning turkiy dunyo madaniyat poytaxti boʻlishi shu jihatdan faqat nishonlanadigan bir unvon emas. Menimcha, u ayni vaqtda oʻylanishi lozim boʻlgan bir imkoniyatdir.Madaniyat poytaxtligi faqat festival, kontsert, yigʻin, koʻrgazma, namoyish degani boʻlmasligi kerak. Ayni vaqtda: qoʻlyozma, ilm tarixi, gʻoyalar tarixi, shahar xotirasi, adabiyot, yosh tadqiqotchi, umumiy nashr degani ham boʻlishi lozim. Agar Andijonning Boburi, Fargʻonaning Fargʻoniysi, Margʻilonning Margʻinoniysi, Qoʻqonning shoirlari bor boʻlsa, bularning barchasi 2026 yilgi madaniyat poytaxtligi dasturining gʻoyaviy ustuniga aylantirilishi mumkin. Madaniyat faqat koʻrsatiladigan narsa emas. Madaniyat — ustida oʻylanadigan narsadir.
Sayohat madaniy diplomatiyadan ortiqroq narsa
Bugun turkiy davlatlar oʻrtasidagi aloqalarning kuchaygan davridamiz. Davlat boshliqlari uchrashmoqda. Universitetlar protokollar imzalamoqda. TURKSOY dasturlar tashkil etmoqda. Yozuvchilar uyushmalari birlashmoqda. Talabalar almashinuv dasturlarida qatnashmoqda.
Bularning barchasi muhimdir. Ammo umumiy kelajak faqat byurokratik hamkorliklardan tugʻilmaydi, deb oʻylayman. Asl barqaror bogʻ: umumiy xotiraning umumiy bilimga aylantirilishi bilan quriladi.
Fargʻoniy Turkiyada biz uchun ham tanish boʻlishi kerak. Margʻinoniy faqat Oʻzbekistonning emas, Istanbul huquq tarixining ham qismidir. Bobur Hindiston tarixining boʻlgani kabi turkiy til tarixining ham buyuk siymosidir. Sayfi Fargʻoniyning yoʻli Fargʻonadan Anadoluga yetib borganligi uchun uning tarixi ikki geografiyani ham bir-biriga bogʻlaydi. Shu bois turkiy dunyoni birlashtiruvchi narsa faqat til qardoshligi emas. Kitob qardoshligi ham bor.
Anadoluga qaytar ekanman
Sayohat soʻngida yana Anadoluga, Turkiyaga, Anqaraga qaytar ekanman, insonning chemodanida olib kelayotgan narsalarini oʻyladim. Baʼzi sovgʻalar… baʼzi kitoblar… suratlar… qaydlar… Ammo asl olib kelayotganimiz bular emas. Bir sayohatdan qaytganimizda asl olib kelishimiz kerak boʻlgan narsa yangi savollardir. Mening Fargʻonadan olib kelgan savollarimdan biri shudir: agar bir vaqtlar shu geografiyadan Fargʻoniy, Margʻinoniy, Bobur va oʻnlab ilm-madaniyat ahli yetishib chiqqan boʻlsa, bugun xuddi shu tamaddun havzasi yangi buyuk ilm harakatlarini qanday barpo eta oladi? Biz oʻz geografiyamizdan yangi shunday ismlarni qanday yetishtira olamiz? Ushbu savol oʻtmishga yoʻnaltirilgan emas. U kelajakka yoʻnaltirilgan.
Oʻtmish bilan faxrlanishdan kelajakni qurishga
Oʻtmishning buyuk ismlarini sanash oson. Fargʻoniy bizniki, Xorazmiy bizniki, Beruniy bizniki, Ibn Sino bizniki, Margʻinoniy bizniki, Bobur bizniki deyish mumkin. Ammo undan keyin ancha qiyinroq savol keladi: biz ularning nimasiga egamiz? Ismlarigami yoki dunyoqarashlarigami, Qiziquvchanliklarigami, ish intizomlarigami, til oʻrganish qobiliyatlarigami, boshqa madaniyatlarning bilimini olish jurʼatlarigami, taxqiq qobiliyatlarigami, Ilm yoʻlida sayohat qilish irodalarigami?
Ustozimiz Fuat Sezgin bizga yoʻnaltirgan jimjit savol ham asosan ushbu edi. Oʻtmish asarlarini muzeyga qoʻyish kifoya emas. Oʻsha asarlarni tugʻdirgan dunyoqarashni qayta ishlab chiqarishimiz kerak.
Yangi bir rihla axloqi
Shu bois Anqara-Toshkent-Andijon sayohatidan aqlimda qolgan eng kuchli fikrlardan biri: rihla axloqining qayta qurilishidir. Rihla faqat sayohat emas.
U tavozedir. Chunki “men turgan joyda butun bilim yoʻq”, – degani.
U qiziquvchanlikdir. Chunki boshqa joyga borishga arziydigan bir narsa borligini tan oladi.
U taxqiqdir. Chunki eshitgani bilan kifoyalanmaydi.
U mehnatdir. Chunki bilim uchun masofani yengadi.
U uchrashuvdir. Chunki boshqa odamlar bilan suhbatlashmasdan oʻz dunyosini tugallangan deb hisoblamaydi.
Va nihoyat, u oʻzgarishdir. Chunki haqiqiy sayohatda inson boshlagan joyiga aynan oʻsha kishi boʻlib qaytmaydi.
Fargʻona vodiysida bir madaniyat ifodasi
Qaytish yoʻlida derazadan vodiyga soʻnggi bor qarar ekanman, zehnimda bir jumla aniqlashdi: bir madaniyatning haqiqiy chegaralari xaritadagi hududlar emas, u yetishtirgan gʻoyalarning yeta olgan ufqidir. Fargʻonaning siyosiy chegaralari oʻzgargan. Davlatlar qurilgan, davlatlar qulagan, xaritalar qayta chizilgan. Ammo Fargʻoniyning fikri Fargʻonada qolmagan. Margʻinoniyning “Hidoya”si Margʻilonda qolmagan. Sayfi Fargʻoniyning sheʼri vodiyda qolmagan. Bobur Andijonda qolmagan. Birining yoʻli Qohiraga, birining Samarqandga, birining Anadoluga, birining Kobul va Hindistonga, birining kitobi Yevropagacha borgan. Mana tamaddun shudir: oʻzidan chiqib, oʻzini ulugʻlashtirish.
Yoʻllar ham oʻqiladi
Turkiyadan Oʻzbekistonga… Anqaradan Toshkentga… Toshkentdan Andijonga… Soʻngra yana Andijondan Toshkentga va Anqaraga…
Xaritaga qaraganimizda bu faqat bir sayohat yoʻnalishidir. Ammo tafakkur tarixi nuqtai nazaridan qarasak, boshqa bir narsani koʻramiz: bir rihlani. Poyezd oʻtgan har bir kilometrda tarixning boshqa bir qatlami bor. Fargʻoniy bor, Margʻinoniy bor, Saididdin Fargʻoniy bor, Sayfi Fargʻoniy bor, Bobur bor, Qoʻqon shoirlari bor. Va bularning barchasidan soʻng, ularning izlarini kutubxonalarda yillab kuzatgan Fuat Sezgin bor. Birdan sayohatning maʼnosi oʻzgaradi. Endi siz Toshkentdan Andijonga bormayapsiz. Bir madaniyatning xotira qatlamlari orasida safar qilyapsiz. Va tushunasizki, sayohat faqat badanning makon almashtirishi emas.
Sayohat — zehnning makon almashtirishidir.
Baʼzan bilgan bir narsangizni boshqa bir joyda qayta bilasiz. Baʼzan kitobda oʻqigan bir ism geografiyaga aylanadi. Baʼzan bir shahar nomi tarixga ochiladigan eshikka aylanadi. Baʼzan bir necha soatlik poyezd safari yuzlab yillik tafakkur tarixiga aylanadi. Klassik islom dunyosida olimlar ilm uchun yoʻlga chiqardi. Bugun sharoitlarimiz oʻzgardi. Uchoqlarimiz bor. Tezyurar poyezdlarimiz bor. Raqamli kutubxonalarimiz bor. Onlayn kataloglarimiz bor. Ammo insonning haqiqatga erishish ehtiyoji oʻzgarmadi. Shu bois, menimcha, biz ham yana yoʻlga chiqishimiz kerak. Koʻproq koʻrish uchun emas; yaxshiroq anglash uchun. Koʻproq mamlakat sanash uchun emas; tamaddunlar oʻrtasidagi bogʻni koʻrish uchun. Surat toʻplash uchun emas, bilim toʻplash uchun. Faqat bilim toʻplash uchun ham emas; bilimni hikmatga aylantirish uchun. Fargʻona vodiysidan oʻtgan poyezd menga buni yana bir bor oʻrgatdi: ilm baʼzan kutubxonada topiladi. Baʼzan bir qoʻlyozmaning hoshiyasida. Baʼzan bir usturlobning ustida. Baʼzan bir shaharning qadimgi qalʼa devorlarida. Baʼzan bir daryoning oʻlchovida. Baʼzan esa poyezd derazasidan qarayotgan vodiyda.
Kifoya — qarashni bilaylik. Chunki yoʻllarning ham, xuddi kitoblar kabi, satrlari bor. Togʻlar hoshiya belgisi qoʻyadi. Shaharlar paragraf ochadi. Insonlar jumla tuzadi. Va yoʻlovchi bularning barchasini oʻqiy olgan darajada sayyohga aylanadi. Balki bu davrda qayta tiriltirishimiz kerak boʻlgan er-rihla fi talabi-l-ilm aynan shudir:
Yoʻlga chiqmoq — koʻrmoq. Koʻrmoq — oʻylamoq. Oʻylamoq — taxqiq etmoq. Taxqiq etmoq — yozmoq. Yozmoq — kelajak avlodlarga bir iz qoldirmoq.
Anqaradan boshlangan sayohat Andijonda tugamadi. Toshkentga qaytishda ham tugamadi. Anqaraga yetib borganimizda ham tugagan hisoblanmasdi. Chunki haqiqiy ilm sayohatining soʻnggi bekati yoʻq. Bir yoʻl boshqa bir yoʻlni, bir kitob boshqa bir kitobni, bir savol boshqa bir savolni ochadi. Fargʻoniyning Fargʻonadan boshlangan sayohati Bagʻdodda, Qohirada, Toledoda, Florensiyada yoki Frankfurtda tugamagani kabi bizning ham Fargʻona vodiysidan oʻtayotganda boshlangan tafakkur safarimiz u yerda tugamasligi lozim.
Sayohat tugaydi. Rihla davom etadi. Va inson faqat qaytgandan soʻng haqiqatan anglaydi: baʼzan eng uzoq yoʻl — Anqaradan Andijongacha choʻzilgan yoʻl emas; koʻrgan geografiyamizdan oʻz tamaddun xotiramizgacha uzangan yoʻldir.
Muso Kozim Arijan,
Turkiya Yozuvchilar birligi Faxriy raisi
Turk tilidan Zebo Salimova tarjimasi
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
165
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
119
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
157



