19.04.2024 | 11:41
422
FIKRLASH – IZTIROB BILAN YASHASH DEGANI
Taniqli adib va adabiyotshunos Nazar Eshonqul bilan suhbat
– Bundan o‘n yil oldin nashr etilgan bir maqolangizda: “Hayot va adabiyot bizdan chinakam iste’dodlarni va “men”larni talab qilmoqda”, deb yozgan edingiz. Bugun yoshlar orasida iste’dodli ijodkorlar ko‘p. Ammo Cho‘lpon, Qodiriy, Fitrat kabi ichida o‘z “men”i, aytar so‘zi borlarga, ya’ni shaxslarga hamon muhtojdaymiz. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz? Axir biz ozodmiz-ku, shaxslarni yo‘qotishni maqsad qilgan mafkura boshimizda qilich o‘ynatib turgani yo‘q-ku? Yo siz o‘tgan o‘n yil mobaynida bu borada nimadir o‘zgarish sezdingizmi?
– Bu gapni qayerda, qachon aytganim esimda yo‘q. Aytgan bo‘lsam, hozir ham shu fikrim o‘zgarmagan. Men bu yerda iste’dodning “men”ini topish orqali ijodiy shaxsga aylanishini nazarda tutganman. Iste’dodlar ko‘pligi bu hali ular o‘z “men”ini ham namoyish qilyapti, degani emas. “Iste’dod”ning o‘z uslubini topishi, so‘zga bo‘lgan e’tiqod paydo bo‘lishi – bu uning adabiy shaxsga aylanganini bildiradi. Ammo sizning savolingizda ijodkorning adabiy shaxsligidan ko‘ra shaxsning ijtimoiy maqomiga ko‘proq urg‘u berilyapti. Bu bilan bizda adabiy shaxsga emas, ko‘proq ijtimoiy maqomdagi shaxsga ehtiyoj baland ekani ayon bo‘lyapti. Demak, bizning ijtimoiy masalalarda savollarimiz ko‘paygan va biz shaxslar orqali ularga javob izlash istagidamiz.
Qadimda jang maydonida qon kam to‘kilishi uchun pahlavon o‘rtaga chiqib, “Kim talabgor bo‘lsa, o‘rtaga chiqsin” deb hayqirarkan. O‘n mingmi, yigirma mingmi, lashkardan besh yo o‘ntasi talabgor bo‘lgan. Vaholanki, maydonga kelganlarning hammasi o‘zini “askar” deb hisoblagan va ma’lum bir tayyorgarliklardan o‘tib, saralab olingan. Bugungi shaxsga bo‘lgan ehtiyojimiz menga o‘sha o‘ziga talabgor izlayotgan pahlavonni eslatadi. Bizning tasavvurimiz hamon “jang” holatida. Mabodo, shaxsga ehtiyojimiz bor va bu haqda keyingi paytda juda ko‘p yozilayotgan ekan, avvalo, kimlar shaxslik supasiga chiqa oladi, qaysi fazilatlar shaxs bo‘lganlik mezonlari yoki ko‘rsatkichi sanaladi, degan savolga ham javob izlab ko‘rish kerak. Ammo bugun insonning ruhiyati juda murakkablashib ketdi. Biz shaxsga tayyor shablon bilan baho berolmaymiz.
Bugungi ijtimoiy tarmoqning yaltiroq pufaklari ko‘zimizni qamashtirib turgan pallada biz tasavvur qilib kelgan shaxsga xos xususiyatlar xira tortganini tan olaylik. Olomon vasvasasi bilan shaxsning fazilatlarini farqlash tobora og‘irlashib boryapti. Shaxs haqida tasavvurimiz xos kishilarning maqomidan olomonchilik tarziga moslashib bormoqda. Biz shaxsning kushandasi bo‘lgan olomonchilik didi va saviyasi hukmronligi davrida yashayapmiz. Olomonchilik didining tomir yoyishi – oxir-oqibat shaxsning yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi.
Olomonda shaxsini tasdiqlovchi fikr bo‘lmaydi. Fikrli bo‘lish esa bu iztirob, uqubat bilan yashash degani. Fikr darddan tug‘iladi, fikr qilish – ilohiy anduhni qabul qilish degani. Olomon esa hamisha tayyor iste’molchi bo‘ladi, u tayyorini qabul qiladi, shaxs kabi o‘zi yaratmaydi. Shaxs qo‘li kishanda, jismi iskanjada bo‘lsa ham fikr qiladi, shu bilan u o‘zini ozod qilish yo‘lini izlaydi. Insonning haqiqiy erkinligi Olam parchalangandan, bo‘lingandan keyin paydo bo‘lgan va ming yillar davomida shakllanib bo‘lgan irsini boshqarib turgan olomonchilik iskanjalaridan o‘zini o‘zi ozod qilishi bilan belgilanadi. Tarix guvohlik beradi: ijtimoiy inqiloblarning hammasi olomonchilik didi va hukmronligining hosilasi bo‘lib kelgan. Uning vositasi hamisha zo‘rlik bo‘lgan. Shaxs esa zo‘rlikning har qanday ko‘rinishi bilan kelisha olmaydi. Yana o‘sha tarixga boqsak, Ijodiy inqiloblarning barchasini shaxslar sodir etgan. Bu inqiloblarning vositasi hamisha fikr bo‘lgan.
Umuman, biz negadir keskin xulosa chiqarishga ruju qo‘ydik. Kuni kecha “haromi”, “o‘g‘ri”, “sotqin” kabi haqoratlar bilan salkam vatan dushmaniga chiqarilganlarni sal o‘tmay “dardi bor ekan”, “uzoqni ko‘zlagan ekan”, “rostgo‘y ekan”, “katta shaxs ekan”, deya boshlaymiz. Xullas, baho berayotganda qutbning yo u burchida, yo bu burchida turishni istaymiz. Aslida bu ham olomonga xos bo‘lgan xohish-irodadan boshqa narsa emas.
– Yuqorida aytganingizday, biz shaxsga tayyor shablon bilan baho berolmaymiz. Ammo yosh avlodga ibrat qilib ko‘rsatish mumkin bo‘lgan kimdir bo‘lishi kerak-ku. “Kimlar shaxslik supasiga chiqa oladi, qaysi fazilatlar shaxs bo‘lganlik mezonlari yoki ko‘rsatkichi sanaladi?” degan savolga javobni o‘zingizdan so‘ramoqchiman…
– Shaxs haqida so‘z ketganda negadir Mirkarim Osim ko‘z oldimga kelaveradi. O‘zim ko‘rganim yo‘q. Menga aytib berishgan. Juda xokisor kishi bo‘lgan ekan. Umrida birovning ko‘ziga qarab gapirgan emas. Surgundan qaytgandan so‘ng bir nashriyotda kamsuqumgina vazifada ishlagan. Uning bor-yo‘qligini birov bilmagan ham. Boshliqlarga hech qachon ovoz chiqarib qarshi turmagan, gazetalarda odamlarni junbushga soladigan maqolalar yozmagan, davralarda so‘z olib, e’tiqod-u adabiyot haqida so‘zamollik qilmagan. Birovga malol keladigan qilig‘i bo‘lmagan. Shunchaki, ko‘zga tashlanmay, o‘zini bildirmay, talotumlardan bir chetda yashab o‘tgan. O‘sha roviyning aytishicha, Mirkarim Osim birovga xalaqit bermaslik uchun yo‘lakning eng chetidan, devorga taqalib yurar ekan. Yelkasi tegib yurganidan yillar o‘tib devor to‘g‘ri chiziq bo‘lib sidirilib qolgan ekan. Agar bugungi ijtimoiy tarmoq to‘lg‘og‘i tutgan qarashlarimiz bilan qarasak, u qo‘rqoq, dami ichiga tushgan, mute va tovushi chiqmaydigan ojiz, har qanday zulmga ko‘nikkan notavon odam bo‘lib chiqadi. Shu sifat bilan baho bersak, uni shaxs deganning yoniga ham yo‘latib bo‘lmaydi. Ammo men Mirkarim Osimni XX asr o‘zbek adabiyotidagi katta shaxs deb bilaman. Chunki u shu xokisor yashashi bilan ichini hech kimga sotmagan. Kimlardir unvonlar-u martabalar, e’tiroflar-u e’tiborlar uchun kommunistik obrazlarni ilohiylashtirib, jild-jild asarlar bitib yotganida, u o‘sha o‘zining burchagiga tiqilib olib, Shiroq, To‘maris, Torobiy, Ibn Sino, Alisher Navoiy haqida yozgan, ohak yuqqan yelkasini devorga surkab, halimlik bilan o‘tayotganda u millatning unutishga mahkum siymolari haqida xayol surgan. Tasavvur qiling, adib bu asarlarni “Sening tarixing yo‘q, senlar savodsiz olomon bo‘lgansanlar, senlardan daholar chiqmagan”, degan siyosat yurgizilib, aks fikrlovchilar zulm tig‘iga ro‘para qilinayotgan bir pallada yozgan va shu iddaosi bilan ma’nan har qanday jazoga tayyor bo‘lgan, qulatilgan millat ustunlarini o‘zining halim ko‘rinishi orqali tiklashga kirishgan. U bu bilan ichdan chirkin muhitga o‘z isyonini, o‘z qarashlarini bayon qilgan. Beozor qiyofasi orqali butun boshli saltanat mafkurasiga qarshi turgan. Davrdosh bo‘lgan, unvonu martabalardan salobatlashgan siymolar oldida uning nomi ko‘rinmay turadi. Ammo Mirkarim Osim sotmagan va sotib olinmaydigan fazilatlarini asarlarida – o‘z “men”ida namoyon qilgani, ijodkor sifatida qarshi tura olgani bilan menga katta Shaxs bo‘lib ko‘rinadi. Zamona ijtimoiy inqilobni madh etib turganda u o‘z ichidagi ijodiy isyoni bilan birga qola bildi.
Xo‘sh, bugungi kunda ham bizning e’tiborimizdan chetda qolgan, siz nazarda tutgan shaxslar yo‘qmi? Men “bor” yoki “yo‘q” deb keskin xulosa qilishdan tiyilgan bo‘lardim. Bizning baholash mezonlarimizni Mirkarim Osimga o‘xshash shaxslarning sukuti va kamsuqumligi fosh qilib qo‘yadi.
Shunga ko‘ra, men davrimizning shaxs va shaxssizligi haqida tugal xulosa aytish tarafdori emasman. Suv loyqalanib turganda uning tagidagi baliqlarning katta-kichikligi ko‘zga tashlanmaydi.
Biroq bu istiholamiz shaxsning fazilat va xususiyatlarini, unga qo‘yilgan talablarni zarracha xiralashtirmaydi. Sel paytimi yo sokinlik faslidami, qay davrda yashashidan qat’i nazar, shaxs hamisha o‘zining daxlsiz hududida turadi. Shu talabdan qaralsa, iste’dodlarning hammasi ham shaxs bo‘la oladi, deb xomtama bo‘lmaylik. Iste’dod o‘zining daxlsiz hududiga o‘ta olgan bo‘lsa, unda u men qachonlardir nazarda tutgan “men”ini topgan. U hududga yetib borolmagan bo‘lsa, unda uning oddiy hunarmand bo‘lib qolayotganidan ajablanmaslik kerak. Shuning uchun meni ichida isyon chatnab turgan (avval ham aytganman, men “isyon” deganda noroziligini panshaxa ko‘tarib chiqish orqali ifoda qiluvchini emas, balki qaysi sohada bo‘lmasin, eskini yangilashning, yaroqsizni tuzatishning va tasavvur qoliplarini buzish namoyishi deb tushunaman) ijodkor emas, hunarmand yasashga ko‘proq e’tibor bermayapmizmi, biz iste’dod deb baho berayotganlar Abdulla Qahhor nazarda tutgan kosiblar emasmikin, degan savol ko‘proq o‘ylantiradi. Hunarmand bilan ijodkorlik bir narsada farq qiladi: ijodkor o‘zicha yangi yo‘l, yangi shakl, yangi mazmun topishga intiladi, hunarmand esa mavjud qoliplar asosida mahsulotlar sonini ko‘paytiradi. Hunarmanddan katta shaxs bo‘lishini talab qilolmaymiz, ammo ijodkor shaxs bo‘lishi kerak, yo‘qsa, uning iste’dodi hunarmandchilik bilan bo‘ylashib qolaveradi. Hunarmandni yasash va urug‘ini ko‘paytirish mumkin, chinakam ijodkorni yasab bo‘lmaydi. Unga faqat o‘zini namoyon qilishiga imkon berish kerak.
– Shaxslik ilohiy ne’matmi, qon bilan kiradimi yoki jamiyat tomonidan tarbiyalanadimi? Yo avvalgilardan ulgu olib, insonning o‘zi o‘zini shaxs qilib tarbiyalaydimi?
– Shaxs bo‘lishga “urinib”, “havas qilib” erishib bo‘lmaydi. Mabodo shunday bo‘lsa, bu yasama shaxslik bo‘ladi. Odam “Men ham falonchiga o‘xshab katta shaxs bo‘lishni istayman”, degan orzu bilan maqsadga erisholmaydi. Shaxs bo‘la olish ham iste’dod, Xudo yuqtirgan tabiatning amaliy ko‘rinishi, harakati, jazbasi. “Men ham falonchidek vijdonli bo‘laman”, degan iddao qanchalar erish bo‘lsa, “shaxs bo‘laman” degan da’vo ham shunday. Vijdonli bo‘lishni orzu qilish yaxshi, ammo vijdon tiynatiga ekilgan bo‘lmasa, u baribir, vijdonli bo‘lib qolmaydi. Vijdon – inson ruhiyatidagi Xudoning ko‘zi. Bu ko‘zni havas bilan paydo qilib bo‘lmaydi. Tarbiya va muhit bu ko‘zni yo ochadi, yo butunlay yopib qo‘yadi, yoki chala ko‘radigan qiladi. Havas yo hasad qilib shaxs bo‘lishga intilish ham taxminan shunday. Ta’lim-tarbiya tufayli tiynatdagi qudratga ishonch va rag‘bat uyg‘onadi, bu – buloqning ko‘zini ochib yuborishga o‘xshaydi. Buyuk shaxslardan “ulgu olish” bu o‘zining tiynatidagi ko‘zni, shaxslik quvvatini ochish, yolg‘onchi dunyoning yolg‘onlari bilan kurashishda yolg‘iz emasligini his qilish, shu yolg‘onlarga qarshi birdan bir kurashish uchun tiynatiga ekilgan shaxslikni safarbar qilishga o‘tish degani.
– Sizningcha, bugungi o‘zbek adabiyotida jahon adabiyotidan o‘rin olgulik asarlar bormi?
– Adabiyot – millatning badiiy tafakkur shakli. Faqat so‘z bilan ifoda etiladi, xolos. Millat bir paytning o‘zida milliy, ayni damda, umumbashariy universal ifodaga ega. Gap o‘sha milliy universallikni topishda. Millat tafakkuri darajasi qanday bo‘lsa, uning badiiy ifoda ko‘lami ham shu qoziq atrofida aylanadi. Masalan, Alisher Navoiy asarlari – bu Amir Temur imperiyasi tafakkur tarzining ifodasi. “Boburnoma” – bu imperiya tanazzuli davrining psixologik va badiiy tajassumi. Siz yuqorida keltirgan Qodiriy, Cho‘lpon, Fitratlar ma’rifatchilik harakati tafakkuri va istaklari mahsuli. Rauf Parfi ijodi hatto his-tuyg‘u ham ijtimoiylashgan vaziyatda individning muhit bosimidan o‘zini ixota qilish shakli ifodasi (bu ham universal ijodiy isyon). Ana shu jihati bilan bu ijodkorlarning asarlarida bashariy universallik bor. Xullas, har bir davrning o‘z so‘zi, o‘z universal ifoda tili bor. Shuning uchun bu savolga zamonaviy o‘zbek adabiyotshunosligi javob topgani ma’qul. Bu borada men faqat bir mulohazamni aytishim mumkin: dunyo galaktikalarga sayohat qilish yo‘lini izlayotganda, yuz yil avval jadid bobomiz aytganday, biz “masjidga chap oyoqdami yo o‘ng oyoqda kirish” haqida bahslashib yotibmiz… Oradan bir asr o‘tsa-da, idrokimiz o‘zgarmadi.
– Fikrlayotgan odam – o‘zligini anglashga, o‘zini topishga urinayotgan odam. Sizning ta’biringiz bilan aytganda, o‘zidan qochib o‘ziga borayotgan odam. O‘zingizdan o‘zingizgacha bo‘lgan yo‘lning qancha qismini bosib o‘tdingiz? Bu yo‘lda ko‘zlangan manzil qayerda va unga yetib bo‘ladimi?
– Keling, bu savolingizga umumiyroq javob beray. Bizning asl milliy, jumladan, so‘fiy bobolarimiz falsafasiga ko‘ra, Inson bo‘laklangan yaxlitlikning zarralari, xolos. Ichimizdagi azaliylik – bu ichimizda biz yashashga mahkum hasrat. Bu hasrat tagida yaxlitlik sog‘inchi yotadi. Ichimizdagi ruh esa betinim o‘sha yaxlitlikka intilib yashaydi. Ruhimizdagi sog‘inch – aslida o‘sha yaxlitlik sog‘inchi. Ichimizdagi nomsiz g‘ussa, aslida ayrolik g‘ussasi. Biz faqat bu g‘ussani, bu sog‘inch iztirobini turlicha nomlaymiz, shu bilan o‘zimizni aldab yashaymiz. Shuning uchun o‘zimizdan tashqaridagi fojialar ham asli bu o‘zimizning fojiamiz. Agar idrok bilan razm solsak, koinotdan tortib, yonimizdagi biz dushman deb biladigan odamgacha bu – o‘zimiz. Uning ketari ham, kelari ham o‘zi. Uning manzili ham insondan insongacha, insonning, panteistlar ta’kidlagandek, vahdatul vujud bilan uyg‘unlashishigacha. Inson – o‘ziga xos subyekt, biologik va ijtimoiy mavjudot. Ayni shu mavjudotligi bilan bir paytda u koinotni o‘zida tajassum etgan timsol. Insonning olamni bilishi o‘zini bilishi sari yo‘l. Yoki o‘zini bilish – olamni bilishga intilish, o‘zini o‘zi xalos qilish degani. Adabiyot barcha ta’limotlardan farqli o‘laroq, insonni tashqaridan emas, o‘zidan izlashga – o‘z “men”ini, o‘z erkini topishiga da’vat qiladi – bu da’vat toki tashqarida deb o‘ylaganlari hammasi o‘z ichidaligini, tashqari o‘zining ichkarisi bilan bir butun ekanini anglab yetguncha davom etadi, o‘zidan qochib, o‘ziga borgani sari, o‘zini o‘zidan topgani sari koinotga, vahdatul vujudga yaqinlashaveradi. Bular hammasi fikrlash, anglash, idrok orqali sodir bo‘ladi. Mashhur bir donishmand dunyodan o‘tayotganda “Dunyoning bor bilimini egalladim. Lekin shu bilib bo‘lganlarim haqqi tan olamanki, men o‘rganishim kerak bo‘lganlar oldida bilganlarim hech narsa”, degan ekan. Hozir kimligi esimda yo‘q. Balki Beruniydir? Shuning uchun ham qancha masofani bosib o‘tmasin, fikrlayotgan, ma’rifat bilan yashayotgan odam o‘zini yo‘l boshida deb hisoblaydi. Chunki insonning ayni holati va idroki hali yaxlitlikni to‘liq o‘ziniki qilishga qodir emas. Shunday bo‘lsa-da, uning ruhi betinim yaxlitlikka, butunlikka intiladi. Inson shu darajada murakkab xilqatki, u qiyomatgacha kashf qilinadi. Insonni tahlil qilish va insonga, qalbga qarab intilish aslida vahdatul vujudni o‘z “men”ida birlashtirish degani. “O‘zidan qochib, o‘ziga borish” deganimda men mana shu holatni ko‘zda tutganman.
O‘zimga kelsak, bu umumiy izohlardan orttirib biron narsa deya olmayman.
Oydin YO‘LDOSHEVA suhbatlashdi
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
OG‘RIQ NUQTA
Statistik ma’lumotlarga köra, bugungi kunda mamlakatimizda örta hisobda kuniga 137 ta oila rasman ajraşmoqda. Şuningdek, joriy yilning birinçi yarmida 24 ming 815 oilaning nikohi qonunan bekor qilinib, ötgan yilning şu davriga köra bu raqam 6,3 foizga köpaygan. Bu sanoq faqat ajrimgagina oid, uning oqibatida ma’naviy-ruhiy jabr körgan bolalar va ular çekayotgan iztiroblar adadi faqat Yaratganga […]
17.11.2026 | 14:24
124
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
224
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
709




