05.06.2024 | 16:49
477
FAYZULLA SULTONOV – “KATTA TERROR” QURBONI
Akademik yozuvchi Komil Yashin o‘zining 1989-yili nashr etilgan “Yodnoma” xotira kitobida shunday yozgan: “Mirkomilboyga qarashli keng-ko‘lam hovlida dehqon yoshlarga atalgan maktab ochildi. Ko‘p o‘tmay meni o‘sha maktabda dars berishga taklif etishdi. Yo‘q demadim. Bu maktabda taniqli olim va dramaturg Izzat Sultonning akasi Fayzulla Sultonov ham ishlardi. U kishi bilan juda inoqlashib ketdik. O‘zi ham juda bilimdon, yaxshi va ajoyib inson edi.

Fayzulla Sultonov Bokuda o‘qib kelgan, ko‘p narsadan xabardor va yetuk odam bo‘lganidan menga ancha yordam berdi. Unda pedagogik tajriba katta, o‘zi shahardagi texnikumda ham o‘qituvchilik qilganidan ziyolilar orasida yaxshigina obro‘ orttirgan edi. Menga bergan foydali maslahatlari pedagogik faoliyatimda juda asqotdi”.
Taniqli olim, marhum adib Sherali Turdiyev birinchi bor o‘zining “Fayzulla Sultonov qismati” nomli maqolasida (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2000-yil 25-avgust soni) 32 yoshida qatag‘on qurboni bo‘lgan Fayzulla Sultonovning hayoti va faoliyatini qisqacha bo‘lsa-da, qimmatli manba va materiallar asosida yoritishga erishgan edi. Shundan beri oradan 24 yil o‘tdi. Biz yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi tizimida faoliyat ko‘rsatib, qatag‘on qilingan prokuratura xodimlarining fojiali hayoti va taqdiri haqida “Tarixiy xotira beqiyos” kitobini nashrdan chiqarish jarayonida arxiv hujjatlarini chuqur o‘rganish asnosida ko‘pdan-ko‘p noyob hujjat va materiallarni jamlagan edik. Ular orasidan 1937-yil 13-noyabrda 10 yil muddatga hukm etilgan Fayzulla Sultonovning hozirgacha e’lon qilinmagan fojiali o‘limiga doir noyob hujjat topildi. Biz uni o‘zbek tiliga o‘girib, siz, aziz mushtariylarga taqdim etishni lozim bildik.

“O‘zbekiston SSR Oliy Sovet Prezidiumi raisi o‘rtoq Oxunboboyevga
Sultonov Fayzullodan
ARIZA
Men 1905-yili Qirg‘iziston SSR O‘sh shahrida tug‘ilganman. Otam – tikuvchi va bundan tashqari 5 tanob yeri bo‘lib, yer bobom tomonidan onamga berilgan. Otamning otasi – bobom O‘sh shahridagi shahar boshqarmasi kanselyariyasida mirzalik qilgan (shu bois uning nomi Sulton Mirzo deb atalgan). Bobom 1917-yili, otam esa 1919-yilda vafot etgan. Otam hayotligida men onam tomonidan cho‘ponlikka berilganman, keyinchalik temirchiga shogird bo‘lganman. Shundan keyin meni sovet hokimiyati o‘z tarbiyasiga olgan: bolalar uyi xodimlari ko‘chadan olishgan va internatga joylashtirgan. Bolalar uyida 1922-yil iyuligacha tarbiyalandim. Bu yerda men boshlang‘ich ma’lumotni oldim. 1922-yili Andijon shahar xalq maorifi bo‘limi meni Bokuga o‘qishga yubordi, u yerda o‘rta ma’lumotga ega bo‘ldim. 1926-yil Andijonga qaytib keldim va shahar maorif bo‘limi mudiri va o‘qituvchilik qildim. 1929-yili SAGUga (Toshkent) o‘qishga kirdim, bu yerda 1931-yilgacha o‘qidim, uni tugatmasdan oilaviy ahvolim tufayli Andijonga qaytib keldim. Andijonda qishloq xo‘jaligi texnikumida 1937-yil sentyabr oyigacha (ya’ni qamoqqa olinishimga qadar) dars berdim.
Mening ishim to‘g‘risidagi barcha materiallar (taqrizlar, tavsifnomalar) shaxsiy ishimda bor (ularning barchasini NKVD vakili tintuv qilish va qamoqqa olishda olib qo‘ygan).
Qisqacha tarjimayi holim shundan iborat. Bu barcha ma’lumotlarni meni bilgan Andijon kommunistlari, men tug‘ilgan qishloq soveti, O‘sh shahridagi shahar va rayon soveti tasdiqlaydi.
Ammo qanday qilib turmaga tushib qoldim?
Men pastkash xalq dushmanlarining va ularning bo‘htonlari natijasida hibsga olindim.
1926-yili shahar maorif mudiri bo‘lib ishlayotganimda mafkuraviy frontda keskin kurash ketayotgan edi. Kelib tushgan asosli materiallarga ko‘ra, maktab o‘qituvchilarining ayrimlarini ishdan bo‘shatdim. Ular tabiiyki, mendan qasos olish va menga qarshi bo‘htonlar uyushtirishni boshlaganlar. 1929-yili Andijon o‘qituvchilar konferensiyasida ular shunday deb chiqishdi: “Sultonov bizning aksilinqilobiy tashkilotimizga xayrixohlik bildirdi. U bizning tashkilotimizga shuning uchun a’zo bo‘lmagan ediki, biz uni yoshligi uchun a’zo qilmagan edik”. Men isbot talab qildim. Ular aytdiki, go‘yo men 1922-yili ularning tashkilotidan moddiy yordam so‘ragan ekanman. Tergov organlari oldiga zudlik bilan bunday arizani tekshirib chiqish masalasini qo‘ydim. Natijada hech qanday isbot bo‘lmadi.
Ammo dushmanlar boshqa usulni o‘ylab topdilar: ularning da’vosicha, men go‘yoki mingboshi (volost boshqaruvchisi)ning o‘g‘li ekanman, ammo tekshiruvda bu ham yolg‘onligi ma’lum qilindi.
1937-yili yuqorida zikr etilgan shaxslarning barcha tarkibi qamoqqa olindi, turmada o‘tirib ular yana menga qarshi bo‘htonlar boshlashdi va qamoqqa olinishimga erishdilar. Ular aytdilarki: “Sultonov Fayzulla bizning tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan, uni Bokuga bizning tashkilotimiz yuborgan va unga oyiga 350 rubl berib turgan. Ta’til vaqtlarida u bizga Bokudan sovetlarga qarshi adabiyot keltirgan”. Meni tergov qilish davrida bunday da’volarning yolg‘onligini isbotladim. Stipendiyani menga shahar ijroiya komiteti prezidiumining qarori bo‘yicha o‘sha vaqtda vaqf bo‘limi bergan. Stipendiya miqdori 35 so‘m bo‘lgan. Bularning barchasini arxiv materiallari bo‘yicha aniq isbotlash mumkin. Men tekshirishni talab qilganman. Biron kishi tekshirmagan. Mening haqimda bo‘hton ko‘rsatmalar bergan kishilar bilan yuzlashtirishni talab qildim. Tergov mening taqdirimga befarq qaradi. Ayblov xulosasida otam go‘yoki “mingboshi” – bu lavozimni avval aniq tasdiqlash mumkin edi.
Mutlaqo yolg‘on bu ma’lumot biron-bir kishi tomonidan meni ayblashda isbotini topmadi. Go‘yoki men “yahudiylar – ahmoq xalq” va “sovet hokimiyati aholini non bilan ta’minlashni xohlamayapti va buning uddasidan chiqa olmaydi”, degan ekanman.
Bunday yolg‘on ko‘rsatmalarning birontasi tasdiqlanmadi, men to‘qqiz oy Andijon turmasida o‘tirdim, endilikda lagerlarda bo‘lib qoldim. Hozirda Ribinsk gidrouzelida ishlamoqdaman. Kunduzgi normani 120 dan to 196 foizgacha bajarmoqdaman. Yaqinda mashina avariyasi natijasida oyog‘imdan qattiq yaralandim, ammo hukumat g‘amxo‘rligi tufayli saqlanib qoldim. Yana mehnat frontiga qaytishga tayyorman.
Butun bor kuchim bilan ishlashga tayyorman, biroq men adolatsizlik bilan xalq dushmanlari safida bo‘lishni hech istamayman.
Mening ishimni qayta ko‘rib chiqishni qat’iylik bilan iltimos qilaman.
Tegishli arxivlarda saqlanayotgan bu hujjat birinchi bor e’lon qilinmoqda. Ammo Fayzulla Sultonovning ushbu iltimos xatiga javob kelgani yoki kelmagani hozirgacha bizga ma’lum emas.

Xullas, u qamoq muddatini o‘tash uchun Yaroslav oblasti Ribinsk shahridagi mehnat tuzatuv lageriga etap qilingan. Bu qamoqxonada Fayzulla Sultonov “xalq dushmani” tamg‘asi ostida yurishga bardosh berolmay, 1939-yili qator yuqori huquq organlariga ariza bilan murojaat qilgan. Ishni qayta ko‘rib chiqib, adolat tiklanishini, qamoqdan ozod etilishini talab qilgan. Lekin hech qanday ijobiy natija bo‘lmagan. Uning ukasi akademik Izzat Sulton o‘z xotiralaridan birida shunday yozgan: “Qamoq jazosini Fayzullo Ribinsk gidrouzelida o‘tkazgan. U gidrostansiyada navbatchilik qilayotgan chog‘ida o‘zini mashina lentasiga tashlab halok bo‘lgan. Bu haqda menga urush yillari qamoqdan qaytgan va Fayzulloning halokati guvohi bo‘lgan kishi aytgan edi. U adolatsizlikka chiday olmay o‘zini o‘ldirgan. Fayzullodan uch bola yetim qolgan edi. Eng katta o‘g‘li Umidni singlim Saodatxon va kuyovimiz Akmal Muzaffarov boqib olgan. Umid Andijonda musiqa maktabida o‘qidi, keyin Moskvada oliy ma’lumot olib, harbiy orkestr dirijyori bo‘ldi. Hozir nafaqada. Fayzulloning uch yashar qizi Ra’no mening tarbiyamda qoldi. Uni men Toshkentga olib kelib o‘qitdim, oliy ma’lumotli bo‘ldi. Rus maktablarida o‘zbek tilidan dars berdi. U ham hozir nafaqada.
Rafiqasi Zumrad bir yashar bolasi bilan qoldi. Bola uch yoshda o‘ldi…”.
Ha, Fayzulla Sultonov istibdod tuzumi davrida, uning adolatsizliklariga qarshi kurashchilar safida bo‘ldi va shu adolatsizlikning begunoh qurboniga aylandi.
Bizningcha, bor-yo‘g‘i 32 yil umr ko‘rgan ma’rifatparvar, jadidlik harakatining faollaridan bo‘lgan vatanparvar Fayzulla Sultonovning xotirasini Andijonda abadiylashtirish maqsadga muvofiqdir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 31-may | 23-son
1 view • Wrong layout?
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
61
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
586
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
583



