Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


22.01.2026 | 08:58

img1989

HAMMASI O‘Z QO‘LIMIZDA

Biologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi To‘raxon UZOQOVA bilan suhbat

– Ilm yo‘li murakkab. Xotin-qizlarning umrini ilm-fanga bag‘ishlashi esa katta jasorat. Quvonarlisi, yurtimizda bugun ana shunday jasorat sohibalari safi kengayib bormoqda. Buning sababi nimada deb o‘ylaysiz?

– Ilm yo‘lidan borganlar – eng baxtli insonlar, deb hisoblayman. Bir sulolada bitta olima bo‘lsa ham, u butun qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘yga namuna bo‘ladi, atrofidagi yoshlar qalbida ilmga muhabbat uyg‘otadi. Endi har bir oilada ilm kishisi bo‘lsa, har bir ona ilmli bo‘lsa, jamiyat qanday kamol topishini tasavvur qiling.

Sovet davrida xalqimizni yoppa savodsizga chiqarishgan. Lekin o‘sha paytlarda chekka qishloqdagi eng sodda ayol ham xalq dostonlarini (ertaklari demayapman), oyat va hadislarni, maqol va matallarni, tabiat sirlarini yaxshi bilgan. Ularning hikmat-u baytlar bilan to‘yingan nasihatlari avlodlarni katta hayotga tayyorlagan. Hamid Olimjonning satrlari esingizdami:

Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda,
Ko‘p ertak eshitgandim,
So‘ylab berardi buvim.

“O‘tkan kunlar” romanidagi Kumushning maktubini olaylik: “Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yig‘lag‘an Layli otidan – sizga boshimdag‘i sochlarimning tuklaricha behad salom. Mendan – haddu hisobsiz gunoh, sizdan – kechirish”. Gapning boshlanishini qarang: qanday nafis, qanchalar yuksak. Bu faqat qizning sof ishqqa mubtaloligidan emas, ilmli, ziyoli inson ekanidan dalolat beradi. Bejiz tarixdan kelmadim: olimalik xalqimiz ayollarining qonida bor.

Bugun esa ilm olaman, o‘z ustimda ishlayman, ilmiy darajalarga erishaman, kashfiyot va ixtirolarim bilan Vatanimga, xalqimga, ilmga foyda keltiraman, degan xotin-qizlarga davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda. Yosh olimalar, avvalo, ayol bo‘lgani uchun sharqona ehtirom va ilmni tanlagani uchun e’tibor ko‘rmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning o‘rni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada e’tirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi. Ayollari o‘qimishli va kasb-hunarli bo‘lgan yurtda tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi. Ayollari ma’rifatli bo‘lgan xalq, albatta, baxtli bo‘ladi”.

– Shubhasiz, fan doktori, professor, 220 dan ortiq ilmiy ishlar va ko‘plab o‘quv qo‘llanmalar muallifi sifatida ana shu safda Sizning ham munosib o‘rningiz bor.

– Bundan doim faxr va g‘urur tuyaman. Asosiy gap oilada qoladi. Istaymizmi-yo‘qmi, sharq ayolining taqdiri bevosita oilaviy muhitga bog‘liq, xossatan, turmush o‘rtog‘iga. Yoshlik chog‘i charaqlab chiqib, turmushga chiqqach, suvga cho‘kkan toshday g‘oyib bo‘lgan bo‘lajak olimalar, xonandalar, rassomlar, shoiralar ozmi deysiz. Shu bilan birga, aynan oila qurib, umr yo‘ldoshining qo‘llab-quvvatlovi bilan yuksak natijalarga erishgan ayollarimiz qancha.

Kamina ana shu ikkinchi toifa vakilasi. Oilamizda ilmiy muhit kuchli bo‘lgan. Xo‘jayinim yengil sanoat yo‘nalishida yirik olim edi. U kishi ba’zi erlarga o‘xshab: “Men fan bilan mashg‘ulman, mayda-chuyda ishlar bilan bezovta qilma, bola-baqraning yig‘isi bilan xayolimni chalg‘itma!” deb xudbinlik qilmasdi. Aksincha, turmushimizning ilk yillaridanoq o‘z ishlaridan ko‘ra menga ilm bilan shug‘ullanishim uchun ko‘proq sharoit yaratishga harakat qilgan. Ba’zan xizmat safariga ketishimga to‘g‘ri kelardi. Shunda ham to‘g‘ri tushunib, “Boraver, ilmiy ishingdan qolma, uy ishlarini eplab turamiz”, derdi samimiy. Gaplarida kinoya yo og‘rinish sezmadim bir umr.

Oiladagi ana shu rag‘bat men uchun eng katta poydevor bo‘lgan. Ilmiy faoliyatim davomida dastlab Qizilqumda nomzodlik ishini bajardim. Doktorlik dissertatsiyamni Farg‘ona vodiysining Chortoq, Chust, Pop adirlarida o‘simliklarning qurg‘oqchilikka moslashuvi mavzusida himoya qildim. Bu ishlar menga nihoyatda maroqli bo‘lgan, shogirdlarim bilan birga katta qiziqishga  izlanishlar olib borganmiz. Turli yo‘nalishlarda 12 nafar fan nomzodi tayyorlaganman. Ular hozir respublikaning turli hududlarida ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. Ilmga chin dildan qiziqqan inson barcha qiyinchiliklarni yenga oladi va izlanishdan zavq topadi. Ilmiy ishlarimning natijalari xorijda ham e’tirof etilgani men uchun katta baxt.

Samarqand universitetini tamomlagach, Fanlar akademiyasining Botanika institutida uzoq yillar ishladim. Adirlar va cho‘llarda ilmiy kuzatishlar olib borib, izlanishlarimni davom ettirdim. Keyinchalik O‘zbekiston Milliy universitetining Ekologiya fakultetida faoliyat boshladim va hanuz shu yerda ishlayapman.

– Qurg‘oqchilik asrimizning eng og‘ir muammolaridan biriga aylangan bir vaziyatda, Sizning sun’iy yaylovlar barpo etish mavzusida tadqiqot olib borganingiz tahsinga loyiq. Doktorlik dissertatsiyangiz mohiyatini qisqacha tushuntirib bersangiz.

– Yuqorida aytganimday, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni o‘rganish uchun Chust, Pop va Chortoq adirlarida bir necha yil davomida ilmiy kuzatishlar olib borganmiz. Kuzatishlar apreldan sentyabrgacha – har oyda bir haftadan davom etardi.

Bir necha yil mobaynida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni chuqur o‘rgandik. Ularning ayrimlari sug‘orilmaydigan, lalmikor sharoitda ham yaxshi hosil beradi. Masalan, izen (Kochia prostrata) shulardan biri. Biz o‘simliklarni moslashuv darajasiga ko‘ra guruhlarga ajratganmiz: giperkserofitlar – eng yuqori darajada qurg‘oqchilikka moslashgan o‘simliklar (masalan, saksovul, chog‘on); kserofitlar – teresken, izen kabi o‘simliklar; gemikserofitlar – yantoq singari o‘simliklar va boshqalar.

Bu o‘simliklarning barchasi yaylov hosildorligini oshirishda juda katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, izen – hozirgi kunda eng samarali yaylov o‘simliklaridan biri sifatida tan olingan. Masalan, G‘azalkent atrofida ekilgan izen 15 yil davomida hosil berib turdi. Chorva uni yeyayotgan bo‘lsa ham, o‘simlik yana ko‘karib chiqaveradi. Shuning uchun izen, teresken, chog‘on kabi turlarni ekish hozir ham dolzarb masalalardan biridir.

Iqlim o‘zgarib, havo isiyapti, suv tanqisligi kuchaymoqda. Bu o‘simliklar esa suvga tejamkorlik, ildizlari chuqur yoki barglari kichik bo‘lgani sababli namni saqlab tura oladigan turlardir.

Yaqinda shogirdim Nurbek Qo‘chqorov bilan tuproqdan emas, balki havodan namlik oladigan o‘simlikni aniqladik. Bu iqlim o‘zgarishi sharoitida nihoyatda muhim kashfiyot. Bu o‘simlik havodagi namni o‘zlashtirgan holda o‘sadi. Biz buni dalada ham, Botanika bog‘ida ham maxsus asbob-uskunalar yordamida o‘rgandik. Chorvachilikni rivojlantirish zarurati oshib borayotgan hozirgi paytda bunday o‘simliklarni ko‘paytirish nihoyatda muhim. Suv tanqisligi mavjud sharoitda havodan nam oladigan o‘simliklar – kelajak uchun juda katta imkoniyat.

– Ekologik muammolar haqida ko‘p gapirdik, ammo ko‘pincha ekologik tarbiya e’tiborimizdan tushib qolyapti.

– To‘g‘ri aytdingiz. Ekologik tarbiyani maktabdan boshlash kerak. Bolalar, avvalo, atrof-muhit tozaligining qadriga yetishi, havo, suv, tuproqning ozodaligi inson salomatligiga qanday ta’sir qilishini bilishi lozim. Chunki organizm bilan tabiat o‘rtasidagi bog‘liqlik nihoyatda kuchli. Bu nafaqat o‘simliklar, balki hayvonlar, hasharotlar, mikroorganizmlar uchun ham birdek muhim.

Har bir inson – yosh bo‘ladimi, kattami – ekologik madaniyatga ega bo‘lishi shart. Chunki hayot-mamot masalalari ham, tabiatning kelajagi ham aynan ekologik ongga bog‘liq. Odamlar qo‘lidagi qog‘oz parchasi, plastik idish va boshqa chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketar ekan, musaffo havo va toza hudud haqida o‘ylash befoyda. Kim o‘zining uyida pista yo saqichni gilamga tashlaydi? Mana shu Vatan, mana shu mintaqa ham o‘z uyimiz. Shu havodan biz nafas olamiz, bolalarimiz nafas oladi.

Ekologik madaniyat, qonun jazo belgilagan-belgilamaganidan qat’i nazar, kuzatuv kameralari bor-yo‘qligiga qaramay, tabiatga zarar yetkazuvchi ishlardan o‘zini ongli tiyib turishda ko‘rinadi. Menimcha, har bir joyda ekologiya nimaligini, atrof-muhitning inson salomatligi uchun qanchalik muhimligini tushuntira olsak, maqsadga yetgan bo‘lamiz.

Agar hammamiz ekologiyaning rivojlanishiga birdek hissa qo‘shsak va bu bilimni kengaytira olsak, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Odam doim yaxshi niyat qilib, unga intilishi kerak.

Bir haqiqatni unutmaylik: chetdan kelib hech kim iqlim va ekologiya muammolarini hal qilib bermaydi. Hammasi o‘z qo‘limizda!

– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2026-yil 16-yanvardagi 3-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600