Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.11.2026 | 10:14

img424

“ĞANIMATDIR BU KUNLAR, DADAJON…”

Gohida öyga tolaman, avvallari kunlar ham, tunlar ham bugungidek şoşqin emasdi, uzun va barakali edi. Köça çangitib qora keçgaça töp tepgan, uy yumuşlarini bitirib, kitob varaqlagan, yozgi ta’tilda buvilarimiz uyida tuşlik payti uxlatişlaridan qoçib, tezroq peşin ötişini kutgan beğubor damlar… Eng muhimi, mahallada hamma bir-birini tanir, har bir bola butun jamoaning arzandasi sanalib, keksalarning birgina dakkisi yoki duosi bilan tarbiya topardi. Odamlar bir-birining köziga qarab gaplaşar, mehr va oqibat oğzaki emas, amaliy hayot tarzi edi. Endi-çi, çeksiz ehtiyojlar va raqamli texnologiyalar asrida vaziyat qanday?

Biz maişiy taşvişlar, tökinlik va moddiyat poygasiga şu qadar şönğidikki, eng qimmatli ne’mat – vaqt va jonli muloqotni boy berib qöydik. Ilgari ertalab bir burda non va şirin çoy bilan kun böyi yayrab yurgan bolalar örnini bugun noz-u ne’mat töla dasturxon ustida “uni yemayman, buni kiymayman”, deb xarxaşa qilayotgan bolalar voyaga yetmoqda. Bir paytlar ukasi yoki singlisini opiçlab, rözğor yumuşlarida ota-onasiga suyanç bölgan avlod örnida bugun hatto öz poyabzalining ipini boğlaşga erinadigan, mustaqil hayotga tayyor bölmagan avlod bilan yuzma-yuz turibmiz.

Bugungi “Z” va “Alfa” avlodlari raqamli muhit içida tuğildi. Fojia şundaki, biz ularni an’anaviy ma’naviy borliqdan uzib, virtual qarmoqlarga öz qölimiz bilan topşirib qöymoqdamiz. Bugun oilalarda xavfli bir “emotsional vakuum”, ya’ni ma’naviy böşliq paydo böldi. Agar oiladagi bu böşliqni ota-onaning mehri töldirmas ekan, uni begona virtual dunyo öz domiga tortadi. Bu muammo bugun tösatdan paydo bölib qolgani yöq. Millat qayğusi bilan yaşagan ma’rifatparvar jadid bobolarimiz bundan bir asr muqaddam tarbiyani hayot-mamot masalasi darajasiga kötargan edi. Uluğ mutafakkir Mahmudxöja Behbudiy: “Dunyoda turmoq uçun dunyoviy fan va ilm lozimdur, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boşqalarga poymol bölur. Buning poydevori esa gödaklikdan beriladigan tarbiya va ilmdir”, deb uqtirgan bölsa, Abdurauf Fitrat: “Har bir millatning saodati va izzati, albatta, şu xalqning içki intizomi va totuvligiga, oilaviy tarbiyasining töğri yölga qöyilganiga boğliqdir”, deya oila va ota-onaning şaxsiy mas’uliyatini davlat poydevori sifatida belgilagan.

Mazkur tarixiy haqiqat Yangi Özbekiston taraqqiyotida davlat siyosati darajasidagi asosiy ustunga aylandi. Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev bu borada aniq va dolzarb xulosani ilgari suradi: “Agar bolalarimizni maktabgaça davrda töğri tarbiyalab, ularning ongiga milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdirmasak, keyin keç böladi. Yoş avlod tarbiyasi – bu, davlat ahamiyatiga molik, kelajakni belgilaydigan eng muhim vazifadir. Bola dunyoqaraşining şakllanişida oilaning, ota-onaning örnini heç narsa bosa olmaydi. Bola uçun eng katta boylik – unga berilgan çinakam tarbiya, mehr va e’tibordir”.

Ammo bu uluğ haqiqatlarni kundalik hayotimizda qançalik amalga oşiryapmiz? Kun böyi boğça yoki maktabda ota-onasining qadamini intizor kutgan jajji qalblar oqşomda uyga horib kelgan ota-onasidan iliq nigoh va mehr kutadi. Kattalar esa çarçoqni bahona qilib, mehr beriş örniga qölidagi sensorli armuğoniga termilib ötirişni afzal köradi.

Kuni keça işdan çarçab qaytganimda, qizaloğim közlari quvonçdan porlab oldimga yugurib keldi: “Oyijon, oyijon, ”Bek va Lola“ning yangi qismi çiqibdi, rosa zör ekan, qöyib beraymi?” Men esa horğinlik bilan: “Hozir uy işlarini tugatay, keyin köramiz, endi işdan keldim-ku”, dedim. Şu lahzada uning ma’sum közlaridagi uçqun darrov sönib, nigohida bir kemtiklik, sokin bir siniqlik yaltirab ketdi. Bu nigoh yuragimni tilib yubordi. Hamma narsani yiğiştirib, kompyuter qarşisiga ötirdim.

Multfilmning “Bolalik” deb nomlangan qismi bugungi aksariyat ota-onalar uçun şafqatsiz bir haqiqat közgusi ekan. Erkalik qilgisi, otasi bilan turli öyin öynagisi kelayotgan jajji qahramonlarning dardi, aslida, bugungi jamiyatimizning katta dardi. Ona rözğor taşvişlari girdobida, ota esa telefon va işdan boş kötara olmayotgan manzarada yangragan mana bu misralar toş qalbni ham larzaga soladi:

“Işdan çarçab kelsangiz, kulib kutib olamiz,
Bağringizga otilib, dadajon, açom-açom qilamiz.
Futbol öynaylik birga, çalğimaymiz telefonga,
Ğanimatdir bu kunlar, dadajon,
Yodda qolsin bir umrga!
Dada, dada, dada, dadajon…
Keling, biz bilan öynab, bolalikka qayting bir on,
Baxtliroq ötadi siz bilan vaqtimiz birga,
Omon böling har qaçon, dada, dada, dadajon!“

Davlatimiz rahbari taşabbusi bilan milliy animatsiyamizda aynan mana şunday çuqur psixologik, oilaviy qadriyatlarni himoya qiluvçi milliy kontent yaratilayotgani ulkan ahamiyatga ega. Bu şunçaki multfilm emas, balki farzand tarbiyasidagi böşliqni körsatib beruvçi milliy ogohlik bongidir. Bolaga haşamatli maşina, brend kiyim yoki qimmatbaho buyum emas, ota-onaning mehrli ovozi, samimiy quçoği va birga öynalgan jonli lahzalar kerak.

Ertaklarga işonib yaşagan keçalarimizni eslang. Hamid Olimjon “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni muqaddimasida bejiz yozmagan:

“Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Köp ertak eşitgandim,
Söylab berardi buvim.
Esimda öşa damlar,
Özi uçar gilamlar…
Buvimning har qissasi,
Har bir qilgan hissasi
Fikrimni tortar edi,
Havasim ortar edi.
Tinglar edim betinim
Uzun tunlar yotib jim…“

Qarang, bu şe’rda nafaqat soğinç, balki katta pedagogika yotibdi! Bolani ertak, suhbat va jonli söz tarbiyalaydi. Biz bola paytimizda bolalikning qadriga yetmadik, ammo bugun ota-ona bölib farzandimizning eng beğubor damlarini virtual dunyo girdobiga taşlab qöyişga qanday haqqimiz bor? Bobo-buvilarimizning bizga aytgan ertaklari, çekkan bedor tunlari qalbimizga mehrdan mustahkam qal’a qurib bergan edi. Nahotki, bu ma’naviy zanjir aynan bizning avlodga kelganda uzilsa? “Bek va Lola” qahramonlari kattalarga bir buyuk qonuniyatni eslatadi: “Siz ham bola bölgansiz, bobo-buvilarimiz bağrida baxtli edingiz… Biz ham sizdek bölib ulğayamiz”.

Inson ehtiyojlari çeksiz, moddiy boylikni qayta topiş mumkin, ammo boy berilgan bolalikning birgina lahzasini jahonning barça xazinalariga ham sotib olib bölmaydi. Abdulla Avloniy aytgan “hayot-mamot masalasi” mana şu yerdan boşlanadi. Bolalikni boy beriş – bu millatning ertasini boy beriş, demakdir. Ulgurib qolaylik, çunki vaqt oqmoqda, bolalik esa ğanimatdir!

Nigora HUSANOVA,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi

“Jadid” gazetasining 2026-yil 6-noyabrdagi 45-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img61

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img586

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img583