06.02.2025 | 15:05
533
GUGURT NARXIGA TENG QADR
Rahmatli ammam Halima Hasan qizi 1906-yil tug‘ilgan edi. 28 yoshida qishloqda tashkil qilingan ilk kolxozga kiradi va 32 yil ishlab, 6 so‘m bilan keksalik nafaqasiga chiqadi. Bu pulga o‘sha vaqtda – o‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshlarida bir yarim kilo go‘sht bergan.

“Kolxozda ish og‘ir edi – erkaklar qatori ishlardik. Brigadirlar boshimizda qamchi o‘qtalib turishardi. Qish bo‘yi odamlarning molxonalaridagi go‘ngni dala boshiga tashirdik. Ikki ayol beli bukilgancha og‘ir zambilni ming azob bilan dalaga eltardik. Ekish vaqti texnika kamligidan qo‘limizdan ketmon tushmasdi. Unib chiqqan g‘o‘zani yaganalashdan boshlab toki terimgacha otizdan chiqmasdik – go‘ng tashlangan otizni yovvoyi o‘tlar bosib ketardi. Paxta terimi kuz boshlamasidan qora qishgacha cho‘zilardi. Qor tagida qolgan ko‘raklarni terib, paxtasini sitib olardik… Shu ishimizga yarasha haq bersa go‘rga! Kolxoz “ish kuni” uchun bir kilo bug‘doy berardi, xolos. Agar paxta rejasi bajarilmasa uyam yo‘q. Ish haqini pulda berish elliginchi yillar ikkinchi yarmida boshlangan. Undayam bir oy tinmay ishlab, bir qop unga zo‘rg‘a yetadigan pul olardik. Shunday zamonlarni ko‘rdik”.
Bu gaplarni rahmatli ammam ko‘p, keyinchalik ham (hayotda ko‘p zahmatlar chekkan ammam salkam to‘qson yil umr ko‘rdi) afsuslar bilan so‘zlab berardi.
Rahmatli onam urushdan qaytgan otamga turmushga chiqqan kunidan boshlab kolxozchiga aylangan. To‘ng‘ich farzandi Otaxon akam bir yoshida bevaqt vafot etgan ekan. Onam eslardiki: “Qo‘limda emizikli bolam bilan har kun saharda otizga chiqaman. Aksar ayollarning qo‘lida bolasi bor. Besh-o‘n chaqaloqni keksaroq bir kampir dala boshida boqib o‘tiradi. Bolalar yig‘laganida emizib kelish uchun besh daqiqa vaqt berishadi.
Bir kuni bola qarab o‘tirgan kampir chalg‘igan, mening bolam ishtonini ho‘llab, shu holida uxlab qolgan. Kechqurun issig‘i ko‘tarilib ketdi, o‘zimizcha davolagan bo‘ldik (u vaqtlari do‘xtir degani qayda). Issig‘i tushmay, badani ko‘karib ketdi. Bechora bolamni kolxoz degan balo yedi”.
Qishlog‘imizda Riyimboy “pot-pot” degan kishi bo‘lardi. Butun umr kolxozda traktorchilik qilgan. Uning ayolining bir oyog‘i yo‘q – ulama “yog‘och oyog‘i” bilan yashab o‘tdi. Keksalar aytishardiki, shu ayol ikki yashar go‘dak vaqtida onasi uyda qaraydigan odam yo‘qligidan o‘zi bilan dala boshiga olib borgan. Gʻo‘zani begona o‘tlardan tozalagan vaqtida qizalog‘i boshqa bolalar bilan dala chetida o‘ynab charchab, paykalda uxlab qoladi va g‘o‘za qator oralariga o‘g‘it berayotgan traktor uning bir oyog‘ini uzib ketadi…
Otam qishloqda birinchi bo‘lib traktor haydagan. Qishda traktorlarni o‘n besh chaqirim uzoqdagi “MTS” degan idoraga olib borib, ta’mirlashgan. Har kuni tongda piyoda yo‘lga chiqib, o‘sha idoraga borib, kechqurun qaytishgan. Urush boshlanishi bilan hukumatning ishga yigirma daqiqa kechikkanlarni mahkamaga tortish haqidagi buyrug‘i chiqadi va otam aynan 22 daqiqa kechikkani uchun 6 oyga qamaladi. Xiva shahridagi qamoqxonada bir oy yotgach “aybimni qonim bilan yuvaman” deb ariza yozib, urushga ketadi va Berlingacha boradi.
Otam 44 yil mehnat staji bilan qarilik nafaqasiga chiqdi. Pensiyasi 96 so‘m edi. Bu pensiya bilan katta ro‘zg‘or qozonini qaynatib bo‘lmasligini anglab (bu paytda kolxoz deb sog‘lig‘ini yo‘qotgan onam og‘ir xastalikka chalingandi), yana o‘n yil ishladi. So‘ng urush ishtirokchisi sifatida nafaqasiga ozroq qo‘shishdi – 108 so‘m bo‘ldi.
…Xrushchev tomonidan “Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi” qabul qilingan, “Amerikani quvib o‘tamiz” shiori kun tartibiga chiqqan, 1980-yilda hamma kommunizmda yashaydi, degan targ‘ibotga zo‘r berilgan zamonlarda – 1964-yili maktabga oyoqyalang borganman. Bu paytda uch opam ham o‘quvchi edi. Otam “qizlarning ko‘ngli nozik bo‘ladi”, deb yoz oylaridagi maoshidan ularga kiyim-kechak olib bergan. Menga navbat kelganida puli qolmagan. Avgust oyi uchun maosh (70 so‘m atrofida edi) olgunicha biror hafta maktabga yalangoyoq qatnab yurdim.
O‘sha yillari barcha oilalarda bir an’ana bo‘lardi. (Buni hozirgilar tilida “tejamkorlik” desak ajdodlarimiz ustidan kulgan bo‘lamiz). Oilada to‘ng‘ich qizga tor, kalta kelib qolgan kiyimni singlisi, undan so‘ng yana bir singlisi kiyib to‘zdirardi. Mendan katta uch opam borligi uchun ularning kiyim-kechagi shu tariqa biridan biriga o‘tar, bu bir o‘zi ishlaydigan otam uchun juda qulay – oydan oyga ro‘zg‘or qozonidan ortmaydigan maoshini tejashga imkon berardi. Mendan keyingi ukalarim barchasi qiz bo‘lganligi uchun tor, kalta kelib qolgan kiyimlarim (bo‘z ko‘ylak, cholvor ishton, tagi yeyilgan tufli) tog‘amning mendan bir yashar kichik o‘g‘liga nasib qilardi. (Shu eski-tuski kiyim uchun tog‘am onamga bir qop jo‘xori bergani esimda).
Maktabga borgan tengqurlarimning yangi liboslari bir yil o‘tmay yamoq ko‘ra boshlardi. Yamoq solingan kiyimda yurish o‘tgan asrning saksoninchi yillarida ham odatiy hol edi. Buning uchun hech kim kulmas, chunki yamoq solinmagan kiyim kam topilardi.
Hozirgi avlod tushunmaydigan “chegachi” degan kasb egasi bo‘lardi. Chegachi singan idish-tovoq, kosa, piyola, choynakka chega solardi. Charxlangan mis simdan chandib, qandaydir yelim suyuqlik bilan butlab berardi.
Chegachilik kasb sifatida o‘tgan asr adog‘ida o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketdi. Hozirda biror idishga sal zaxa yetsa “Siniq idish barakani qochiradi”, deb tashlab yuborishadi. Keksalarning aytishicha, bu odat qadimda – yurtimizda ulkan saltanatlar qad rostlagan, farovon davrlarda paydo bo‘lgan. Sovet davriga kelib esa… bu odat unutilgan va mustaqillik yillarida yana qayta tiklandi.
Yana eslayman. Elatimizda amakimiz mulla Umar buvadagina ikkita gilam bo‘lardi. Amakimiz qo‘y boqib, junini Toshhovuzga olib borib sotib, shu yoqdan gilam keltirgan ekan. Bu gilamlarni uy devoriga osib, maqtanishni yaxshi ko‘rgan. Otam 1968-yili kolxozdan bir yillik mehnati uchun 780 so‘m “yillik puli” olgach gilam xarid qilgan. Hazorasp bozoriga borib, olibsotardan bir gilamni 500 so‘mga olganmiz. (O‘sha vaqtda bu gilam Xivadagi gilamchilik fabrikasida to‘qilar, ammo do‘konlarda sotilmas, ikki hissa bahosiga qo‘ldan topilardi). Bu gilamda o‘tirish bizlarga nasib qilmadi, qo‘lda bosilgan kigiz ustida bolaligimiz o‘tdi – gilam 1980-yillargacha uyimiz devorida osilib turdi.
U uyimizdagi yagona jihoz edi.
Hozir turli o‘lchamdagi gilam va gilamchalarni dahlizga ham to‘shashadi. Eng kambag‘al hisoblangan xonadonda o‘ntacha gilam bor.
Bizlar ta’lim olgan boshlang‘ich maktab loydan tiklangan besh xonali bir bino edi. Osmondan to‘rt tomchi yomg‘ir yog‘sa sinf xonasining chipta shiftining loysuvog‘i partalar ustiga “tap-tap” tushar, xonaning chakka o‘tmaydigan bir burchagida siqilishib, darsni davom ettirardik. O‘sha maktab bizdan keyin yana yigirma yil – 1990-yillargacha faoliyat yuritdi. Ammo tomi shifer ko‘rmadi. Umuman, odamlar uylarini shifer qilishga keyin – istiqlol arafasida kirishdi. Uy devorlari, ichkari xonalarini zamonaviy ko‘rinishda suvoq qilish ham shu zamonlarda asta-sekinlik bilan boshlangan (Hozirda esa qad rostlagan imorat borki, “yevrota’mir” qilinyapti).
Yengil mashinalar jamoa xo‘jaliklari, idora-tashkilotlar iltimosnomasi bilan tuman partiya qo‘mitasi byurosi qaroriga ko‘ra mukofot tarzida ajratilardi (Atamasi mukofot bo‘lgani bilan baxti chopgan odam uni naqd pulini to‘lab olardi).
O‘sha yillari kelin tushiradigan xonadonlar baxmal ko‘rpa-to‘shaklarni sep qilishni rusumga kiritishdi va baxmal “defitsit” matoga aylandi. To‘y qiladigan oilaga rayqo‘mning byuro qarori bilan o‘n besh metrcha baxmal berilganiga, ishonasizmi? Olti million tonna paxta va yana necha yuz ming tonna pilla yetishtiradigan xalq bir parcha matoga zorligi qaysi qoliplarga sig‘adi? (Kulgili tomoni shuki, o‘tgan asrning 90-yillari oxirida yurtimizga videomagnitafon degan matoh kirib kela boshladi. Yaponiya, Janubiy Koreyadan keltirilgan ushbu elektron matohlarni ham rayqo‘mning byurosi ilg‘orlarga taqsimlashdan orlanmagan).
…O‘tgan asrning saksoninchi yillariga dovur to‘y davralarida osh yoki boshqa taom “uchovora”, “to‘rtovora” tarzida tortilardi. Ya’ni, bir tovoq osh uch yoki to‘rt kishi oldiga qo‘yilardi. Ikki kishiga bir tovoq osh tortish rusum bo‘lganiga ko‘pi bilan chorak asr bo‘ldi. Hozirgi to‘y dasturxonidagi to‘kinlikni ko‘rib, o‘sha davrni beixtiyor eslayman. Dasturxonga non bilan jiyda, turshak qo‘yilardi, xolos. Sal imkoni bor odam bir hovuch pechakqand deganidan sochardi. Shishali mineral suv anqoning urug‘i bo‘lib (uzoq Gurjistondan keltirilgan), u hamma mehmonlarga ham ravo ko‘rilmasdi.
Bizning qishloqdagi kolxoz tuman-u viloyatda eng ilg‘orlardan sanalardi, ammo aksar odamlarning kundalik ovqati suyuq taomlardan nari o‘tmas, nonushta bilan tushlik esa oddiy choy va nondan iborat bo‘lar, osh haftada bir marta – yakshanba kechqurun pishirilardi. Palovni orziqib kutardik. Hatto, palov yeyiladigan bozor kuni haqida latifa ham to‘qilgan. Ya’ni, shanba kuni ovqat pishirilmaydi, chunki ertaga palov yeyishadi. Dushanbada yana qozon suvga tashlanadi – sababi kecha palov yeyishgan.
Hozirgi avlod kunora va hatto, kunda osh yemasa taomlanganday bo‘lmaydi. Va yana tushlig-u kechki ovqatlanish u yoqda tursin, ko‘pgina xonadonlarda nonushtada ham issiq taom yeyish odatga aylangan – bunga oila iqtisodi imkon yaratgan.
Aytaversak, hozirgi davr bilan solishtiraversak gap ko‘p. Aslida taqqoslashga ham uyalasan kishi.
Daromad va narxlar o‘rtasidagi tafovut borasida bir misol keltiraman. Rahmatli ammamga ravo ko‘rilgan o‘sha eng minimal pensiya – 6 so‘mga bir yarim kilo go‘sht berardi, deb aytdim. Hozirda belgilangan (uyam hech qayerda ishlamagan, staji yo‘q fuqarolarga) eng kam pensiyaga salkam o‘n kilocha go‘sht xarid qilish mumkin.
Otam rahmatli qirq yildan ortiq ishlab oladigan pensiyasi bilan o‘zim oladigan nafaqa miqdori va uning xarid quvvatini taqqoslasam deyarli ½ nisbatni ko‘raman.
Bularni nega eslayapman? So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda SSSR davrini maqtash an’anasi ko‘zga tashlanmoqda. Sobiq tuzumni maqtaydigan nokaslar o‘z iddaolarini “O‘sha vaqtda gugurt bir tiyin edi” degan gap bilan boshlashadi. To‘g‘ri, gugurt bir tiyin edi, ammo o‘sha davrda insonning qadr-qiymati qanchaga baholanardi?
Sovetlar yangi davlat qurganidan o‘n besh yil o‘tib – 1932-yilda fuqarolarga pasport berishni joriy qilishgan. Unda ham g‘arbiy chegaraga yaqin hududlar hamda yirik shaharlar aholisiga pasport berilgan. Boshqalarga bu hujjat 1962-yildan boshlab berilgan. Qishloqda o‘sgan yigit-qizlarning pasport olishi uchun “kolxozda kamida uch yil ishlash me’yori” amalda bo‘lgan.
Pasporti bo‘lmagan fuqaro ko‘chadagi uy hayvoni qatorida edi. Uning haq-huquqi yo‘q. Ajablanarlisi, ana shu shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan millionlab fuqarolar har besh yilda mahalliy kengashlarga o‘tkaziladigan saylovlarda qatnashavergan. Ularning qishloq kengashlari daftarlaridagi ism-sharifi go‘yo hujjat o‘rniga o‘tgan.
…O‘sha “gugurt bir tiyin bo‘lgan” davrda umrining deyarli yarmi kechgan fuqaro o‘laroq yuqoridagi aniq misol, raqam va faktlarni keltirdim.
Menimcha, boshqa izohga hojat qolmadi.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599

