11.02.2026 | 12:36
1202
HALOLLIK VA ADOLAT ESKIRGAN TUSHUNCHAMI?
“Barqaror jamiyat” deganda, odatda, iqtisodiy o‘sish, siyosiy tizimning mustahkamligi yoki xavfsizlik masalalari tilga olinadi. Biroq tarixiy tajriba va ijtimoiy tahlillar shuni ko‘rsatadiki, bu omillar o‘z-o‘zidan barqarorlikni ta’minlamaydi. Iqtisodiy resurslar yetarli bo‘lgan, ammo ma’naviy me’yorlar zaiflashgan jamiyatlarda inqiroz, norozilik va ichki ziddiyatlar yuzaga kelgan holatlar kam emas.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, barqarorlik faqat tashqi tizimlar bilan emas, jamiyat a’zolarining o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi ma’naviy ustunlar bilan ta’minlanadi. Bu ustunlar inson xulq-atvorini ichki nazorat orqali boshqaradi, ijtimoiy muhitda esa umumiy me’yorlarni shakllantiradi. Ana shunday asosiy ma’naviy tayanchlar orasida halollik va adolat alohida o‘rin tutadi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqida so‘z ketar ekan, uning ma’naviy arxitekturasida aynan shu ikki qadriyatning o‘rnini qayta-qayta tahlil qilish zarur.
Halollik, avvalo, insonning ichki nazorati, ya’ni vijdoni bilan bog‘liq holatdir. U tashqi majburiyat bilan emas, ichki mas’uliyat bilan amal qiladi. Halol inson suiiste’molga moyil bo‘lmaydi, omonatga xiyonat qilmaydi, haqidan ortig‘ini o‘ziniki deb bilmaydi. Bu xususiyatlar yakka shaxs doirasida qolib ketmaydi: ular oila muhitiga, kasbiy munosabatlarga va oxir-oqibat, jamiyatning umumiy axloqiy iqlimiga ijobiy ta’sir qiladi. Halollik ijtimoiy muhit orqali shakllanadigan fazilatdir. U qo‘llab-quvvatlangan, rag‘batlantirilgan joyda kuchayadi, befarqlik hukm surgan muhitda esa so‘nib boradi.
Ajdodlarimiz halollikni faqat moliyaviy munosabatlar bilan cheklamagan. Ilmda xolislik, so‘zda rostgo‘ylik, niyatda poklik, xizmatda mas’uliyat alohida qadrlangan. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarda ham halol rizq va omonatdorlik ijtimoiy barqarorlikni ta’minlovchi eng muhim fazilatlar sifatida ta’kidlanadi.
Halollik shaxsning ichki dunyosiga daxldor bo‘lsa, adolat jamiyat hayotini tartibga soluvchi umumiy me’yor vazifasini bajaradi. Adolat ustuvor bo‘lgan joyda qonuniylik mustahkamlanadi, fuqarolik hamjihatligi shakllanadi, qonunga munosabat majburiyat emas, ehtiyojga aylanadi. Tarixda inqirozga uchragan davlatlarning aksariyatida iqtisodiy resurslardan ko‘ra adolat mezonlarining zaiflashishi hal qiluvchi omil bo‘lgan.
Adolatni faqat sud yoki jazo mexanizmi sifatida tushunish uning mazmunini cheklaydi. Aslida, u imkoniyatlarda nisbiy tenglik, mehnat natijasini xolis baholash, inson qadriga hurmat va ijtimoiy muvozanatni saqlash kabi keng tushunchalarni o‘z ichiga oladi. Alisher Navoiy ham o‘z ijodida adolatli boshqaruvni davlat barqarorligi va xalq farovonligi uchun asosiy shart sifatida qabul qiladi. Adolatsizlik esa ijtimoiy ziddiyat va muhim resurslarning zaiflashishiga olib borishini ta’kidlaydi.
Zamonaviy ijtimoiy fanlarda ham halollik va mas’uliyat jamiyat barqarorligining muhim omili sifatida qaraladi. Ijtimoiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zaro ishonch muhiti shakllangan, muomalada shaffoflik ustuvor bo‘lgan jamiyatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari ham, ijtimoiy hamjihatlik darajasi ham yuqori bo‘ladi. Chunki bunday jamiyatlarda odamlar o‘z energiyasini himoyaga emas, hamkorlik va rivojga sarflaydi.
Shu ma’noda, halollik axloqiy fazilat bilan cheklanmaydigan ijtimoiy resursdir. U vaqtni tejaydi, kelishmovchiliklarga o‘rin qoldirmaydi, o‘zaro hamkorlikni osonlashtiradi. Adolat esa ushbu resursni to‘g‘ri taqsimlaydigan, uning samarali ishlashini ta’minlaydigan mexanizm vazifasini bajaradi. Biri ichki ma’naviy sog‘lomlikni, ikkinchisi esa tashqi muvozanatni ta’minlaydi.
Globallashuv davrida manfaatparastlik, tez keladigan foyda ortidan quvish, ma’naviy bo‘shliq kabi omillar aynan shu qadriyatlar uchun jiddiy sinov bo‘lib turibdi. Shu sababli, barqarorlikni ta’minlash faqat iqtisodiy islohotlar yoki huquqiy choralar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Masalaga ma’naviy-ma’rifiy yondashuv, ayniqsa, yosh avlod ongida halollik va adolatni hayotiy me’yor sifatida shakllantirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Halollik va adolat hech qachon eskirmaydigan ijtimoiy zaruratdir. Bu ikki tushuncha kimgadir yuklanadigan shior yoki faqat davlat zimmasidagi vazifa emas. Ular har bir insonning kundalik qarorlarida, kasbiy faoliyatida va ijtimoiy munosabatlarida namoyon bo‘ladigan shaxsiy mas’uliyatdir. Jamiyat barqarorligi yuqoridan emas, insonning o‘z vijdonidan boshlanadi. Har kim o‘z burchini halol ado etsa, adolatni faqat talab qilmay, o‘zi ham unga rioya etsa, jamiyatdagi ko‘plab muammolar o‘z-o‘zidan yechim topadi.
Shu ma’noda, barqaror jamiyat qurish yo‘li uzoqdan emas – har birimizning vijdonimizdan, halol niyatimizdan va adolatli amalimizdan boshlanadi. Ana shu yo‘lni tanlasak, jamiyatimiz fozil, kelajagimiz porloq bo‘ladi.
Shovosil ZIYODOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 30-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
78
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
592



