12.08.2024 | 11:58
541
GENOFONDDAGI KO‘RINMAS XATAR
Suhbatimiz Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Bahodir Shertoyev bilan genetik kasalliklar, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari to‘g‘risida bo‘ldi.

– Mutaxassislar qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh kelajak avlod uchun xavfli ekanini ta’kidlashadi. Odamlar bunday nikohning salbiy oqibatlarini yaxshi bilishsa-da, qayta-qayta tushuntirishlar olib borilsa-da, baribir, ularning soni kamaymayapti. Irsiy kasalliklarning sababi, oqibatlarini tibbiyot tilida to‘liqroq tushuntirib bersangiz.
– Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan sog‘lom bolalar ham dunyoga keladi, hammasi ham kasal bo‘lavermaydi. Lekin kasal bolaning tug‘ilish ehtimoli begonalar o‘rtasidagi nikohga nisbatan ancha yuqori bo‘ladi. Bu nikohdan sog‘lom bola tug‘ildi deylik, lekin keyingi avlodda bunday bo‘lmasligi mumkin. Fanda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan yigirma besh foiz kasal, yetmish besh foiz sog‘lom bola tug‘ilishi ehtimoli bor deyiladi. Biroq yigirma besh foiz ham katta ko‘rsatkich, aslida.
Inson tanasida qirq oltita xromosoma bor. Bu xromosomalar tanamizdagi har bir hujayra ichida joylashgan. Ularning har bittasida bir necha yuzlab genlar bo‘ladi va har biri o‘zining vazifasini amalga oshiradi. Aytaylik, mana shu genlardan birortasi mutatsiyaga – o‘zgarishga uchrab buzilgan bo‘lsa, oiladagi farzandlarning bittasiga shu gen tushib qolishi mumkin. Begonalar turmush qurishsa, ayoldagi buzilgan gen turmush o‘rtog‘ida butun bo‘ladi va sog‘ genning dominant bo‘lish, ya’ni yuzaga chiqish ehtimoli ortadi. Agar er-xotin qarindosh bo‘lsa, o‘zgargan genlar ham bir xil bo‘ladi va oqibatda kasalmand bola dunyoga keladi.
– Genning mutatsiyaga uchrashi sababi nimada?
– Homila rivojlanayotgan paytdagi har qanday tashqi salbiy ta’sir mutatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin. Onaning yiqilib tushishidan tortib, rentgen apparatiga tushishi, kuchli magnit maydonida qolib ketishi ham xavfli. Ovqatdan zaharlanish deysizmi, erning kaltaklashi, kuchli stresslar, qaynonaning zug‘umlari – hech biri beiz ketmaydi. Mana shundan mayib-majruh, kasalmand bolalar tug‘iladi. Bir avlodda mutatsiya bo‘lib, yuzaga chiqmasdan, bola sog‘lom bo‘lib dunyoga kelishi ham mumkin. Masalan, uning tanasida yurak klapanini belgilaydigan gen o‘zgargan. Agarda shunday bir xil genli odam bilan turmush qursa, unda homila nobud bo‘ladi, yuragi urmaydi. Agar nikoh begonalar o‘rtasida bo‘lsa, aynan bir xil geni mutatsiyaga uchragan odamlarning bir-biriga uchrash ehtimoli milliondan bitta bo‘ladi. Shuning uchun qayta-qayta takrorlaymiz, yuzaki qaraganda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning yomonligi ko‘zga ko‘rinmaydi, bilinmaydi. Lekin bu aldamchi holat bo‘lishi hech gap emas.
– Xalqimizda bo‘lajak kelin yo kuyovning yetti pushtini surishtirish odati bor. Ayting-chi, kasalliklarning avloddan avlodga o‘tish davomiyligi qancha?
– Mutatsiyaga uchragan gen begonalar bilan oila qurish natijasida asta-sekin yo‘qolib boradi. Aniqrog‘i, uchrash chastotasi kamayib ketaveradi. Farzand tug‘ilganda ota-ona geni bilan o‘xshashligi ellik foiz bo‘ladi. Nevarada 25, evara 12.5, yettinchi avlodga borib genlarning o‘xshashlik darajasi 1 foiz ham chiqmaydi va shu tarzda qisqarib boradi. Shunda hisoblab chiqilsa, sakkizinchi avlodga borib begonalashadi. Qadimdan ota-bobolarimiz bejiz yetti avlod qarindosh, sakkizinchisi begona bo‘ladi deyishmagan. Bu genetik jihatdan isbotlangan.
– Ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh avjiga chiqqan. Bu kelajakda millat salomatligi, genofondiga qanday ta’sir qiladi?
– Juda salbiy ta’sir qiladi. Masalan, tog‘li hududlarni olaylik. U yerda yashaydigan besh yuz, ming xonadon faqat shu hududdagilar bilangina quda-andachilik rishtalarini bog‘laydi. Chunki sharoitni hisobga olishadi. Noqulay ob-havo, transport vositalarida yurish qiyinligi uchun o‘z qishlog‘idan kelin olish, kuyov qilish qulay. Bu holatda ham kasallik keltirib chiqaradigan genlar shu qishloqda aylanib yuraveradi. Chunki ota-bobolari ham bir-biri bilan quda-anda, qarindosh bo‘lib ketishgan. Ular go‘yoki begonaday, ammo genofond o‘xshash. Bu jamiyatda kasal odamlar, majruh bolalarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun iloji boricha uzoqroq joylardan oila qurish kerak.
– Hozir butun dunyoda gen muhandisligi sohasi rivojlanyapti. Nahotki, genetika rivojlansa ham irsiy kasalliklarni davolash imkonsiz bo‘lsa? Bu kasalliklar tashqi omillarga ham bog‘liqmi?
– Gen monitoringida ba’zi kasalliklarning ayrim hududda qanchalik tarqalganini aniqlash mumkin. Aytaylik, Buxoroda bir kasallik bilan og‘rigan yigirma nafar, Andijonda o‘n besh, Xorazmda yigirma besh bola tug‘iladi. Lekin Qashqadaryoda ikki yuz nafar tug‘ilyapti. Buning sababi aniqlanadi. Kasallikni o‘rganganda tashqi muhit, ob-havoning ifloslanishi kabi omillarga qaraymiz. Hamma narsa bir-biriga bog‘liq.
– Genni tekshiradigan testlarni yo‘lga qo‘yish foyda beradimi?
– Rivojlangan mamlakatlarda genetika sohasida ko‘plab ishlar qilinmoqda. Buning uchun uzoq muddat, ko‘p mablag‘ kerak. Hozircha biz buni to‘liq qo‘llay olmaymiz. Qolaversa, bu yo‘l bilan ham kutilgan natijaga erishmasligimiz mumkin.
– Gen muhandisligi rivojlansa, nimalarning oldini olish mumkin? Uning qanday foydali jihatlari bor?
– Talabaligimda har yili yozda Moskva shahriga borib, “Genetik injeneriya” laboratoriyasida ishlab, ancha tajriba orttirganman. Bu juda katta soha. Uning insoniyat uchun foydasi ham, xavfi ham ko‘p. Gen muhandisligi tajribalaridan foydalanib dunyoni yo‘qotib yuborish ham mumkin.
Ko‘pchilikka ma’lum, qandli diabet kasalligida insulin ishlab chiqarish darajasi pasayadi va kasallikka chalingan odam doimiy ravishda dori-darmon qabul qilib yurishga majbur bo‘ladi. Oshqozonosti bezida joylashgan langergans orolchasida insulin gormoni ishlab chiqariladi. Organizmda insulin ishlab chiqaradigan gen bor. Shu genni sun’iy hosil qilish ham mumkin. Sun’iy gen langergans orolchasidagi hujayra ichiga solib qo‘yiladi. Uni ko‘paytirib, tananing biror joyiga kiritilsa, hammasi joyiga tushadi.
Yana bitta yo‘li bor. Oddiy bakteriyalarning insulinni sintez qiladigan turlari mavjud. O‘sha genni olib bakteriyaning ichiga kiritib qo‘yiladi. Natijada bu bakteriya insulin ishlab chiqara boshlaydi. Ularni laboratoriyada ko‘paytirib, insulinga muhtoj odamlarga tarqatish mumkin. Lekin dunyoda, juda ko‘plab insulin ishlab chiqaradigan zavodlar bor. Ular o‘z mahsulotini sotishi kerak. Genetik muhandislikni qo‘llasak, ularning biznesiga bolta urgan bo‘lamiz. Shuning uchun ham ular bunga, qanday qilib bo‘lsa-da, yo‘l qo‘yishmaydi.
– Siz aytayotgan sun’iy gen keyingi avlodga ham o‘tadimi?
– Kasal odamga ko‘chirib o‘tkazilgan gen keyingi avlodga o‘tolmaydi. O‘zining kasal geni o‘tadi. Chunki bitta genni tuzatganingiz bilan xromosomaga kiritib bo‘lmaydi. Irsiyatga bog‘liq kasalliklarni hech qanday yo‘l bilan butunlay davolashning iloji yo‘q. Kelajakda genetik terapiya qilish niyatimiz bor. Bunda majruh genni olib tashlab, o‘rniga sog‘ genni qo‘ymoqchimiz. Hali o‘sha zamonlar ham keladi. Chunki ilm-fan kun sayin taraqqiy etyapti. To‘g‘ri, rivojlangan mamlakatlarda hozir ham juda ko‘p ishlar qilinyapti. Bunday tadqiqotlar moddiy sharoit, zamonaviy texnologiyalarni talab qiladi.
– Nikoh yoshiga yetmasdan oila qurish holatlari ham ko‘p uchramoqda. Bunday holda ham tug‘ilajak farzandlar salomatligiga xavf bormi?
– Balog‘atga yetmaganlarning oila qurishi ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki yosh organizm hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Homila rivojlanishi uchun oziq moddalarning hammasini ona organizmidan oladi. Nikoh yoshiga yetmagan organizm doim ham homilador bo‘lishga tayyor emas. Har bir narsa o‘z vaqtida bo‘lgani yaxshi. Inson tanasida ma’lum gormonal o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Ular homilaning o‘sishini ta’minlaydi.
– Hozir psixologiyaning psixogenika degan tarmog‘i ommalashyapti. Psixogenetiklar o‘z metodlari orqali inson genini tozalash mumkinligiga da’vo qilishadi. Ularning aytishicha, yomon ishlar qilish, so‘kinish, hatto g‘iybat qilish ham inson DNKsini o‘zgartirar emish. Ayting-chi, psixologik usullar yordamida genni tuzatish mumkinmi?
– Gen bir joyda turadi. Keyin u bitta emas, milliardlab. Gʻiybat genni o‘zgartirishi bu – bo‘lmag‘ur gap. Faqat ruhiy holatda, miyaning katta yarim sharlariga yomonlik o‘tirib qolishi mumkin, lekin genga emas. Bu kabi har xil yo‘nalishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – pul ishlash. Yaxshi kayfiyat ta’sirida odam darddan tezroq forig‘ bo‘lishi, oyoqqa turishi bor gap. Siz ijobiy hislar bilan yashasangiz, atrofingizdagi hamma narsa yaxshi bo‘ladi. Yomonlik haqida o‘ylasangiz, gormonlar ham o‘zgaradi, sog‘ligingiz yomonlashadi. Ko‘plab kasalliklar yuzaga chiqadi.
– Bahodir aka, siz soha mutaxassisi, bir shifokor sifatida genetik kasalliklarni kamaytirish uchun qanday choralar ko‘rish kerak, deb hisoblaysiz?
– Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha opalarning bolani kaltaklagani haqida o‘qib qolaman. Har safar buni ko‘rgan boshqa tarbiyachilar endi bolalarni hech qachon urmasa kerak deb o‘ylayman. Afsuski, oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas yana shunday xabarlar tarqaladi. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda ham xuddi shunday. Genlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan, kasal bola tug‘ilishi muqarrar bo‘lgan oilalarga ajrashishni, boshqa oila qurishni maslahat berganimizda ular eshitishni ham xohlashmaydi. Natijada to‘rtta-beshtalab mayib-majruh bolalarni dunyoga keltirishadi. Bunday bolalar esa jamiyat uchun ham, ota-ona uchun ham muammo. Negadir xalqimiz orasida o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa ham, boshidan o‘tkazsa ham to‘g‘ri xulosa chiqarmaydiganlar juda ko‘p. Aslida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga jinoyat darajasida qarash kerak. Masalan, Yevropa davlatlarida umuman bunday nikohga yo‘l qo‘yilmaydi. Qanday bo‘lmasin, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan uzoq yurish kerak. Bu yaxshilikka olib kelmaydi.
Men talabalarimga qarata bemorlar, ayniqsa, bolalarga shunchaki bir begonaga qaragandek munosabatda bo‘lmaslik kerakligini aytaman. Har bir bolani mehr bilan davolash kerak. Chunki uni ertaga o‘zimiz kelin yo kuyov qilishimiz mumkin. O‘zganing bolasini asrab ham o‘z avlodingni asragan bo‘lasan. Shuning uchun har bir bolani mening bolam deb davolash shart. Nafaqat shifokor, balki har bir kasb egasi bolalarga shunday qarashi kerak.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Muyassar IBROHIMOVA suhbatlashdi.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600