04.08.2026 | 16:20
1252
HISOBCHIGA HISOBSIZ JAZO
Mamarasul Rasulov 1900-yili Andijon tumani Mirobod qishlog‘ida, oddiy dehqon oilasida tug‘ilgan. 1914-1915-yillarda qishloqdagi jadid maktabida Muhammadjon Rahimovdan dastlabki ta’limni oladi. 1918-1919-yillarda Toshkentdagi o‘qituvchilar tayyorlash maktabida o‘qiydi. O‘qishni tamomlagandan keyin Andijonga qaytadi-yu, kutilmaganda Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi tomonidan “bosmachilik” harakatiga xayrixohlikda ayblanib, qamoqqa olinadi. Ayblovlar tasdig‘ini topmagach, bir oydan so‘ng ozod qilinadi.

U mehnat faoliyatini 1923-yili Izboskan tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. Hujjatlarda uning mashhur taraqqiyparvar Orziqul To‘raqulov bilan bir vaqtda turli maktablarda pedagogik faoliyat olib borgani qayd etilgan. Sovet hokimiyati tomonidan jadidlarga tazyiqlar kuchaytirilgach, “yoshlar ongini yot g‘oyalar bilan zaharlash”da ayblanib, ta’lim tizimidan chetlatilgan. 1933-yili “Milliy ittihod” tashkilotining Andijon shoʻbasi faol a’zosi sifatida yana hibsga olingan. 1935-yili hibsdan ozod qilinib, Izboskan tumani Moygir qishlog‘iga qaytib kelgan. “Qizil Yulduz” kolxozi hisobchisi vazifasida ishlab, takroran qamoqqa olingunga qadar o‘sha yerda faoliyatini davom ettirgan.
1937-yil 9-avgustda O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Razvedka va tergov boshqarmasining 4-bo‘limi tezkor vakili, davlat xavfsizligi serjanti Derevyanenko tomonidan Mamarasul Rasulovga oid materiallar ko‘rib chiqilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. 1937-yil 9-avgust kuni 27-raqam bilan qayd etilgan order asosida ayblanuvchining uyida tintuv o‘tkaziladi.
Hibsxonadagi dastlabki so‘roqlardanoq tergovning qay yo‘sinda olib borilgani ko‘rinadi. U yerda haq qaror topishi emas, har qanday voqea va so‘zdan siyosiy qusur izlash odat edi. Ba’zan buning uchun eng oddiy hayotiy holat ham kifoya qilardi. Masalan, Akmal Ikromov ishtirok etgan tadbirga kirish uchun mandat berilmagani haqidagi oddiy norozilik bir necha marta so‘roq mavzusiga aylantiriladi. Mamarasul Rasulov “nutqni tinglashdan boshqa hech qanday maqsadim bo‘lmagan”, deb qayta-qayta ta’kidlashiga qaramay, bu izoh “ayblov dalili”ga aylantiriladi.
Ushbu ish doirasida bir necha guvoh va ayblanuvchilar tergov qilingan. Tergov ishiga doir chaquv xatida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: “Men kolxoz boshqaruvi idorasida Mamatxoliqov, Ibrohim Norinboyev, Shodmon Nazarov va Mamarasul Rasulov bilan birga edim. Aniq sana esimda yo‘q, biroq o‘sha paytda hammamiz ishlab o‘tirganimizda, “Qizil O‘zbekiston” gazetasida F.Xo‘jayevning lavozimidan ozod etilgani haqidagi xabar e’lon qilindi. Shunda Rasulov yig‘ilganlarga qarab shunday dedi: “F.Xo‘jayevni ishdan bo‘shatish xato bo‘ldi. U biz uchun ko‘p yaxshilik qilgan. Uni aksilinqilobiy harakatlarda ayblashmoqda. Sho‘ro tuzumi uchun qancha ishlasang ham, baribir, yomon bo‘lib qolasan. F.Xo‘jayevni ham bekorga ayblashlari mumkin. Uni o‘zini otib o‘ldirgan ukasining qabri ustiga lotin yozuvida emas, eski arab yozuvimizda xat yozdirganlikda ayblashadi, xolos. Shuning uchun uni millatchilikda ayblashmoqda”. Rasulovning ushbu gaplaridan keyin men ham, u yerda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar ham hech narsa demadik”.
Rasulovga nisbatan “bosmachilik” harakati bilan hamkorlik aybi ham qo‘yilgan hamda mazkur ayblovlarni tasdiqlash maqsadida bir qancha “chaquv” xatlari asos qilib olingan. Tergov materiallariga ko‘ra, 1923-yili Andijondagi maktabda ishlayotgan vaqtida u milliy istiqlol harakati a’zolari tomonidan safarbar qilingan. Qozoq qo‘rboshisi uni Farg‘ona yaqinidagi Gʻorcha qishlog‘ida bo‘lgan Shermuhammad (hujjatlarda Shermat deb berilgan) qo‘rboshi huzuriga yuborgan. Shermuhammad qo‘rboshi esa uni, yana 80 kishi bilan birga, Afg‘onistonning Xonobod shahriga jo‘natgan. U yerda ular Afg‘oniston harbiy vaziri Muhammad Nodirxon qabulida bo‘lgan. Shundan so‘ng barchasi qo‘mondonlik shtablari uchun kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan uch oylik harbiy tayyorgarlik kurslarida qatnashgan. Kurs yakunlangach, ular Qizil Armiyaga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga yuborilishi kerak bo‘lgan.
Mamarasul Rasulov o‘z ko‘rsatmalarida Afg‘onistondagi tayyorgarlikni tugatgach, 40 kun davomida Sharqiy Buxoroda Qizil Armiya qismlariga qarshi janglarda ishtirok etgani, 1923-yil iyul oyida esa Andijonga qaytganini ta’kidlaydi. Buni u Anvar Posho halok bo‘lganidan keyin Sharqiy Buxoroda sovet qo‘shinlarining ustunlikka erisha boshlagani bilan izohlaydi.
Mamarasul Rasulovga nisbatan yuritilgan tergov ishida asosiy qaror va guvohlar ko‘rsatmalaridan tashqari, Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan yig‘ilgan qo‘shimcha ma’lumotlar ham ayblov ishiga ilova qilingan. Tergov hujjatlarida bu ma’lumotlar turli maxfiy axborot beruvchilar, agentlar va chaqimchilar tomonidan yetkazilgani qayd etiladi. Shu asosda 1936-yil 20-iyulda “Madaniyat xodimi” taxallusi bilan tayyorlangan memorandum ish materiallariga kiritilgan. Uning birinchi qismida Mamarasul Rasulov “Qizil Yulduz” kolxozining hisobchisi sifatida tavsiflanadi. Hujjatda u o‘zbek (ayrim joylarda o‘zbek/tojik deb ham ko‘rsatilgan), Andijon tumani Tolmazor qishlog‘ida tug‘ilgan, ziyoli shaxs hamda inqilobning dastlabki yillarida “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi bo‘lgani haqida da’vo keltiriladi.
Tergov materiallarida 1936-yil 8-aprel kuni kolxozning umumiy yig‘ilishida xotin-qizlarning paranji tashlashi va ayollar ozodligi masalasi muhokama qilingani qayd etiladi. Memorandumda yozilishicha, Rasulov yig‘ilish davomida kolxoz raisi zaxirada saqlanayotgan 8000 kilogramm sholini sotib, uning hisobiga ot sotib olmoqchi ekanini ma’lum qilgan. Bu esa kolxozchilar o‘rtasida shov-shuvga sabab bo‘lib, yig‘ilishning asosiy mavzusi hisoblangan ayollarning yuzini ochish masalasi ikkinchi darajaga tushib qolgani qayd etilgan.
E’tiborlisi, memorandum muallifi ayni shu holatni Rasulovga qarshi ayblov sifatida keltiradi. Holbuki, yig‘ilishda kolxoz mulkidan foydalanish masalasining muhokama qilinishi tabiiy hol edi. Biroq o‘sha yillarda xotin-qizlarni ozod qilish siyosati partiyaning muhim mafkuraviy vazifalaridan biri hisoblangani bois, uning muhokamasini boshqa masalaga burib yuborish siyosiy nuqson sifatida baholangan. Shu sababli, oddiy xo‘jalik masalasi yuzasidan bildirilgan munosabat ham keyinchalik Rasulovga qarshi ayblovlar qatoriga kiritilgan.
Memorandumning keyingi qismi tergovchilar e’tiborini Rasulovning mahalliy rahbarlar bilan munosabatlariga qaratadi. Hujjatda uning qishloq rahbarlaridan biri bilan kelishmovchilikka borgani, bu nizo ortidan mazkur shaxsning lavozimidan ozod etilgani qayd etiladi. Shundan so‘ng, memorandum muallifi go‘yo avvalgi holatlarni tasdiqlovchi dalil sifatida 1935-yilga oid yana bir ayblovni keltiradi. Unda Rasulov kolxoz hisobchisi bo‘lib ishlagan davrida daromadlarni taqsimlash paytida 10 ming so‘m mablag‘ni o‘zlashtirishga uringani, ammo bu harakat vaqtida fosh etilgani iddao qilinadi.
Bu ayblovlarning eng e’tiborli tomoni ularning manbasida namoyon bo‘ladi. Tergov materiallariga ko‘ra, mazkur ma’lumotlar “Payza” taxallusi bilan faoliyat yuritgan maxfiy axborot beruvchidan olingan. Demak, Rasulovga qarshi shakllantirilgan tasavvurning muhim qismi bevosita hujjatlar yoki sud qarorlariga emas, balki yashirin axborotchilarning xabarlariga tayangan. Qatag‘on yillarida ana shunday xabarlar ko‘pincha haqiqatni aniqlash vositasi emas, balki avvaldan shakllantirilgan gumonni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Tergov hujjatlarida Mamarasul Rasulov ta’lim olgan muhit ham siyosiy nuqtai nazardan baholangan. Unda Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin turk zobitlari Turkiston yoshlari orasida panturkchilik g‘oyalarni tarqatish maqsadida turli maktab va kurslar tashkil etgani, Rasulov esa 1918-yilda millioner Mirkomil Mirmo‘minboyev tashabbusi bilan Andijonda ochilgan olti oylik o‘qituvchilar kursida tahsil olgani qayd etilgan. Tergovchilar mazkur kurslarga turk harbiy zobitlari rahbarlik qilgani va kurs o‘qituvchilari orasida Usmonxon Eshonxo‘jayev, Husaynxon Niyoziy, Husayn Husni Afandi hamda Mutin Afandi kabi shaxslar faoliyat yuritganini ta’kidlab, bu holatni ham ayblovni kuchaytirishga xizmat qiluvchi dalil sifatida talqin qilgan. Ayblov materiallarining keyingi qismida qahramonimizning Anvar Posho qo‘shinlari tarqab ketganidan keyin Farg‘onaga qaytgani, ma’lum vaqt Toshkentda Muhammadjon domlaning uyida yashiringani, keyin hibsga olinib, jazo o‘tagani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Hujjatlarda jazo muddati tugagach, u Toshkentdagi maktablardan biriga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirgani, ammo yoshlar ongiga zararli g‘oyalarni singdirishi mumkin, degan iddao bilan shahar maorif bo‘limi tomonidan ishdan bo‘shatilgani qayd etilgan.
Tergov organlari Mamarasul Rasulovning shaxsiy aloqalari haqida ham ma’lumotlar to‘plagan. Ularda 1929-yilda qatag‘on qilingan Andijondagi “Milliy ittihod” tashkiloti a’zolari va tashkilotchilari Abdulla hoji Gʻofurov, Ubaydulla eshon Sulaymonqulov, Sayfi Kamolov, Abdumutallib Karimov, Shermat qori Ashurov hamda Abdusattorov bilan muntazam aloqada bo‘lgani haqida da’volar keltirilgan. 1936-yili Toshkentga kelganida “Milliy ittihod”ning faol a’zosi sifatida ko‘rsatilgan Muhammadjon domla bilan bir necha marta uchrashgani ham ayblovga asos qilib olingan.
Mamarasul Rasulovga “Uchlik” tomonidan 1937-yil 29-avgustda eng og‘ir jazo – otuv hukmi chiqarilgan, unga tegishli mol-mulklarni musodara qilish belgilab qo‘yilgan. Shu tariqa yana bir vatandoshimiz navqiron 37 yoshida sovetlarning jirkanch qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan…
Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor
“Jadid” gazetasining 2026-yil 31-iyuldagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599

