10.07.2026 | 11:45
1054
GLOBAL SIYOSAT, YIRIK KAPITAL VA RENESSANS
So‘nggi hafta Yangi O‘zbekistonning zamonaviy tarixiga, shubhasiz, eng sermahsul, faol va strategik jihatdan muhim davrlardan biri sifatida muhrlanadi. Bir hafta ichida O‘zbekiston xaritasida Kavkaz portlaridan tortib, Sharqiy Yevropaning sanoat markazlarigacha bo‘lgan yangi yo‘nalishlar chizildi. Dunyo moliya tizimini nazorat qiluvchi 14 trillion dollarlik sarmoyaga ega yirik kompaniya Toshkentga ishonch bildirdi. Islom ma’rifatining asl mohiyati butun dunyo olimlari ishtirokida qayta talqin etildi.

“Oltin mo‘yna” – yuksak e’tirof
Gurjistonda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning siyosiy salmog‘i va ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yuksak ishonch Tbilisining muhtasham Orbeliani saroyida yaqqol namoyon bo‘ldi. Imzolangan “Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida”gi deklaratsiya aloqalarni mutlaqo yangi huquqiy va siyosiy maqomga ko‘tardi. Ushbu ishonchning eng yuqori oliy ifodasi sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mezbonlar oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlanishi bo‘ldi.
Ilgari Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an kabi dunyoning eng nufuzli siyosatchilari loyiq ko‘rilgan bu mukofotning O‘zbekiston rahbariga topshirilishi Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ochiq, izchil va tinchlikparvar tashqi siyosatning xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofidir. Aloqalarni tizimli va institutsional darajada mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan yana bir amaliy qadam O‘zbekistonning Gruziyada o‘z elchixonasini ta’sis etishi to‘g‘risidagi qaror bo‘ldi.
Har qanday siyosiy va iqtisodiy ittifoqning umri madaniy yaqinlik va xalqlararo do‘stlik bilan sug‘orilsagina boqiy bo‘ladi. Transport yo‘laklari va iqtisodiy loyihalar davlatlarni jismoniy jihatdan bog‘lasa, madaniyat, adabiyot va san’at ularning qalblarini birlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tarixiy davlat tashrifi doirasida Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi, g‘azal mulkining sultoni, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ravishda ochilishi ana shunday qalblar birligining eng go‘zal va ulug‘vor namoyishi bo‘ldi.
Hazrat Navoiyning ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, ma’rifat, bag‘rikenglik, tafakkur va o‘zaro hurmatga chorlab kelayotir. Buyuk Shota Rustaveli yurtida daho bobomiz haykalining qad rostlashi gruzin xalqining o‘lmas qadriyatlarga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasi bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
I Xalqaro forum
Mamlakatimizda umumbashariy va diniy qadriyatlarni ulug‘lash, boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish yo‘lida yangi tarixiy voqea yuz berdi – Islom sivilizatsiyasi birinchi Xalqaro forumi yuqori saviyada o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga yo‘llagan tantanali murojaati anjumanning siyosiy, ma’naviy va strategik ahamiyatini yanada oshirdi.
Tarixdan ma’lumki, Movarounnahr zamini Islom renessansining markazi bo‘lgan. Bu zamindan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Al-Xorazmiy kabi buyuk daholar yetishib chiqqan. Forum ushbu boy merosning shunchaki o‘tmish emasligini, balki bugungi zamon uchun ham dolzarb ilm manbayi ekanini ko‘rsatdi. Anjuman O‘zbekistonni islom ilm-fani va madaniyatining tarixiy beshigigina emas, balki uning zamonaviy global markazi sifatida dunyoga qayta taqdim etdi.
Bugungi kunda dunyoda islomofobiya va boshqa tomondan ekstremizm kabi salbiy holatlar kuzatilmoqda. Prezidentimiz o‘z murojaatida ta’kidlaganidek, Islom bu tinchlik, ezgulik, ilm-fan va bag‘rikenglik dinidir. Shu nuqtayi nazardan, ushbu forum dinimizning asl ma’rifatparvarlik mazmun-mohiyatini dunyo jamoatchiligiga yetkazishda muhim minbar bo‘ldi. O‘zbekiston ushbu tashabbusi bilan ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – kuch ishlatish emas, balki ma’rifat, ta’lim va ilmni yuksaltirish ekanini xalqaro miqyosda isbotladi.
“BLACKROCK” bilan hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 7-iyul kuni jahon moliya bozorining mutlaq giganti – “BlackRock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qilgani mamlakatimizning iqtisodiy diplomatiyasida yangi tarixiy sahifa ochdi. “BlackRock” shunchaki investitsiya kompaniyasi emas. Bu butun boshli davlatlar iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkaza oladigan, boshqaruvidagi aktivlari hajmi 2026-yilda 14 trillion dollarga yetgan dunyodagi eng yirik moliyaviy korporatsiyadir. Ushbu mablag‘ dunyoning eng rivojlangan davlatlari (masalan, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya) yalpi ichki mahsulotlarining yig‘indisidan ham ko‘pdir.
Dunyo moliya tizimida bir oltin qoida bor: “BlackRock” biror mamlakatga sarmoya kiritsa yoki u bilan rasmiy sheriklik o‘rnatsa, dunyoning boshqa barcha yirik investorlari ham hech qanday shubhasiz o‘sha mamlakatga oshiqadi. “BlackRock”ning O‘zbekiston loyihalarida faol ishtirok etishi xalqaro maydonda yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini va kredit reytinglarini keskin oshiradi. Bu dunyodagi eng yirik suveren fondlar, pensiya jamg‘armalari va banklar uchun O‘zbekiston iqtisodiyoti xavfsiz hamda yuqori daromadli ekanini anglatuvchi jarangos qo‘ng‘iroqdir.
Minsk formulasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8-9-iyul kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda aniq geoiqtisodiy va texnologik maqsadlarga qaratilgan pragmatik qadam bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini jadal sanoatlashtirish va diversifikatsiya qilish yo‘lidan bormoqda. Bu jarayonda Belarus kabi kuchli sanoat, qishloq xo‘jaligi va IT-salohiyatiga ega davlat bilan hamkorlik Toshkent uchun juda muhimdir. O‘zbekiston Belarusdan faqat tayyor texnika sotib oluvchi davlat bo‘lishni istamaydi. Tashrifning eng katta ahamiyati sanoat kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqishdir.
Mamlakatimizda Belarus texnologiyalari asosida qo‘shma korxonalar ochiladi. “MTZ” (traktorlar), “MAZ” (yuk mashinalari) va “Amkodor” (qurilish texnikalari) kabi yo‘nalishlarda O‘zbekistonda butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va yig‘ishni mahalliylashtirish kengayadi. Bu esa O‘zbekistonda yuzlab yangi, yuqori maoshli muhandislik va texnik ish o‘rinlarini yaratadi; Mahalliy dehqon va quruvchilarimiz uchun zarur bo‘lgan texnikalarning tannarxini arzonlashtiradi.
Belarus sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni qayta ishlash bo‘yicha dunyodagi eng ilg‘or texnologiyalarga ega. O‘zbekistonda esa aholi soni tez o‘sib bormoqda va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga talab juda yuqori. Tashrif doirasida O‘zbekistonda Belarus tajribasi asosida yirik sut-tovar fermalari va sutni chuqur qayta ishlovchi qo‘shma klasterlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu o‘zbek iste’molchisiga ichki bozorda sut va go‘sht mahsulotlari narxining barqarorligini ta’minlaydi. Go‘sht-sut yo‘nalishida naslchilik va seleksiya ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
O‘zbekiston farmatsevtika bozori hamon xorijdan olib kelinadigan dori vositalariga sezilarli darajada qaram bo‘lib qolmoqda. Belarus esa ichki dori ehtiyojining 50 foizdan ortig‘ini o‘zi ishlab chiqaradi. Ikki davlat rahbarlari farmatsevtika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni kelishib oldilar. Belarusning yetakchi dori ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlik O‘zbekistonda eng zarur, hayotiy muhim dori vositalarini (ayniqsa, onkologiya va kardiologiya yo‘nalishida) o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bemorlar uchun sifatli va arzon dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash imkonini beradi.
Belarus o‘zining Yuqori texnologiyalar parki (PVT) orqali milliardlab dollarlik dasturiy mahsulotlarini eksport qiladi. O‘zbekiston esa o‘z yoshlarini axborot texnologiyalari sohasiga faol jalb etmoqda. Toshkentdagi “IT-Park” va Minskdagi “PVT” o‘rtasidagi hamkorlik O‘zbekistonga o‘zbek dasturchilarining malakasini oshirish uchun Belarus tajribasini jalb qilish, AQSH va Yevropa bozorlariga chiqadigan yirik buyurtmalarni birgalikda bajarish va shu orqali mamlakatimizga valyuta tushumini ko‘paytirishni ta’minlaydi.
Har ikki davlat ham dengizga bevosita chiqish yo‘liga ega emas. Global sanksiyalar va geosiyosiy inqirozlar davrida ikki davlat ham transport koridorlarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor. O‘zbekiston va Belarus Yevroosiyo bo‘ylab yangi multimodal (temiryo‘l, avto va havo aloqasi) transport yo‘laklarini yaratish ustida ishlamoqda. Bu bizga tashqi savdo yuklarini xavfsiz, tezkor va kam xarajat bilan yetkazib berishning yangi imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi O‘zbekiston uchun milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, oziq-ovqat va dori xavfsizligini ta’minlash hamda yoshlar uchun yangi axborot texnologiyalari va muhandislik ish o‘rinlarini yaratishda juda zarur bo‘lgan aniq texnologik va sanoat yechimlarini taklif qiladi. Minskdagi kelishuvlar O‘zbekiston milliy manfaatlarini ta’minlashga va ikki davlat iqtisodiy salohiyatini birlashtirishga qaratilgan yuksak pragmatik hamkorlik namunasidir.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston Yevroosiyo makonida o‘z so‘ziga, mustaqil transport yo‘nalishlariga, kuchli sanoat sheriklariga va ulkan global moliyaviy hamkorlariga ega bo‘lgan strategik tashabbuskorga aylanmoqda. Portlar va yo‘llar (Gruziya), texnologiya va sanoat (Belarus), yuksak kapital (BlackRock) hamda ma’naviy qadriyatlar (Islom sivilizatsiyasi forumi) bir nuqtada – Yangi O‘zbekistonda birlashdi.
Iqbol MIRZO
“Jadid” gazetasining 2026-yil 10-iyuldagi 28-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596



